XX asrning ikkinchi yarmiga oyoq qo‘ygan Odam orqasiga qayrilib qarasa, bosgan izi ko‘rinmay qolayotibdi… Endilikda tabiatni asrash, uning ne’matlaridan oqilona foydalanish hayotiy zaruratga aylandi. Bu zarurat hamma yozma manbalarga, kashfiyotlarga mavzu bo‘lib kirmoqda. Ha, odam halokat yoqasiga, chohga yaqinlashib qolayotganini anglab qoldi. O‘rtacha olislikdagi raketalarni qisqartirish haqidagi Sovet — Amerika shartnomasining imzolanishi (1987, dekabr) ham avvalo tabiatni asrashga oid ulug‘ tadbir bo‘ldi.
Tabiat muhofazasi masalasida Dadaxon Nuriy faol grajdanlikni namoyon etmoqda. U «Shahar o‘rtasida bir tup oq o‘rik» («Yoshlik», 1984, 4-son) maqolasida dolzarb muammo — so‘nggi yillarda Toshkent va uning atrofidagi bog‘lar yo‘q bo‘lib ketayotgani, shaharda mevali daraxtlarni ko‘paytirish masalasini qo‘ygan edi. Yozuvchi keyin ham shu mavzuda bir necha maqolalar e’lon qildi. Ammo Toshkent shahri «amaldorlari» publitsist mulohazalarini inobatga olmayotgani alam qiladi kishiga.
Dadaxon Nuriyning «Bo‘stonliqni qutqaring!» publitsistik kitobi respublika radiosida ikki oy mobaynida o‘qib eshittirildi, «Sharq yulduzi» jurnalida (1988, 3—4-sonlar) e’lon qilindi. Publitsist Bo‘stonliq tabiatiga uzoq yillar tajovuz qilib kelgan va yovuzlikni hozir ham davom ettirayotgan idoraviy «korchalon»larning g‘ayriinsoniy xatti-harakatlari, G‘azalkentda qurilmoqchi yangi «zahar korxonalariining istiqbolsizligini keskin qoralaydi. Zero, Chirchiq daryosiga to‘kilayotgan zaharli oqova 230 million kub metrdan ko‘proq, suvda sulfid normadan yetti, magniy to‘rt baravar ziyoddir. Shuni ko‘ra-bila turib haybarakallachilar «G‘azalkentni Chirchiq kabi sanoat shahriga aylantiramiz», degan shiorni ko‘tarib, idorama-idora yelib-yugurib yurishibdi.
Yangi bog‘lar yaratishga e’tiborsizlik, loqaydlik, Toshkent va uning atrofidagi bog‘larning qirilayotgani A. Muxtor, E. Vohidov, D. Nuriy, V. Sokolov, F. Muhiddinovning «Loqaydlik girdobi» maqolasida («Toshkent haqiqati», 1987, 3 aprel) nihoyatda o‘tkir qilib qo‘yildi. U gazeta sahifalarida yarim yil muhokama qilindi. Gazetxonlar yozuvchilar fikrini to‘la qo‘llab-quvvatladilar…
Orol dengizining ayanchli qismati har bir vijdoni uyg‘oq odamning ko‘zini yoshlaydi. Afsus, ko‘z yoshi bilan Orol to‘lmaydi. Nima qilish kerak? Byurokratik «beton»larni ekskavatorlar bilan ham qo‘porib bo‘lmayotgan bir zamonda qalamkash qo‘lidan nima ish kelardi?! Lekin har qanday ekskavatorlardan so‘z qudratliroq ekaniga o‘sha byurokratlar endi-endi ishonishayapti. «Mushtlashishni boshlash kerak, u yog‘iga — ko‘ramiz», — V. I. Lenin shu fikrni takrorlashni yaxshi ko‘rar ekan.
Mutaxassislarning ta’riflashicha, Orol dengizi yer kurrasining cho‘l mintaqasida joylashgan eng yirik, suvi sho‘r va oqmaydigan ko‘llardan hisoblanadi. Kattaligi jihatidan u dunyoda to‘rtinchi, Vatanimizda esa Kaspiy dengizidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Hajmi va sersuvligini nazarda tutib, unga dengiz deb nom berilgan. Hozirgi kunga kelib, shu bahri azim qurib borayapti. Shuni aytish kerakki, Orol dengizining qurib borishi butun jahonni hayratda qoldirmoqda, chunki bu noyob tabiiy boylik shu kunlarda siz bilan bizning ko‘n o‘ngimizda g‘oyib bo‘layotir.
