Nuriddin Muhiddinov. Insoniy burchimiz (1990)

KPSS XXVIII s’ezdining «Insonparvar, demokratik sotsializm uchun» degan Dasturiy bayonnomasida partiya SSSR xalqlarining madaniy merosiga ehtiyotkorlik bilan munosabatni qaror toptiradi, deb ta’kidlandi. Darhaqiqat, inson ma’naviy takomilida ko‘plab o‘tmish avlodlarning donoligi va iste’dodini o‘zida mujassam etgan tarixiy va madaniy yodgorliklarning o‘rni va ahamiyati juda katta. Bizning kunlarimizgacha yetib kelgan yodgorliklar minglab yillardan buyon O‘rta Osiyoning poyonsiz kengliklarida yashab kelayotgan xalqlarning madaniyati, me’morchilik san’ati, shahar qurilishi va moddiy ishlab chiqarish darajasi naqadar yuksak bo‘lganligidan dalolat beradi.

Ha, bu qadimiy mintaqa noyob yodgorliklarga nihoyatda boy. Faqat O‘zbekistonning o‘zidagina bunday yodgorliklarning o‘n mingtasi davlat tomonidan hiyeobga olingan. Jumhuriyatimizning qadimiy shaharlari bo‘lmish Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xeva, Qo‘qon, Shahrisabz, Kattaqo‘rg‘on, Qarshi, G‘ijduvon va boshqa joylardagi osori-atiqalar butun olamga mashhur.

Jamiyat hayotida har tomonlama yangilanish ro‘y berayotgan hozirgi sharoitda tarixiy-madaniy merosni saqlash va targ‘ib qilish chuqur insoniy mohiyat kasb etadi, kishilarimizning tafakkur doirasini kengaytirib, madaniy darajasi takomillashuviga hissa qo‘shadi. Aholi turli qatlamlarining yodgorliklarga munosabati tobora mustahkam qaror topib borayotir. Biroq o‘lkamizning madaniy-tarixiy merosi taqdiri haqli suratda kishilarni tashvishga solmoqda. Matbuot sahifalarida, radio va televideniye orqali yodgorliklarni asrashning kechiktirib bo‘lmas muammolari har taraflama chuqur yoritilmoqda. Jamoatchilikning tanqidiy chiqishlari yodgorliklar taqdiriga chinakamiga tashvishlanish ruhi bilan yo‘g‘rilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi 1988—1997 yillarni madaniyat ravnaqining Butunjahon o‘n yilligi deb e’lon qildi. YuNESKOning xalqlar madaniyatlarining o‘ziga xosligini qaror toptirish va boyitish muammolariga bag‘ishlangan hujjatlarida madaniyatning tashqaridan tiqishtirilgan nusxalari, did va turmush tarzini bir xillashtirish, ayrim an’anaviy qadriyatlarning yemirilishi va yangi qadriyatlarning mashaqqat bilan qaror topishi jarayonlari ko‘plab jamiyatlarda nihoyatda tashvishli muhim bir masala bilan: taqdiri xavf ostida qolgan o‘ziga xos madaniyatni qanday qilib asrab qolish, himoya qilish va ravnaq toptirish muammolari bilan bog‘liq ekanligi ta’kidlandi. Ravshanki, bu o‘rinda gap xalqlar tashqi ta’sirdan o‘zini sun’iy ravishda himoyalab, o‘tmishdan meros qolgan madaniyatlar doirasida cheklanib qolishi haqida ketayotgani yo‘q. Aksincha, har bir xalq hozirgi zamon bilimlari va malakalarini egallashi, boshqa madaniyatlardan bahramand bo‘lgan holda yangilanish borasidagi imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi lozim. Mayda jilg‘alar yig‘ilib daryolar va dengizlarni hosil etganiday, jahon taraqqiyparvar madaniyati ham har bir xalqning madaniyatidan bahra olgan holda bunyod etiladi.

