Odil Yoqubov: “Navro‘z arafasidagi o‘ylar” (1989)

Nomzodning programmasi va uning sharhi

Mamlakatimizdagi yozuvchilar tashkilotlari SSSR xalq deputaligiga 92 nomzod ko‘rsatishdi. Yanvar oyida bo‘lib o‘tgan Ittifoq Yozuvchilar tashkiloti pravleniyesi plenumida shu nomzodlar muhokama etildi va ulardan 12 kishi SSSR Yozuvchilar soyuzi tomonidan SSSR xalq deputatligiga nomzod sifatida saylanishga muvaffaq bo‘lishdi. Shular orasida SSSR Yozuvchnlar soyuzi pravleniyesining sekretari, atoqli yozuvchi Odil Yoqubov ham bor. Yaqinda muxbirimiz nomzod huzurida bo‘lib, uning saylovoldi programmasi, maqsad-o‘ylari haqida suhbatlashdi.

— Biz uchun, xalq deputatligiga nomzodlar uchun bag‘oyat oromsiz damlar boshlandi. Kun sayin, soat sayin men zimmamda nechog‘li og‘ir va mas’uliyatli yumush turganlignni teran his etayotirman. Tag‘in buning ustiga yoshim ham bir joyga borib qolgan. Shuning uchun ham SSSR xalq deputatligiga ijodkorlar ko‘rsatgan nomzodlar juda qizg‘in muhokama etilgan Ittifoq Yozuvchilar tashkiloti pravleniyesi plenumida men bir necha bor o‘z nomzodimni qaytarib olishga chog‘landim, biroq har gal yurtdoshlarim, shuningdek, O‘rta Osiyolik boshqa birodarlar meni bu yo‘ldan qaytarishdi, nainki qaytarishdi, balki kurashga da’vat etishdi. Modomiki, ular shunday talab qo‘yishgan ekan, men nima qilmog‘im shart? Mening tilagim, ezgu intilishim, kurashim nimadan iborat bo‘lmog‘i kerak? Sodda qilib aytganda, programma qay tarzda?

Aziz gazetxon uchun men aytajak gap balandparvoz bo‘lib tuyulmas; avvalo har qanday sharoitda hamisha xalqimga hamdam, hamnafas, quvonchiga sherik, dardiga darddosh bo‘lish, uning zahmatini yengillatish, yorug‘ kelajagi, demakki, qayta qurish yo‘lida riyozat chekish — mening dilimdagi e’tiqodim shu! Ulug‘ Vatan urushi yillari — mamlakat taqdiri hal bo‘layotgan paytlarda janggohda qon kechib neniki his etgan, dilimdan kechirgan, bo‘lsam, hozir shunday bezovtalik, shunday dardli o‘ylar mening xayolimni band etgan.

Ittifoq yozuvchilari anjumanida shu hol ko‘zga yaqqol tashlandiki, bepoyon mamlakatimizning deyarli barcha o‘lkalarida mavjud bo‘lgan eng ayanchli muammo ekologiyaga mansubdir. Xususan, bizning O‘rta Osiyoda paxta monokulturasi tufayli yillar davomida shunday bir mudhish vaziyat yuzaga keldiki, bu haqda tashvishlanmay gapirishning o‘zi mumkin emas. O‘zbekiston Kompartiyasn Markaziy Komitetida bo‘lib o‘tgan yig‘inda respublika partiya tashkiloti Markaziy Komiteti birinchi sekretari aynan shuni — monokulturani bejiz dengiz maxluqi bo‘lmish sakkizoyoqqa qiyoslamadi, u hamma narsani o‘z komiga tortib, yamlamay yutib yuborayotganligini bejiz ta’kidlab aytmadi. Ha, shunday ayanchli raqamlar ham qayd etildiki, agar mamlakat miqyosida har gektar yerga atigi ikki kilogramm miqdorda xilma-xil ximiyaviy o‘g‘it ishlatilsa, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich hatto ellik kilogrammdan ziyodni tashkil etadi. Aynan shuning oqibatida sariq va yoki rak, oshqozon-ichak kasalliklari, ayollar xastaliklari ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan darajada ko‘payib ketdi bizda, bolalar o‘limi esa shunday ayanchli tus olganki, bu sitamga chidab yashashning o‘zi og‘ir. Bu ko‘rguliklar Orol qismatiga bevosita daxldor bo‘lganligi uchun ham u haqda, yo‘qotishlar haqida loqayd gapira olmaymiz. Qachonlardir shu ona dengizga quyilgan suvlar, sir emaski, paxta plantatsiyalarida sovurilib ketayotir. Ona tabiat bizga in’om etgan bu havzani asrab qolish taqdirimizda bor, hayot-mamot masalasi bu, yurtimizning, kelajak nasllarning qismati, rizqi u!

