Bahodir Mamajonov, Oybek Rahim. Bo‘linganni… (1990)

Bugungi kunga kelib Xorazm fojealar o‘chog‘iga, ekologik qiyomatlar komiga aylanib boryapti. Ichimlik suvlari iste’mol qilishga yaroqsiz holga keldi, sho‘r suvlar yer yuzasiga ko‘tarila boshladi, azim gujumlar, tabiiy ko‘llar qurib bitdi, sakson ming (balki ko‘proqdir) mehnatga layoqatli kishi ishsiz, bolalar o‘limi ortib boryapti, qadimiy obidalar nurab bitayotir, onalar salomatligi yomon… Ommaviy qirilish xavfi tug‘ilayotir. Xorazmda…

Bu sanoqni yana uzoq davom ettirish mumkin. Endi o‘tmishga bir nazar solaylik-da, qayoqqa ketayotganimiz, kelajakka bo‘lgan umidni so‘ndirayotgan narsalarning mohiyati haqida o‘ylaylik. Turkiston Rossiya tomonidan bosib olinmasdan oldin Xorazm vohasi — daryoning ikkala qirg‘og‘i ham Xiva xonligi tasarrufida edi. Turkiston o‘lkasi general-gubernatorligi paydo bo‘lganidan so‘ng Xorazm o‘ng daryo qirg‘oqlari ajratilib, Amudaryo bo‘limi tuzildi, To‘rtko‘l shahrining nomi Petro‑Aleksandrovsk deb o‘zgartirildi. 1920 yilda, Xorazmda sovet hokimiyati o‘rnatilgandan keyin Xiva hududida Xorazm Xalq Sovet respublikasi tashkil topdi. Xorazm Kompartiyasi tuzildi. 1923 yilda esa Xorazm Sovet Sotsialistik Respublikasiga aylantirildi. Xorazm vohasining butunligi saqlab kolingan, ishga to‘g‘ri siyosiy yondoshilgan edi. 1924 yilda O‘rta Osiyo respublikalarida milliy davlat chegaralanishi o‘tkazildi. RKP(b) MK o‘zining iyul qarorida O‘rta Osiyoda Turkmaniston SSR, O‘zbekiston SSR kabi milliy respublikalar va Xorazm SSR qayta tashkil etilganligini bildirdi. Yana RKP(b) MK qarorida ma’qullandiki, «Xorazm Sovet Sotsialistik Respublikasi O‘zbekiston va Turkmaniston Respublikalari qatorida qoladi». Ammo oradan ko‘p vaqt o‘tmay, sub’ektiv sabablarga ko‘ra bu qaror o‘zgartirildi va Xorazm vohasi milliy birliklarga ajratib tashlandi. Xorazm vohasining faqat yer-joyi bo‘lib yuborilgani yo‘q. Uning kadimdan tub ildizga ega bo‘lgan madaniyati, xalqi, urf-odatlari, xo‘jalik birligi, boshqaruv va iqtisodi ham uch qismga bulindi. Bu bilan xato yo‘l tutilmadimikan, hozirgi chigalliklar, ofatlarning ibtidosi shu emasmikan?!

Amudaryo cho‘kindilaridan bunyod bo‘lgan, Qizilqum va Qoraqum sahrolari va Ustyurt cho‘li orasida joylashgan ko‘k zamin Xorazm vohasining tabiiy, tarixiy shart-sharoiti bilan murosa qilinmay yurgizilgan bu siyosat voha sharoitida o‘zini oqlay oldimi?! Agar bu o‘zini oqlagan bo‘lsa, yuzaga kelgan muammolar qanday paydo bo‘ldi? Axir tabiatning o‘zi uni bir butun tana qilib yaratib qo‘yibdi-ku! Ming yillar davomida gurkirab yashab keldi!.. Uni Xorazm viloyati, QQASSR — O‘zbekiston, Toshhovuz viloyati — Turkmanistonga bo‘lish undagi qadim zamonlardan mustahkamlangan birlikni yo‘qotmadimi?! O‘tmishda bu voha xalqi milliy chegaralanishsiz yashab keldi. Uning hozirgi ko‘rinishi bir tanaga uchta bosh egalik qilayotganday tasavvur uyg‘otadi.

