«Hind ixtilolchilari» asari Fitratning ijodiy faoliyati ayni voyaga yetgan davrda yozilgan bo‘lib, Germaniya poytaxti Berlinda 1923 yili o‘zbek tilida bosilib chiqdi. Asar tili shirali, voqealar qiziqarli bayon etilgan, unda davrning muhim muammolaridan biri qalamga olingan.
Fitrat 1919 yildan to 1935 yillargacha bir qator she’rlar, ilmiy asarlar, adabiy-tanqidiy maqolalar bilan birga o‘nlab sahna asarlari yaratdi. Bular ko‘proq tarixiy mavzuga bag‘ishlangan edi. Zotan ayni zamonda proletkultchilar tarixdan, o‘tmishdagi madaniy merosdan butunlay voz kechish uchun qizg‘in kurash olib borayotgan bir davrda Fitrat yetuk ziyoli sifatida bu harakatlar ta’siriga berilmadi, tarixiy o‘tmish va uning zamonaviy ahamiyatini chuqur ochishga bag‘ishlangan asarlar yozishni davom ettirdi. Bu hol uning, Pushkin iborasi bilan aytganda, «haqiqiy bilimdonligini ko‘rsatadigan yagona fazilat» edi. «Qiyomat», «Abulfayzxon», «Hind ixtilolchilari», «Chin sevish», «Shaytonning tangriga isyoni», «Bedil», «Fors shoiri Umar Xayyom», «Abomuslim», «Temur sag‘anasi», «Ro‘zalar», «Arslon», «Amir Olimxonning hayoti» kabi turli janrda yozilgan badiiy va ilmiy asarlarining deyarli hammasida yozuvchi o‘zi yashab turgan zamonaviy muammolarni hal etishda tarixiy o‘tmishdan foydalanishning yaxshi namunasini ko‘rsatdi.
Shu nuqtai nazardan biz 20—30-yillar adabiy hayotida ancha munozaralarga sabab bo‘lgan sahna asarlaridan biri — «Hind ixtilolchilari» (besh pardali fojea) haqida ba’zi mulohazalarimizni aytib o‘tamiz. «Hind ixtilolchilari»da, ayniqsa «Abulfayzxon»da Shekspir, Shillerning «Qaroqchilar» dramatik asarlari va Bedil falsafiy ta’limotlari ta’siri yaqqol seziladi. Imperialistik davlatlar bosqinchilik siyosatining tarixan halokati muqarrar, chunki bu siyosat qanchalik qudratli bo‘lmasin, xalqlarning milliy-ozodlik harakati oldida ojizdir, degan falsafa «Hind ixtilolchilari»ning bosh g‘oyasini tashkil etadi.
Asarning markaziy ijobiy qahramoni — o‘z vatanini imperialistik bosqinchilardan tozalash uchun kurashga butun hayotini bag‘ishlagan, Frantsiyada o‘qib davrning yetuk ziyolisi darajasiga ko‘tarilgan Rahimbaxshi, xuddi shu maslak bilan yashayotgan uning sevgilisi Dilnavoz, qalandar qiyofasidagi donishmand Lolahardiyol, ularning hamfikrlari — Abdusubbuh, Fayziahmad, Badrinat va bir necha ishchi-dehqon — Hind inqilobchilari obrazlari faoliyati tasvirida yozuvchi dunyoqarashi to‘la-to‘kis namoyon bo‘ladi.
«Hind ixtilolchilari»ni asli yirik falsafiy drama deyish mumkin. Zotan bu asarda inson erki, baxti uchun kurashni hammadan yuqori qo‘yish, xalqlarning milliy-ozodlik harakatini qo‘llab-quvvatlash, buning uchun milliy, diniy tafovutlardan qat’iy nazar, xalqlar do‘stligini ta’minlash, ilm-fanni rivojlantirish, erkin muhabbat, o‘z vatani, xalqiga sadoqat, el-yurt manfaatini muqaddas deb bilish — baxt yo‘lining tub manbai ekani nozik his-tuyg‘ular bilan qo‘shib tasvirlanadi. Bu g‘oyalar Fitratning chinakam insonparvarligi, xalqparvarligidan kelib chiqar edi.
