Mahmud Nazarov. Istilohlar tiklanishi shart (1990)

O‘zbekiston SSRning davlat tili haqidagi Qonuni eski o‘zbek yozuvini o‘qish, o‘rganish uchun keng yo‘l ochib berdi. Bugungi kunda gazeta-jurnal materiallarida, radio va teleko‘reatuv orqali qilinayotgan chiqishlarda, eski o‘zbek tilini o‘qib-o‘rganish va o‘rgatish haqida turli xil fikrlar bildirilayotir. Shu yil 9 fevralda «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» haftaligida V. I. Lenin nomli Toshkent Davlat dorilfununining dotsenti Malik Abdusamatovning eski o‘zbek tilini o‘rganishga bag‘ishlangan «Suv ostidagi gavharlar» nomli maqolasi bosilib chiqdi. Maqola kuyunchaklik bilan yozilgan, unda biz uchun foydali tomonlar bilan birga bahstalab o‘rinlar ham yo‘q emas.

Ma’lumki, keyingi paytlarda tilimizga chetdan kirib chaqirtikanakdek yopishgan barcha istilohlarni lug‘atimizdan chiqarib tashlash ehtiyoji tobora aniq sezilayotir. «Universitet», «internatsional», «reepublika», «oblast», «rayon», «monokultura» kabi so‘zlar «dorilfunun», «baynalmilal», «viloyat», «nohiya», «yakkaziroatchilik» kabi so‘zlar bilan almashtirilayapti. O‘zbek ziyolilari uchun tez o‘zlashib ketadigan bu atamalar bir qarashda bugungi keng xalq ommasi uchun biroz o‘tirishmayroq turganday. Shundanmi ko‘cha-ko‘ylarda, yig‘ilishlarda, o‘zaro suhbatlarda: «Fors-tojik istilohlarni qo‘lladik nimayu rus tili orqali kirgan so‘zlarni qo‘lladik nima», degan gaplar quloqqa chalinib qolayapti.

Malik Abdusamatov ham maqolasida ana shu fikrlarni ma’qullaydi. Bunga qo‘shilish qiyin. To‘g‘ri, ko‘p yillar davomida o‘zbek tiliga o‘zlashib ketgan so‘zlardan voz kechib, bugungi kunimiz uchun go‘yo yangi bo‘lib ko‘rinayotgan atamalarni qabul qilish va uni ko‘pchilikka manzur qildirish qiyin. Ammo tilni tiriltirish uchun fidoyilik ko‘rsatilmasa, u samara bermaydi. Muallif ta’kidlaganidek: «Til jamiyat bilan birga taraqqiy etadi va o‘zgarib boradi».

Ammo shu narsa ham ayonki, bizning tilimizning bunchalar chigallashib ketishi qonuniyat asosida emas, yillar davomidagi maxsus sayi-harakatlar, topshiriqlar asosida shu ahvolga keldi. Endi eski o‘zbek tilini butunlay tiriltirish uchun hamma ishni boshidan boshlashimizga to‘g‘ri keladi. Agar biz shunchaki, arab imlosidagi yozuvnigina o‘rganishga rujo‘ qo‘ysak, kelajakda o‘zo‘zimizni aldagan bo‘lib chiqamiz. Qayta boshlash uchun esa, har qancha moddiy qiyinchiliklar duch kelishiga qaramay, eski o‘zbek tili va uning uzviy qismi bo‘lgan klassik adabiyotimizni o‘rganishni maktablarda, oliy o‘quv yurtlarida yo‘lga qo‘yishimiz zarur. Tarixda nafaqat tilimizning musaffoligi uchun, umuman shu tilning mavjudligini isbot qilolgan Alisher Navoiyning xizmatlari barchaga ayon. U, o‘zbek tili kambag‘al va dag‘al, unda nafis nazm yaratish qiyin, degan asossiz da’volarga qarshi rad qilib bo‘lmaydigan dalillarni keltirdi. «Muhokamatul-lug‘atayn»da turkcha ma’nosiga teng keladigan ma’noni forscha ifodalay olmaydigan istilohlardan yuzta so‘zni keltirib o‘tadi.