Muxtor jumhuriyat maqomini olgan Qoraqalpog‘iston avval Qozog‘istonga, keyin RSFSRga, so‘ng O‘zbekistonga qo‘shib qo‘yilganiga nima deysiz?

Hozirda kichik jo‘g‘rofiy birlikda uchta viloyat joylashgan. Bir vohada uch xil boshqaruv, uch xil hayot tarzi, boshqa-boshqa iqtisodiy shart-sharoit, bir-biri bilan tenglasholmaydigan uch xil mehr-oqibat mavjud. Bu voha ijtimoiy hayotidagi parokandalik.

Ularning Markazlari orasidagi masofa juda kichik. Urganch bilan Toshhovuz — 70 km, Urganch bilan Nukus — 150 km, Toshhovuz bilan Nukus orasi — 90 km. Bu masofalarni uzoq deb bo‘lmaydi. Uchala viloyatda aholi soni notekis. 1989 yil ma’lumotiga ko‘ra Xorazm viloyatida 1016 ming, QQASSRda 1214 ming, Toshhovuz viloyatida 689 ming aholi yashaydi. Voha aholisining umumiy soni 2,929 ming kishi. Uchta viloyatda ham o‘zbeklar, qoraqalpoqlar, turkmanlar, qozoqlar, ruslar, tatarlar, koreyslar va boshqa millat vakillari qon-qorindosh bo‘lib ketgan. Lekin…

Vohaning yer birligi buzilganidan iqtisodiy aloqalarga ham putur yetdi. Yaqin vaqtlargacha vohaning sug‘oriladigan maydonlariga G‘azovot, Shavot, Qilichboy-Arna va boshqa kanallardan suv olib kelingan. Bu o‘zanlardan Toshhovuz viloyati yerlari ham sug‘orilardi. Hozir Toshhovuz viloyati o‘zining erkinligini ta’minlashni ko‘z-ko‘z kilish maqsadida Tuyamo‘yin suv omboridan suv olib kelish uchun yangi kanal qazidi. U Turkmaniston qum barxanlaridan, Xorazm viloyati chegarasidan o‘tadi. Bu kanal xususida bahs juda qizg‘in. Qum barxanlaridan o‘tib keladigan suvning bir qismi bug‘lanadi, bir qismi unga ajratilgan mablag‘ bilan birga qumga singib ketadi. Yana qiynaydigan bir tarafi bu kanal 2500 yillik tarixga ega bo‘lgan qadimiy Xiva shahridan 8-10 km. naridan oqib o‘tadi. Bu qum ko‘ziga qurilgan afsonaviy shahar. Suvning shahar yaqinidan oqib yotishi qum ko‘zining, tarix ko‘zining yumilishiday gap. Kanal Xorazm viloyati yer osti suvlarini to‘sib qo‘yadi, sho‘r suvlarning tepaga ko‘tarilishi tezlashadi va ekin bitmay qolish xavfini barqarorlashtirardi. Bular nimalarga olib kelishi mumkinligini tasavvur qilish qiyin emas. Ekologik inqirozning vujudga kelishi ayon bo‘la boradi. Kanal qurilishiga hozirgacha 200 mln. so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan. Xalq mulki havoga sovurilayotir. Shu mablag‘ning yarmini sarflab eski, harakatdagi kanallarni kengaytirib, ishlov berilganda edi, foydadan xoli bo‘lmasdi.