Fitrat davrning ilg‘or va yetuk ziyolisi sifatida voqelikni hamisha jahon miqyosida idrok etishga intilgan. Zotan, yer yuzining qaysi chekkasida yashashidan qat’iy nazar, biror kishi dunyo voqealaridan, insoniyat taqdiridan uzilgan holda yashashi mumkin emas, degan g‘oyani qator asarlarida muttasil uqtirib borgan. «Hind ixtilolchilari»da bu g‘oya yanada chuqur, yetuk badiiy shaklda ifodalanadi.
Hindistonda bir necha asr davom etgan ingliz mustamlakachilik siyosati mamlakat aholisining toqatini ado qildi. Xalq mazkur bosqinchilik siyosatiga qarshi kurashga otlandi. Mustamlakachilik zulmi kuchaygan sari Hindistonda xalq ozodlik harakati ham kuchaya boradi. Hindistonda hind, musulmon va boshqa diniy maslakdagi xilma-xil guruhlar, qabilalar mavjud bo‘lib, qadim-qadim zamonlardan buyon ular o‘rtasida ziddiyatlar davom etib kelardi. Ammo ingliz mustamlakachilik siyosatiga qarshi kurashda ular birlashib, milliy-ozodlik harakati kuchayadi va mustamlakachilar ustidan g‘alaba qozonadi. Bu kurashga xalq orasidan chiqqan Rahimbaxshi, donishmand Lolahardiyol, Abdusubbuh, Fayziahmad, Badrinat, Ornomsingih, Fazlilloh, Mahmudxon, Dinanat kabi turli tabaqa vakillari rahbarlik qiladilar. Ozodlik harakatida xotin-qizlarning faol ishtiroki bir necha ayollar obrazida beriladi. Asarda dinni ro‘kach qilib faqat boyib olish ishtiyoqi bilan yashayotgan Mavlono Nu’mon qiyofasida na din, na vatan, na xalq qadrini tan oladigan munofiq kirdikorlari mahorat bilan fosh etiladi. Mavlono Nu’mon mustamlakachilarning vakillari — josus Okunar va Marlinglar bilan til biriktiradi. Mustamlakachilar esa Hindistondagi turli diniy va qabilaviy tafovutlar tufayli mavjud bo‘lgan ziddiyatlarni tobora chuqurlashtirish, keskinlashtirishga intiladilar, xalqning o‘z ichidagi kelishmovchiliklar qancha chuqurlashsa, mustamlakachilarga shuncha qo‘l kelaverar edi. Asarda bu voqealar yuksak badiiy saviyada, yetuk realistik uslubda tasvirlanadi.
Bahorning eng go‘zal bir paytida o‘z sevgilisi Dilnavoz bilan shakarguftorlik qilib o‘tirgan Rahimbaxshi ustiga ot bostirib kelgan Okunar va Marling ularni asirga olib ketishidan boshlangan voqea milliy ozodlik harakati tarafdorlarining g‘alabasi bilan yakunlanadi. O‘z ozodligi uchun kurashga bel bog‘lagan xalqni hech qanday kuch tayelim etolmaydi, faqat buning uchun sabot-matonat bilan, uyushqoqlik bilan kurashmoq kerak, degan g‘oya asarda bo‘rtib turadi.
Hindistonda ingliz mustamlakachilarining bosqinchilik siyosati tufayli xalq ezilgan, boyligi talangan, huquqlari poymol qilingan, butun mamlakat zindonga aylanib qolgan. Rahimbaxshi, Dilnavoz va ularning hamfikrlari bu holatdan g‘oyat azob chekadilar, eziladilar, nafratlanadilar. Nihoyat vatanni bosqinchilardan ozod qilish uchun ular kurashga otlanadilar. Rahimbaxshi bilan Dilnavoz o‘rtasidagi mehr-muhabbat vatanga bo‘lgan muhabbat bilan qo‘shilib ketadi. Mustamlakachilar faqat odamlarnigina emas, bog‘larni, daraxtlarni, yer-suvni, gullarni, qushlarni ham qayg‘u-hasratga ko‘mib tashlaganlar. Dilnavoz buni chuqur his etadi:
So‘yla gulim, yoshirmag‘il, nadir darding,
Kimlar seni bu qop-qora yerga yubordi?!
