Suvsiz hayot bo‘lishi mumkin emasligi hammaga ma’lum. O‘tmishda ham O‘rta Osiyoda suvga nisbatan munosabat nihoyatda yuqori bo‘lgan. Xalqimiz qadimdan suvdan oqilona foydalanishning yo‘llarini mukammal bilganlar. Daryo suvlarini to‘sib, suv omborlari qurganlar. Yerosti suvlaridan yaxshigina foydalanganlar.
Amudaryoning quyi qismida va unga tutashib ketgan yerlarda qadimgi dehqonchilik markazlari topilishi o‘tmishda dehqonchiligimiz madaniyatining yuqori bo‘lganiga yorqin dalildir. Eramizdan avvalgi XI asrning o‘rtalarida bu yerlarda suv chiqarish va sug‘orish ishlari yuksak darajada rivojlangan. Ma’lumki, quvurlar orqali suv tarmog‘ini (vodoprovodlashtirish) o‘tkazish O‘rta Osiyoda boshqa yerlarga qaraganda ancha oldin yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, Qovunchitepadan olingan ma’lumotlarga qaraganda, sopol quvurlar bilan suv uzatishni yo‘lga qo‘yish eramizdan avvalgi X—I asrlarga to‘g‘ri keladi. Eramizning III—IV asrlarida Nukus yaqinidagi Toqqal’a shaharida suv uzatish quvurlaridan keng foydalanilgan bo‘lib, bu quvurlarning aylanasi 25, uzunligi esa 60—70 santimetr — bir-biriga suv o‘tkazmaydigan yelimga o‘xshash modda bilan ulangan. Xorazm vohasining katta qismi o‘sha davrlarda Amudaryodan qazib keltirilgan gavhar deb nomlangan suv tarmog‘idan sug‘orilgan. 1219 yilda sayohatga chiqqan Yoqut Al-Hamaviy Gurganjda bo‘lganini shunday ta’riflaydi: «Men bunchalik chiroyli va joylashishi bo‘yicha go‘zal bo‘lgan Gurganjni ko‘rmagan edim. Shaharda uylar juda zich joylashgan, odamlar gavjumligidan ko‘chalarda yurishga joy topilmaydi».
O‘sha davrlarda Xorazm aholisi hozirgi mavjud aholiga nisbatan ko‘p, oziq-ovqat mahsulotlari to‘kin bo‘lgan, yerlar umuman sho‘rlanmagan edi. Hozir esa viloyatda 700 mingdan ortiq aholi yashaydi. Lekin ularning sabzavot, poliz va mevalarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish katta muammo bo‘lib turibdi.
Vu muammoning asosiy ildizi suvga borib taqaladi. O‘ylamasdan qurilgan sanoat korxonalari va qishloq xo‘jaligida ishlatilayotgan mineral o‘g‘itlar yer osti, ustki suvlarni zaharlayotir. Hozir jumhuriyatimizning yigirma millionli aholisini ichimlik suv bilan ta’minlash muammosi nihoyatda o‘tkir bo‘lib turibdi.
Hozir SSSRning o‘rta mintaqasida yashovchi har bir odam ehtiyoji uchun 2-3 litr suv kerak. Bizning jumhuriyatimizda esa, bu ko‘rsatkich 4-6 litrni tashkil qiladi. Yuvinish uchun sarflanadigan suv miqdori asrimizning o‘rtalarida bir kunda 25 litrni tashkil etgan bo‘lsa, hozir bu raqam 200-300 litrga yetdi. Katta shaharlarda esa 500 litr va undan ham ortiq miqdorda suv isrof qilinishi aniqlangan.
Jumhuriyatimizda eng ko‘p suv o‘simliklarni sug‘orish jarayonida isrof bo‘ladi. Masalan, bir kilogramm bug‘doy yetishtirish uchun 750 litr, bir gektar yerda makkajo‘xori yoki karam o‘stirish uchun 3 million litr, shuncha ekin maydonidan sholi olish uchun esa 12+30 million litr suv sarflanadi. Afsuski, ichimlik suviga bo‘lgan talab tobora oshib borayotgan bugungi kunda shuncha isrofgarchilikka yo‘l qo‘yayotganimizni hali ham anglab yetganimizcha yo‘q. Umuman yer yuzida vaqti kelib ichimlik suvi tanqisligi ro‘y beradimi? Mavjud suv hajmi yana necha yilgacha yetar ekan? Bu savollar haqida hech kim ham o‘ylab ko‘rmayotgan bo‘lsa kerak.
Hozir yer yuzidagi sho‘r va chuchuk suvlarning umumiy miqdori 1,42 milliard kub kilometrni tashkil etadi. Shundan 30 million kub kilometri chuchuk suvlardir!. Afsuski ana shu hajmdagi suvning atigi 0,25 foizini odamzod iste’mol qilishi mumkin.
