Nuriddin Muhitdinov. Usmon Yusupov (1992)

Ko‘plar Usmon Yusupovning millati va ijtimoiy kelib chiqishi bilan qiziqishadi. Uning onasi Oyniso opa — o‘zbek, toshloqlik hunarmand-to‘quvchining qizi bo‘lgan. Otasi Yusuf aka esa — tojik, Kaptarxonadagi vaqf yerda batraklik qilgan. Usmon Yusupov 1900 yilda tug‘ilgan. Ota-onasi farzandimiz xalifa Usmonday aqlli, dono bo‘lsin, oilamizga baxt va farovonlik keltirsin, degan yaxshi niyat bilan unga Usmonjon deb ism qo‘yishdi.

Yusuf aka 1916 yilda oilasi bilan Qovunchiga (hozirgi Yangiyo‘l shahri) ko‘chib keladi. Usmon shu yerdagi paxta zavodida oddiy ishchi bo‘lib ishlay boshlaydi.

1923 yilda Usmon Anastasiya Bolshakovaga uylandi. Ikki yildan keyin oila o‘g‘il ko‘rib, ismini Asqar (Leonid) qo‘ydi. Lekin Usmon bilan Anastasiyaning turmushlari bo‘lmadi. Asqar yaqinda Moskvada vafot etdi. U tarix fanlari doktori, SSSR Fanlar akademiyasi tarix institutining professori edi.

1929 yilda Usmon ukrain qizi, komsomol faoli Yuliya Stepanenkoga uylanib, umrining oxirigacha u bilan birga yashadi. Er-xotin besh farzand ko‘rishdi. Hozir xalq xo‘jaligining turli sohalarida mehnat qilayotgan bu farzandlarining tomirida o‘zbek, tojik va ukrain xalqlarining qoni bor.

Usmon Yusupov hayoti mobaynida amalga oshirgan eng so‘nggi tadbir agrosanoat kombinatining direktori sifatida O‘zbekistonda o‘tgan belorus adabiyoti va san’ati o‘n kunligida qatnashgan Belorussiya delegatsiyasini 1966 yil 24 aprelda qabul qilgani bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, delegatsiya a’zolaridan to‘rt kishi urush yillari Toshkentga evakuatsiya qilingan bo‘lib, O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining o‘sha paytdagi birinchi kotibini yaxshi bilishar ekan. Mehmonlar Xalqoboddagi bog‘da kun bo‘yi bo‘lishib, o‘ynab-kulib, dam olib ketishdi.

Ikki kundan keyin yuqoridan bir do‘kay qo‘ng‘iroq qilib, Usmon Yusupov sha’niga haqoratomuz so‘zlar aytdi. U qattiq iztirobga tushib, kechasi bilan uxlay olmadi. 26 aprel kuni kechqurun insult boshlanib, o‘ng qo‘li va oyog‘i shol bo‘lib, tildan qoldi. To‘shakda o‘n kun qimirlay olmay yotdi. Shifokorlar, xotini va farzandlari butun choralarni ko‘rishganiga, bemorning o‘zi ham harakat qilganiga qaramay, qo‘l-oyog‘ini qisman bo‘lsa-da qimirlata olish, so‘zlash qobiliyatini biroz bo‘lsa-da tiklash imkoniyati bo‘lmadi.

Toshkentdagi zilzila munosabati bilan 27 aprelda L. I. Brejnev va A. N. Kosigin O‘zbekiston poytaxtiga kelishdi. O‘shanda ular Mirzacho‘ldagi yangi davlat xo‘jaliklarida ham bo‘lishib, Usmon Yusupovning hovlisi yonidan o‘tib ketishgan edi. Lekin o‘zlari yaxshi bilgan, yonma-yon ishlashgan, partiya Markaziy Qo‘mitasi a’zosi, SSSR Oliy Kengashi deputati, O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining birinchi kotibi bo‘lgan Usmon Yusupovning oldiga birrov kirib, holidan xabar olishni, ko‘nglini ko‘tarishni, qanday yordam kerak, deb so‘rashni lozim topishmadi.