Bu dunyoda yo‘q ekan-da nelar qilarding?
Nega seni chulg‘ab oldi buncha tikanlar?
Sen bilan men yaralanib yotibmiz,
Bu chamanda shodlik surgan kimlar ekanlar?!
Dilnavoz bog‘da gul terayotib shu qo‘shiqni kuylar ekan, bu gullarni bosqinchilarga bermaslik uchun hammasini o‘zi terib olishga intiladi. Vatan guli, tikani, bulbuli, toshi, tuprog‘i, iloniyu chayoni hamma-hammasi o‘z xalqi uchun qadrli, qimmatli va go‘zal tuyuladi. Bularning birontasini bosqinchiga bergisi kelmaydi.
Rahimbaxshi ham sevgilisi kabi yovga qancha nafratli bo‘lsa, vataniga, el-yurtiga, sevgilisiga o‘ta mehr-muhabbatli, yetuk shaxs.
Fitrat butun asar davomida obrazlarning tiliga katta ahamiyat beradi. har biri o‘z saviyasi, xarakteriga mos iboralar ishlatadi. Ammo ilg‘or ziyolilar deyarli hamisha qisqa, shoirona, falsafiy ma’nolarni anglatadigan so‘zlarni qo‘llaydi. Zotan Fitrat, Sharq klassiklari — Navoiy, Bobur, Bedil, Umar Xayyom singari buyuk daholarning adabiy va falsafiy meroslarini chuqur o‘rgangan, ularning har biri haqida ilmiy ishlar yozgan. Bedildan talay tarjimalar qilgan.
Fitrat dunyoqarashida Yevropa imperialistik mamlakatlarining mustamlakachilik siyosatiga qarshi kurash tushunchasi 1910 yillarda shakllangan. Hali u yosh buxoroliklar tashkiloti faoliyatida aktiv ishtirok etayotgan kezlardayoq bu tushuncha mazkur harakat qatnashchilarining asosiy maqsadi — programmasiga aylangan edi.
Yozuvchi mustamlaka o‘lkalarda yashayotgan xalqlar dardini goh gazabga to‘lib, goh ruhi ezilib, goh haqoratlar girdobida chuqur idrok etadi. Mazlum xalqning butun vujudi vataniga, xalqiga muhabbat tuyg‘usi bilan to‘lib-toshadi. «Bola, shuni bilib qo‘y, — deydi Rahimbaxshi Dilnavozga, — yurtni sevganlar uning tosh-tuproqlarini emas, go‘zallik, yaxshiliklarini sevarlar, ulus yo‘lida jon berganlar uning soqol-choponi uchun emas, ortiqlig‘i, fazilati, tarixi uchun o‘lalar… ularni sevganim seni sevganimdir… Yuragimdagi hisni anglatmoq uchun sevish so‘zi ozlik qiladi, topinaman senga».
Asarda turli tabaqa vakillari qiyofasini ko‘ramiz. Masalan, Mavlono Nu’mon vatani boshiga tushgan baxtsizlikdan ham o‘z manfaati yo‘lida foydalanadigan mal’un shaxs, u mustamlakachilardan olgan yuzlab rupiya daromad uchun o‘z ulusiga xiyonat qiladi. Inglizlarning kelishi — xudoning irodasi, unga qarshi chiqish xudoning hukmiga qarshi chiqishdir, bu katta gunoh, deb turib oladi.
Fitrat xalqlarning milliy-ozodlik, mustaqillik uchun olib borgan kurashlari davrida hamisha o‘z ichidan chiqqan xoinlar — xalqiga, vataniga xiyonat qilib dushmanga yordam bergan tiplar bo‘lganligini nazardan qochirmaydi, ularning jirkanch basharasini ochib tashlaydi. Mustamlakachilar hindlar bilan musulmonlar o‘rtasidagi din, mazhab bilan bog‘liq kelishmovchiliklarni tobora chuqurlashtirib, ularning birlashib harakat qilishlariga yo‘l qo‘ymaslik chorasini axtaradilar.