Amudaryo o‘zanini tez-tez o‘zgartirib turgani sababli yer xususida turli kelishmovchiliklarni keltirib chikardi. 1956 yilda Xorazmning Mang‘it nohiyasi QQASSRga berildi. Chap sohil yerlarini daryo Xorazmga tashlab ketdi. Yer-joy birligi yo‘qligidan 65 yil davomida aholi qavm-qarindoshligiga qaramay iqtisodiy aloqalar bor bo‘lsa-da, daryoga bittayam ko‘prik qurilmadi. Bu imkoniyat yo‘qligidan emas, rahbarlarning xafsalasizligidan, o‘rtada devor tortilgan degan o‘yda ekanligidan qilinmadi. Yaxshiyamki, qayta qurishning keyingi davrida 3 ta ponton ko‘prik qurildi. Xorazmda 1,016 ming aholi istiqomat qiladi, yer maydoni esa 6,3 ming kv. km., Toshhovuzda 699 ming kishi 73,6 ming kv. km. maydonga egalik qiladi, 1214 ming aholisi bo‘lgan Qorakalpog‘iston 164.9 ming kv. km. maydonga ega. Bu degani Xorazm viloyatida har kvadrat kilometr joyga 161,6 kishi, Toshhovuzda — 9,5, QQASSRda esa 7,4 kishi to‘g‘ri keladi. Shuning o‘zi ham vohada iqtisodiy birlikning yo‘qligini ko‘rsatadi. Xorazm viloyatida 80 mingdan ortiq ishsiz bor bo‘lgan bir paytda boshqa 2 ta viloyatda ishchi kuchiga muhtojlik mavjud. Xorazm viloyatining hammasi bo‘lib 230 ming gektar ekiladigan maydoni bor. Toshhovuz viloyatida bunga qarshi o‘laroq ekishga yaroqli bo‘laturib, ishchi kuchi yetishmaganidan harakatsiz turgan qancha gektarlab yerlar bor.

Orol bo‘yi muammolari dunyo xalqlarini tashvishga solayotgan bir paytda, bu ekologik halokatning oldini olish uchun ichki imkoniyatlar ishga solinmayotir. Xorazm vohasidagi muammolar hal qilinsa, dahshatli falokatlarning oldi olinishi uchun bir qadar olg‘a bosilgan bo‘lardi.

Biz ana shu nuqtai nazardan kelib chikib, bir qancha takliflarni o‘rtaga qo‘ymoqchimiz.

1. Xorazm vohasini butun dunyoga ochiq iqtisodiy zona deb e’lon qilish kerak. Agar shunday qilinsa, dunyo mamlakatlari olimlari va tadbirkor mutaxassislari bizga tabiiy ofatga qarshi kurashda, ichimlik suvining sifatini yaxshilashda, ishsizlikni tugatishda yordam berishlariga yo‘l ochilar edi.

2. Xorazm vohasidagi O‘zbekiston SSRning Xorazm viloyati, Qoraqalpog‘iston muxtor jumhuriyati va Turkmaniston SSRning Toshhovuz viloyatini bitta ma’muriy hududga birlashtirish kerak. Bu ma’muriy o‘lka deb ataladimi, jumhuriyat deb ataladimi yoki boshqacha nom beriladimi, bundan qat’i nazar, bu masalani milliy nafsoniyatga tegmasdan, og‘ir-vazminlik bilan oqilona hal etish zarur. Chunki Orol dengizi qurishi tufayli yuzaga kelgan muammo bu Toshkent va Ashxobod uchun uzoq, o‘nlab muammolarning bittasidir, Moskva uchun esa yuzlab muammolardan biridir. Bu ofat faqat shu uch viloyat xalki uchun birinchi darajali darddir. Bu dardga qarshi kurashish uchun esa, uyda bo‘ladigan ba’zi mayda-chuyda gaplarni unutib, ulardan baland kelib birlashish zarur.