6 mayda — Usmon aka ko‘z imosi va sog‘lom qo‘li bilan butun oila a’zolarining to‘planishini iltimos qildi. Ularning hammasi karavot atrofiga kelib o‘tirishganda, butun kuchi, irodasini ishga solib, gapirishga harakat qildi, lekin bir og‘iz ham so‘z aytolmadi. Shundan keyin u chap qo‘lini ko‘tardi-da, barmoqlarini jamlab musht qilib, hammaga ko‘rsatdi — bu uning, bir bo‘lib, hamjihatlik bilan yashanglar, degani edi… Keyin panjasini yoyib, yuziga asta fotiha tortdi — bu uning, men tamom bo‘ldim, hayotdan ketayapman, degani edi… U yuzidan kaftini olganida bolalari ho‘ngrab yig‘lab yuborishdi…

Bir kundan keyin, 1966 yil 7 may soat 11.30 da Usmon Yusupov hayot bilan vidolashdi.

Kunning ikkinchi yarmida Yangiyo‘lga O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi byurosining Sh. R. Rashidov boshliq a’zolari kelishib, marhumning oila a’zolariga ta’ziya bildirishdi. Yuliya Leonidovna, Usmon Yusupovich yotib qolishidan bir necha kun avval sog‘ligi yomonlashayotganligini oldindan sezib, O‘zbekiston rahbarlariga oxirgi iltimosimni yetkazgin: meni Kafanov maydoniga, uzoq vaqt birga ishlashgan do‘stlarim — Yo‘ldosh Oxunboboyev, Sobir Rahimov, Sergey Yemtsov, Hamid Olimjon, Abram Brodskiyning yoniga dafn etishsin, deb iltimos qilganligini aytdi. Biroq rahbarlar o‘zaro maslahatlashib, bu mumkin emasligini, uni taniqli kishilar yotgan Chig‘atoy qabristoniga dafn etish maqsadga muvofiqligini ma’lum qilishdi.

8 may kuni ertalab dafn komissiyasining a’zolari kelishdi. Yuliya Leonidovna ko‘zida yosh bilan yana ularga murojaat etib, erining so‘nggi iltimosi haqida gapirdi. Yana rad javobini oldi. Shundan keyin u boshqa xonaga kirib, bolalarini yig‘di va otalarining so‘nggi vasiyatini jumhuriyat rahbarlariga yetkazganligini, lekin ular bu ishga rozi bo‘lmaganliklarini aytdi. «Ular otangizni Kafanov maydoniga dafn etilishiga e’tiroz bildirishayalti, Chig‘atoy qabristonini taklif qilishayapti, — dedi ona. Uning so‘nggi iltimosini bajarolmaganimdan vijdonim qiynalayapti. Nima qilsam ekan?» O‘g‘il va qizlar yig‘lab, onalarini rozi bo‘lishga ko‘ndirishdi.

Tobutni Toshkentga olib kelib, xayrlashish uchun «Bahor» kontsert zaliga qo‘yishdi. Chig‘atoy (hozir Farobiy) qabristoniga, Hamroqul Tursunqulov bilan yonma-yon dafn qilishdi…

* * *

Usmon akaning 66 yillik hayoti qanday o‘tdi? U nimalarni qilishga ulgurdiyu, nimalarga ulgurmadi, qanday yutuqlarga erishdiyu, qanday. xatoliklarga yo‘l qo‘ydi? Tarixga qanday inson bo‘lib kirdi? Bu haqda ko‘p kishilar yozgan va gapirgan.

Men ham Usmon Yusupovni juda yaxshi bilardim. Menga partiya ishiga yo‘llanma bergan shu kishi bo‘ladi. Biz u bilan uzoq vakt birga ishlashdik va so‘nggi kungacha do‘stona munosabatda bo‘lib keldik. Shu boisdan uning hayoti va faoliyati hakida bir-ikki og‘iz so‘z aytishni o‘zim uchun ham qarz, ham farz bo‘lgan insoniy burchim,deb bilaman.

Usmon Yusupovich bilan men birinchi marta 1939 yilda O‘zbekiston komsomolining Toshkentda bo‘lib o‘tgan s’ezdida so‘zlashganman. U majlislar orasidagi tanaffusda viloyatlarning vakillari bilan suhbatlashdi.

O‘sha paytda men Moskvadagi savdo institutini bitirib kelib, Buxoro viloyat matlubot uyushmasining kadrlar bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari hamda o‘quv kombinati mudiri bo‘lib ishlardim. Buidan tashqari, viloyat partiya qo‘mitasining shtatsiz lektori edim. Buxoro viloyat komsomol konferentsiyasida jumhuriyat komsomoli s’ezdiga delegat etib saylangandim.

