Abdulaziz Valiyev. Adolat sari ilk qadam (1990)

1989 yil 22 noyabrda SSSR Oliy Soveti «Stalin repressiyasiga duchor bo‘lgan millatlarning konstitutsion haq-huquqlarini kayta tiklash» to‘g‘risida deklaratsiya kabul kildi. Ushbu adolatli hujjatning e’lon qilinishi keyingi yillarda hayotimizda yuz bergan eng muhim siyosiy voqea sanaladi.

Hurmatli jurnalxon! Shu munosabat bilan quyida, 1944 yil ona-yurtidan O‘zbekistonga badarg‘a etilgan krim-tatar xalkining vakili, «Lenin bayrog‘i» gazetasi bosh muharrir o‘rinbosari Abdulaziz Valiyev bilan suhbatni o‘qiysiz.

— Abdulaziz aka, suhbatimizni yaqin o‘tmishdan boshlasak: «1944 yil 18 may tongotarga yaqin payt. Qrim shahri va uni atrofidagi qishloqlar tinch uyquda. Daf’atan mashinalar shovqin-suroni tevarak-atrofni tutib ketadi. Bir necha daqiqalardan so‘ng esa tambalangan darvozalar avtomat qo‘ndog‘ining zarbidan taraqlab ochilib ketadi va askarlarning: «Sovet hukumati va Vatan nomi bilan sizlar Sovet Ittifoqining boshqa rayoniga ko‘chirilasizlar!», degan buyruqona tahdidli ovozi odamlarni uyqudan uyg‘otib yuboradi».

— Besh yoshli bola edim o‘shanda, hamma-hammasi kechagiday yodimda. Bugun yoshim ellikka to‘lganda, o‘ylab ko‘rsam, qrim-tatar xalqi o‘z tarixi mobaynida turli jabr-zulmlarni boshidan o‘tkazgan, ammo hech bir zamonda 1944 yildagiday yoppasiga ona-yurtidan badarg‘a qilinmagan edi.

1944 yilning bahorida Qrim shahri endi nemis-fashistlardan ozod bo‘lgan, aholi yengil nafas olib Qizil Armiyani kirib kelishini intiq kutayotgan edi. Ammo, Qizil Armiyani kutib olish nasib etmadi. 18 may tongotarida Qrim shaharlarini va qishloqlarini soldatlar qurshab olishdi va aholiga 15 minut ichida uy-joylarini tashlab, mashinalarga chiqish buyurildi. Nima voqea ro‘y berganini hali anglab yetmagan odamlar qattiq sarosimaga tushib qolishgan edi. Qurollangan soldatlar uylardan odamlarni oldilariga solib chiqib, mashinalarga chiqarishardi. Nima gapligini so‘rab-surishtirishga uringan yoki adolat talab qilgan kishi shu yerning o‘zida so‘zsiz otib tashlanar edi. O‘sha kuni kechqurun qo‘shni qishloqda yashaydigan xolam emizikli bolasini ko‘tarib biznikiga mehmonga kelgandi. Uning uyida esa to‘rtta yosh bolasi qolgandi. Xolam soldatlarga: «Meni uyimga ketishga ruxsat beringlar, to‘rtta yosh bolam qolgan, chiqsam ham o‘sha yerdan bolalarim bilan birga chiqaman», deya xudoning zorini qilib yig‘lab-yolvorishga qaramay unga ruxsat berishmadi. Oqibatda esa, xolam biz bilan birga O‘rta Osiyoga, to‘rt yosh bolasi Uralga badarg‘a qilindi.

Qisqasi, o‘sha kun ertalab Qrimni ayollarning oh-faryodi, bolalarning chinqirib yig‘lashi tutib ketdi. Odamlarni mashinalarda stantsiyalarga olib kelishdi va yuk tashiydigan vagonlarga joylashtirishdi. Vagonlar iflos, o‘rindiqsiz, buning ustiga har birida yuzdan ortiq kishi joylashtirilganidan zo‘rg‘a nafas olish mumkin edi.