Yirik miqyoslarda shahar qurilishining avj olishi, industrlashtirish, atrof-muhitning ifloslanishi, ayrim hollarda esa ommaviy sayohatni rivojlantirishda yo‘l qo‘yilayotgan qator kamchiliklar umumjahon miqyosida yirik muammo hisoblanadi. Bizning jumhuriyatimizda esa, insonning tazyiqiy faoliyati natijasida Orol dengizining falokatli suratda qurib borayotganligi, sizot suvlarning yuzaga qalqib chiqishi, tuproq sho‘rlanishi ko‘plab me’morchilik, arxeologiya, san’at obidalariga tobora jiddiy xavf-xatar tug‘dirmoqda. Madaniyatni rivojlantirish Butunjahon o‘n yilligining asosiy maqsadlaridan biri umuminsoniy qadriyatlarni himoya etish bilangina cheklanmaydi, balki uni boyitish va yangilashga ko‘maklashishni ham ko‘zda tutadi. Osori-atiqalarni ta’mirlash va ulardan foydalanish ishlarini har tomonlama yaxshilashga erishish bizning umumiy burchimizdir. Eng muhimi, bu boradagi faoliyatni izchil yo‘lga qo‘yish, xalqimiz merosini asrash vazifalarini davlat idoralari hamda jamoatchilikning keng qatlamlari bilan birgalikda hal etish zarur.

O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston jumhuriyatlari rahbarlarining 1990 yil 23 iyunda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston xalqlariga murojaati hamda mazkur jumhuriyatlar o‘rtasida har tomonlama iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolanishi muhim siyosiy voqea bo‘ldi. Bularning barchasi ijtimoiy faoliyatning turli sohalarida doimiy ijodiy va amaliy hamkorlikni chinakamiga yo‘lga qo‘yish, jumladan tarixiy va madaniy yodgorliklarni ta’mirlash va targ‘ib etishda ilmiy tadqiqotlarni ro‘yobga chiqarish ishlariga samarali ta’sir etmay qolmaydi. Nazarimizda, shu yilning oxirlarida O‘rta Osiyo va Qozog‘istondagi mavjud qadimiy yodgorliklar muammolariga bag‘ishlab, qardosh jumhuriyatlarning istalgan birorta shahrida kengash chaqirish yuqoridagi masalalarni birgalikda hal etish istiqboliga ko‘maklashgan bo‘lur edi. Tarix va madaniyat yodgorliklarini saqlash O‘zbekiston jamiyati jumhuriyatlar vakillarini ularning xohish-istaklariga qarab Toshkent, Samarqand yoxud Buxoroda qabul qilishga tayyordir.

Tarixiy-madaniy merosni asrash ishlarini yanada yangi va yuksak darajaga ko‘tarish — hayot taqozosi. Albatta, ko‘p narsalar iqtisod bilan nihoyatda bog‘liq. Har yili yodgorliklarni ta’mirlash ishlariga jumhuriyat byudjetidan (xazinasidan) 7—8 million so‘m mablag‘ ajratiladi. Ko‘pmi bu yoki ozmi? SSSR Oliy Kengashi bir guruh deputatlarining: «Buxoro yodgorliklarini asrab qolamiz», degan murojaatidan so‘ng hamda bo‘lajak tarixiy tantanani inobatga olgan holda Buxoro shahridagi yodgorliklarni ta’mirlash va tarixiy joylarni tiklash dasturi ishlab chiqilmoqda. 1990—1993 yillarga mo‘ljallangan birinchi darajali ta’mir ishlarining umumiy qimmati 7,2 million so‘mni tashkil etadi, butun dasturni ro‘yobga chiqarish uchun esa 39 million so‘m mablag‘ talab qilinadi. Bu — faqat birgina Buxoro bo‘yicha. Gap esa, butun jumhuriyatdagi yodgorliklar haqida ketayotir.

Qisqasi, osori-atiqalarni ta’mirlash uchun davlat xazinasidan ajratilayotgan mablag‘ yetarli emas, shuning uchun ham ko‘pgina yodgorliklarni tiklash ishlari o‘nlab yillarga cho‘zilmoqda, faqat eskilari emas, balki Qo‘qondagi Xudoyorxon O‘rdasi kabi yaqinda ta’mirdan chiqqan yodgorliklar ham yemirilib bormoqda. Albatta, hammamizga ma’lumki, jumhuriyatda uy-joy, maktabgacha bolalar muassasalari, shifoxonalar, madaniyat inshootlari qurilishiga, aholi turmush darajasini o‘stirishga ehtiyoj katta va bularning barchasi davlatdan beqiyos kuch va e’tibor talab qiladi, biroq hukumat ana shunday sharoitlarda ham tarixiy va madaniy yodgorliklarni tiklash ishlariga mablag‘ni ko‘paytirish imkoniyatlarini qidirmoqda.