Jumhuriyatimizni suv bilan ta’minlab turgan katta-kichik daryolarning soni 600 taga yaqin bo‘lib, ular asosan Amu bilan Sirdaryo havzasiga quyiladigan suv tarmoqlari hisoblanadi. Ana shu havzaning 65 kub kilometr suvi O‘zbekiston SSR ehtiyoji uchun xizmat qiladi. Bundan tashqari foydalanish mumkin bo‘lgan chuchuk yer osti suvlari taxminan 6 kub kilometrni tashkil etadi.
Xo‘sh, jumhuriyatimizda mavjud yer osti suvlaridan foydalanish borasida ahvol qanday? Aholi sonining o‘sishi va xalq xo‘jaligining rivojlanishi natijasida 2000 yilga borib bizda ichimlik suvi tamoman tugashi kutilmoqda. Demak, yaqin kelajakda juda katta suv muammosi ko‘ndalang bo‘ladi.
Odamlarning kundalik ehtiyojidan tashqari suv sanoatda va qishloq xo‘jaligida ham keng qo‘llaniladi. Qishloq xo‘jaligida chuchuk suvning 90 foizidan ortig‘i ishlatiladi. Ayniqsa suv kamchilligi kutilayotgan sanoatning rivojlanishi suv havzalarining ifloslanishiga olib kelmoqda. Shaharlardan chiqayotgan chiqindi suvlari, sanoat chiqindilari chuchuk suvlarni yaroqsiz holga keltirayotir.
Shuningdek, suv havzalarining turli miqdori zaharli moddalar, mineral o‘g‘itlar va tuzlar bilan ifloslanishi yildan-yilga ortib bormoqda. Suvni ifloslantiruvchi sanoat manbalari asosan Toshkent va Farg‘ona vohalarida ko‘p joylashgan bo‘lib, ularga elektrokimyo zavodlari, metallurgiya, neftni qayta ishlash zavodlari va boshqalar kiradi. Ifloslangan suvning qattiqlik darajasini qumg‘onlarda cho‘kmalar hosil bo‘lishidan bilib olish mumkin. Ma’lum bo‘lishicha, suv qattiqligi aholi o‘rtasida o‘lim miqdorining ortishiga olib kelar ekan. Shuning uchun ham jumhuriyatimizdagi zararli korxonalarni tezda qisqartirish, qolganlarini boshqa yerga ko‘chirish yoki yopib tash lash masalasini ko‘ndalang qo‘yish lozim. Zero, bu ishlarni amalga oshirmas ekanmiz, xalqimiz farovonligi haqidagi gaplar cho‘pchakka aylanib qolaveradi.
Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, jumhuriyatimizning hamma suv havzalarida, yer osti suvlarida ham inson salomatligi uchun o‘ta zaharli bo‘lgan xlororganik kimyoviy moddalar topilgan. Ayniqsa zovur-drenaj va oqova suvlarida ularning miqdori yuqori. Bu suvlar aholi yashash joylaridan oqib o‘tadi. Chunonchi, Amudaryo va Sirdaryoga yiliga 30 kub kilometrdan ortiq oqova va zaxzovur suvlari tashlanmoqda. Shunday ekan, daryo suvi tarkibida zaharli moddalarning, tuzlarning nihoyatda oshib ketayotganiga shubha qilmasak ham bo‘ladi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Amudaryoning quyi oqimidagi suv, sug‘orish ishlari olib borilgan (sentyabr-may) oylarda umuman iste’mol qilishga yaramay qolar ekan. Vaholanki, shu kecha-kunduzda QQASSR, Xorazm, Toshovuz, Qizil O‘rda viloyatlarining qariyb 3 millionli aholisi shu zaharli suvlardan foydalanishga majbur. Aynan ana shunday suv tanqisligi sezilib turgan joylarda ayniqsa bolalar o‘limi yuqori, kamqonlik, sariq, o‘tkir ichak-oshqozon yuqumli kasalliklarning barcha turi keyingi 20 yil ichida haddan ziyod oshgani kuzatilmoqda.
Keyingi paytlarda ba’zi olimlar sug‘orish uchun yer osti suvlaridan ko‘proq foydalanish tarafdori bo‘lmoqdalar. Zinhor bunday qilish mumkin emas, sug‘orish uchun faqat daryo suvlaridangina foydalanish lozim. Yer osti suvlari o‘lkamizda kam, ularni muhim ichimlik suv sifatida asrashimiz mumkin. Suv inshootlari qurish va undan oqilona foydalanishni yo‘lga qo‘yish nur ustiga a’lo nur bo‘lardi.
Baxtiyor Karimov, biologiya fanlari nomzodi,
Rahmon Rahmatov, qishloq xo‘jalik fanlari nomzodi
«Guliston» jurnali, 1990 yil, 8-son