Respublika Yozuvchilar soyuziga boshliq bo‘lib saylangunimga qadar «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida bosh muharrir bo‘lib besh yilcha xizmat qildim, shu davr ichida gazetxonlar soni avval qirq ming bo‘lgan bo‘lsa, to yarim millionga chadar yuksaldi. Bu siljishda tabiiyki, redaktsiya ahlining xizmati cheksiz, zero, ijodkorlarning kuch-g‘ayratini, faoliyatini ayanchli ko‘rguliklar, xalqni xarob etayotgan nojoiz harakatlarga qarshi qo‘ygan ham, kurashga undagan ham aslida shulardir. Garchi, nokamtarlik bo‘lib tuyulsa-da, daf’atan qay tarzda zaharli ximikatlarga, avvalo butifosga qarshi chiqqanimiz, keyin moskvalik hamkasblarimiz bilan yelkama-elka turib, bu baloyi azimga qarshi kurashni davom ettirganligimiz haqida hozir iftixor tuyg‘usisiz gapirish mumkinmi sira?! Aytish kerakki, butifos ham, bolalar o‘limi ham — hamma-hammasi birdan paydo bo‘lgani yo‘q, bu balolar o‘n yillar mobaynida bizning boshimizga yog‘ildi, o‘n yillar mobaynida u bizning hayotimizni izdan chiqardi, o‘n yillar mobaynida hech kim bu haqda o‘ylab ko‘rmadi va oxir-oqibat biri-biridan o‘tkir, biri-biridan achchiq muammolar tog‘ kabi yig‘ildiki, bir necha yil ichida ularni hal etish, tashvishdan xalos bo‘lishning sira iloji yo‘q. O‘z-o‘zidan anglashilib turibdiki, ona tabiat, uning daxlsizligini ta’minlash va asriy chiroyini qaytarish bilan bog‘liq muammolar mening galdagi faoliyatimda juda muhim o‘rin tutadi.

Til, adabiyot, madaniyat sohasida ham biri-biridan jiddiy, biri-biridan dolzarb muammolar barchani birdek o‘ylantirib turganligi hech kimga sir emas, jilla qursa, Xeva yo Buxoro, Samarqand kabi qadimiy shaharlarimiz, asriy osori-atiqalar, ulug‘lar qadamjolarini olib ko‘raylik, axir, ularning har birini bino etish uchun ne-ne zahmat chekilmagan, ne-ne me’morlarning umri evaziga qad rostlagan ular; ne-ne xorijliklar kelib ko‘rishga orzumand bo‘lgan bu mumtoz san’at asarlari bugun ne ahvolda? Bundan ko‘z yumish mumkinmi axir?!

Biz hatto tariximizni to‘liq bilmaymiz, uni o‘qish, o‘zlashtirish, yillar shamoli o‘chirib ketgan sahifalarini qayta boshdan tiklashga ham qodir emasmiz. Holbuki, busiz hech qachon ilgari ketib bo‘lmaydi. O‘zini bilmagan, o‘zligini tanimagan — qanoti qirqilgan qushga o‘xshaydi, uning qanoti butun bo‘lsin, u qanot yozsin! Shu maqsad yo‘lida riyozat chekish ham xalq deputatligiga nomzod sifatida mening aqidamdir, o‘z navbatida bu deputat maslagiga ham o‘sib o‘tishi muqarrar!

Umrimni shu zamin, shu adabiyotga bag‘ishladim, uning kelajagi, ertangi kun tashvishlari bir lahza bo‘lsin, mening xayolimni tark etmaydi. Sharof Rashidovchilik davri daladagi mehnatkash uchun, ishchi yo xizmatchi uchungina mashaqqatli kechdi, desak adolatdan bo‘lmas, zero, bu kezlar bizning adabiyotimiz va san’atimiz qismatida ham mudhish va ayanchli izlar qoldirdi. Turmushning, insoniy kamolotning oyog‘iga tushov bo‘lgan yillar bo‘ldi. Biz, paxtakorning turmushi to‘kis, paxta o‘lkasi jannatmakon, dala-tuzi gullab yashnayotganligi va cho‘llari chiroy ochayotganligini ta’rif-tavsif etib bir talay yuzaki asarlar, havoyi naqllar insho etdik. Bu haqda avval ham, hozir ham ro‘yi-rost, afsus-nadomat bilan aytayotirmiz: ayrim ocherklarda anchayin kishilarni qahramon snfatlab talqin etdik.

