Cho‘lpon ijodiy balog‘atga yetgan palladan boshlab umrining oxirigacha tarjima ishlariga alohida e’tibor bilan qaragan. Shunisi ajabki, yillar davomida millatchilikda ayblanib kelgan, ya’ni millatlarni bir-biridan ajratishni, boshqalarni kamsitib, o‘z millatini ulug‘lashni maqsad qilib olishda, milliy madaniyatlar orasiga rahna solishda ayblangan Cho‘lpon boshqa hamma o‘zbek yozuvchilaridan oldinroq tarjimaning ahamiyatini tushungan va hammadan ko‘proq va xo‘broq tarjima qilgan. Tarjima uning uchun o‘zbek xalqini boshqa xalqlarga yaqinlashtiruvchi muhim vosita bo‘lgan. Tarjima tufayli o‘zbek xalqining yangi madaniyati boshqa xalqlar orttirgan madaniy an’analar bilan boyiydi, deb hisoblagan u. Binobarin, tarjimonlik faoliyati, xolisona qaralganda, Cho‘lponning baynalmilal niyatlarini ro‘yobga chiqarishga yordam bergan. Bu dastak Cho‘lponni millatchilikda ayblaganlarning da’vosi quruq bo‘hton ekanini ko‘rsatuvchi yana bir muhim dalildir.
Cho‘lpon ham Sharq, ham Yevropa adabiyotidan asarlar o‘girgan. Tabiiyki, u ozar, tatar yoxud turk adabiyotlaridan bevosita tarjima qilgan, boshqa adabiyotlardan esa asarlarni rus tili orqali tarjima qilgan.
Yaqinda «Yoshlik» jurnalida shoir va munaqqid Hamid Ismoilovning Cho‘lponning tarjimonlik faoliyatini yoritishga bag‘ishlangan durustgina maqolasi chiqdi. Unda muallif rad qilib bo‘lmaydigan dalillar asosida Cho‘lponni o‘zbek sovet badiiy tarjima maktabining asoschisi ekanini tasdiqlaydi. U yozadi: «Abdulhamid Cho‘lpon haqida so‘z yuritilar ekan, u o‘zbek sovet badiiy tarjima maktabining asoschisi ekanligini, xalqini jahon, avvalo rus adabiyoti durdonalari bilan yaqindan tanishtirishda «qon-qonigacha yo‘qsilparvar» madaniyatning har qanday vakilidan ko‘ra salmoqliroq ishni amalga oshirganligini uni millatchi sifatida ayblaganlar, shu qarashga xayrixohlar tan olmasligi g‘ayritabiiy bir holdir» («Yoshlik» jurnali, 1989 yil, 9-son, 76-bet). Shundan keyin Cho‘lpon tarjimalarining «uncha ham mukammal bo‘lmagan» ro‘yxati keltiriladi. Bu ro‘yxat chindan ham e’tiborga loyiq: Shekspirning «Hamlet», Karlo Gotstsining «Malikai Turandot», Molerning «Xasis», E. Potening «Baynalmilal», A. S. Pushkinning «Boris Godunov» dramasi, «Dubrovskiy» qissasi, lirik she’rlari, Xitoy shoirlari, Heyne, Sayot Nova, T. Shevchenko, A. Blok, E. Verxarn, Lohutiy she’rlari, Gogol, Turgenev, Chexov nasridan namunalar, Gorkiyning «Ona» romani, S. Tretyakovning «Hayqir, Xitoy» dramasi, A. Faykoning «Portfellik kishi» komediyasi…
Bu ro‘yxatni davom ettirib, Cho‘lponning Rabindranat Tagor she’rlaridan, turk she’riyatidan tarjimalar qilganini, buyuk rus masalchisi I. A. Krilov asarlarini, atoqli yozuvchi Leonid Andreevning «Etti osilgan qissasi»ni, Gogolning mashhur «Ivan Ivanovich bilan Ivan Nikiforovich o‘rtasidagi nizolar hikoyati» qissasini o‘zbekchaga ag‘darganini aytmoq lozim. Ammo gap faqat ro‘yxatda emas. Gap Cho‘lponning tarjimonlik mahoratida.