O‘zbekistonga kelguncha bir oy yo‘l bosgan bo‘lsak, poyezd bekatlarda to‘xtaganda hojat uchun ham tashqariga chiqishga qo‘ymas edilar. Bunday og‘ir sharoit va ochlik tufayli ko‘pchilik qirilib ketdi. Ko‘pgina keksalar bunday mudhish ahvolga chidayolmay jinni bo‘lib qolishdi. Ba’zan poyezd bekatlarda to‘xtaganda vagonlardagi o‘liklar yig‘ishtirib olinardi.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Stalin qrim-tatar xalqini nemis-fashistlariga sotqinlikda ayblab shu baloga giriftor etgan ekan. Ajabo, bu ayblov haqiqatga qanchalik to‘g‘ri kelar ekan?! Axir Ulug‘ Vatan urushi yillarida qrim-tatar xalqining 66 ming farzandi qo‘liga qurol olib jangga kirdi. Shundan 22 mingi jang maydonlarida halok bo‘ldi. Bundan tashqari nemislar Qrimni egallab turishganida 12 ming kishi yashirin partizanlar harakati safida bo‘ldi. To‘g‘ri, «o‘rmon bo‘risiz bo‘lmas», degan maqol bor. Ba’zi kimsalar qo‘rqoqlik qilib sotilgan bo‘lishi mumkin. Lekin bitta sotqinni deb butun xalqni qoralash aqlga sig‘maydi-ku?! Buning ustiga o‘sha yillarda faqat qrim-tatar xalqi ona-yurtidan quvilmadi: 1941 yil Volga bo‘yidagi nemis avtonom respublikasi, Gruziyadagi mesxeti turklari, Kavkazdagi bolqar, chechen, kabardinlar ham sotqinlikda ayblanib shunday jazoga maqkum etilgan edi. Hayron qolasan kishi, mesxeti turklar qachon, qayerda sotilib ulgurgan ekan, axir Gruziyaga nemislar qadam bosgani yo‘q-ku?!

«Yunost» jurnalining 1989 yil 8-sonida qrim-tatarlarni Qrimdan ko‘chirishda ishtirok etgan NKVDning sobiq soldati A. Vesinning «Buyruqni bajarib» sarlavqali iqrornomasi e’lon qilindi. Ushbu iqrornomani o‘qib yuragim battar qon bo‘ldi.

«Bu operatsiya — deb yozadi A. Vesin,— o‘z mohiyat e’tibori bilan qech qanday axloqqa to‘g‘ri kelmas edi. Va ko‘p o‘tmay bu operatsiya sahnasida jirkanchli manzaralar namoyon bo‘la boshladi: tuyqusda qo‘pgan falokatdan esi og‘ib qolgan bir kampir cho‘l tomonga qochayotganida soldatlar pulemyotda otib bechorani tilka-pora qilib tashlashdi. Shunga o‘xshash ikkinchi bir dahshatli manzara: yaqindagina gospitaldan qaytgan invalid kishini soldatlar sudrab uyidan olib chiqishdi va xuddi qopdagi undek mashina kuzoviga irg‘itishdi…

Birinchi jahon urushidan so‘ng podsho Nikolay II Rossiyada nemislarga qarshi harakatni keskinlashtirib yuborgan, ammo u nemislarni badarg‘a qilishni o‘ylab ko‘rmagan edi. Faqat Stalin o‘z amalparastligi yo‘lida bunday jaholatga qo‘l urdi».

Ha, haqiqatan ham millatlarni ona yurtidan badarg‘a qilish stalincha siyosat yurg‘izish oqibatida ro‘y bergan mavjud tuzumning o‘ta ayanchli fojialaridan biri edi.