Orol dengizi O‘rta Osiyo regionining dolzarb ekologik muammosiga aylandi. Orol muammosiga jamoatchilik diqqatini jalb etish maqsadida O‘zbekiston Yozuvchilar soyuzi qoshida Orol komiteti (1987, yanvar) tuzildi. Komitet raisi Pirmat Shermuhamedov tashabbusi bilan «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida «Orol taqdiri — bizning taqdirimiz» (1987, 10 aprel), «Guliston» jurnalida «Orol madad kutmoqda» (1988, 1-son) sarlavhasi ostida materiallar uyushtirilib, ularda mamlakatimiz mashhur yozuvchilari Ch. Aytmatov, M. Tank, V. Rasputin, S. Zaligin, Ales Adamovich, A. Nurpeisov, Shukrullo, Said Ahmad, O. Yoqubov, Mirmuhsin, P. Qodirov, O‘. Umarbekov, M. Shaxanovning Orol muammosiga oid muhim fikrlari e’lon qilindi. Yozuvchilar Orolning ijtimoiy-ekologik jihatdan muhim ahamiyatini ko‘rsatib, bu borada zarur choralar ishlab chiqish haqida mulohaza yuritadilar.
Shuni ta’kidlash kerakki, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi va «Guliston» jurnalida bosilgan va na’rali aks-sado bergan Ziyo Bunyodovning «Biz sen bilan birgamiz, Orol», Ma’ruf Jalilning «Qirg‘oqdan qochayotgan dengiz», «Orol bilan yuzma-yuz», P. Shermuhamedovning «Hammamizning burchimiz», «Orolni asrash mumkin», Sh. Siddiqovning «Yashasan, Orol!» kabi maqolalarida masala ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-iqtisodiy, ma’naviy-axloqiy aspektlarda tahlil qilingan.
Sarvar Azimov «Moviy Orol», «V. I. Lenin ko‘ngliga tushgan joy», «Orol — bahri kamol» maqolalarida Orol dengizini avvalo go‘zallik, mehnat, do‘stlik go‘shasi sifatida ta’riflaydi. Publitsist Orol dengizi ko‘p asrdan beri O‘rta Osiyo iqlimini mo‘tadillashtirib kelayotgani, bu tuproq Orol tufayli bosqinchi jahongirlar oromini buzgani, qirg‘oqlarga to‘lib oqqan Amudaryo va Sirdaryo yurt qal’asi bo‘lgani, qal’ani buzmoq istagan yov qoni bo‘tana suvda ko‘pirib oqqanini ishonchli manbalar, faktlar, xotiralar asosida o‘tkir tafakkur bilan tahlil etadi… Yozuvchi Orolga hech bir zamonda bizning zamondagidek yovuzlik, ochko‘zlik qilinmaganini, buning oldi olinmasa, kelajakda bizdan tabiat ayovsiz o‘ch olishini o‘tmish va bugun qiyosida, ikki zamon odamlarining Orolga munosabati tahlilida ko‘rsatadi. Faktlar va fikrlar tahlilida yozuvchining o‘ziga xos ta’sirchan uslubi namoyon bo‘lgan.