20-yillarda Cho‘lpon tarjima masalqlariga bag‘ishlangan bir qator maqolalar e’lon qildi. Bular «Shohnoma»ning turkcha tarjimasi», «Tarjima to‘g‘risida andak» kabi maqolalardir. Ehtimolki, bu maqolalarni ham o‘zbek tarjimashunosligining ilk namunalari, deb hisoblash mumkindir. Har holda, ularda Cho‘lponning tarjimaga qarashli, o‘z faoliyatida qanday nuqtai nazarlarga amal qilgani yaqqol ko‘rinadi. Cho‘lpon tarjima qilinayotgan asarning ma’nosinigina emas, ruhini ham, milliy ranglarini, uslub jilolarini ham to‘laligicha saqlab qolish tarafdori bo‘lgan. O‘zi yuksak san’atkor bo‘lganidan Cho‘lpon badiiy asarni go‘zal qiladigan jihatlarini, kitobxonga zavq beradigan, uning hissiyot olamiga ta’sir qiladigan qirralarini juda yaxshi his qilgan va bularning barini tarjimada berishga intilgan. Cho‘lpon tarjimasida she’riy asarlar ham, nasriy asarlar ham xuddi ohorli ayearlar kabi tarovatini yo‘qotmay, tabiiy va ravon, xalqchil va hayotiy tarzda namoyon bo‘ladi.
Hozir yoshi oltmishlar atrofida bo‘lgan men tengi odamlar eslasalar kerak — biz endi maktabga qadam qo‘ygan kezlarda o‘qish kitobidan «Bo‘ri bilan qo‘zichoq» masalini o‘qigan edik. Bu masalni juda zo‘r ishtiyoq bilan chinakamiga zavqlanib, huzur qilib o‘qiganimiz esimda. Uning iboralari sodda va tushunarli, ohangi ravon va mazmunga juda uyg‘un edi. Satrlar ham xuddi buloq suvlaridek biri ketidan biri o‘z-o‘zidan, tabiiy ravishda quyilib kelayotgandek… Xullas, masal ikki-uch o‘qigandayoq o‘z-o‘zidan xotirangizga o‘rnashib, yod bo‘lib qolardi. O‘shandan beri, mana, yarim asr o‘tdi. Bu muddat mobaynida necha martalab har xil vaziyatlarda, har xil munosabatlar bilan masalning misralarini takrorlashga to‘g‘ri keldi. Hozir ham o‘sha jarangdor misralar o‘z-o‘zidan xotiramga kela boshladi. Masal:
Daraxtning bo‘shini qurt yeydi doim,
Tarixda misollar juda ko‘p bunga.
Tarix to‘g‘risida qolmaylik-da jim,
Bir ertak so‘ylaylik, quloq ber shunga —
degan g‘oyat ixcham, ammo mazmundor hikmat bilan boshlanardi. Shundan keyin noshud qo‘zichoqning alamli sarguzashti boshlanadi:
Yozning issiq bir kunida
Qo‘zi bordi suv ichgali.
O‘z joniga qasd qilgandan
Xabari yo‘q uning hali.
Qo‘zichoq yovuz bo‘riga duch keladi. Och bo‘ri qo‘zichoqni yemoq uchun bahona izlaydi. Ular o‘rtasidagi savol-javob shu qadar tabiiy va ayni choqda, shu qadar dramatizmga to‘laki, vujudingizni qanday qamrab olganini o‘zingiz ham sezmay qolasiz:
«Shoshma, hali, sen bachchag‘ar,
Uch yil burun juda dag‘al
Bir gap qilib eding menga,
Ko‘rsataman endi senga!»
«O‘tgan yili tug‘ildim-ku?!»
«Unday bo‘lsa, akangdir u!»
«Na akam bor, na ukam bor?!»
«Gap qaytarma, ey bachchag‘ar!
Urug‘ingdir, aymog‘ingdir!
Biron og‘iz maymog‘ingdir!»
Masal oxirida qo‘zichoqning «aybi» ayon bo‘ladi:
Aybing shuki — uchrab qolding qornim ochganda,
Shunday qilib, qo‘zichoqni yedi o‘rmonda.