Qayta qurish dunyoni yangicha idroklab, olamga yangicha ko‘z bilan qarashni taqozo etayotir. Shuni mamnuniyat bilan aytish kerakki, bizning yozuvchilar, xususan, publitsistlar faoliyatida grajdanlik ruhi davrga uyg‘un ravishda shakllandi, ularning dardchil ovozi kishilarni yoniqlikka, faollikka da’vat etmoqda.

Dengizda mavj urayotgan to‘lqin kabi adib va shoirlarning yangi va yangi avlodi bizning safimizga kelib qo‘shilmoqdaki, har biri o‘ziga xos olam bo‘lgan iqtidorli bu yoshlarning har birini ehtiyotlash, izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish va har biriga alohida g‘amxo‘rlik qilish, o‘ylaymanki, mening birlamchi vazifam sanaladi. Zero, bu va men tilga olgan sharafli muddaolarning birontasi SSSR xalq deputatligiga yozuvchilar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodning saylovoldi programmasiga kirmay qolishi hech mumkin emas!

Ha, deputat bo‘lganingcha yo‘q hali, biroq bezovta o‘ylarning, tashvishlarning adog‘i ko‘rinay demaydi sira. Xalqning nomidan gapirish huquqi zimmangga yuklayotgan vazifalar, mas’uliyat, yuragingdagi og‘riq sira tinchlik bermaydi senga. Halovating yo‘q, ko‘zingga uyqu inmaydi, o‘ylaysan, o‘ylaysan, o‘ylaysan…

Bugungi kun bizning har birimizni saylab olmoqda, tanlamoqda.

Muxbir. Odil aka, «Literaturnaya gazeta»ning 1 fevral sonida Ittifoq Yozuvchilar soyuei tomonidan SSSR xalq deputatligiga nomzodi ko‘rsatilgan yozuvchi Viktor Astafev hamda Sizga so‘z berilgan. Siz o‘z programmangizda, xususan, iqtidorli yoshlarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatish birlamchi vazifangiz ekanligini ta’kidlab aytgansiz. Suhbatimizni shu tezisni kengroq sharhlashdan boshlasak.

O. Yoqubov. Haqiqatan ham ijodkorlar tomonidan SSSR xalq deputataligiga nomzodi ko‘rsatilgan adib uchun bundan muhimroq ishning o‘zi yo‘q. Adabiyotimizning, xalqimizning ertangi kuni bugun safimizga kelib qo‘shilayotgan iqtidorlarning safi kengligi, grajdan sifatida faolligi va hamjihatligiga juda-juda bog‘liqdir. Shu ma’noda boshqa hamkasblarim qatori men ham o‘z vazifamni halol o‘tashim, munosib vorislarning unib-o‘sishiga barcha sharoitni yaratishga qarakat qilishim ham farz, ham qarzdir. Yoshlarga loqayd munosabatda bo‘lish adabiyotning kelajagiga xiyonat qilish demakdir.

Men bir narsadan mumnunman: behalovat kechgan so‘nggi yillar behisob iste’dodli yoshlarni yuzaga chiqardi. Eng muhimi, ular ijod bilan birga ijtimoiy hayotda ham faol ishtirok etishmoqda. Biz bu yoshlarning kelajagiga umid bildirib, yaqinda o‘n olti nafarini SSSR Yozuvchilar soyuzi a’zoligiga qabul qildik. Yozuvchilar soyuzining o‘ttizdan oshiq a’zosi uy-joy bilan ta’minlangan bo‘lsa, shularning aksariyati ham yoshlardir. Ijodkorlarga dala-hovli taqsimlanayotgan paytda, garchi soyuz a’zosi bo‘lmasa-da, bir necha iqtidorli yoshlarga imtiyoz tariqasida joy ajratdik. «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, «Sharq yulduzi», «Zvezda Vostoka», «Yoshlik» «Yildiz» jurnallari har yili o‘nlab yangi nomlarni kashf etayotgani sir emas. Yozuvchilar soyuzining tashabbusi bilan o‘tgan yili o‘ttizdan ziyod yosh shoir va Yozuvchilarning birinchi kitoblari respublika nashriyotlariga tavsiya etildi, shularning aksariyati kitob holida o‘quvchilar qo‘liga yetib ham bordi.

Shu o‘rinda men «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining o‘tgan sonida e’lon qilingan «Badiiylik yuksak mezon» sarlavhali chiqishda aytilgan quyidagi asossiz fikrga munosabat bildirmasligim mumkin emas: «Aslida esa avtorning birinchi kitobi nashri hech qachon to‘xtatilgan emas, aksincha, chop etishga yaroqli asar bo‘lmagan». Bu fikrga mutlaqo qo‘shilib bo‘lmaydi. Chunki oqar daryo oqmasdan turolmaydi. Men o‘zimning uzoq yillik ijodiy, ijtimoiy faoliyatim va tajribalarimga tayangan holda ishonch bilan aytamanki, shu kecha-kunduzda ham har qaysi nashriyotning g‘aladonida boshlovchi yozuvchi va shoirlarning o‘nlab qo‘lyozmalari e’tiborga muhtoj holda yotibdi. Gap bag‘rikenglikda, xolislikda, adabiyotimizning kelajagi uchun chinakamiga qayg‘ura bilishdadir.