Usmon Yusupovich Buxorodan kelgan delegatlar bilan uchrashuvda joylardagi ishning ahvoli bilan qiziqdi, oldinda turgan dolzarb vazifalar haqida gapirib, maslahatlar berdi.

Tashkiliy masalalar ko‘rilayotganda, u delegatsiyalarning rahbarlarini nomzodlarni muhokama qilish uchun chaqirdi. S’ezdda bir notiq O‘zbekiston LKSM Markaziy Ko‘mitasi birinchi kotibi Fotima Yo‘ldoshboyevani tanqid qilib, uni ijtimoiy kelib chiqishini yashirgan, otasi katta boy bo‘lgan, deb aybladi.

Delegatsiyalar rahbarlari bilan uchrashuvda u ko‘ziga yosh olib, otam oddiy dehqon bo‘lgan, men uch yoshligimda vafot etib ketgan, deb ishontirishga harakat qildi. Biz, bir necha kishi uni qo‘llab-quvvatlab, nomzodi qo‘yilishini taklif etdik. Usmon aka bu taklifga moyillik bildirdi. Lekin qarshi kishilar o‘z so‘zlarida qattiq turib, Yo‘ldoshboyevaning nomzodini ko‘rsatmaslikni talab qilishdi. O‘sha paytdagi vaziyatni hisobga olib, ko‘pchilik bu taklifga rozi bo‘ldi. Tekshiruvda esa Fotima Yo‘ldoshboyeva to‘g‘ri gapirganligi ma’lum bo‘ldi. Shundan keyin bu ayol Qo‘qon shahar partiya qo‘migasining birinchi kotibi, O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Ko‘mitasining targ‘ibot bo‘yicha kotibi lavozimlarida ishladi.

Fotima Hamidullayevna Yo‘ldoshboyeva G‘afur G‘ulom, Maqsud Shayxzoda, Hamid Olimjon va boshqalar qatori o‘zbek xalqining Ulug‘ Vatan urushi frontlaridagi o‘zbekistonlik jangchilarga yozgan va ikki milliondan ortiq kishi imzo chekkan, urushning eng og‘ir kunlarida oddiy askar va ofitserlarning ruhi va jangovarligini oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan mashhur maktubning mualliflaridan sanaladi. Bundan tashqari, F. Yo‘ldoshboyeva 1943 yilda jangchilarga sovg‘a-salom eltgan O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida frontga borgan. Urushdan keyingi yillarda esa ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanib, Sovet-Afg‘on munosabatlari tarixi mavzuida nomzodlik dissertatsiyasi yoqladi. Toshkent chet tillar institutining rektori, Toshkent Davlat dorilfununi sharq fakulteti eng yangi tarix kafedrasi dotsenti bo‘lib ishlab, 1983 yilda 72 yoshida vafot etdi.

O‘zbekiston komsomoli s’ezdi tugagach, biz ish joylarimizga jo‘nab ketdik. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, o‘sha yilning noyabr oyida Buxoro viloyat partiya qo‘mitasining birinchi kotibi Xalil Turdiyev komsomol faollari bo‘lgan bizlardan o‘n besh nafarimizni huzuriga taklif qildi. U xalqaro ahvol murakkabligi, chegaralarimizda vaziyat keskinlashayotganligi, harbiy qismlardagi ommaviy-siyosiy ishlarga ko‘ngilli ravishda komsomol faollaridan bir nechtasini yuborish maqsadga muvofiqligi haqida gapirdi. Biz, bir necha yigit o‘sha yerning o‘zida harbiy xizmatga borish haqida ariza yozdik. Harbiy xizmatga Buxorodan 1939 yilning oxirida jo‘nab ketib, 1946 yil boshida qaytib keldim. Ulug‘ Vatan urushining birinchi kunidan oxirigacha frontda bo‘ldim.

Mening harbiy xizmatdan bo‘shab, O‘zbekistonga qaytishim ham Usmon Yusupovichning tashabbusi bilan bog‘liq.

Gap shundaki, urush tugagach, 1945 yilning yozida u bir nechta ofitserni partiya va sovet tashkilotlaridagi ishlarda foydalanish uchun harbiy xizmatdan bo‘shatishni iltimos qilib, I. V. Stalinga murojaat etdi (ularning ro‘yxati ham tavsiya etildi). Iltimos qondirildi. Bu ofitserlar harbiy xizmatdan qaytishlari bilan darhol turli lavozimlarga tayinlandilar.