Men hech qachon bu masalni ruscha asli bilan solishtirib ko‘rgan emasman: lekin o‘ylaymankim, badiiy barkamollikda ular bir-biridan qolishmasa kerak. Qiziq bir dastak — masal bilan birinchi bor uchrashgan kezlarimizda uning muallifi buyuk rus yozuvchisi Ivan Adreevich Krilov ekanidan ogoh bo‘ldig-u, lekin kim tarjima qilganini bizga aytishgani yo‘q. Shundan so‘ng, «Bo‘ri bilan qo‘zichoq» masali 1980 yilga qadar har xil to‘plamlarda, o‘qish kitoblarida, xrestomatiyalarda va hatto Krilovning to‘plamlarida ham o‘nlab marta bosildi, lekin biron marta ham tarjimonning nomi ko‘rsatilmadi, faqat 1980 yilda G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda Muxtor Xudoyqulov to‘plab, nashr ettirgan «Krilov masallari»dagina ko‘p yillik tanaffusdan keyin birinchi marta Cho‘lponning nomi tarjimon sifatida tilga olindi.
Cho‘lponning she’riy tarjimada benihoya mohir ekanini ko‘rsatmoq uchun yana bir misol keltiraman. O‘tmish allomalaridan biri «she’rda tarjimon shoirning raqibi, nasrda esa muallifning qulidir» degan ekan. Nasrda tarjimon muallifning qulimi, yo‘qmi — bu masalada bir narsa deyolmayman-u, lekin she’riy tarjimada tarjimon shoirning raqobatchisi ekani chindan ham to‘g‘ri. She’riy asarni tarjima qilish haddan tashqari qiyin, chunki chinakam she’r hech qachon biron ma’noni ifodalovchi quruq so‘zlar yig‘indisidan iborat bo‘lmaydi. She’rda teran hayotiy mazmundan tashqari muayyan ruhiy holat, muayyan kayfiyat bo‘ladi. She’rda har qanday hayot haqiqati turfa xil jilolarga ega bo‘lgan hissiyot mavjlariga burkab beriladi. Nihoyat, she’r o‘ynoqi, jarangdor, ravon ohanglar silsilasidan ham iboratdir. Binobarin, she’rni she’r bilan tarjima qilmoq kerak, she’rning mazmuninigina emas, uni san’at darajasiga ko‘targan iqlimini, haroratini, badiiyatini ham ifodalamoq kerak. Aks holda, tarjima allanechuk sun’iy, jozibadan mahrum, o‘lik bir narsaga aylanadi. Afsuski, Pushkinday, Lermontovday, Nekrasovday buyuk shoirlarning ayrim she’rlarini o‘zbek tilida o‘qiganda ularning nimasi shoiru, nimasi buyukligiga hayron qolamiz. Yoki biz betakror shoirlar deb boshimizga ko‘taradigan Abdulla Oripov bilan Erkin Vohidov shu paytga qadar rus tilida o‘zining jamiki nafosati, ranglari, qudrati bilan jaranglagani yo‘q. Chunki bu hollarda she’rning mazmuni bir darajada ifodalanadi-yu, she’riy ifodalanmay qoladi. Ha, chindan ham buyuk shoirning she’rini muvaffaqiyatli tarjima qilmoq uchun tarjimon o‘sha shoir darajasiga ko‘tarilmog‘i zarur. Cho‘lpon Pushkinning «Gul va bulbul» she’rini o‘zbekchaga ag‘darganda, nazarimda, ayni shu darajaga ko‘tarilgan. Ma’lumki, bu she’r Pushkinning sharq she’riyati ta’sirida yaratgan turkumiga kiradi. Tarjimonning mahorati haqida aniqroq tasavvurga ega bo‘lmog‘ingiz uchun aslini ham, tarjimani ham to‘la keltiraman:
V bezmolvii sadov, vesnoy, vo mgle nochey,
Poyet nad rozoyu vostochnыy solovey.
No roza milaya ne chuvstvuyet, ne vnemlet,
I pod vlyublennыy gimn kolebletsya i dremlet.
Ne tak li ti poyesh dlya xladnoy krasotы?
Opomnis, o poet, k chemu stremishsya tы?
Ona ne slushayet, ne chuvstvuyet poeta:
Glyadish, ona tsvetet, vzыvayesh — net otveta.
Cho‘lpon she’rni bunday tarjima qilgan:
Bahor chog‘ida xoli bog‘da bir zulmatli tun erdi,
G‘arib bulbul fig‘on aylab, «gulim, rahm aylagil» derdi.
Biroq ul gul quloq solmas edi faryodu afg‘ona,
Faqat orom olardi noladin to‘lg‘ona-to‘lg‘ona.
Seni hech sevmagan bir gul uchun, ey shoirim, sen ham
Yonarsan, o‘rtanarsan, dod etarsan, tinglamas bir dam,
Qo‘y endi, behuda dod etma ohing unga yetmaydi,
Qaraysan — yashnagan bir gul, faqat ovoza bermaydi.