Ijodiy soyuzga men rahbarlik qilayotgan yillar qayta qurishning eng murakkab, ziddiyatlarga boy, fikrlar qarama-qarshiligi avjga chiqqan bir paytga to‘g‘ri keldi. Davr hammaga minbar berdi. Aslida buning yomon tomoni yo‘q. Aslida ko‘zlangan maqsad xayrlidir. Axir, ta’limotimizning asoschisi Karl Marks hayot bu — kurashdir, deb bejiz aytmagan. Shu kecha-kunduzda biz fikrlar jangini, qarashlar, nuqtai nazarlar to‘qnashuvini boshdan kechirmoqdamiz. Bunday paytda, tabiiyki, kimdir ranjiydi, kimningdir ishi, faoliyati o‘z pozitsiyasini qattiq turib himoya qilishdan — «gap»dan iborat bo‘lishi mumkin va bu tabiiy. Mahkamachi buiday kurash usulini stolini mushtlash bilan bartaraf etishni istar, ehtimol. Lekin men o‘ylaymanki, ijodiy soyuz, xususan, Yozuvchilar tashkiloti dunyodagi erkin tashkilotlarning eng erkini bo‘lmog‘i kerak!

Shu ma’noda bir faktga to‘xtab o‘tishni joiz deb bilaman. Munaqqid Rahimjon Otayev «Gap bilguncha ish bil» sarlavxali maqolasida bunday yozadi: «O‘ylab qolaman: nima bu, yozuachilar soyuzimi yo notiqlar uyushmasimi? «Og‘zaki janr» yozma adabiyotimizning o‘rnini bosib qo‘ymayaptimi mabodo? Yozuvchining birlamchi ishi yozishmi. Siz tashvish qilmang, yosh do‘stim! Bugun yostig‘ingizning ostiga qo‘yib o‘qiydigan yunon donishmandlarining aksar kitoblari ham shu notiqlarning haqiqat, ezgulik va adolat tantanasi yo‘lidagi mislsiz «dahanaki jang»larining samarasi o‘laroq yuzaga kelgan. Bu notiqlar ulug‘, eegu maqsadlarga xizmat qilgan.

Tarix ilgari surgan behisob muammolar yo‘limizda ko‘ndalang bo‘lib turgan bir sharoitda hatto davrning o‘zi manbar bersa-yu, nega endi biz — xalqning ishongan kishilari sukut saqlab turishimiz kerak ekan?! Albatta, minbarga chiqqan kishi milliy urf-odatlarimizdan chekinmasligi, yoshi ulug‘ni hurmat, kichikni izzat qilishi, emotsiyaga berilmay, odob yuzasidan, haqligini asoslab gapirishi lozim. Shov-shuv ko‘tarishga mahliyo bo‘lish, mayda tuyg‘ularga berilib o‘ch olish, «qahramonlik» ko‘rsatish istagi umumning ezgu intilishiga putur yetkazadi, xolos.

Shubhasiz, hozir biz so‘z bilan birga amaliy faoliyatni kuchaytiradigan, islohlar va uning nazoratini ta’minlaydigan tom ma’noda xalqning og‘irini yengil qiladigan davrga kirib kelmoqdamiz. Bu esa har birimizdan alohida mas’uliyat taqozo etadi.

— Tarixi va tili har bir millatning o‘zigagina tegishli, uning taqdiri yo‘lnii belgilovchi muqaddas obi-hayot maibaidir. Siz o‘z programmangizda madaniy hayotdagi muammolarga, osor-iatiqalar, ulug‘ qadriyatlarimizga alohida urg‘u berib gapirgansiz…

— Bu bejiz emas, albatta. Biz hozir uzoq yillar mobaynida tildan qolib yotgan, yuragi dardga to‘lib ketgan odamga birdan xudo til ato etgandagi kabi bir ahvoldamiz. Ijodiy soyuzning yig‘inlarida o‘tirib goho o‘zimcha kulib qo‘yaman: birov til, tarix, Orol va paxta bilan bog‘liq muammolarni ko‘tarib turgan bir paytda, boshqa birov minbarga chiqib kimningdir maqolasidagi munozarali fikrni nog‘ora qilib chaladi. Nima bo‘lganda ham har birimiz tilimiz uchida turgan gapni tezroq aytishga oshiqamiz.