Tarixiy tekshirishlar, O‘rta Osiyoning asosiy aholisi qadimgi davrlardanoq turkiy va fors-tojik tilida so‘zlashuvchi qabilalardan tashkil topganligini tasdiqlaydi. Ular hatto, VII — IX asrlarda arab bosqinchilariga qarshi birgalikda kurashganlar. Shuningdek, uzoq davom etgan iqtisodiy-madaniy va harbiy-siyosiy aloqalar o‘zbek va fors-tojik tillarining bir-biriga ta’sirini kuchaytirdi. Ba’zan bugungi ayrim so‘zlarni o‘zbekchami, fors-tojikchami ekanligini ajratib olish qiyin. O‘rta Osiyodagi davlatlarning rasmiy tili ham asrlar osha goh fors-tojik tilida, goh turkiy tilda idora etilgan. Ayniqsa, Somoniylar hukmronligi davrida davlat tili hisoblangan fors-tojik tilining mavqei nihoyatda yuksaldi.

Yuzaga kelgan aholining ikki tilliligi O‘rta Osiyoning ayrim joylarida qadimgi davrdan boshlab, hozirgi vaqtgacha saqlanib qoldi yoki tillardan birining g‘alabasi bilan tugadi. Har ikki vaziyatda ham o‘zaro boyish davom etaberdi. Masalan, Mahmud Qoshg‘ariy XI asrda sug‘d tilida, ham turkiy tilda so‘zlashgan Taraz (Jambul), Sayram aholisini misol qilib ko‘rsatadi. Albatta bu xalqlar bir-birlarining tillarini unutishmagan. Yoki XII-XVI asrlarda Xorazm aholisi turkiy va qadimgi xorazm tilida so‘zlashgan (A. A. Freyman. Xorezmskiy yazыk, M — L., 1951, s. 32). Mo‘g‘ullar hujumi munosabati bilan XII — XIII asrlarda turkiy aholining ko‘payib ketishi, u yerda turkiy tilni ustun holatga olib kelgan. Buning ta’sirida qadimgi xorazm tili XIV asrlardayoq o‘zbek tili tarkibiga singib ketdi.

Navoiy zamonasida va undan keyin ham, adabiyotda fors-tojik va turkigo‘ylik an’anasi davom etdi. Navoiy bu haqda shunday yozadi: «Turkning ulug‘idan kichigiga degincha va navkardin begiga degincha sart tilidan bahramanddurlar. Turk shuarosikim, forsiy til bila rangin ash’or va shirin guftor zohir qilurlar» («Muhokamatul lug‘atayn», 177-bet).

Marg‘ilon shahar aholisi XV asrlardan to keyingi davrlargacha fors-tojik tilida so‘zlashgan bo‘lsa ham hozir u yerda o‘zbek tili barqarordir. Hali ham Samarqand, Buxoro, Chust shaharlarining aholisi, Namangan viloyatidagi ayrim nohiyalar (masalan, Kosonsoy aholisi), Toshkent viloyatining tog‘liq nohiyalaridagi ayrim qishloqlarning aholisi ikki tilda so‘zlashadilar.

Adabiyotdagi ikki tillilik XIX asrda ham kuchli davom etgan. Masalan, Maxmur, Gulxaniy, Fazliy, Nodira, Uvaysiy o‘z asarlarini o‘zbek va tojik tilida yozganlar. Muqimiy va Zavqiy asarlarida ham tojikcha misra, iboralar ko‘p qo‘llanilgan. Bu an’ana Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon va Fitratlar ijodida ham ko‘zga tashlanadi. Garchand Qodiriy va Cho‘lpon sof fors-tojik tilida asarlar yaratmagan bo‘lsalar ham, ularning istilohlarini ko‘p ishlatganlar. Ana shu o‘ziga xos tarixiy sharoit natijasida hozirgi o‘zbek tilining lug‘at tarkibi fors-tojik so‘zlariga boyligi bilan O‘rta Osiyodagi turkiy tillarning lug‘at boyligidan birmuncha farq qiladi.