Tarjima haqida nima deyish mumkin?
Avvalo shuni aytish kerakki, bu chinakam she’riyat namunasidir — u kitobxon tuyg‘ulariga ta’sir qiladi, uni zavqlantiradi, unda go‘zallik tuyg‘usini qo‘zg‘aydi. Tarjimada Cho‘lpon erkinlik va aniqlik nuqtai nazariga amal qiladi. U asar asliga erkin munosabatda bo‘ladi, so‘zma-so‘z tarjimadan qochadi, sifatlashlar, o‘xshatishlar, boshqa shoirona suvratlarni bemalol o‘zgartiraveradi. Shunisi ajablanarliki, xuddi ana shu erkinlik she’r ma’nosini oqizmay-tomizmay to‘la ifodalashga xizmat qiladi. Pushkin sukunat qo‘yniga cho‘mgan unsiz bog‘ haqida, tun qorong‘ilig‘i haqida gapiradi. Pushkinda «sharq» bulbuli gul tepasida kuylaydi. Cho‘lponda esa voqea «xoli bog‘da», «zulmatli tunda» kechadi; «sharq» bulbuli o‘rniga «g‘arib bulbul» paydo bo‘ladi. Endi u qo‘shiq aytmaydi, balki «gulim, rahm aylagil» deya fig‘on chekadi, gul ham Cho‘lponda bulbulning ma’shuqasi tarzida ko‘rsatiladi. Bunday o‘zgarishlar keyin ham davom etaveradi — gulga berilgan «milaya» degan ta’rif tushib qoladi, «vlyublennыy gimn» ham «faryodu afg‘on»ga aylanadi, hatto «dremlet» so‘zini, ya’ni «mudrayapti, uxlayapti» ma’nosidagi so‘zi Cho‘lpon «noladin orom olardi» degan ibora bilan ifodalaydi. Bu o‘rinda «kolebletsya» iborasi «to‘lg‘ona-to‘lg‘ona» deya juda chiroyli va juda aniq tarjima qilinganini aytish kerak. Ko‘rinadiki, Cho‘lpon aslidagi ayrim ibora va suvratlarni o‘z xohishicha o‘zgartiravergan emas, balki she’rning asosiy g‘oyasini, uning mag‘zini tashkil qiluvchi yetakchi shoirona g‘oyani belgilab olib, shuni to‘laroq ochishga xizmat qiladigan iboralarni, ta’riflarni tanlagan. Yana buning ustiga Cho‘lpon tanlagan ibora va ifodalar hissiy faolligi bilan ajralib turadi. Ammo bularning bari ham hali Pushkin she’rining butun jilolarini ifodalash bilan aruzga murojaat qiladi — o‘ynoqi bir ohang yaratib, she’rdagi asosiy kayfiyatni, hissiy ruhni ham qayta yaratadi. Natijada, rus shoirning she’ri o‘zbek kitobxonining qalbiga yaqin she’r sifatida yangray boshlaydi — asl mazmunini yo‘qotmagan holda, badiiy qimmatidan mahrum bo‘lmagan holda yangicha milliy ranglar, ohanglar bilan boyiydi. Ehtimolki, Pushkinning hamma she’rini ham bunday ohanglarda tarjima qilib bo‘lmas, ehtimolki, «Gul va bulbul» sharqiy she’rlar turkumidan bo‘lgani uchun ham aruzda bemalol jaranglayvergandir. Har holda, nima bo‘lganda ham, «Gul va bulbul» tarjimada she’riyat san’atining yuksak namunasi darajasiga ko‘tarilgan — biz uni o‘qib, zavqlanar ekanmiz, Pushkinning shoirlik iqtidoriga ham, Cho‘lponning tarjimonlik san’atiga ham tahsinlar o‘qiymiz.
Cho‘lponning tarjimonlik mahorati yillar o‘tgani sari kamolotga yeta bordi. Bu borada uning 30-yillarda qilgan ikkita tarjimasini eng yuksak namuna sifatida ko‘rsatish mumkin. Bular Shekspirning «Hamlet» fojiasi va Pushkinning «Boris Godunov» dramasining tarjimasidir. Munaqqid Hamid Ismoilov yuqorida zikr etilgan maqolasida «Hamlet» tarjimasini shunday baholaydi: «O‘ttizinchi yillarning boshlarida Cho‘lpon tarjimon sifatida yuksak pog‘onaga ko‘tarildi. Ona tiliga u o‘girgan asarlar ruhi xaloskoriga aylanganini his etish qiyin emas, shoir qalbini larzaga solgan hamletona ishtiboh va qismat chigalliklari tarjimada ham teran, o‘zbekona ifodasini topgan» («Yoshlik» jurnali, 1989 yil, 9-son, 77-bet).