Til, tarix va umuman madaniyatga daxldor muammolar bir xat yoki bir yig‘in o‘tkazish bilangina hal bo‘la qolmaydi, albatta. O‘tgan davr ichida bu borada biz ozmuncha chekinmadik, ozmuncha narsalarni boy bermadik. Kishilarning turmush tarzi o‘zgarishi barobarida ularning nuqtai nazarlari, dunyoqarashlari ham o‘zgarib ketdi. Hozir bu masalalarga turlicha qarashlar mavjud ekan, meningcha, buning tub asoslari shu bilan izohlanadi.

Har qanday millatning, har qanday xalqning tirikligini va parvozini uning ikki qanoti — tarixi va tili ta’minlaydi. Arab yozuvidan chekinilgach, biz o‘zimizning bebaho madaniy obidalarimizdan, yozma merosimizdan butkul ajralib qolganimiz sir emas. Bizning ming yillik milliy an’analarimizdan ehtimol ma’lum ma’noda chekinish hollari aynan o‘sha yillarda boshlangan bo‘lsa kerak. Sharqlik bo‘la turib G‘arb madaniyati an’analari ta’siriga keragidan ortiq darajada tushib qoldikki, bugungi she’riyatimiz, nasrimizda buning hosilasi bilan birga, manfiy jihatlari ham sezilib turadi. O‘z milliy madaniyatidan uzilib qolish oxir oqibatda ma’naviy inqirozga olib kelishi muqarrar. Biz bu haqda ham mana bugun, oshkoralik tufayli, ochiq gapirishga jur’at etayotirmiz. Shu ma’noda biz yozuv taniydigan, ixtisosli kadrlarni ko‘plab tayyorlashga, Sharqshunoslik va Qo‘lyozmalar institutlari javonlarida chang bosib yotgan noyob kulliyotlarni izchil o‘rganib nashr etishga, xalqning ma’naviy mulkiga aylantirishga alohida e’tibor berishimiz kerak.

Ha, qilaman desang, qiladigan ishlar oz emas. Toki, shu paytga qadar bu ishlar amalga oshirilmagan ekan, buning uchun biz — Yozuvchilar, ziyolilar, noshirlar aybdormiz. Til masalasi ham xuddi shunday. O‘zbek tili ham vaqti bilan davlat tili mavqeini qozonishiga shubha qilmagan holda, shuni aytish kerakki, tilimiz qashshoqlashayotgan bo‘lsa, o‘zimizdan o‘tgan joyi ham yo‘q emas. Biz mehribon onaizorimizning munis va dildosh allalarini tinglab esimizni taniganmiz, shu-shu alla kuylagan til qonimizga singib ketgan. Biz buvijonlarimizning biri-biridan hazin, biri-biridan serma’no ertaklarini tinglab dunyoni anglaganmiz. Hozir qaysi bir kelinchak beshik ustida shu allani ayta oladi? Ertak tinglaydigan yoshdagi nevaralar nega televizor oldidan jilishmaydi? Xo‘sh, biz nima qilishimiz kerak? Biz til tarbiyasini beshikdan boshlashimiz kerak emasmikin? O‘zini tanigan, tilini va tarixini hurmat qilgan har bir kishi farzandlari dilida Alpomishu Barchinoylar, Ulug‘beku Navoiylar shaxsiga, tiliga hurmat uyg‘otishi lozim.

«Lenin uchquni» gazetasi yaqinda bir guruh o‘quvchilarning xatini e’lon qilib, shu ishga bosh-qosh bo‘lishni so‘rab bizga maktub jo‘natishibdi. Xatda Alpomish va Go‘ro‘g‘li, Barchinoy kabi xalq og‘zaki ijodi qahramonlariga haykallar o‘rnatish kun tartibiga qo‘yilgan. Bu ezgu tadbir amalga oshirilgan taqdirda u qandaydir obida emas, yuksak tarbiyaviy ahamiyatga ega ish bo‘lishi shubhasizdir. Ayni shu masalaga ham e’tibor qiladigan payt keldi. Holbuki, biz buning o‘rniga nojoiz tadbirlar bilan mashg‘ulmiz. Chunonchi, yaqinda men navoiylik bir guruh yoshlardan xat oldim. Unda aytilishicha, shaharning markaziy Lenii prospektida biri-biridan bahaybat bo‘lgan, ustiga ustak qip yalang‘och holdagi oltita «sanam»ning haykali qad rostlabdi. «Odil Yoqubovich! — deb yozadi ular. — Mana shu «sanam»larning «yalang‘och» holda maydon o‘rtasida namoyishkorona turishi, rostini aytganda, bizning g‘ashimizga tegmoqda. Na bizning urf-odatimizga, na taomilimizga to‘g‘ri keladi bu. Qizlarimiz o‘sha maydondan o‘tishga uyaladi. Bunday haykallarni o‘rnatayotgan paytda xalqning ma’naviy ehtiyojini hisobga olish zarur emasmikan?»