— Abdulaziz aka, qrim-tatar xalqi boy madaniyat, tarix va san’atga ega xalq sanaladi. Ayting-chi, 1944 yil qrim-tatar xalqi ona-yurtidan quvilgandan so‘ng bu sohalarga qanday munosabatda bo‘lib kelindi?

— Stalin umrining oxiriga qadar 1944 yildagi jaholatli buyrug‘iga sodiq qoldi. Qrim-tatar xalqi ona yurtidan quvilgandan keyin ham uning tazyiqi ostida yashadi. Avvalo, qrim-tatarlar O‘zbekiston bo‘ylab tariqday sochib yuborildi, bir-birlari bilan bordi-keldi qilish qat’iy man etib qo‘yildi. Ikkinchi tomondan esa, bizning Qrimda qolgan madaniy boyliklarimiz va tarixiy yodgorliklarimiz ayovsiz yakson qilina boshlandi.

Urushga qadar Qrimda 18 ta rayon gazetasi, bir nechta adabiy-siyosiy va xotin-qizlar jurnallari qrim-tatar tilida nashr etilar edi. Pushkin nomidagi til va adabiyot instituti, mahalliy kadrlar tayyorlaydigan Pedagogika instituti va bitta Universitet hamda mingga yaqin o‘rta maktablar va Yevropaning eng mashhur sahna asarlari qo‘yilgan milliy teatrimiz bor edi. Bularning bari, biz Qrimdan quvilgan kunning o‘zidayoq o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Hanuzgacha, qrim-tatarlarning o‘rta maktabi, milliy teatri, institutlari yo‘q… Bundan tashqari, Qrimda qolgan tarixiy yodgorliklarimiz va qrim-tatar tilida nashr etilgan kitoblar yoqib yuborildi. Yoqilgan kitoblar orasida, urushga qadar qrim-tatar tiliga o‘girilib nashr etilgan marksizm‑leninizm asoschilarining asarlari ham bor edi.

Men ikki yil muqaddam oilam bilan Qrimga — o‘zim tug‘ilgan Qo‘z qishlog‘iga bordim. Qishlog‘imni ahvolini ko‘rib yig‘lab yubordim: biz yashagan uylar allaqachon buzib tashlangan ekan, bu-ku mayli-ya, ammo qishloq chetidagi ota-bobolarimizning xoki qo‘yilgan qabristonni ham buldozer bilan surib tashlashib, o‘rniga hashamatli madaniyat uyi qurilibdi… Onam tug‘ilgan O‘ttiz degan qishloqqa kelganimda yana xuddi shunday mudhish ahvolni guvohi bo‘ldim. Keyinchalik, surishtirib bilsam, bugungi kunda Qrimda bizning birorta qabristonimiz va masjidlarimiz qolmabdi, hammasini buzishib tashlashibdi… Axir, bu qanday axloq normasiga to‘g‘ri keladi?!

— Abdulaziz aka, qrim-tatar xalqi ona yurtidan badarg‘a qilinganiga ham mana sal kam yarim asr vaqt bo‘ldi. Bu o‘tgan vaqt mobaynida qrim-tatar xalqining ilg‘or vakillari adolatni qayta tiklash va Qrimga qaytish uchun tinimsiz kurashib kelishdi. Ammo Stalin va uning siyosati allaqachon barham topganiga qaramay, yaqin-yaqin kunlarga qadar adolatni tiklash yo‘lidagi sa’yi harakatlar «millatchilik», «vatanga qarshi tashviqot» va «ekstremistik» deya baholanib, shunga mos jazo ham qo‘llanildi…

— So‘zimni boshida Moskvadan kelgan quvonchli xushxabarni aytay: kuni kecha SSSR Oliy Sovetida, begunoh repressiya qilingan xalqlarning konstitutsion haq-huquqlarini qayta tiklash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi va bu ijobiy deb topilib, deklaratsiya qabul qilindi. Ushbu deklaratsiyani qo‘lga kiritish bizning xalq uchun oson kechmadi. Chunki bu boradagi kurash o‘sha — ona yurtdan badarg‘a qilingan yilning o‘zidayoq boshlangan edi. Ammo u paytda qanchalik harakat qilmaylik, bari bir foydasiz edi, chunki hali Stalin hayot edi…

