Ninel Vladimirova. Muammolarni birgalikda yechaylik (1989)

Qayta qurish bizning g‘oyaviy chimmatlarimizga yangicha qarashni taqozo qilayotgan hozirgi paytlarda biz xalqlar do‘stligi, «yagona, ko‘p millatli madaniyatimiz» haqida tez-tez mulohaza yuritmoqdamiz. Va shunday xulosaga kelayotirmizki, biz ko‘pincha o‘zyamiz istagan narsani bor deb qabul qilgan ekanmiz, xuddi iqtisodda va boshqa sohalarda bo‘lgani kabi, millatlararo munosabatlar sohasida ham yutuqlardan ko‘ra muammolar ko‘p ekan.

Har bir xalq bugun o‘zini kamsitilgan his hilish uchun sabablar topmoqda. Bu sabablar avvallari aytilmas edi, agar tili botir biror Jasur chiqib qolsa, eng qattol va yuvilmaydigan tavqi la’nat — millatchi yorlig‘i qadalardi.

Bizda o‘zining siyosiy nufuzini birovlarni qoralash, «fosh etish»ga qurgan va shu bilan o‘zini internatsionalist ko‘rsatadigan kishilar oz emas. Yaqin-yaqingacha Cho‘lpon, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir buyuk vatanparvarlar bo‘lganligini, ularning o‘z uluslariga muhabbati hech qachon boshqa xalqlarga nisbatan haqorat yo nafrat emasligini anglaydigan odamlar barmoq bilan sanarli edi. «Internatsional»ning tarjimoni Cho‘lpon xuddi shu bir ishi uchun ham millatchi bo‘lolmasdi. Axir o‘sha paytdayoq gap har bir xalqning juda muhim unsurlari haqida — uning tarixi, madaniyati, nihoyat — tili haqida borardi.

Bugun bizda bu muammolar haqida ko‘p va ehtiros bilan, ko‘pincha tartibsiz gapirishmoqda. Jiddiy va mantiqli mulohazalarning yetishmasligi ehtirosning qaynashiga olib keladi. Biz ko‘pincha faktlar bilan emas, mishmishlar va xavotirlar bilan yashayapmiz.

O‘zbeklar tabiiy va qonuniy holda o‘z tillari va madaniyatlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishlarini xohlamoqdalar. Xuddi shuning uchun ularning o‘zbek tiliga davlat statusi berilishi haqidagi talablari qonuniydir. O‘zbekistonda yashayotgan boshqa tilli xalqlarning bir qismi buni tushunib turibdi. Biz madaniyati va tili haqida qayg‘urayotgan xalqning tuyg‘ularini tushunamiz, bu xalq ekologik ahvoldan ham xavotirlanmoqda, ekologik halokatdan esa hammamiz barobar jafo chekamiz. Boshqa tilli xalqlarning ikkinchi qismi biror narsa chiqib qolmasmikin, degan xavotirda kechagi kun tasavvurlari bilan yashamoqda.

Axir xalqlar do‘stligi na stalinchilarning, na turg‘unlik tarafdorlarining, na boshqa «siyosatdon»larning o‘ylab topgan narsasi emas.

Mahalliy aholining bu yerga avval mustamlakachilik maqsadlarida kelganlar, keyin ma’rifatchi va harbiy qashshoqlik haydab kelgan qochqinchilar, keyinroq zilziladan jabr ko‘rganlarga yordamga qo‘l cho‘zgan boshqa xalqlar bilan munosabati o‘zining inqirozlari va ixtiloflariga, yorug‘ va xira kunlariga ega. Biz rasmiy tashviqotlarimizda faqat nurli tomonlar haqida gapirdik.

To‘g‘ri, yaxshi ishlar ham bo‘lgan. Bosqinchilar bilan birga ajoyib rus tabiblari, ma’rifatparvarlari, sharqshunoslari ham kelganlar. O‘lkaning ihtisodiy taraqqiyoti oldinga siljidi…

O‘shandayoq, keyin Ulug‘ Vatan urushi davrida biz o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi va tabiiy bag‘ri kengligini his qilganmiz. Axir 20-yillardagi ochlik paytidayoq rus krestyanlarining bolalari o‘zbek oilalariga non qo‘msab kelishgan, urush paytida esa o‘zbeklar yetimlarni millatiga, rang-ro‘yiga qaramasdan tarbiyaga oldilar, o‘z bolalari kabi voyaga yetkazdilar.

Juda ko‘p o‘zini va o‘zbeklarni hurmat qilgan rus kishilari o‘zbek oilalarida yonma-yon yashab ularning tillarini, odob, rasm-rusumlarini o‘rgandilar. Eng asosiysi bizga o‘zbeklarning yuksak saxovatliligi, shafqatliligi, sabr-toqatliligi ham yuqdi.