Biz esa shahar loyihasida bo‘la turib, ulug‘ Navoiyga Navoiy shahrida bir haykal o‘rnata olmay, necha yildirki, ovoramiz!..

— Programmangizda «ona tabiat, uning daxlsizligini ta’minlash va asriy chiroyini qaytarish bilan bog‘liq muammolar»ni faoliyatingizdagi muqim yo‘nalish sifatida qayd etgansiz. Shu masalani — o‘zingizni bezovta etib yurgan o‘y-fikrlarmigizni batafsilroq gapirib bersangiz.

— Inson hayoti toabad xavfu xatar ichra kechadi, lekin biz hamisha ham bu bilan hisoblashavermaymiz. Armaniston yoki Tojikistondagi kabi mislsiz kulfat boshimizga tushganda, aziz narsalardan judo bo‘lganda, falokat shirin jonimizga taqdid solgandagiia birdan xushyor tortamiz, insoniy qadr-qimmat, mehr, oqibat haqida o‘ylay boshlaymiz, o‘tkinchi kayfiyat ta’sirida yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklar, qilmishimiz haqi pushaymon bo‘lamiz.

Tabiatga ziyon yetganligi, daryoyu dengizlar qurib, ona zamin asriy ko‘rkidan judo bo‘lganligi haqida har qancha kuyunib gapirmaylik, aslida bu bizning tavba-tazarrumiz, kechagi jur’atsizlik, loqaydligimiz haqi chekayotgan afsus-nadomatimizdir. Bu kulfatlarning yuzaga kelishida har birimizning muqarrar gunohimiz bor.

SSSR Yozuvchilar soyuzi pravleniyesining yaqinda bo‘lib o‘tgan plenumida so‘zga chiqqan notiqlarning dardchil so‘zlari shuni yaqqol anglatdiki, barchamizning dardu ohimiz, yurakda silqqan yaramiz sho‘rimiz bir — ona zaminning a’zoyi badaniga yetkazilgan ozor, jamiki jarohatlar, qayoqqa qaramang, bir-biriga juda-juda o‘xshash. Birov Sevan yo Baykal, boshqa birov Issiqko‘l yo Azov fojiasi haqida ko‘ngli to‘lib so‘zlar ekan, beixtiyor men ona yurtim, jonajon Orolim va uning chigil qismati haqida og‘ir o‘yga toldim. O‘rta Osiyoning boshiga kulfat keltirishi ehtimoldan xoli bo‘lmagan bu sitam, achchiq bu ko‘rgulik boshqa regionlar muammosidan ming chandon mudhish va achinarliroqdir. «Mahalliy vatanparvarlik» hissiga berilib shunday deyayotganim yo‘q, siz ishoning, aslida bor gap bu. To‘g‘ri, mamlakatning bo‘lak daryolari ham ifloslanayotir, ko‘llari qurib qolayotir; yashash nafas olish esa kun sayin, soat sayin qiyiilashib borayotir. Ammo hali hech qachon, hech qayerda tiriklikka bu qadar kuchli xavf-xatar Orol bo‘ylaridagichalik taqdid solgani yo‘q!

Do‘stlarning so‘zini eshitgan sayin turli o‘lkalar ahvoli — zamin jarohatlari yaqqolroq namoyon bo‘ladi va bir savol sira tinchlik bermaydi; axir, insonparvar sotsialistik jamiyatda qanday qilib biz ona tabiatga bunchalar shafqatsiz, nomas’ul munosabatda bo‘ldik? Nega endi butun bir xalqning, uning kelajak nasllari rizqini hech o‘ylamay-netmay, ochofatlarcha isrof qildik? Nechun yo‘l qo‘ydik shunga? Bugun ko‘rib, sezib turgan fojialar dastlab qachon boshlandi? Qay tarzda?

Tabiiyki, bu kulfat bizning boshimizga birdan tusha qolgani yo‘q: SSSR Yozuvchilar soyuzi pravleniyesining aavalgi plenumida o‘zim so‘z yuritgan va bugun yana bir ta’kidlashni juda-juda istayotgan bir-biridan ayanchli, fojiy hodisalar, afsus-nadomatlar bo‘lsinki, O‘zbekistonda bevosita paxta monokulturasi tufayli yuz berdi. Bizning manglayimizdagi sho‘rish, istaysizmi-yo‘qmi, monokulturaning fetishga aylanishi oqibatida yuzaga keldi. Joylarda o‘zgarish oz emas, lekin biz istaganga nisbatan kam hali. Monokultura siyosatining uzviy davom etishi esa, olimlarning fikricha, hali ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan darajada xunuk oqibatlarga olib kelishi mumkin. Monokultura deb atalmish bu yakka hokimlik bor-bora shunday bir baloyi azimga aylandiki, hadsiz-hisobsiz zaqarli ximikatlarni yalab-yutib ham u to‘ymaydi. Bolalar o‘limiyu turfa kasalliklar — xalqning boshiga tushgan ko‘rgulik, yerning, suvning, qolaversa, havoning zaqarlanishi aslida shundan emasmi?!