Vladimir Sokolovning «Orol qismati» («Literaturnaya gazeta», 1987, 18 noyabr) maqolasida masala Ittifoq miqyosiga olib chiqildi. Publitsistik jo‘shqinlik bilan yozilgan bu maqolada voqeaning dahshatli ushbu detalda umumlashtirilgan: «Mo‘ynoq ayollarining ko‘krak sutlaridagi tuz normadagidan bir necha bor ortib ketgan… Men ana shu sho‘r sut haqida eshitgach, angladim — bu yerda falokat yuz bermoqda». Publitsist 1962, 1965, 1968 yil gazeta axborotlari, turli pozitsiya tutgan olimlar fikrlari, iqtisodchilar takliflaridan xarakterli misollar keltirib, ularni sharhlaydi — o‘quvchida assotsiativ fikr qo‘zg‘aydi. Yozuvchining o‘ychan mushohada bilan aytgan mulohazalaridan uchqun sachraydi: «Sakta strategiya bugun jiddiy kulfatlarga olib keldi, endi ekonomikani planli boshqarish mavqeida turib bu kulfatlarni sezmaslikka olish O‘rta Osiyoni badavlat o‘zbeklar (tojiklar, turkmanlar, qirg‘izlar…) palovu qovun yeb, «oq oltin» tufayli boylik orttirayotgan subtropik jannat hisoblash o‘ta noinsoniylikdir, sotsializm printsiplariga yotdir…»
«Yoshlik» jurnalida Sherali Sokin «Orol bongi» (1987, 7-son), «Fan va turmushida E. Yusupov va S. Ziyodullayev «Hali ham kech emas», «Qishloq haqiqati»da P. Shermuhamedov «Sen omon qolasan, bahri azim», Akram Aminov «Oq chorloqning mungli ko‘zlari yoxud Orol va salomatlik» (29, 30 sentyabr, 1 oktyabr) kabi maqola, suhbat, esselarini e’lon qildilar. Respublika radiosi va televideniyesi bir necha eshittirish va ko‘rsatuvlar tayyorladi. Bu materiallarda Orol dengizi qurib bitsa, u keltiradigan fojialar, tabiat muvozanati buzilishining xunuk jarohatlari, ularning oldini olish zarurligi hayajon bilan ta’kidlanadi.
A. Nurpeisov, A. Tkachenko, Ma’ruf Jalil, O‘. Abdurahmonov, Sh. Sokinning maqolalari ham ijtimoiy, ma’rifiy-tarbiyaviy ahamiyati, badiiy-publitsistik tadqiqot, til va uslub xususiyatlari jihatdan originallikka ega.
Xullas, Orol muammosiga bag‘ishlangan ko‘plab she’riy, nasriy va publitsistik materiallarda bu masalani zudlik bilan hal etish, zarur choralar ko‘rish da’vat qilindi. Shu munosabat bilan 1988 yil may oyida Toshkentda Orol dengizi muammolariga bag‘ishlangan «Ekologiya va adabiyot» mavzusida Butunittifoq Kengashi bo‘lib o‘tdi. KPSS Markaziy Komiteti va SSSR Ministrlar Soveti «Orol dengizi rayonida ekologiya va sanitariya holatini tubdan yaxshilash, Orol havzasida suv va yer imkoniyatlaridan foydalanish samaradorligini oshirish hamda ularni muhofaza qilishni kuchaytirish to‘g‘risida» (1988 yil, sentyabr) qaror qabul qildi. Bu hujjatlarda O‘rta Osiyo regioni taqdiri uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Orol dengizini muhofaza qilish tadbirlari belgilandi.
Tabiat va inson muammolariga oid publitsistik asarlarning xarakterli jihati shuki, dolzarb muammolarni ro‘znomaga qo‘yish bilan birga ularni hal etish yo‘llari haqida fikr bayon qilinadi. Birgina misol: mutaxassis olimlarning yozishicha, mamlakat bo‘yicha har gektar yerga sarflanayotgan o‘g‘itlarning normasi 30 kg bo‘lsa, O‘rta Osiyo respublikalarida u 480—600 kg. ga yetgani, zaharli kimyoviy moddalar esa, boshqa joylarda 1—2 kg. ni tashkil etgani holda bizda 34,4 kg. dan oshib ketgan. Publitsistlar ana shu masalaga keng jamoatchilik fikrini jalb edilar. Zahri qotilning inson tanasiga zarari haqida V. Sokolovning «Vijdon xastaligi», A. Normurodovning «Quyoshni tashlab keting», M. Abdullayevning «Saboqlar», Ahmad A’zamning «Tutash halqalar» maqolalari keng tushuncha beradi. Ayniqsa, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi tabiatni, inson salomatligini beayov yemirayotgan zaharli dorilar, g‘o‘za bargini to‘kuvchi butifos, buxlifosni mahv etish uchun kurash boshladi — sahifalar uyushtirdi, maqolalar e’lon qildi, telefon qilaverib amaldorlarni gangitdi, qonunchilarga, sog‘liq posbonlariga murojaat qildi, oxiri butifos degan baloi azimdan qutqazadigan maxsus qaror chiqdi.