Bu o‘rinda Hamid Ismoilovning Cho‘lpon bilan Shekspir o‘rtasida ruhiy yaqinlik mavjudligi haqidagi fikriga e’tiboringizni jalb qilaman. Buni 20-yillarda, ya’ni Cho‘lpon hali Shekspir tarjimasiga kirishmasidan ancha avval boshqa tadqiqotchilar ham aytishgan edi («Fan va turmush», 1989 yil, 10-son, 17-bet). Darhaqiqat, shu yaqinlik tarjimaning muvaffaqiyatli chiqishini ta’minlagan asosiy omil bo‘lgan. Aftidan, Shekspirni tarjima qilish jarayonida Cho‘lpon butun vujudi bilan chinakam ijodiy erkinlik muhitiga sho‘ng‘igan-u «ilhom parisi»ning qanotlarini qayirmay qalam tebratgan.
Albatta, Cho‘lpon tarjimalari ham 30-yillar sharoitida har xil ta’na toshlaridan, dashnomlardan, bo‘hton va tuhmatlardan bebahra qolgan emas. Ba’zi bir munaqqidlar dalillarni qo‘pol ravishda buzib, o‘ta andishasizlik bilan haqiqat yuziga oyoq qo‘yib, Cho‘lponning tarjimonlik faoliyatini yerga urgan (Nazir To‘raqulovning maqolasi va unga Cho‘lponning javobi). Boshqa ba’zi munaqqidlar esa xolisona ish tutishga harakat qilgan bo‘lsalar-da, Cho‘lponni bir turtib o‘tish ishtiyoqini butunlay yenga olmaganlar. Masalan, Sotti Husayn «Hamlet» Cho‘lpon tarjimasida» degan maqolasida ancha teran va to‘g‘ri fikrlar aytgani holda, Cho‘lponni ataylab fors, arab va chig‘atoy so‘zlarini ko‘plab qo‘llaganlikda ayblaydi. Masalan, «Yo o‘lish, yo qolish» aytuvining tarjimasi haqida yozar ekan, Sotti Husayn shunday deydi: «Bu monologni Cho‘lpon tarjimasida sahnadan aytish juda qiyin. Uni o‘qiganda anglab olish ham haddan tashqari mushkul. Uning tilida tushuniksiz so‘zlar shu qadar ko‘p. Ayni chog‘da, Cho‘lpon o‘zbeklarga o‘zlashib ketgan, ular uchun tushunarli bo‘lgan arabcha va forscha so‘zlarni ishlatishdan o‘zini olib qochadi».
Bu parchada so‘z qo‘llashda Cho‘lponga siyosiy ayb taqilmasa-da, har holda, muayyan bir tomonlamalik bor. Bu o‘rinda «Hamlet» tarjimasining jamiki yutuq va kamchiliklarini batafsil gapirib o‘tirishga hojat yo‘q. Men faqat bir dastakni ta’kidlash bilan cheklanaman — Cho‘lpon o‘zbek xalqi uchun birinchi bo‘lib «Shekspir» deb atalgan buyuk xazinani ochib berdi. U «Hamlet»ni inglizcha aslidan emas, Kanshinning nasriy tarjimasidan Ye. Lanning sharhlari va izohlariga tayanib turib amalga oshirgan edi. Lekin shunday bo‘lsa-da, tarjimada Shekspirga xos bo‘lgan ehtiroslar bo‘ronini, qamrovning kengligini, ruhiy parvozni, ruhiy teranlikni saqlab qola oldi. «Hamlet» o‘zbek drama teatrining rivojida bosqich bo‘ldi. U faqat teatr hayotida emas, umuman, o‘zbeklarning madaniy hayotida katta voqea bo‘lgan edi. «Yo o‘lish, yo qolish — gap shunda. Ajabo, qaysi biri sharaflik va olijanob! Dilozor falakning zarbalariga chidashmi yoki balolar dengiziga qarshi bel bog‘lab, ularga qarshi qo‘zg‘olib, ularni barham berishmi?!»