Dilnavoz — bo‘yiga yetgan qiz, qalbi to‘la orzu-havas, ozodlik uchun kurashga bel bog‘lagan, bu yo‘lda uchraydigan har qanday qiyinchilikka tayyor. Ammo u tabiatan yosh qizlarga xos nozik his-tuygulardan hech qachon uzoqlasha olmaydi, shuning uchun ham u jonli inson. Ba’zan og‘ir, mungli iztiroblar girdobida qoladi, g‘amga botadi, dardini yolg‘iz sevgilisiga ochadi: bosqinchilar Hindistonni «talamoq uchun birlashgan ekan, bular talovdan qutulmoq uchun birlashmaydilar. Musulmon dunyosi nari tursin, bu kun Hind inqilobchilari orasida ham «birlik», «kelishuv» degan narsalar yo‘q. Bunday bir kuchga ishonmoqni qo‘yaber. Bunday bir yiginga «kuch» demak bo‘shdir… Yana… Rahimbaxshi, ikkimiz tuproq dunyosidan, tan o‘lkasidan ajrasoq, dunyoning yolg‘iz qayg‘ularini emas, shodliklarini-da unitsoq, yer uzra bor qo‘rquvlarnigina emas, umidlarni ham tolosoq, qo‘lni-qo‘lga bersak, shu yoniq qushning titrak tovushina ergashsak, biz ham titrab-titrab yuqorilarg‘a — to‘g‘ri yuksalsak, yuksalsak-da, u yerlarda ham tinchlik ko‘rmagach, yana shul tovush kabi cheksiz bo‘shliqlar aro yo‘qolib ketsak… Bular bo‘lmas ekan, dunyoning bir chetida mana shu gul bilan bulbuldek ikkalamizgina o‘tirib qolsoq; kimsaning bizga hech ishi bo‘lmasa…»
Bu — el-yurt boshiga tushgan gam-alam tufayli butun dunyo ko‘ziga tor ko‘ringan, nihoyat shu sertashvish dunyodan butunlay chiqib ketishgacha borib yetgan mazlum shaxsning ichki dardi, cheksiz iztiroblaridir.
Yozuvchi o‘z qahramonlari ko‘zi bilan hayotni kuzatar ekan, shunday murakkab g‘am-alamlarni ko‘radiki, kishi yo unga qarshi kurashib, insoniy qadr-qimmatini saqlashi yoki shu yo‘lda halok bo‘lishi kerak, boshqa chora yo‘q. Voqealar jarayoni tabiiy ravishda mana shu vaziyatga olib keladi. Qahramonning shaxsiy hayoti, maqsadi, ishq-muhabbati, butun borlig‘i shuni taqozo etadi. Hayotda ro‘y berayotgan voqea-hodisa har bir shaxs taqdiriga muayyan ta’sir ko‘rsatmay qololmaydi. Bu muqarrar taqdirdan hech kim chetda turolmasligini, dunyo xalqlari taqdiri bir-biri bilan bog‘liq ekanligini muallif yaxshi anglagan va mahorat bilan ko‘rsatgan.