O‘zbek tilining lug‘at tarkibi bilan fors-tojik tilining lug‘at tarkibi doirasi o‘zaro bir-biriga tutashib ketgan. Shu jihatdan ham bugungi o‘zbek tili fors-tojik istilohlaridan voz kechishi mumkin emas, deb qat’iy aytish kerak. Shu fikrlarni xulosa qiladigan bo‘lsak, o‘zbek tiliga kirib singib ketgan fors-tojik so‘zlarining o‘zlashishi quyidagi tarixiy sharoitlar bilan ham bog‘liqdir. Eramizning boshlaridayoq qo‘ni-qo‘shnichilikda hayot kechirish natijasida mavjud iqtisodiy, xo‘jalik sohasidagi aloqa o‘zaro so‘z iste’molidagi yaqinlashuv uchun qulay zamin hozirlagan. Shuning uchun fors-tojik so‘zlarining o‘zbek tiliga kirish sabablarini ham shunday izohlash mumkin. Ona tilimizda mavjud so‘zlar ko‘p ma’noli bo‘lganligidan, o‘sha ma’nolardan birini doim alohida, aniq ifodalash ehtiyoji tug‘iladi. Fors-tojik tilidagi so‘zlar shu ehtiyojni qoplagan.

Masalan, turkcha «yog‘och» so‘zi XV asrda o‘simlik ma’nosida ham ishlatilgan. Alisher Navoiy ijodida «yog‘och»ning daraxt, kaltak va xoda ma’nolarida ishlatilganligini uchratamiz: «Afrosiyob… chun Navdarni o‘ldirdi, Eron mulkini andoq buzdiki, oz yerda ma’murliq qoldi, yig‘ochlarni kesdi, imoratni yiqti». Keyinchalik fors-tojik tilidan «daraxt» so‘zi qabul qilingandan keyin «yog‘och» so‘zi o‘simlik ma’nosida qo‘llanmaydigan bo‘ldi.

O‘zbek tilida fors-tojik so‘zlarining ko‘p ishlatilishi bu tilni kuchsizlantirmadi, balki uni boyitishga xizmat qildi. Bugun esa, ana shu boylikdan ajrab, o‘zbek tili lug‘at tarkibining buzilishi darajasiga yetib keldik. Shu sababli masalaning ildizini chuqurroq o‘ylab: avlodlarga eski yozuvni shunchaki o‘rgatishni rejalashtirmay, klassik merosimizga bemalol tishi o‘tadigan darajaga ko‘tarishga harakat qilmog‘imiz kerak. Aks holda, bugun ishlatayotgan «dorulfunun», «jumhuriyat», «nohiya», «viloyat», «talaba» kabi so‘zlar ma’nosiga ham kelgusi avlod lug‘atga qarab tushunadigan bo‘lib qoladi. Agar o‘rta maktabda eski o‘zbek tili bilan birga klassik adabiyotimiz chuqur o‘rganilmas ekan, natija «hech» bo‘lib qolaveradi. Chunki, Navoiy eslatib o‘tgan o‘zbekcha istilohlarni bugungi ziyolilarimiz birdaniga qo‘llab, uni tez fursatda tilimiz tarkibiga olib kirolmaydilar. Bunga o‘rta maktab partasida o‘tirib, eski o‘zbek tili va klassik adabiyotini o‘n yil o‘qib chiqqan bo‘lg‘usi ziyolilar erishishi mumkin. Bu hazilakam ish emas, ammo uni hal qilish mumkin. Dunyo tajribasida bunday ishlar ko‘p uchraydi.

Fikrimizni turli davrlarda Ovrupo mamlakatlarida sodir bo‘lgan voqealar tasdiqlaydi: XIII asrgacha grek-lotin tili italyan tilini tanazzulga uchratib keldi. Shu davrgacha bu yerda lotin tili davlatning rasmiy tili edi. Xuddi Navoiydek Dante ham lotin tilidan voz kechib, italyan tilida «Ilohiy komediya»sini yaratdi. Bu bilan ham ko‘ngli to‘lmagan shoir «Xalq tili haqida risola» degan maxsus asar ham yozdi. Mana unda Dante nimalar deydi: «Erli, tub xalqning tili murg‘akligidan boshlab ko‘krak suti bilan qalbga muhrlanadigan, hech qanday majburiyatlarsiz tabiiy ravishda qonga singadigan tildir. Maxsus talablar, kitoblar, mashg‘ulotlar, o‘qituvchilar yollash bilan o‘rgatiladigan yunon tili ming urinsin italyan kishisining qoniga singmaydi. Bu ikki tildan birinchisi — italyan tili xalqniki bo‘lib, u lotinga qaraganda olijanobroqdir. Lotin tili biz uchun sun’iy, o‘z tilimiz esa tabiiydir». O‘z mamlakatida tili buzilib ketgan xalqlar sirasiga faranglar ham kirgan. Endi italyan tili frantsuz tilini zabt etgan. Bu til Farangistonda XIV asrdayoq davlat tili darajasiga ko‘tarilgan. Bunday fojeani ko‘pdan kuzatib yurgan Andre Et’en boshliq bir guruh farang yozuvchilari qattiq kurash olib bordilar, xalqni junbushga keltiradilar. Andre Eten «Italyanlashgan farang tili haqida bir-ikki dialog» nomli pamflet yozib, farang tilining musaffoligini targib qiladi. Shundan ancha yillar o‘tgandan keyin «Farang tilini himoya qilish va o‘stirish» nomli dastur tayyorlanib davlatga taqdim etiladi. Shu yo‘l bilan farang tilining musaffoligi saqlanib qoladi.