Bu otashin so‘zlar bilan boshlanadigan Hamletning mashhur aytuvi 30-yillarda ham, 40-yillarda ham ko‘p o‘zbek ziyolilari sevib takrorlab yuradigan izhori dil so‘zlariga aylanib ketgandi. Keyinchalik «Hamlet» o‘zbek tiliga yana ikki marta tarjima qilindi. Ulardan Shayxzoda tarjimasini mustaqil ijodiy ish sifatida qarash mumkin.
Cho‘lponning tarjimonlik faoliyati haqida gapirganda, «Boris Godunov» dramasining tarjimasi to‘g‘risida ham to‘xtash kerak, chunki bu tarjima Cho‘lponning ijodiy faoliyatidagi eng avj nuqtalardan biri bo‘lgan edi. Cho‘lponning qurilishi jihatidan ham, shoironaligi jihatidan ham tarjima uchun g‘oyat murakkab bo‘lmish «Boris Godunov»ga murojaat qilishi tasodif emas edi, albatta. Buning sababi sifatida 30-yillarning o‘rtalaridan boshlab mamlakatimizda Pushkin vafotining 100 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ishlari avj olib ketganini va shu munosabat bilan buyuk shoirning asarlari ko‘pgina milliy tillarga, shu jumladan, o‘zbek tiliga ham keng tarjima qilina boshlaganini ko‘rsatish mumkin. Biroq bu faqat tashqi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Asl sabab esa Cho‘lponning o‘sha yillardagi ruhiy ahvoli bilan «Boris Godunov» Cho‘lponning ruhiga juda mos kelganini isbotlash uncha qiyin emas. Munaqqid Hamid Ismoilov yuqorida zikr etilgan maqolasida buni juda yaxshi ochib bergan: «Ulug‘ shoirlar o‘z qismatlarini oldindan bashorat qiladilar, degan gap bor. Agar shu rost bo‘lsa, ushbu «yolg‘onchi shoh» xronikasi bo‘lmish aynan ana shu tarjimani tanlagan ekan, unda mutarjim yozdig‘ini bashorat qilguvchi taqdir muhri bosilgan edi. Zero, bu so‘zlarni kundalikka bitilgan tilovat singari o‘qiysiz».
Shunday keyin «Yana bitta eng oxirgi rivoyat qoldi» degan so‘zlar tarjimasi bilan boshlangan mashhur aytuvidan parcha keltiriladi. «Boris Godunov» tarjimasini Cho‘lponning jasorati deb aytgan munaqqid tarjimon mahoratiga yuksak baho beradi. Biz unga to‘la qo‘shilganimiz uchun bu bahoni ham ko‘chiramiz: «Tarjimon sifatida Cho‘lpon mahoratining lol qoldiradigan jihati shundaki, bir tomondan shoirona bayonning zamonaviyligini qariyb to‘la ta’minlagan. Ikkinchi tomondan esa Pushkin yoki aniqrog‘i Godunov davrining ruhi va kalomini saqlab qolgan. Bunga u bir jihatdan asarni o‘zbek tilida nihoyatda tabiiy ohanglarda jaranglatish, ikkinchi jihatdan esa o‘zga til tabiatini asrab qolish orqali erishgan» («Yoshlik» jurnali, 1989, 9-son, 79-bet).
Biz Cho‘lponning tarjimonlik faoliyati haqida umumiy mulohazalarni bayon qilish bilan cheklandik. Albatta, o‘zbek adabiyotshunoslari, tarjimashunoslari navbatdagi ishlarida Cho‘lponning tarjimonlik faoliyatini mukammal tadqiq etadilar, uning mahorat sirlarini batafsil o‘rganadilar. Negaki, Cho‘lpon tarjimalari o‘zining qimmatini mutlaqo yo‘qotmagan holda bugun ham tarjimonlik dorilfununi sifatida yashashda davom etmoqda. Ammo bu tadqiqotlarni kutmasdanoq bitta qat’iy xulosa chiqarish mumkin — Cho‘lpon biron boshqa janrda ijod qilmaganida ham tarjimalarining o‘ziyoq uning nomini o‘zbek adabiyoti tarixining eng mo‘tabar joyiga yozib qo‘yish uchun kifoya qilardi. Cho‘lpon tarjimalari bilan o‘zbek xalqining yangi madaniyati rivojiga katta hissa qo‘shdi.
«Guliston» jurnali, 1990 yil, 2-son