Men o‘sha yilning noyabr oyida Toshkentga bir haftalik ta’tilga keldim. Bu paytda men chet elda edim, alohida maqsadlardagi operativ harbiy gruppaga rahbarlik qilardim.

O‘sha paytda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri bo‘lib ishlagan yoshlikdagi do‘stim Yoqub Aliyev meni Usmon Yusupovning oldiga olib kirdi. U bafurja suhbatlashgach, menga O‘zbekistonga qaytishni taklif qildi, bu haqda kamina xizmat qilayotgan front qo‘mondoniga xat yozadigan bo‘ldi. Shunday qilib, men 1946 yilning boshida Toshkentga qaytdim.

Ikkinchi kuni meni O‘zbekiston Kompartiyasi Markazii Qumitasining targ‘ibot bo‘yicha kotibi M. G‘. Vahobov qabul qildi. U Yo. Aliyev va men uchovlashib Usmon Yusupovning xonasida bo‘ldik. U ta’rifnoma, buyruq va boshqa hujjatlarim bilan tanishgach, Mavlon G‘afforovichga meni O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi lektori va Oliy partiya maktabi o‘qituvchisi etib rasmiylashtirishni taklif qildi.

Yangi ishimda oq yo‘l tilayotib, shunday dedi: «Sen armiyada va o‘qishda to‘plagan bilim va tajribalaringdan kelib chiqib, partiyaviy-targ‘ibot ishlariga ixtisoslashmog‘ing kerak». Keyin qo‘limni qisib, yangi ishimda muvaffaqiyat tiladi.

Shunday qilib, Usmon Yusupovich xonasiga ofitser sifatida kirib, partiya xodimi bo‘lib chiqdim.

Rahbarning faoliyatida, ko‘pgina jihatlaridan tashqari, muhim bir omil — psixologik tomoni bor. Uni obro‘si ko‘p jihatdan birinchi darsi bilan belgilanadigan muallimning ilk qadamiga taqqoslash mumkin. Bolalar juda ta’sirchan, sezgir bo‘lishadi. O‘qituvchini sinfda birinchi bor ko‘rishganda, uni tinglab, kuzatib, u haqda o‘z fikrlariga ega bo‘ladilarki, bu uzoq vaqt o‘quvchi bilan o‘qituvchi o‘rtasidagi munosabatni belgilab beradi.

Bu o‘rinda bevosita o‘xshashlik bo‘lmasa-da, lekin partiya rahbari bilan ham xuddi shunday holat yuz beradi, deyish mumkin. Rahbarning obro‘si, ta’siri, mehnatkashlarning u haqdagi fikri, ko‘p jihatdan u ishga qanday kirishishiga bog‘liqdir.

Usmon Yusupov O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Ko‘mitasining birinchi kotibi bo‘lgach, avvalo o‘lka hayotining eng muhim muammosi — suv xo‘jaligi bilan shug‘ullandi. U dehqonlarning tashabbusini ma’qullab, qo‘llab-quvvatladi, partiya tashkilotini, xalq ommasini katta suv uchun kurashga ko‘tardi.

Bir yildan keyin jamoa va davlat xo‘jaliklarida, tumanlarda va viloyatlarda mahalliy sug‘orish tarmoqlari qurish bo‘yicha hashar kengayib ketdi. 1939 yilda 270 kilometr uzunlikdagi Katta Farg‘ona kanalining tarixda misli ko‘rilmagan muddatda — 45 kun davomida hashar yo‘li bilan qurib bitkazilishi xalq ommasini, ijodiy ziyolilarni ilhomlantirdi, ulardagi mehnat tashabbuskorligini jo‘shtirdi, jumhuriyat, partiya va shaxsan Usmon Yusupovning mamlakatdagi, chet ellardagi obro‘ va e’tiborini oshirdi.

O‘sha yili O‘zbekiston SSRning 25 yilligi munosabati bilan va sug‘orishni, paxtachilikni hamda xalq xo‘jaligining boshqa sohalarini rivojlantirishdagi yutuqlari uchun O‘zbekiston Lenin ordeni bilan mukofotlandi, bir necha ming mehnat ilg‘ori qam orden va medallar bilan taqdirlandi.