Keltirilgan dalillarga e’tibor qilinsa, Dante ham, Navoiy ham, Eten ham o‘z milliy tillarini himoya qilishda mahalliy xalq yaratgan behisob til boyliklariga suyanishgan. Ular hatto o‘z xalqi shevalaridagi so‘zlarni ham adabiy til tarkibiga qo‘shib olishgan. Shu yo‘l bilan farang tili lug‘atini boyitishga ko‘maklashgan. Mana shunday til sohasidagi qattiq harakatlar farang tili va uning madaniyatini jahon bo‘ylab yoyilishiga turtki berdi. Endi bu til asta-sekin Ovrupo davlatlarining tillariga ta’sir qila boshladi.

Lev Tolstoy, Dostoyevskiy, Turgenev va Shchedrinlar yashagan davrga kelib, farang tili butun Rossiyani zabt etdi. Endi rus xalqi o‘z tillarini farang tili ta’siridan saqlashga o‘tganlar. Jumladan, N. M. Karamzin aslzodalar doirasiga piching otib: «Bizda o‘z tilini durustroq o‘rganmay, farangchaga ruju qiluvchilar son-sanoqsizdir. Bugun ko‘klarga ko‘tarib maqtalayotgan Rossiyamizda farangchani bilmagan kishi o‘zini kar va soqov his qiladi. Bu rus xalqi uchun qayg‘uli va uyat emasmi?» degan edi. Ulug‘ siymolarning milliy til haqidagi aytgan fikrlari bir-birlarini to‘ldiradi. Chindan ham o‘z xalqi sarzaminidan ajralib, o‘zga til domiga tushgan, ko‘rsatmalar, kitoblar, majburiyatlar bilan qabul etiladigan har qanday so‘z va iboralar tomiri qurib borayotgan daraxtga o‘xshaydi.

Bugungi o‘zbek tili lug‘atiga kirib joylashib olgan ruscha istilohlar ham bizning tilimizga hech qachon payvandlanmaydi. Yetmish yildan ortiq vaqt davomida o‘zbek xalqi o‘zining tarixiga, urf-odatlariga, ruhiyatiga, turmush sharoitlariga, diniga jips bog‘lanolmasdan keldi. Ana shu bog‘lanish iplari uzilganligi uchun bizning hozirgi tilimiz tabiiy kuchini, go‘zalligini, tarovatini ma’lum ma’noda yo‘qotdi. Endilikda ularni yana xalqimizga qaytarib berishimiz uchun yillar davomida oqilona ish yuritishimiz zarur. Aks holda yana birmuncha yil o‘z istilohlarimiz turib o‘zga tildan kirgan atamalarga yopishib olaveramiz. Bu masalada yozuvchi va shoirlarimiz ham o‘z ijodlari bilan jonbozlik ko‘rsatishlari, o‘z ustilarida jiddiy ish olish bormoqlari darkor. Bugungi ijodkor quruq gaplarni yig‘ishtirib, xalqning jonli so‘zlashuv tiliga chuqurroq kirib borishini istardik. Xalq o‘z dardi, orzu-armonlarini bevosita ana shu jonli so‘zlashuv bilan ifoda etadi.

Umuman, shuni ta’kidlashni istardimki, xalqimizning kattasidan kichigigacha bu xayrli ishda qatnashib, eski o‘zbek tilini muloqot tili darajasigi ko‘tarishda o‘z hissalarini qo‘shishi kerak.

Mahmud Nazarov, filologiya fanlari nomzodi

«Guliston» jurnali, 1990 yil, 5-son