Faqat 1956 yilda bizning birinchi delegatsiyamiz shu masala munosabati bilan Moskvaga jo‘nab ketdi. Biroq bu delegatsiyaning talablari oqibatsiz qoldi. Shundan buyon oradan 35 yil o‘tdi. Bu vaqt ichida bizning vakillar bosh suqmagan hukumatning biror idorasi qolmadi… Buning ustiga, ular o‘z xalqining haq-huquqini talab qilib chiqqani uchun «millatchi», «ekstremist», «vatanga qarshi tashviqot olib borgan» degan aybnomalar bilan jazoga tortildi. Jurnalxonlarning xabarlari bo‘lsa kerak, ikki yil burun O‘zbekistonda qrim-tatarlarning ommaviy norozilik namoyishlaribo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda ham matbuot organlari xalqimiz sha’niga xuddi shunday yorliqlarni yopishtirgan edi. Bunday ayblovlarning barchasi yolg‘on, bo‘hton ekanligini bugungi kunda adolatli deklaratsiya isbot etibturibdi.

— SSSR Oliy Sovetining deklaratsiyasi munosabati bilan yaqin orada qrim-tatar xalqi ona yurtiga qaytariladi. Ammo, ayni kunda Qrimda 2,5 mln. Aholi istiqomat qilmoqda…

— Savolingizni tushundim. Avvalo, shuni eslatib o‘tishim kerakki, biz hech qachon Qrimni hozir u yerda yashayotgan aholidan bo‘shatib, so‘ng bizga topshirishlarini talab qilganimiz yo‘q. Agar shunday qilinsa, yangi mushkulliklar kelib chiqishi mumkin. Buning ustiga, o‘tgan yarim asr mobaynida Qrim boshqa millat vakillariga ham vatanday bo‘lib qoldi. Endi qrim-tatar xalqini Qrimga joylashtirish masalasiga kelsak, menimcha, bu yerda o‘ylantiradigan muammoning o‘zi yo‘q. Chunki, yangi ma’lumotlarga qaraganda, Qrimda har bir kvadrat kilometrga 97 kishi to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich Farg‘onada 300 kishini tashkil qiladi. Ana endi o‘zingiz taqqoslab ko‘ring: 97 va 300! Demak, bag‘rikenglik qilishsa hammamizga joy yetadi.

— Biz uzoq yillar «bizda barcha millatlar teng huquqli, baynalmilal do‘stligimiz bunday» deb yetti olamga jar solib keldik. Ammo, bugungi oshkoralik sharofati bilan shu narsa ayon bo‘ldiki, bizda hanuz milliy masala va baynalmilallik tom ma’noda o‘z ifodasini topmagan ekan. Gruziya, Qorabog‘ va Farg‘onada ro‘y bergan qonli voqealar shundan darak beradi. Sizningcha, milliy munosabatlarni mo‘tadillashtirish va haqiqiy baynalmilal do‘stlikni ta’minlash uchun qanday amaliy ishlar qilinishi zarur deb o‘ylaysiz?

— Bugungi kunga kelib milliy masala bunday keskin tusga kirishi, hatto xalqlar o‘rtasida qirg‘inbarot qon to‘kishgacha borib yetishi o‘tmishda yo‘l qo‘yilgan xatolarning oqibati, deb bilaman. Buning ildizi 30-yillarda amalga oshirilgan milliy chegaralanishga borib taqaladi. Undan keyin Stalin millatlar ustida yurgizgan yovuz siyosat va 60-yildan to 80-yillargacha davom etgan turg‘unlik, loqaydlik millatlarni butunlay boshi berk ko‘chaga olib kirib qo‘ydi. Yana bir hol, keyingi turg‘unlik yillarida ildiz otgan shaxslarning tabaqalanishi ham milliy munosabatlarning battar keskinlashishiga xizmat qildi. Jamiyatning ko‘pgina boyliklarini o‘z qo‘llariga jamlab olgan bunday shaxslar, odatda, partiya va sovet organlarini boshqarishar edi.