«Guliston» jurnalining «Tabiat va inson» rubrikasi ostida berilayotgan materiallari qiziqish bilan o‘qiladi. M. Qo‘shmoqovning «Orol paymonasi» qasidasi, H. Asqarning «Yo‘q, bu boshqa joy!» essesi, O. Abdullayevning «Tabiat shaydosi», A. Xudoyberdiyevning «Burch», Y. Qosimovning «Suv qadri» maqolalarida tabiatga ozor berish — insonga ozor berishdir, tabiatni toptash — inson qadr-qimmatini toptashdir, degan fikr-tushuncha publitsistik xarakterlangan.
Tabiat va inson muammolari Nusrat Rahmatov publitsistik ijodining bosh jilg‘asidir. Uning «Zamondosh o‘ylari» risolasida tabiat va inson taqdiri, tabiatga izzat-hurmat haqida o‘ychan mulohazalarni o‘qiymiz. Hozirgi vaqtda «Bir parcha zamin», «Mening dasturxonim», «Bizning bozorlar», «Sohibkor xarakteri», «Moyjo‘voz oldidagi o‘ylar», «Otlar va zotlar» kabi muammolar haqida boshi qotmagan biror kishini topish qiyin. Bu maqolalar bir zanjirning halqalariday bir-birini mantiqan to‘ldiradi. «Bir parcha zamin»da tomorqadan foydalanish muammolari o‘rtaga tashlangan. Tomorqa yerlari ekin maydonlarining 15—20 foizini tashkil etar ekan. Xo‘sh, tomorqadan qanday foydalanayapmiz? Tomorqa egasi yerini taqirga aylantirib qo‘yadimi, bir yilda undan to‘rt bor hosil olib, boylik manbaiga aylantiradimi — hech kimning ishi yo‘q… Axir u ham yer-ku! Rizq-ro‘zimiz manbai-ku!» Muallif ana shu fikrni bir necha faktlar va mantiqiy muhokamalar orqali rivojlantirib, xulosalar bayon qiladi. Xulosalarning biri bunday: «Avvalo shaxsiy xo‘jalikka bo‘lgan munosabatni o‘zgartirish kerak!» Oila pudrati, yerni ijaraga olish mamlakat ekonomikasini o‘stirish shartlaridan biri qilib qo‘yilgan hozirgi paytda Nusrat Rahmatov mulohazalarining o‘ziga xos qimmati bor! Ayniqsa, «Tabiatga nisbatan mehr-oqibatli bo‘laylik!» degan g‘oya talqini g‘oyat dolzarbdir!
Nusrat Rahmatovning xalq selektsionerlari portreti gavdalantirilgan «Selektsiya mo‘jizasi» (1987) ocherklarini o‘qib, dasturxonimiz ko‘rki, hayotimiz manbai bo‘lgan noz-ne’matlar, mevalar o‘zo‘zidan paydo bo‘lmagani haqida meva ta’midek «shirin» o‘ylarga duch kelamiz — selektsioner qiyofasi meva sirtidek nurlanib, tovlanib ko‘rinib turadi.
Shoyim Bo‘tayevning «Yashil daraxt» essesida («Sharq yulduzi», 1987, 8-son) inson—tabiat farzandi haqida mulohazali o‘y suradi. Esseda tabiat obrazi yaratilgan. Tabiat barcha ezguliklar, go‘zalliklar manbai sifatida talqin qilinadi: «Har holda, yozayotgan asarlarimiz — hikoya, she’r, dostonlarimizga osmon bo‘libmi, quyosh bo‘libmi, mezon torlari bo‘libmi kirib tabiiylikni barqaror qilib turuvchi his-hayajon, tuyg‘ularimiz ham-tabiat».