Rahimbaxshi Dilnavozning go‘zal yuziga boqqan sari muhabbati ham, xavotiri ham ortadi. U shunday go‘zal qizning yuziga ingliz yigitining ko‘zlari tushishidan doim tashvish chekadi, agar shunday holat ro‘y berguday bo‘lsa, bu narsa «Qur’on betiga hayvon ayog‘i tegmak» bilan barobar deb hisoblaydi. Asardagi ayni shu yerni 30-yillar tanqidchiligida misolga keltirgan yozuvchi va adabiyotshunoslardan biri o‘sha paytlarda, Fitrat — bu bilan dinni targ‘ib qilmoqchi, deb yozgan edi. Bu gapga sira qo‘shilib bo‘lmaydi. Bu bilan Fitrat dinni emas, muhabbatni targ‘ib qilmoqda, uni muqaddas darajaga ko‘tarish maqsadida uni muqaddas kitobga qiyoslamoqda. Aslida Rahimbaxshi diniy e’tiqod va mazhab tafovutlariga qarshi ochiq kurashadi. Asarda bu juda ko‘p o‘rinda ravshan ko‘rinadi. Xuddi shu yillarda («Hind ixtilolchilari» bilan oldinma-keyin) paydo bo‘lgan «Qiyomat», «Bedil», «Shaytonning tangriga isyoni», «Ro‘zalar» kabi qator o‘ta ateistik badiiy asarlarini yozgan Fitrat dinni targ‘ib etishi mumkin emas. Bu jihatdan Rahimbaxshi, Abdusubbuh bilan sotqin mulla — Mavlono Nu’mon o‘rtalaridagi suhbat-dialog ayniqsa xarakterlidir. Mullalar elni birlashtirishga shariat yo‘l qo‘ymasligini ro‘kach qiladilar. Unga Rahimbaxshi: «El birlashsa, mulla och qoladi», deb yuboradi g‘azab bilan. Abdusubbuh bu fikrni yanada ochiqroq aytadi: «Siz mullalar, — deb xitob qiladi Mavlono Nu’monga qarab, — Hindistonni yillarcha… janjallar bilan to‘ldirdingiz! Ulusni yetmish to‘rt bo‘lak qildingiz. Har bir bo‘lakni boshqalarig‘a yov etdingiz. Ulkamizni ichki janjallar bilan to‘ldirdingiz. Shunday qilib inglizni ham boshimizga keltirdingiz. Yuz yillardan keyin biz o‘zimizni qutqarmoq uchun bosh ko‘tardik, birlashmak, qutulmak istadik. Yana mazhab, din janjallari bilan yo‘limizni to‘smoqchi bo‘lasiz! Uyalingiz, ketingiz, yo‘qolingiz. Bizdan uzoqlashingiz. Biz o‘z birligimizga, o‘z erkimizga tirnoq urmoqchi bo‘lganlarga qarshi chiqamiz. Qo‘lga-qo‘l berib kurashamiz. Bizni bu yo‘ldan siz-da, mazhab-da, din-da qaytarolmas».
Bu va boshqa ko‘pgina faktlar «Hind ixtilolchilari»da, Fitrat dinni targ‘ib qiladi, degan da’volarni batamom rad qiladi. Binobarin, 30-yillardagi tanqidchilar mazkur asardan Rahimbaxshining «Hind qizi yuziga ingliz yigitining nazari tushishi — qur’on betiga mol ayog‘i tekkani bilan barobar», degan so‘zini keltiradi-yu, inqilobchilarning din, mazhab, ayirmachilarga qarshi — ularni fosh etishga qaratilgan dalillardan birortasini tilga olmaydilar. Bu hol shaxsga sig‘inish avjga chiqqan 30-yillardagi adabiy tanqidchilikning fojialaridan edi. Badiiy asarning bir joyidan birgina so‘zni ajratib olib xohlagancha talqin etish bu davrda ayrim tanqidchilar uchun odat bo‘lib qolgan, afsuski bunday hollar hozir ham uchraydi; shaxsan Fitrat matbuotda bir necha bor chiqib, bunday hollarga chek qo‘yishni qattiq talab qilgan edi. Jumladan, Fitrat Ahmad Yassaviy ijodi to‘g‘risida Abdurahmon Sa’diy bilan munozara qilganda oraga J. Boybo‘latov ham qo‘shiladi va Fitratga tuhmatdan iborat bir maqola yozadi. Fitrat Boybo‘latovga javoban shunday degan edi: «…mening so‘zlarimning bosh-oyog‘ini kesib tashlab, o‘z maqsadingizga yararliq bir holg‘a kirgizib so‘ngra e’tiroz qilishingiz ilmiy bir harakat sanalmaydir».