Yodgorliklarimiz ko‘p, ularni asrash vositalari esa cheklangan. Xo‘sh, qanday chora-tadbir ko‘rish kerak? Bunda xalqimizning asriy donoligi qo‘l keladi — hashar yo‘li bilan har bir qishloq va shaharda mavjud bo‘lgan yodgorliklar holatini aholi xatti-harakatlari bilan yaxshilash, faqat bayramlardagina emas, balki oddiy kunlarda ham hordiq chiqaradigan, dam oladigan, suhbatlashadigan bog‘u rog‘larga, gulzorlarga aylantirilsa ko‘ngildagidek ish bo‘lur edi. Yodgorliklar hammamizning mulkimiz, shuning uchun yoshidan qat’i nazar, kashshofu oqsoqol, ayolu erkak ularni avaylab asrashga o‘z hissalarini qo‘shmoqlari kerak.

Ta’mirlash ishlarini mablag‘ bilan qo‘shimcha ta’minlashning aniq manbalaridan biri turizm hisoblanadi. O‘z daromadlarining ma’lum bir qismini yodgorliklarni saqlash ishlariga yo‘llash turistik tashkilotlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri burchidir. Bundan tashqari, jumhuriyatimizda turizm xizmatini yanada yuksaltirish, umumjahon o‘lchovlari darajasiga ko‘tarish lozim. Bu haqda turli xil doiralarda gap ketdi, biroq ish bir joyda depsinganicha turipti, holbuki bir qator rivojlanayotgan Afrika mamlakatlarida ham turizm ishlari yuksak darajaga qo‘yilgan bo‘lib, anchagina daromad keltirmoqda. Darvoqe, oradan ko‘plab asrlar o‘tgan bo‘lsa-da, shu narsani eslatib o‘tish joizki, O‘rta Osiyo hududidan o‘tgan Buyuk ipak yo‘lining hamma yerida yo‘lovchilar uchun hordiq chiqarish, mehnat qilish va sayohatni davom ettirish uchun qulay sharoitlar yuzaga keltirilgan edi.

Ayrim noyob yodgorliklarni tiklashda mehnat jamoalari va ayrim shaxslar «Xotira fondi»ni tashkil etish va ta’mir ishlariga badal ajratish yo‘li bilan ham ishtirok etayotganligini tajriba sifatida qayd etish mumkin. Buxorodagi noyob «Xalifa Xudoydot» yodgorligini ana shunday usul bilan tiklash rejalashtirilmoqda. Bunday tashabbusni qo‘llab-quvvatlash foydalidir.

Bizgacha yetib kelgan tarixiy yodgorliklar qanchalik qimmatli bo‘lsa, butun dunyo mehnatkashlarining dohiysi V. I. Leninga o‘rnatilgan monumental san’at asari ham shu qadar qadrli bo‘lmog‘i darkor.

Ulug‘ Vatan urushi davrida halok bo‘lganlar, kelgusi avlodlar baxti uchun kurashgan, jon fido etganlarning xotirasini abadiylashtirish, ularga bag‘ishlangan yodgorliklarni obod qilish, namunali holda asray olish har birimizning insoniy burchimizdir.

Tarixiy merosni kelguyei avlodlar uchun asrab qolishda hurmat va e’zozga musharraf bo‘lgan xalq me’morlari: O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasining faxriy a’zosi, Davlat mukofati nishondori usta Shirin Murodov, usta Akram Umarov, usta Abduqodir Boqiyev, usta Shamsi G‘afurov, usta Ro‘zmat Masharipov, g‘ijduvonlik kulol usta Usmon Umarov va boshqa ko‘plab ming yillik yodgorliklarni ta’mirlashdek murakkab san’at sirlarini egallagan iste’dod sohiblari tarixiy merosni avaylab-asrash va kelgusi avlodlarga yetkazish ishlariga munosib hissa qo‘shdilar. «Usta» degan qutlug‘ so‘z yuz yillar davomida eng faxrli va hurmatli kishilarga nisbat berib kelingan. Biz ana shu o‘rinda Uzbekistonda ta’mirlash ishlarining ravnaq topishiga munosib ijodiy hissa qo‘shgan kishilar — O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasining akademigi Ya. G‘ulomov, me’mor olim M. Mauer, taniqli me’mor B. Zasipkin va boshqa mutaxassislarning nomlarini ham samimiy minnatdorlik tuyg‘usi bilan esga olib o‘tamiz.