Meni tashvishga soladigan boshqa bir narsa: bugungi kunda milliy nizolarni hal etishda qo‘llanayotgan chora-tadbirlardir. Masalan, Farg‘onada o‘zbeklar va mesxeti turklar o‘rtasida ro‘y bergan qonli voqealarni bartaraf etishda qo‘llanilgan vositalarni olib ko‘raylik. Farg‘onada bu voqealar boshlangan kezdayoq komendantlik soati joriy etildi, mesxeti turklar olib chiqib ketildi, Markaziy matbuotda turli xil bo‘hton‑ig‘volar bilan to‘la maqolalar e’lon qilindi va, nihoyat, bugun yuzlab kishilar aybdor deb topilib, qamoq jazosiga hukm qilinmoqda. Tamom, vassalom… Ammo bu voqealarning sotsial ildizlari haqidagi savollar javobsiz qolmoqda. Axir, 70 yildan buyon kommunistik tarbiya ko‘rgan xalq bekordan-bekorga ko‘chaga mitingga chiqmaydi-ku?

So‘zimning oxirida shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, milliy munosabatlarni oqilona hal etish, haqiqiy baynalmilal do‘stlikni vujudga keltirish uchun avvalo so‘z va ish birligi amalda to‘la o‘z aksini topishi lozim. Ikkinchidan, jamiyatimizda millatlarning konstitutsion haq-huquqlari himoya qilinishiga alohida e’tibor berilishi kerak.

— Ma’lumki, o‘tgan 50 yil vaqt ichida O‘zbekiston qrim-tatar xalqiga ona vataniday bo‘lib qoldi. Ayniqsa, o‘zbeklar bilan qrim-tatarlar o‘rtasida chuqur ildiz otgan do‘stlik vujudga keldi. Bu ikki xalq bir-biriga qiz uzatib, kelin olib quda-anda bo‘lishdi. Qrim-tatarlar o‘z yaqinlarining jasadini shu tuproqqa qo‘yishdi. Endi sizga shunday savol bilan murojaat qilmoqchiman: O‘zbekiston va bu yurtning odamlari haqidagi fikrlaringizni o‘rtoqlashsangiz.

— O‘zbeklar bilan qrim-tatarlar o‘rtasidagi do‘stlik 1944 yildagi mudhish voqeadan so‘ng paydo bo‘lgani yo‘q. Bu ikki xalq bitta turkiy oilaning farzandlari, dini, milliy urf-odatlari va hatto tili bir-biriga yaqin. Endi bu ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsak, bu do‘stlikning ildizi ming yil nariga borib taqaladi. Biz uzoqqa bormay, XIX asr oxiri XX asr boshlariga murojaat qila qolaylik: qrim-tatar xalqining buyuk farzandi Ismoil Gasprinskiy nashr ettirgan «Tarjimon» gazetasi turkiy qavmlar orasida ma’rifatchilik g‘oyalarini targ‘ib etishda muhim rol o‘ynagan. Jumladan, Turkistondagi jadidlar Ismoil Gasprinskiyning ma’rifatchilik g‘oyalaridan ilhomlanib, yangi usuldagi maktablar ochishgan.