Shuncha riyozat evaziga deqqon nimaga erishdi? Kishi boshiga bir yilda 29 kilogramm go‘sht (ittifoq miqyosida bu ko‘rsatkich 62 kilogrammni tashkil etadi!), har gektar yeriga 52 kilogramm miqdorda zaharli ximikat (ittifoq miqyosida bu ko‘rsatkich 2 kilogrammni tashkil etadi), hali ko‘z ochmay turib ming boladan 44 tasi juvonmarg bo‘lishi (ittifoq miqyosida bu ko‘rsatkich 26 tani tashkil etadi)…

Dengizdan to besh ming kilometr masofagacha bo‘lgan yerga tuz changlari taralayotir, shuning oqibatida dardga chalinib ko‘plab kishilar rak tufayli olamdan o‘tmoqda, 80 foiz ayollar kamqonlik kasaliga mubtalo, askarlikka chaqirilgan har to‘rt yigitning biri esa harbiy xizmatga yaroqsiz!

Tilimiz, tariximiz, tabiatimiz… Ha, ularning qismati ham bir-biriga juda-juda o‘xshash, bundan ko‘z yumish hech mumkin emas!

O‘tgan yilning kuzida, ma’lumki, Orol muammolari yuzasidan muayyan qaror qabul qilindi. Shundan ilgari KPSS Markaziy Komitetida nufuzli yig‘in bo‘lib o‘tdiki, unda atoqli rus olim va yozuvchilari o‘zbek dehqoni kiftini yag‘ir qilgan yukni xiyol bo‘lsa-da yengillatish, quyoshli bu yurtni mamlakatning yirik bog‘dorchilik maskaniga aylantirish xususida juda asosli va adolatli fikrlar aytishdi. O‘zbek adiblarining — bizning ham imonimiz komilki, agar shunday bog‘-rog‘ barpo etilsa, bag‘oyat savob ish qilingan bo‘ladi, undan tushadigan daromad ham paxtanikidan oshsa oshadiki, kam bo‘lmaydi, ayni paytda turmush ham yaxshilanadi. Albatta, ittifoq Davlat plan va agrosanoat komitetlari bu tadbir borasida jiddiy bosh qotirmog‘i, hisob-kitob qilib ko‘rmog‘i, chuqur ilmiy tahlildan qochmasliklari lozim.

Markaziy Komitetda bo‘lib o‘tgan o‘sha yig‘inda akademik Aganbegyan aytdiki, bizning zaminda kechayotgan nomaqbul jarayon va bu bepoyon respublikadagi haqiqiy ahvol qandayligi haqida aslida ular hech narsa bilishmaydi. Shuning uchun ham, dedi u, iqtisodchi olimlar, suvshunoslar, tuproqshunoslardan iborat nufuzli Davlat komissiyasi tuzib, O‘zbekistonga jo‘natmoq, chinakam ahvolni o‘rganmoq kerak!

Ha, shunga zarurat bor, menimcha, bu g‘oyatda amaliy va foydali taklif!

Bultur paxtakor ayollarimiz qismati to‘g‘risida gapirib, jumladan, o‘n gulidan bir guli ochilmagan 270 yosh juvon o‘zlariga o‘zlari o‘t qo‘yib o‘lganlari haqida gapirib edim. Bu yil bu raqam 250 ga tushdi. Ikki yuz ellik paxtakor ayol o‘z-o‘ziga suiqasd qildi! Bu raqam ko‘pmi, ozmi? O‘ylaymanki, o‘zini insonparvar jamiyat deb hisoblaydigan jamiyat uchun ikki yuz ellik emas, bor-yo‘g‘i ikkita ayol, ikkita inson turmush qiyinchiliklariga dosh berolmay o‘ziga suiqasd qilsa, shuning o‘zi ko‘p. Shuning o‘zi har qanday jamiyatni zir titratishi, uni tashvishga solishi darkor! Biz esa… hamma aybni bu ayollarning erlariga to‘nkashdan, ya’ni ular o‘z jufti halollariga nisbatan boy-feodallarcha munosabatda bo‘lgan, degan gapdan nari o‘tmayapmiz. To‘g‘ri, bu gapda ham jon bor. Ammo men bulturgi gapimda turaman: aziz qiz-juvonlarimiz isyonning bu darajali turini tanlashiga bosh sabab og‘ir jismoniy mehnat va turmushning qashshoqligi!