Afsuski, 60—70 yillarga kelib ta’mirchilar avlodi o‘rtasida uzilish ro‘y berdi. Keksa ta’mirchilar yo‘q, yangilari esa barmoq bilan sanarli. Bu murakkab mutaxassislikni egallashda izchillik va davomiylikka rahna tushdi. Lekin yodgorliklarni saqlash jamiyati qadimiy an’analarni tiklashga intilmoqda. Jamiyatning Buxoro viloyati kengashi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, ta’mirchi Ochil Bobomurodov rahbarligida keng yo‘nalishdagi ta’mirchi ustalar tayyorlash maktabini tashkil etdi.

Shaharlarning o‘z qiyofasini saqlab qolish zarurligi haqidagi masala hamon o‘tkir muammo bo‘lib qolayotir. Bu borada O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti, jumhuriyat Oliy Kengashi Prezidiumi va Vazirlar Kengashining 1989 yilning 23 noyabrida qabul qilgan «1991— 1995 yillarda Toshkent shahri aholisi turmush ta’minotini tubdan yaxshilash shaharning tarixiy rayonlarini rekonstruktsiyalashni jadallashtirishga oid birinchi galdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori katta ahamiyatga ega. Mazkur qarorga asosan tarixiy yodgorliklarni saqlab qolish bo‘yicha tadbirlar nazarda tutilgan, jumladan, ochiq osmon ostida 11 gektarli maydonda me’morlik-etnografik muzey — «Shahriston» mahallasi tashkil topadi.

Kirov nohiyasida joylashgan Oqtepa shaharchasi noyob tarixiy yodgorlik bo‘lib, qazilmalar chog‘ida o‘rta asrlarning ilk davri Choch (Toshkent) aholisining turmush tarzidan hikoya qiluvchi moddiy madaniyat buyumlari topildi. Hozir mazkur shaharchani saqlab qolish va ta’mirlash, bu yerda bog‘ maydoni tashkil etish bo‘yicha keng miqyosda ishlar olib borilmoqda. Yaqinda ana shunga doir masalalar jamiyatimiz hay’atining yig‘ilishida maxsus ko‘rib chiqildi.

Jumhuriyatimizda Sovet hokimiyati yillarida qad ko‘targan tarixiy — inqilobiy voqealarni tarannum etuvchi ko‘pgina yodgorliklar bor. Bu o‘rinda Turkistonning 14 komissariga o‘rnatilgan yodgorlikni alohida eslab o‘tish joiz. 50-yillarda ana shunday g‘oya tug‘ilib monumental komlleks barpo etish haqida gap ketganida, Turkistonda aksilinqilobchilarni tormor etgan, Sovet hokimiyatini tiklash va mustahkamlash yo‘lida halok bo‘lgan komissarlar bilan birlikda bolsheviklar xotirasini ham granitda abadiylashtirish haqida kelishib olingan edi. Afsuski, 60-yillarda belgilangan ishlarning faqat bir qismigina amalga oshirildi. Gap shundaki, Turkistonning 14 komissari orasida birorta ham o‘zbek kishisi yo‘q. Shunisi ham aniqki, komissarlarni vahshiylarcha o‘ldirgan Osipov aksilinqilobiy isyon ishtirokchilari orasida ham birorta o‘zbek bo‘lmagan. Biroq ana shu isyonni bostirishda A. Kazakov, D. Manjara rahbarlik qilgan temir yo‘l ishchilari bilan bir safda qo‘lda qurol bilan Eski shahar bolsheviklari Nizomiddin Xo‘jayev, Mirkomil Mirsharopov, Husan To‘rayev, Yoqub Xo‘jayev, Yo‘ldosh Solihov, Sultonxo‘ja Qosimxo‘jayev va boshqa tub aholi vakillari ishtirok etgan edilar. 1919 yilning 21 yanvarida Toshkentda Sovet hokimiyati tiklandi. V. I. Lenin, Ya. M. Sverdlov g‘alaba bilan tabrikladilar va to‘la qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Hozirgi paytda yodgorliklarni saqlash jamiyati boshqaruvi olimlar va mutaxassislarni jalb etgan holda ana shu yaxlit kompleksni nihoyasiga yetkazish, aksilinqilobiy haraqatni tor-mor etgan kishilar xotirasiga ham yodgorlik o‘rnatish haqida taklif tayyorlamoqda. Bu — jumhuriyatimizda istiqomat qilayotgan barcha millat mehnatkashlarini baynalmilal va ma’naviy ruhda tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yaqin yillar ichida O‘rta Osiyodan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlarning tavallud sanalari nishonlandi. Bu yil Imom At-Termiziyning 1200 yilligi, kelgusi yili Alisher Navoiyning 550 yilligi, 1993 yilda Bobur tavalludining 510 yilligi, Beruniyning 1020 yilligi, Xorazmiyning 1210 yilligi, 1994 yilda Ulug‘bekning 600 yilligi, 1995 yilda Abdulla Qodiriyning 100 yilligi tantana qilinadi. Me’morchiligimizning ko‘plab tarixiy yodgorliklari o‘rta osiyolik olimlar, yozuvchilar, shoirlarning nomlari bilan chambarchas bog‘liq. Qutlug‘ sanalarga tayyorgarlik arafasida ta’mirlash ishlarini tezlashtirish chora-tadorikini ko‘rmoq lozim. 1200 yilligi nishonlanayotgan Imom Hakim at-Termiziy, shuningdek, «Al Hadis» muallifi Ismoil al-Buxoriy, Bahovuddin Naqshbandiy kabi din arboblarining nomlari bilan bog‘liq yodgorliklar ham talaygina. Ana shu yodgorliklarni saqlashda diniy jamoalar muhim yordam ko‘rsatishlari mumkin.