Shu o‘rinda ba’zi bir pessimist tanqidchilar: bular Xorazm Sovet Sotsialistik respublikasini tiklamoqchilar, bizdan ajralmoqchilar, unga qo‘shilmoqchilar, bunga qo‘shilmoqchilar, bizni o‘ziga bo‘ysundirmoqchilar kabi ba’zi bo‘lmag‘ur, pismiq gap-so‘zlar tarqatishi mumkinligini aytib o‘tish zarur deb hisoblaymiz. Birlashish muammosi ekologiya va iqtisodiy sharoitlardan bugungi kunda kelib chiqqan ob’ektiv zaruratdir. Agar hozir shu ish amalga oshirilib, bitta ma’muriyatga birlashilmasa, o‘n yildan keyin bu harakatning foydasi bo‘lmaydi. Yigirma yilga borib-bormay 3 million aholi sahroga aylanayotgan o‘z vatanlarini tashlab ketishga majbur bo‘ladilar. (Uchta sahro: Qizilqum, Qoraqum, Ust-yurt cho‘li yetmaganday Orolqum sahrosi paydo bo‘lyapti.) Hozirgi kunda 500 ming siyosiy qochoqqa uy-joy va ish topib berolmayotgan hukumat 3-4 million odamni qayoqqa joylashtiradi?

3. Xorazm vohasining aholisini bugungi kunda qiynayotgan, uning kelajagiga tahdid solayotgan narsa — bu shubhasiz suv tanqisligidir. Tabiiy shakllangan bir regiondan ikkinchi regionga suv berish zararli oqibatlarga olib kelishi mumkin deb topilib, Sibir daryolari suvining bir qismi O‘rta Osiyoga oqizilish ishlari to‘xtatib qo‘yilgan bir paytda, Amudaryo suvi Kaspiy dengiziga qarab tortilishi to‘g‘rimikan? Biz V. I. Lenin nomidagi 700-800 kilometrga cho‘zilgan Qoraqum kanalini nazarda tutyapmiz. Bu kanalning kamida 300 km. qismi aniq qum sahrosidan oqib o‘tadi. Undan qancha suv qumga singadi, qancha suv sahro haroratidan bug‘lanib uchib ketadi? O‘zbek olimlarining hisob-kitobiga qaraganda yiliga 5 kub. km., turkman olimlarining hisobicha 1 kub. km. Hozirgi kunda Orol dengizi va Amudaryoning quyi oqimida joylashgan Xorazm vohasi viloyatlari aholisi uchun har bir tomchi suv havodek zarur bo‘lib turgan bir paytda, bu ozmuncha suvmi?

Bizning taklifimiz, shu kanalni Qoraqum sahrosi boshlanguncha bo‘lgan qismini qoldirib, qolganini bekitishdan iborat. Bu kanal trassasi davomida undan foydalanish uchun ko‘pgina aholi yashaydigan joylar, yangi shaharlar paydo bo‘lgan. Shubhasiz, yangi yerlar o‘zlashtirilgan, yangi sovxozlar va boshqa xo‘jaliklar bunyod bo‘lgan. Ularda 200 mingga yaqin aholi yashab mehnat qilmoqda. Kanal yopilsa ularni qayergadir ko‘chirish, uy-joy, ish bilan ta’minlash zarur. Yangi barpo qilinadigan shaharchalarda yana maktablar, bolalar bog‘chalari, kasalxonalar, madaniy muassasalar binolari qurilishi zarur, albatta. Bularning hammasiga qo‘shimcha millionlab mablag‘ kerak bo‘ladi. Ammo, na chora. Boshqa iloj yo‘q. Har holda, 3 mln. aholini bir joydan boshqa joyga ko‘chirishdan (20 yil keyin bo‘lsa ham) 200 ming aholini ko‘chirish 15-20 marta arzon tushishi ko‘rinib turgan haqiqatdir. Agar bu aholini asosan Turkmaniston fuqarolari ekanligi e’tiborga olinsa, ularni Toshhovuz oblastining Ko‘na Urganch atrofidagi yerlarga ko‘chirish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki Xorazm vohasining eng unumdor yerlari shu yerlardir. U yerdagi dehqonchilik boshqa yerlarga qaraganda ancha samaraliroqdir. U yerlarga faqat suv va ishchi kuchi yetishmaydi, xolos. Bu ishga sarflanadigan xarajatlarni Turkmaniston SSR va O‘zbekiston SSR hukumatlari bilan birga SSSR hukumati ham mablag‘ bilan ta’minlashi zarur deb hisoblaymiz.