Axir o‘zingiz o‘ylab ko‘ring: olamda paxtakor mehnatiday og‘ir mehnat bo‘lmasa, sho‘rlik ayol barcha ayollik naeokati va go‘zalligini barbod qilib, o‘n ikki oy, sahar mardondan to shomgacha dalada, jazirama oftobda ketmon ursa-yu, oyiga 60—70 so‘m maosh olsa!..

O‘z xalqining turmush darajasini yaxshi bilgan biz adiblar mana necha yildirki, paxta narxi to‘g‘risida bong urib kelmoqdamiz. Ammo na bizning, na olimlariing, na dehqonlarimizning ohu-voylari bu masalani hal qiluvchi tashkilotlarga, SSSR Davlat plan va Agrosanoat komitetlariga yetib bormadi. Axir, qanday qilib bir kilo paxtaning narxi bozordagi bir bog‘ ko‘kat darajasiga tushib qoldi? Esimda bor: 1937 yili otamiz «xalq dushmani» degan ayb bilan qamalgandan keyin bizni olib ketib, boshimizni silagan amakim, keksa deqqon, ko‘p gapirguvchi edi: «Inqilobgacha biz g‘o‘zani juda kam ekardik, bolam. Keyin Rossiyadan Turkistonga zavodchi boylar kelishdi. Paxta zavodi qurib, dehqonlarni g‘o‘za ekishga da’vat qilib, tashviqot ishini boshlab yuborishdi. Shunda ular bir narsa bilan yutib ketishdi. Bir pud paxtaga o‘n sakkiz pud yaxshi bug‘doy, boz ustiga g‘alla va qant-qurs berishardi. Shu bois bor-yo‘g‘i bir-ikki yilda butun qishlog‘imiz g‘o‘za ekadigan bo‘lgandi…». Qarang: bir umr kambag‘alning qonini so‘rib kelgan zavodchi boy bir kilo paxtaga o‘n sakkiz kilo g‘alla to‘lasayu, o‘zimizning jonajon Davlat plan komitetimiz ikki kilo bug‘doy narxida pul to‘lasa! Sakkiz barobar kam. Bu ham yetmagandek, mashina va yoqilg‘i, o‘g‘itlar narxi yildan yilga ortib borayotgan bo‘lsa… Axir, bu ahvolda deqqondan ham, yerdan ham mahrum bo‘lishimiz hech gap emas-ku…

Mangu navqiron daho Pushkin, muruvvat istagan kimsadan, bechoradan mehru shafqatingni darig‘ tutma, degan. Bechora emas, yo‘q, ko‘ngli sutday pok, ammo ko‘p jabru jafo chekkan mening ona xalqim bugun ma’naviy madadga juda-juda tashna. Uning birdan-bir gunohi — ota-bobosidan meros qolgan soddaligidir, uning ko‘ngilchanligi, mo‘min-qobilligidir, zahmatkashligi va kindik qoni tomgan yerga cheksiz mehru muhabbatidir! Ona O‘zbekiston ahli, uning dala-tuzi, uning zada daryolari, tog‘u toshi, uning mushtipar Oroli bugun madadga zor, mehru muhabbatga, shafqatga tashna!

* * *

Suhbatimiz so‘ngida SSSR xalq deputatligiga nomzod, atoqli adib Odil Yoqubov kun sayin yatsinlashib kelayotgan umumxalq ayyomi, Bahor bayrami bilan gazetxonlarni chin dildan muborakbod etib, bunday dedi:

— Navro‘z bu olamni yashartiradigan, unga ko‘rku tarovat bag‘ishlaydigan ayyomdir, Quyoshga ko‘ksini ochgan bizning diyorimizda esa u yanada ko‘rkamroqdir. Toshkentda yaqindaginada bo‘lib o‘tgan regional ilmiy amaliy konferentsiya minbaridan turib aytilgani kabi, «o‘tmishda Navro‘z bayrami kunlari urushlar to‘xtatilgan, nizolar unutilgan, odamlar tinch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga intilishgan». Ota-bobolarimiz shunday ezgu udumni bizga meros qilib qoldirgan ekan, gina-kuduratlar va mayda nizolarni bir chetga yig‘ishtirib qo‘yib xalqimiz xizmatida yelkadosh bo‘laylik, amalda uning baxt-saodati uchun va buni ta’minlash uchun kurashaylik. Axir, u faqat zahmat chekish uchun emas, yashash, yaxshi yashash uchun ham dunyoga kelgan-ku!

Suhbatni Ahmad Otaboyev olib bordi

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 3 mart