Buyuk vatandoshlarimiz — O‘rta Osiyo olimlari va yozuvchilari qalamiga mansub ko‘plab qimmatbaho kitoblar va qo‘lyozmalar xorijiy mamlakatlarda, ko‘pincha esa, xususiy jamg‘armalar va kutubxonalarda saqlanmoqda. Ana shu milliy boyliklarni o‘z Vataniga qaytarish yo‘l-yo‘riqlarini o‘ylab ko‘rish foydadan xoli bo‘lmas edi. Bir paytlari akademik Hamid Sulaymon bunga harakat qilib ko‘rgan edi, afsus, u hayotdan ko‘z yumdi-yu, ish o‘lda-jo‘lda qolib ketdi. Ana shu muammo bilan albatta shug‘ullanish lozim.

Tarixiy va madaniy merosni muhofaza qilish ishlarini yaxshilashda qonunchilik muhim ahamiyat kasb etadi. Biroq hozirgi paytda yodgorliklar haqidagi huquqiy talablar hukumatning turli xil qarorlari va boshqarmalarning farmoyishlariga bog‘liq bo‘lib qolgan hamda bu hujjatlar eskirib, zamonaviy talablarga javob bera olmaydi. Yodgorliklar haqida qonunchilikni yangilashni hayotning o‘zi oldinga surmoqda. Shu munosabat bilan jamiyat boshqaruvi yodgorliklar haqida yana qonun ishlab chiqayotgan O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi Komitetida ishtirok etib, mazkur muammo bilan izchil shug‘ullanmoqda.

Korxonalar va tashkilotlar tomonidan yodgorliklardan foydalanish masalalarida qattiq tartib o‘rnatilishi zarur. O‘z hududi ixtiyoridagi yodgorliklarning haqiqiy xo‘jayinlari bo‘lmish mahalliy Sovetlar ularni asrash ustidan jiddiy nazorat o‘rnatishga burchlidirlar. Obidalar himoyaga muhtoj ekanligini, yengil-elpi va loqayd munosabat tufayli ular abadiy yo‘q bo‘lib ketishi mumkin ekanligini hamisha yodimizda tutmog‘imiz shart. Ularni ehtiyotkorlik bilan saqlash va ulardan foydalanish bo‘yicha keskin qonun tadoriklari zarur.

Tarix va madaniyat yodgorliklarini saqlash O‘zbekiston Jamiyati mehnat jamoalarida o‘z saflarida 4 million kishini birlashtirgan 9 ming boshlang‘ich tashkilotga ega. Ma’lumki, Jamiyatning har bir a’zosi ham uning ishlarida faollik ko‘rsatmaydi, lekin shunga qaramasdan jamoatchilik harakatining haqiqiy jonkuyarlari tarixiymilliy qadriyatlarimizni himoya qilish ishiga tobora kengroq qo‘shilmoqdalar. Urush va mehnat veteranlari jumhuriyat kengashi, O‘zbekiston LKYoU Markaziy Komiteti, Xalq maorifi vazirligi, Me’morlar uyushmasi jamiyatimiz bilan faol hamkorlik qilayotirlar. Jonkuyarlar va qadimiy osori-atiqalar muxlislarining ana shunday jonbozlik faoliyati idoraviy apparatlar tomonidan emas, balki jamoatchilik tashkilotlari tomonidan yo‘naltirilishi maqsadga muvofiqdir.