Esseda xalq udumlari — qushlarga, daraxtlarga ozor bermaslik, yangi Oyga shukrona aytib peshvoz chiqish, chorvadorlar, g‘allakorlar bayramlari, sumalak, hashar, an’anaviy dostonchilik haqidagi mulohazalar, badiiy lavhalar tabiat obrazini har tomonlama xarakterlashga xizmat qilgan.
Esseda insonning tabiatdan uzoqlashayotgani — o‘zidan, o‘zligidan uzoqlashganidir, deb izohlanadi. Bolalikka hamroh bo‘lgan buloqlar ko‘milib, tegirmonlar, objuvozlar, moyjuvozlar buzilib, bog‘-rog‘lar barbod bo‘lib borayotibdi. Sochlari kumushday, qo‘llari keksa gujum tanasiday, chehralarini qat-qat ajinlar bosgan, ko‘zlarida butun tirik olam aks etuvchi kampirlar va chollar tabiat timsollari bo‘lib gavdalanadilar. Zero, Hilol bibi, Niso ocha, O‘g‘iloy ena, Nizom cho‘pon, tegirmonchi chol, juvozkash Ko‘ki bobo, bog‘bon Otaqul bobo, qandolatpaz boboning gap-so‘zlari, xatti-harakati tasviri essega jon kiritgan.
Shu o‘rinda bir mulohazani aytish kerak. Hozirgi yosh yozuvchi, shoir va publitsistlar har jihatdan o‘qimishli. Ular jahon va Vatan klassikasidan boxabar — ulug‘ yozuvchi va donishmandlarning ibratli iboralarini yon daftarga yozib boradilar. Qolaversa, katta hajmli hikmatlar to‘plami — «Tafakkur gulshani» ham ularning ish stolida turibdi. So‘nggi paytda yosh yozuvchilar publitsistik yozmalarida fikrni kuchaytirish maqsadida Markesdan tortib Antuan de Sent Ekzyuperining ibratli iboralaridan misollar oladilar. Bu «aqlli»lik ba’zan odamga singmaydi. Masalan, Shoyim Bo‘tayev ham «Yashil daraxt» essesida K. Paustovskiy, E. Xeminguey, Jon Reskin, Antuan de Sent Ekzyuperi, A. P. Chexov, M. Gorkiy kabi allomalarning qisqa iboralaridan foydalanadi. Ammo bu iboralar asar mazmuniga, fikr mag‘ziga singib ketmaydi. Zeroki, gap xalq udumlari, o‘zbeklarning moyjuvoz va tegirmonlari, bog‘-rog‘lari haqida borar ekan, o‘zbek keksalarining portreti, o‘ylari ifodalanar ekan, Sharq allomalari iboralari fikr mohiyatiga ko‘proq mos bo‘lib tushar edi…
Yuqoridagilardan anglashiladiki, tabiat va inson munosabatlari mavzui ko‘p qirrali bo‘lib, bu mavzuni yoritishga yozuvchi-publitsistlar katta kuch sarflamoqdalar. Bu o‘rinda V. Rasputinning TASS muxbiri bilan suhbatidagi (1987, 15 mart) ushbu fikri g‘oyat xarakterli: «Tabiat o‘z qonunlariga ko‘ra hosil beradi, uni yig‘ib-terib olish uchun vaqt beradi, yerning dam olishiga imkon beradi. Bu har yili qaytariladi. Dehqon mana shu aylanma harakatni bilgandan so‘ng unga moslashdi. Inson tabiatga moslashib, o‘ziga va unga yordam berdi. Yerning ta’mini sun’iy ravishda so‘rib olish, unga kuch ishlatish, kabinetdagi raqamlar va planlarga qarab ish yuritish mutlaqo xato. Tabiatdagi aylanma harakat bilan albatta hisoblashish kerak. Tabiat in’omlariga aylanma harakat tarzida munosabatda bo‘lsak, biz unga xo‘jayinligimizcha qolamiz… Hozirgi ba’zi xatti-harakatlarimiz bilan esa biz kelajak avlodlarning rizq-nasibasiga tajovuz qilayotganga o‘xshaymiz…»
G‘ulom G‘afurov, filologiya fanlari nomzodi, dotsent
«Guliston» jurnali, 1989 yil, 12-son