«Hind ixtilolchilari»da Fitrat ayollarning jamiyatdagi roliga katta baho beradi. Dilnavoz hind ayollari vakili sifatida milliy-ozodlik harakatining dovyurak ishtirokchilaridan biri sifatida maydonga chiqadi. Inqilobchilarning barcha harakatlarida erlar bilan barobar qatnashadi. Sevgi-muhabbat bobida ham o‘z sadoqati bilan namuna ko‘rsatadi. Asarda ayollarning ijtimoiy hayotdagi muhim o‘rnini ta’kidlashga alohida ahamiyat beriladi.
Fitrat yaratgan obrazlar o‘z dardlarini izhor etishda ko‘pincha obrazli, ifodali iboralarni qo‘llaydilar va ulardan hamisha falsafiy ma’nolar kelib chiqadi. Masalan, mustamlakachilarni ham tarbiyalab bo‘larmikan, degan so‘roqqa inqilobchilardan biri: «Ular uchun engyaxshi tarbiya ularni Hindistondan quvmoqdir», deb javob beradi. Bu — oson ish emas. Muallif shu asnoda hayotdagi oson va qiyin ish tafovutini ustalik bilan ochib beradi: «Ishning qulayini axtarmoq — yalqovlikdir. Qulay ishdan buyuk unum chiqmas. Buyuk unumli ish qulay-da bo‘lmas. Inglizni Hindistondan quvmoq yer yuzini qora qanotlari ostiga olg‘on bir alvastini yo‘q etmakdir…»
Rahimbaxshi o‘z davrining ilg‘or qahramoni, yetuk ziyolisi sifatida mustamlakachilikka qarshi kurash jarayonida xalq ichidan yetishib chiqqan buyuk shaxs darajasiga ko‘tarilgan; o‘z vatani, uning kayfiyati, ahvol-ruhiyasi haqida teran falsafiy mulohaza yuritadi. Xalq yetakchisi darajasiga erishuvida unga o‘qib orttirgan yevropacha ma’lumot, otasining jangovar hayot yo‘li, buyuk donishmand Lolahardiyol aqidalari katta ta’sir ko‘rsatadi.
«Sevishmak uyat emas, — deydi Lolahardiyol. — Yurak yurak ekan, sevmak, sevishmak istar. Sevgisiz qolgan yurak suvsiz qolgan baliq kabidir. Uning har bir tebranishi bir jon chekishdir. Yer yuzini to‘ldirgan bo‘sh janjallardan, aldam negiziga qurilgan kelishmaklardan, g‘arazga qotishgan birliklardan, hasad uruqli maqtashlardan yiroqlashibsiz. Tabiatning tin, tip-tiniq ko‘rinishlari orasida turibsiz…» deb havas bilan murojaat qiladi qiz bilan yigitga. Mana shu vaziyat (ikki sevishganning uchrashuvi payti — A. A.) insonni eng beg‘araz, qalbdan chiqqan eng samimiy so‘zlarni aytishga olib keladigan chog‘lardir. Shuning uchun ham bu vaziyat inson hayotida eng baxtli onlar sifatida baholanadi. «Bu oz bir saodat emas. Qutlug‘ bo‘lsun sizga», deb tabriklaydi yoshlarni qalandar. Ammo u, mazkur saodatni himoya qilish uchun kurashilmasa, uzoqqa bormaydi, degan fikrga alohida urg‘u beradi. Bir elda yashab, uning taqdiridan tashqarida turish, ya’ni baxtsiz elda taxtli yashash aslo mumkin emasligi haqidagi Lolahyrdiyol mulohazalari ayniqsa e’tiborlidir: «Ingliz mustamlakachilari dastidan… Bu kun o‘lkada qo‘ydan ortiq odam kesiladir. Omonliq, tinchliq, erk degan narsalarni kimsa bilmaydir. Machitda namoz uchun yig‘ilganlar siyosiy yig‘in yosog‘on bo‘lib to‘pg‘a bog‘lanalar. Er bilan xotin o‘z aro ko‘brak gapurganda hukumatga qarshi plan chizgan bo‘lib dorg‘a osiladir. Bukun ustidangina shu o‘lkaga qarag‘anda yiqilg‘on shaharlar, yondirilg‘on qishloqlar, tolong‘on uylar, kesilgan boshlar, osilg‘on gavdalar, to‘kilgan qonlardan boshqa bir narsa ko‘rmaysiz…» (Tilning musiqiyligiga e’tibor qiling).