Jamiyat faoliyatining muhim yo‘nalishidan biri madaniy meros haqidagi bilimlarni, xalqimizning eng yaxshi an’analari va urf-odatlarini targ‘ib-tashviq etishdan iborat. Buxoro, Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari, Qoraqalpog‘iston muxtor jumhuriyati, Toshkent shahar jamiyati kengashlari bu borada faol ish olib bormoqdalar. Shu yil 27 may kuni Toshkentdagi Abulqosim yodgorligi binosida «Non» deb atalgan butunjumhuriyat ko‘rgazmasi namoyish etildi. Qoraqalpog‘istondan, viloyatlardan va Toshkent shahridan novvoylarimiz 100 ga yaqin obi-non turlarini namoyish etdilar. Ko‘rgazma qatnashchilari, shu jumladan chet ellik sayohatchilar katta qiziqish bilan tanishdilar. O‘rta Osiyo xalqlari nonning 250 xil namunasini biladilar. Kelgusi yili ko‘rgazma tashkil etib, hamma turdagi nonlarimizni namoyish etishga harakat qilamiz. Bundan tashqari, jamiyat boshqaruvi manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda turli xil yodgorliklar hududida «Qovun sayli», «Anor bazmi», «Lola bayrami», «Gulbozor» kabi xalq bayramlari o‘tkazishni mo‘ljallamoqda, bular televideniye orqali ko‘rsatiladi va hujjatli kinofilm suratga olinadi.

Jamoatchilik faoliyatining foydali shakllaridan biri o‘lkashunoslik bo‘lib, unda tobora ko‘proq kishi ishtirok etmoqda. Uning doirasiga yurtimizning o‘tmishi va hoziri kiradi. Toshkent va Farg‘ona viloyatlari kengashlari o‘lkashunoslik ravnaqiga alohida e’tibor bilan qaramoqdalar. Bu borada o‘lkashunoslar tashubbusini har tomonlama rag‘batlantirish, yoshlarni, maktab o‘quvchilarini, talabalarni, havaskorlarni bu ishga keng jalb etish nihoyatda muhimdir.

Jamiyat yo‘li bilan yodgorliklar haqida kitoblar va broshyuralar muntazam suratda chop etilmoqda. Yaqinda nashr etilgan «Davrlar sadosi» deb atalgan almanaxning dastlabki soni o‘quvchilar tomonidan qiziqish bilan kutib olindi. O‘zbekiston xalqlarining tarixiy-madaniy merosi haqida ko‘p seriyali badiiy-publitsistik filmni yaratish uyetida ish olib borilmoqda.

Korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, maktab o‘quvchilari, talabalarni yodgorliklar ustida otaliq ishlariga jalb etish jamiyatimizning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi. Yodgorliklarni muhofaza qilish haqidagi g‘amxo‘rlik chinakamiga umumxalq ishi bo‘lib qolishi kerak. Tarixiy shaharlar, qo‘riqxonalar va qo‘riqxona hududlari, milliy bog‘lar, yirik me’morchilik ansambllarini ravnaq toptirish va yangilashning bosh rejalari hamda ayrim loyihalar yodgorliklarni muhofaza qilish jamiyatining fikri inobatga olinganidan keyingina davlat organlari tomonidan ko‘rib chiqilishi va tasdiqlanishi lozim. Buni qonun yo‘li bilan belgilab qo‘yish foydalidir.

O‘zbekiston — noyob tarixiy va madaniy osori-atiqalarga boy o‘lka. Ularni asrash va umrboqiy qilish juda katta madaniy, ruhiy-ma’naviy ahamiyatga molik. Demak, zimmalariga ana shunday ma’suliyatli vazifa yuklatilgan davlat va jamoat tashkilotlari butun ish ko‘lamini tubdan yaxshilashga nihoyatda aloqadordirlar.

Nuriddin Muhiddinov, O‘zbekiston Tarix va madaniyat yodgorliklarini saqlash jamiyatining raisi

«Guliston» jurnali, 1990 yil, 10-son