4. Loyqa suv haqida. Xorazm vohasi yerlarining hosildorligi ko‘p jihatdan Amudaryoning loyqalangan suviga bog‘liq. Keyingi paytda Tuyamo‘yin suv ombori qurilib, ishga tushirilishi sababli, loyqa suv u yerda to‘planib, suv tarkibidagi loyqa ombor tubiga cho‘kishi natijasida tinigan suv voha dalalariga oqizilyapti. Ammo suvni noyabr-fevral oylarida Tuyamo‘yinda yig‘ish zaruriy tadbirdir. Agar suv yig‘ilmasdan, to‘g‘ri dengizga o‘tkazib yuborilsa, vohada dehqonchilik uchun suv yetmasligi turgan gap. Bu ishni, ya’ni loyqa suvni avvalgiday to‘g‘ri o‘tkazib yuborishni, faqatgina yuqori oqimdan yetarli suv oqib kelgandagina amalga oshirish mumkin. Shuning uchun ham, Qoraqum kanalini bekitish choralarini ko‘rish, ular haqida tezlik bilan ilmiy-amaliy muzokaralar boshlab yuborish zarur.

Shu yerda e’tiboringizga bir masalani havola qilmoqchimiz. Ma’lumki, yaqinda suvga egalik qilishni yaxshilash maqsadida SSSR Suv xo‘jaligi ministrligiga qarashli Amudaryo va Sirdaryo birlashmalari tuzildi. Oddiy, sog‘lom fikr bo‘yicha shu daryolar oqimida tashkil qilingan suv omborlari va daryodan suv oladigan Qoraqum kanali singari kanallar shu birlashma tasarrufiga berilishi kerak. Ammo, shu bugungi kungacha aynan shu Qoraqum kanali va Tuyamo‘yin suv ombori Amudaryo birlashmasiga berilgan emas. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qorakum kanaliga olinayotgan suvga nazorat yo‘qligi sababli, kanal trassasi bo‘ylab ko‘pgina yaylovlarni suv bosishi natijasida, qumda qo‘y boqish qiyinlashib boryapti. Suvga egalik masalasi to‘laligicha tez kunda uzil-kesil hal qilinishi zarur deb hisoblaymiz.

5. Orolning qurishi natijasida yuz bergan tabiiy ofat tufayli Qorakalpog‘iston aholisiga belgilangan ko‘shimcha pul mablag‘lari Xorazm va Toshhovuz viloyatlari aholisi uchun belgilanmadi. Vaholanki, bu ikkita viloyat va muxtor jumhuriyatlarning Xo‘jayli, Amudaryo, Beruniy, Ellikqal’a va To‘rtko‘l nohiyalari qo‘shnisidirlar va bir xil sharoitda ish ko‘radilar. O‘tkazilgan yalpi tibbiy ko‘rikda Xorazm viloyati aholisining 72 foizi tabiiy ofat bilan bog‘liq dardlarga chalinganligi aniqlandi. Axir, bu masalada adolat bo‘lmog‘i zarur.

6. Xorazm vohasi viloyatlarida paxta va sholi ekishni sezilarli qisqartirish hisobiga, tejalgan suvni dengizga oqizish zarur. Bunda kamida yiliga 10 kub. km. suv dengizga qo‘shimcha quyilgan bo‘lur edi.

7. Amudaryo sohillarida qo‘riqxona bunyod qilish kerak. Bu ham vohaning qirilib ketayotgan jonzotlariga, o‘simlik dunyosiga najot yo‘li bo‘lishi mumkin. Bugungi kunda Xorazmda daryo sohili bo‘ylab 300 metrlik tabiiy zona tashkil qilinyapti. Ammo bu ish ham juda qiyinchilik bilan amalga oshirilyapti, xo‘jaliklar tayyor, hisobsiz yerlarning ozgina qismini bo‘lsa-da, tashlab ketishni istamayaptilar. Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: nega aynan 300 metr? Nima uchun 500 metr yoki 1 km. emas? 300 degan son kimning miyasiga kelgan? Bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rish lozim deb hisoblaymiz.