O‘zbek tilining taqdiriga kelganda, muammo ancha murakkabroq. O‘zbek milliy tilini rus maktablarida goh o‘rgatishdi, goh o‘rgatmay qo‘yishdi. 30-yillarda nashr etilgan Ilya Albertovich Kissenning ajoyib darsligi o‘zbek tilini o‘rganuvchilar uchun uzoq yillar yagona darslik bo‘lib qoldi.

O‘zbek tilini boshqa millatlarga maxsus o‘rgatuvchi muallimlarni hech qachon va hech qayerda maxsus o‘qitmadilar. Bu murakkab ish bilan shug‘ullanuvchi iste’dodli o‘qituvchilar har doim ham uchrayvermadi.

Hamma ham menday o‘zbek tilini Kissen yoki Koblov kabi mashhur muallimlar tasarrufida o‘rganishga muayassar bo‘lavermadi. Har xil sabablar o‘zbek tilini o‘rganishga mensimay qarashga olib keldi. O‘zbeklarning o‘z ona tilini bilmaydigan, adabiyotini o‘qiyolmaydigan dumbul avlodi paydo bo‘ldi. O‘zbek ziyolisi dunyo va rus madaniyati, adabiyotini o‘rganish uchun fakat rus tilini bilishga majbur bo‘ldi. Bu tabiiy edi. Lekin bu jarayon ko‘pchilikni o‘z ona tilini o‘rganish shart emas, degan o‘yga olib bordi, o‘zbek tilini o‘rganishga e’tibor susaydi.

Bugun ko‘pchilik respublikalarda muammo adolatli hal qilindi — milliy tillar davlat tili deb qabul qilindi. Biz ham, rus tili millatlararo muloqot vositasi ekanini yodda tutgan holda, o‘zbek tilini boshqa millat vakillari, o‘lkaning hamma aholisi o‘rganishi uchun sharoit yaratishimiz zarur. Avvalo yaxshi darsliklar va malakali o‘qituvchilar tayyorlash kerak. Hali hanuz bunday muallimlar maxsus tayyorlanmaydi. Bizda rus tilini o‘zbek maktablarida o‘qituvchi muallimlar tayyorlaydigan pedagogika instituti bor, jilla qursa shu dargohda rus maktablarida o‘zbek tilini o‘qituvchi muallimlar tayyorlaydigan fakultet ochilsa edi.

Men o‘zbek tilini biladigan ruslar allaqanday ayricha iste’dodga ega, deb o‘ylamayman. O‘zbek tilini o‘rganish, istak bo‘lsa, unchalik qiyin emas. Men hatto Sharq fakultetida o‘qiyotganimda ham, o‘zbek tilida erkin o‘qiyolsam-da, o‘zbek adabiyoti bo‘yicha mutaxassis bO‘laman, deb o‘ylaganim yo‘q edi. Men «beshafqat» Kissenga muvaffaqiyatli imtihon topshirganman, muallimlardan omadim yurishgan, ajoyib sharqshunos M. Sale bilan birga o‘zbek tilidan rus tiliga tarjimada hammualliflik qilganman. Shaxsan men uchun badiiy tarjima mashaqqatli, ayni paytda sehrli va ko‘ngilga yaqin ish bo‘ldi, bu sohadagi qilgan ishlarim ko‘nglimning xohishi bilan amalga oshdi.

Badiiy tarjima bilan shug‘ullanayotib men yillar sayin tilning erkin oqimiga tushdim. Uning nozik tomonlarini sezdim, keyinchalik o‘zbek madaniyatining ich-ichiga olib boruvchi yo‘llarni anglay boshladim. Mening ko‘z o‘ngimda o‘zbek madaniyatini insonparvarlik va odamiylikning yuksak namunasi deb bilgan rus ziyolilari keladi. Ye. Bertels, V Jirmunskiy, A. Kononov, A. Borovkov, V. Reshetov, S. Polivanov kabi sharqshunoslar, L. Solovev, hamma sevib o‘qiydigan B. Cheprunov kabi yozuvchilar, o‘zbek adabiyotining ilk tarjimonlari L. Sotserdotova, S. Palastratovni hurmat bilan e’zozlayman. I. Kissen va M. Saleni yuqorida aytib o‘tdim. Shu lahzada Oybekning «Qutlug‘ qon» va boshqa o‘zbek yozuvchilarining ajoyib asarlarini rus tiliga go‘zal tarjima qilgan N. Ivashev nomini to‘lqinlanib tilga olgim keladi.

Bugun O‘zbekistonda yashab va o‘zbek xalqini hurmat qilib uning tilini o‘rganayotgan odamlarning hammasi ham tarjimon yoki adabiyotshunos bo‘lib ketmas, ammo o‘zbek tilini o‘rganish har bir kishiga yashashda yordam berish bilan birga kutilmagan quvonchlar, katta va kichik kashfiyotlar, mo‘jizalar olib keladi. O‘zbek tilini bilish eng avval oddiy va qiziqarli kishilar bilan muloqot, boy madaniyat, ma’naviy qiymatlar, xalqlarning haqiqiy do‘stligiga yo‘l ochuvchi ma’rifatga imkon beradi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 31 mart