Ma’lumki, murakkab, favqulodda vaziyatlarda insonning irodasi, axloqiy, ma’naviy fazilatlarigina emas, balki g‘oyaviyligi, e’tiqodi, samimiyati ham sinovdan o‘tadi. Urushning dastlabki yillari Rossiya, Ukraina va Belorussiyaning bir qator viloyatlaridan O‘zbekistonga urush tufayli ota-onasidan ayrilgan 250 ming bola,          270 ta yirik zavod, fabrika va korxona, 700 ga yaqin ilmiy muassasa, oliy o‘quv yurti, badiiy jamoalar ko‘chirib keltirildi. Bularga munosabat mahalliy rahbar xodimlar va aholi uchun sinov bo‘ldi.

Qisqa fursatda har bir korxona uchun ishlab chiqarish maydoni topib, uskunalarni o‘rnatib, front uchun mahsulot tayyorlashni yo‘lga qo‘yish oson bo‘lmadi. Jang bo‘layotgan mintaqalardan ko‘chirib keltirilgan bolalarga, ishchilar, injener-texnik xodimlarga, fan, adabiyot, san’at arboblariga va ularning oilalariga boshpana topish, mehnat va ijod qilish uchun shart-sharoit yaratish yanada murakkabroq bo‘ldi.

Bu masalalar O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi byurosida muhokama qilinganda, barcha kishilar jumhuriyatga vaqtinchalik kelayotganlarni mehmondo‘stlik bilan kutib olish lozimligini ta’kidlashdi, faqat ayrim kishilargina turar joy, oziq-ovqat yetishmasligi, boshqa imkoniyatlar tsam cheklanganligi haqida gapirishdi. Shunda Usmon Yusupov hamma baynalmilalchiligini namoyish qilishi zarurligini aytib, bunday bahonalarni rad etdi. Evakuatsiya qilinganlarni qabul etish bo‘yicha bir nechta komissiya tuzildi. O‘zbekiston aholisi kelayotganlarga samimiy munosabat bildirdi. Ularni o‘z tug‘ishganlariday qabul qilib, boshpana, oziq-ovqat, kiyim-kechak berishdi.

Urushning og‘ir kunlaridan birida Usmon Yusupov shahar atrofidagi tumanlar partiya qo‘mitalari birinchi kotiblarini huzuriga taklif qildi. Hammasini avtobusga o‘tqazib, zavodlarga olib bordi. Korxonalarda bo‘lishganda U. Yusupov birinchi navbatda oshxonaga kirib, ishchilar uchun tayyorlangan ovqatdan tatib ko‘rdi, tuman partiya qo‘mitalari birinchi kotiblaridan ham shunday qilishni talab etdi. Hamma umumiy ovqatlanish yomon yo‘lga qo‘yilganiga, ko‘chib kelgan ishchilarga durust g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmayotganligiga ishonch hosil qildi.

Maishiy muassasalar, turar joy va boshqa sharoitlarni ham ko‘zdan kechirishdi. Har bir tuman ma’lum bir korxonaga biriktirildi. Har bir ishchi jamoasiga iloji boricha g‘amxo‘rlik ko‘rsatish lozimligi, ularning yashashi va mehnat qilishlari uchun birinchi kotib shaxsan javobgarligi alohida ta’kidlab o‘tildi.

Urush yillari Toshkent samolyotsozlik ishlab chiqarish birlashmasiga direktorlik qilgan, urushdan keyin esa Moskvada ishlab, 1989 yilda 85 yoshida vafot etgan Afanasiy Mixaylovich Yarunin menga boshqa bir voqeani hikoya qilib bergandi.

— Korxonamiz 1941 yilning kuzida Toshkentga ko‘chirib keltirilgach, bir necha kundan keyin Yusupovning qabuliga bordim, — degan edi u. — U menga peshvoz chiqib, oliy himmat mezbonday qo‘sh qo‘llab so‘rashdi. Men zavod tsexlari qayerlarga va qanday joylashtirilganligini, korxonada qancha odam borligini, qanday yordam zarurligini gapirdim. Usmon Yusupovich, turar joydan ham, oziq-ovqatdan ham, odamlardan ham yordam beramiz, — dedi. Men:

— Rahmat, Usmon Yusupovich, to‘g‘risi, bunday qabul qilishingizni kutmagandim. O‘zingizga ma’lum, bu yoqda urush ketayapti, har kimning tashvishi o‘ziga yetarli, — dedim.

Yusupov jilmaydi. Suhbat oxirida yelkamdan quchib, kutilmaganda dedi:

— Ertaga bizda qurultoy ochiladi. Sizni taklif qilaman, Afanasiy Mixaylovich!