8. «Orol fondi»ning ishlatilishi haqida. Fikrimizcha, Orolni qutqarish komiteti va «Orol fondi» o‘zining ilk maksadiga erishdi, ya’ni Orol dengizi quriyotgani haqida keng jar solib bunga hukumatning xam, xalqning ham, hatto xalqaro tashkilotlarning ham e’tiborini qarata oldi. Shu orada oz bo‘lsa ham, bir muncha mablag‘ yig‘ilib qoldi (5 mln. so‘m).

Ammo shu mablag‘ bir joyda kasalxona, boshqa joyda bolalar bog‘chasi qurishga xarajat qilinayotgani juda ham to‘g‘ri bo‘lmasa kerak deb hisoblaymiz. Bu fond mablag‘lari aynan Orol dengiziga suv olib kelish ishlariga sarflanishi kerak. Bizningcha, fond mablag‘lari ittifoqimiz bo‘ylab va butun dunyo bo‘ylab Orol dengizini qutqarishga qaratilgan eng maqbul loyiha uchun katta pul hisobiga (masalan 100 ming so‘m.) konkurs e’lon qilishi kerak edi. Ammo vaqt o‘tib ketyaptiyu bunday ishdan darak bo‘lmadi. «Orol fondi» faqat tushadigan xayru ehsonlarga qarab o‘tirmasdan o‘zining korxonalarini ochishi kerak, imkoniyat bo‘lsa chet el firmalari bilan hamkorlikda ishlaydigan korxonalar tuzib, o‘zi mablag‘larini 50 mln., hatto 500 mln.ga yetkazish ustida bosh qotirmog‘i kerak. Shundagina katta loyihalarni mablag‘ bilan ta’minlash ishiga sezilarli hissa qo‘shgan bo‘lur edi. Umuman, «Orol fondi» shu kungacha qilgan konkret ishlari va kelgusi rejalari haqida kichkina hisobot kitobchasi chiqarsa yomon bo‘lmas edi.

9. Xorazmda o‘zbeklar yashaydi. O‘zbek degan nom XV asrda paydo bo‘lgan bo‘lsa, Xorazmiylar nomi 4 ming yillik tarixga ega. Binobarin Xorazmda, ajdodlarimiz Xorazmiy millati bilan kon-qardosh bo‘lib chatishib ketgan Xorazmiy o‘zbeklari yashaydi. Shuning uchun ham bu xalq o‘zining tili, urf-odatlari, madaniyati, san’ati, me’morchiligi bilan jumhuriyatimizning boshqa joylarida yashaydigan o‘zbeklardan keskin farq qiladi. Misol uchun o‘zbek klassik san’atining durdonasi hisoblanmish Xorazm maqomlarini bir eslab ko‘ring.

Ana endi shu xalq o‘z tarixining so‘nggi atigi 66 yilida uch qismga bo‘lingan holda yashayapti. So‘nggi vaqtlarda bordi-keldi qilish, bir-biri bilan iqtisodiy aloqalar o‘rnatish juda mushkul bo‘lyapti. Chunki har bir jumhuriyat o‘z hududidan u chiqmasin, bu chiqarilmasin degan (garchi vaqtincha deb nomlansa ham) qarorlar qabul qilyapti.

Qayta qurish siyosati tufayli keyingi paytda butun dunyoda xalqlarning birlashish harakati kuchayib ketdi. Yaqinda Yaman arab respublikasi va Yaman Xalq Demokratik respublikasi birlashdi, ikkita german davlatlari birlashishi jarayoni boshlanib ketdi, bundan yigirma yil avval Vetnam xalqlarining birlashganini eslasak, nega endi bir xil tuzumda, bitta mamlakat hududida yashaydigan Xorazmiy o‘zbeklar bitta ma’muriy hududga birlashishlari mumkin emas. Bu masalani jiddiy mulohaza kilib o‘ylab ko‘rish vaqti yetdi.