Hamza Hakimzoda Niyoziy 1914 yil I. Gasprinskiyning o‘limi munosabati bilan «Sadoyi Farg‘ona» gazetasida «Vafot kuni» sarlavhali maqolasini hamda marsiya she’rini e’lon qiladi. Yoki mashhur turkshunos olim va iste’dodli shoir Bekir Cho‘ponzodaning ijodiy faoliyati ham O‘zbekiston bilan chambarchas bog‘liqdir. B. Cho‘ponzoda Alisher Navoiy ijodini Rossiyada targ‘ib etishni birinchilardan bo‘lib boshladi. U «Husayn Boyqaro devoni», «Alisher Navoiy tili va tilshunoslik» kabi o‘nlab maqolalarini rus tilida e’lon qildi. B. Cho‘ponzoda 30-yillarda o‘zbek tilining rivoji bilan jiddiy shug‘ullandi. Farg‘ona va Buxoro pedagogika institutlarining o‘zbek tili kafedrasiga mudirlik qildi. O. Sharofiddinov, V. Zohidov, V. Abdullayev, S. Xo‘jayev kabi olimlar B. Cho‘ponzodaning shogirdlari sanaladi.

Bunday misollarni o‘nlab keltirish mumkin. Endi 1944 yildagi voqea to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsak, bizni aynan O‘zbekistonga badarg‘a qilishlari biz uchun baxtli tasodif edi. Ma’lumki, o‘tgan yarim asr mobaynida qrim-tatar xalqining diniy e’tiqodi, milliy urf-odatlari qattiq ta’qib ostiga olinib kelindi. Tilni rivojlantirish, bu tilda asarlar yozish, bolalarni o‘qitishni amaldagi ijrosi deyarli bo‘lmadi. Ammo bunday mushkulliklarga qaramay, qrim-tatar xalqi butunlay manqurtga aylanib qolgani yo‘q. O‘zbek xalqi bilan diniy e’tiqodimizni, milliy urf-odatimizni, tilimizni yaqinligi o‘zligimizni saqlab qolishda muhim vosita bo‘ldi. Mana shuning o‘zi uchun o‘zbek xalqiga qanchalik minnatdorchilik bildirsak kam.

Endi bu yurtning odamlari haqida o‘z hayotimda ro‘y bergan bir voqeani aytib bermoqchiman: 1944 yil biz oyim bilan ikkimiz Samarqand viloyatining chekka bir qishlog‘iga kelib tushdik. Qishloq odamlari bizni iliq qarshi olishdi. Biz Nomoniyoz bobo degan cholning hovlisida yashay boshladik. Oyim — Habiba opa bu yerga kelganimizdan keyin qishloqdagi kasallarga qaray boshladi. 1964 yil men xizmat taqozosi bilan Toshkentdan hovli sotib oldim va oyimni ham ko‘chirib olib kelgani Samarqandga bordim. Bizni kuzatgani butun qishloq ko‘chib chiqdi. Ayollar oyimni bag‘rilariga bosib, «o‘rtamizda yaxshi-yomon gap o‘tgan bo‘lsa, rozibo‘ling, Habiba opa», deyishib ho‘ng-ho‘ng yig‘lashar edi.

Biz hovlisida 22 yil yashagan Nomoniyoz bobo meni Toshkentdan hovli sotib olganimga negadir ishonqiramay, biz bilan birga Toshkentga keldi. Nomoniyoz bobo, men sotib olgan hovlini ko‘rgach, ko‘ngli xotirjam tortdi va uyga kirib namoz o‘qib bizga oq fotiha bergach, yana Samarqandga qaytib ketdi. Mana, o‘zbeklar qanday xalq!

Biz Qrimga jo‘nab ketganimizdan so‘ng ham bir oyog‘imiz O‘zbekistonda bo‘ladi. Bu tuproqda jigargo‘shalarimizning jasadi qo‘yilgan. Biz Qrimning tuprog‘idan olib kelib, ularning qabri ustiga sepamiz, O‘zbekiston bilan Qrimning tuprog‘i omuxta bo‘lib ketsin…

— Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.

Suhbatdosh: Shodiqul Hamroyev

“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 2son