Lolahardiyol ahvolni, bundan ham ko‘ra dahshatliroq manzaralarni shu qadar chuqur va ta’sirchan izohlaydiki, bu holat yoshlarninggina emas, butun hindiston xalqining izzat-nafsi, oriyatiga qattiq tegadi, nafratini qo‘zg‘atadi. Ahvol bilan yaqindan «tanishmoq uchun ichkariroq kirganda, qochirilgan qizlar, pardasizlangan xotinlar, birbirining etini yegan ochlar, xo‘rliq ko‘rgan buyuklar, so‘kish eshitgan boshliqlarning qonli yoshlari, mungli boshlari, tutunli ohlari, o‘tli ingrashlari oldimizdan yosov tortib o‘tadir. Shu qip-qizil gullar yurtimizning qon yig‘log‘on ko‘zlaridir. Sizdan «ish» kutadir. Shu yam-yashil yog‘ochlar — ulusimizning o‘limi uchun tikilgan motam belgilaridir, sizdan ko‘mak tilaydir. Shu kichkina bulbul ham jon chekishgan kimsalarimizning marsiyasini aytadir. Sizning qonlaringni qaynatmoqchi… Shular orasida tinch turmoq sog‘ona boshinda chog‘ir (ichkilik) ichmakka o‘xshaydir. Shularning ko‘magiga erishmak uchun ishga kirishingiz, tebraningiz».
20-yillardek murakkab bir sharoitda — revolyutsiya g‘alabalarini saqlab qolish uchun hayot-mamot kurashi davom etayotgan bir davrda mehnatkash xalq vakillarining mustamlakachilik siyosatga qarshi jangovar kayfiyatlarini sahnada jonlantirish qanchalar tarbiyaviy ahamiyat kasb etganligi ayon.
«Hind ixtilolchilari» asari bilan Fitrat faqat dramaturg emas, yirik shoir, olim, faylasuf ekanini ham ko‘rsatdi. Obrazlarning oddiy so‘zlari ko‘pincha she’riy ohangda bo‘lib, nasrda nazmdek jaranglab turadi, ulardan hamisha yuraklarni jizillatadigan chuqur bir falsafiy mantiq kelib chiqadi.
Xullas, Oktyabr inqilobidan so‘ng dastlabki yillardayoq o‘zbek sovet adabiyotida deyarli barcha janrlarda keyingi taraqqiyotni ta’min etadigan yetuk realistik zamin yaratildi. Keyingi avlodlarning ijodiy kamolotini busiz tasavvur etish mumkin emas edi. Fitratning «Hind ixtilolchilari», «Abulfayzxon», «Arslon» kabi yetuk sahna asarlari o‘zbek sovet adabiyoti rivojiga keng ko‘lamda ta’sir ko‘rsatdi. Bu va boshqa asarlarida Fitrat shaxs taqdiri vatan taqdiri bilan, hatto jahon taqdiri bilan zanjirday bog‘liq ekanligini badiiy ifodalab berdi. Voqelikni jahon miqyosida idrok etish mana shunday bo‘ladi. Zotan bu har qaysi davr adabiyotining bosh masalasi edi. «Hind ixtilolchilari»da Rahimbaxshi bilan Dilnavoz, Lolahardiyolning uchrashuvidan boshlangan kichik bir voqea katta sotsial, falsafiy umumlashma darajasiga ko‘tariladi. Shuning uchun ham adabiyotimiz rivojidagi an’ana haqida gap ketganda ajdodlarimizning badiiy tajribalari va uning bugungi kundagi ahamiyatiga to‘g‘ri baho berish muhimdir. Adabiyotimiz zaminidagi mazkur jarayonni ko‘rmay turib hozirgi adabiy jarayon tarixini to‘g‘ri tushunib bo‘lmaydi.
«Guliston» jurnali, 1989 yil, 4-son