Yuqorida taklif qilingan masalalarni muhokama qilish uchun Xorazm tuprog‘ida O‘zbekiston SSR, Turkmaniston SSR, Qoraqalpog‘iston ASSR va SSSR Oliy Sovetlari, shuningdek, Xorazm va Toshhovuz viloyatlar Sovetlari vakillarining ilmiy-amaliy uchrashuvi o‘tkazilsa, bu uchrashuvlarda olimlar ham qatnashsalar, ekologiya va iqtisodiyot oldimizga ko‘ndalang qo‘ygan katta muammolarni yechilish yo‘li topilishiga umid qilamiz.

Agar Xorazm vohasi birligi tiklansa bu yerda politexnika, to‘kimachilik, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, irrigatsiya, xalq xo‘jaligi, savdo-sotiq kabi oliy o‘kuv yurtlari filiallari tashkil etish kerak bo‘ladi. Hozirda vohada faqat bitta pedagogika oliy o‘quv yurti va Nukus Davlat dorilfununi ishlab turibdi. Uch millionga yaqin aholining farzandlari Toshkent, Ashxobod, Samarqand, Moskva va mamlakatning boshqa shaharlarida ta’lim oladilar. Bu nihoyatda og‘ir. Xorazmning tafakkuri o‘zida kamol topgani yaxshi.

Xalqning ma’rifatga bo‘lgan chanqog‘ini qondirish kerak. Vohani birlashtirish xalq ma’rifatini oshirishning yangi rejalarini yuzaga keltiradi. Hozirgi sharoitda esa Xorazm tarixi, fani va madaniyati, xalq xo‘jaligi uch qismga ajratilgan holda o‘rganilyapti. Buning natijasi xammaga ayon.

Xorazm vohasida qadimiy shaharlar ayanchli ahvolda. Ularda ajdodlar ruhi chirqirayotir.

Xorazm shohligining poytaxti Qo‘na Urganch (Gurganch) eramizning boshida qaror topgan shahar. Bu yerda mashhur olimlar Abu Rayhon Al Beruniy, Abu Ali ibn Sino yashab ijod qilganlar, aql-zakovatlari bilan dunyoni lol qoldirishgan. Bu shahar hozir Toshhovuz viloyati tarkibida. Shaharning hozirgi ahvoli yurakni sirqiratadi. Xorazmning qadimgi markazi Qiyot (hozirda Beruniy shahri). Bu shahar algebra va algoritmning yaratuvchisi buyuk matematik olim Muxammad ibn Muso Al-Xorazmiy hayoti bilan bog‘liq. Va yana Xorazmning antik shahar va qal’alari bo‘lgan Ellikqal’a, Guldursin, Tuproqqal’a, Qo‘y qirilgan qal’a, Ayoz qal’a, Gaur qal’a va boshqa qadimiy qadamjolar QQASSR tasarrufida. Qadimda savdo yo‘llarini birlashtirib turgan, madaniyat va ilm markazi bo‘lgan Xiva (xavaq-quduq) shahrigina Xorazm viloyatiga qaraydi. Bu shahar devorlaridagi ajdodlarimiz qo‘llarining aziz, tabarruk izi devorlar bilan birga nurayotir. Tarixiy yodgorlik bo‘lgan shaharlarni ming yillar keyingi avlodlarimizga tarixiy haqiqat qilib yetkazish burchini bajarishimiz kerak. Shuning bilan birga tarixiy shaharlarni umumiy sayohatgohlarga aylantirish imkoni tug‘iladi, ajdodlarimiz ruhi shod bo‘ladi. Keyingina tariximiz bilan faxrlansak arziydi.

Xorazm vohasini qanday qilib birlashtirish, u qanday ko‘rinishda bo‘lishi davlat arboblarining, olimlarning vazifasi.

“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 8son