Men unga biroz hayron bo‘lib qaradim. Kotib hazillashayapti shekilli, — deb o‘yladim ichimda, — zavodda ishlar boshdan oshib-toshib yotgan bo‘lsayu, men majlisda o‘tirsam.

Yusupov esa fikrimni uqqanday:

— Albatta, keling, — dedi jilmayib, — afsuslanmaysiz.

Ertasi kuni qurultoyga bordim, ochig‘i, bu ishni sof diplomatik mulohaza bilan qildim — mahalliy rahbarlar bilan o‘zaro munosabatda kibr-havoga berilmaslik kerak, deb o‘yladim.

Qurultoy prezidiumida odob saqlab o‘tirdim. Yusupov meni viloyat, tuman miqyosidagi rahbarlar, ilg‘or jamoa xo‘jaliklarining raislari, davlat xo‘jaliklarining direktorlari bilan tanishtirdi. Xullas, o‘shanda butun xayolim zavodda, ishlab chiqarish jo‘sh urayotgan, stanoklar ochiq maydonlarda ishlayotgan joyda bo‘lishiga qaramay, ikki kun qimirlamay majlisda o‘tirishimga to‘g‘ri keldi. Ishchilar esa u yerda yomg‘ir quyib turgan sharoitda birinchi harbiy tayyorani yig‘ishdi.

Yusupov meni qurultoyga taklif etib naqadar dono ish qilganligini esa keyinroq tushundim. 1942 yilning qishi Toshkentda dahshatli bo‘ldi. Mamlakatning g‘arbiy tumanlaridan yuzlab korxonalar, ming-minglab bolalar, yaradorlar ko‘chirib keltirildi. Markazdan g‘alla kelishi esa to‘xtadi. Qolaversa, juda qisqa paytda buncha miqdordagi odamlar oqimini boqishga yetadigan oziq-ovqatni g‘amlash uchun oldindan hisob-kitob qilishning hech bir iloji yo‘q edi. Bu masalada samolyotsozlik zavodi ham boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Oxiri ishchilarimizni boqish uchun hech vaqo qolmadi.

Ruhim cho‘kkan holda Markaziy Qo‘mitaga bordim, nainki, shahardagi umumiy ahvol menga besh qo‘lday ma’lum edi. Oziq-ovqat birinchi navbatda bolalar va yaradorlarga berilardi, ularga ham yetmayotgan edi.

Biroq Yusupov meni yaxshi qabul qildi. Gaplarimni diqqat bilan tinglagach, dedi:

— Bugunoq Samarqandga borgin. Ibrohimovni eslaysanmi, men seni u bilan qurultoyda tanishtirganman? O‘shanga murojaat qil, u albatta yordam beradi. O‘zbek xalqining yaxshi bir odati bor, kishini tanisa, yaxshiligini bilsa, boshiga kulfat tushganida hamisha yordamini ayamaydi, so‘nggi burda nonigacha beradi.

Yusupov haq bo‘lib chiqdi. Samarqanddan uch vagon oziq-ovqat olib keldim. Bu bizga pishiqchilikka yetib olish imkonini berdi.

Jumhuriyatdagi barcha sanoat korxonalari front ehtiyojlari uchun mahsulot ishlab chiqaradigan qilib qayta jihozlandi. Bir necha oy mobaynida butun O‘zbekiston frontga oddiy miltiq o‘qidan tortib, tayyoragacha, parashyutdan tortib, minagacha yetkazib beradigan harbiy aslahaxonaga aylantirildi. Bu yerda ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek ust-bosh va poyabzalning asosiy qismi ham harbiy qismlarga yuborila boshlandi. Yigitlarning qariyb hammasi frontga jo‘nab ketishdi yoki harbiy korxonalarda mehnat qila boshlashdi. Jang maydonlarida o‘zbekistonlik 600 ming yigit halok bo‘ldi.

O‘zbekiston mehnatkashlari o‘z vatanparvarlik burchlarini ana shunday bajarib, german fashizmi va yapon militarizmi ustidan qozonilgan g‘alabaga salmoqli hissa qo‘shdilar. Tabiiyki, barcha ishlarni O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi va jumhuriyat hukumati tashkil etdi va rahnamolik qildi.

Partiya ishidagi asosiy bo‘g‘in — kadrlardir. Ularni tanlash, joy-joyiga qo‘yish va foydalanish, talabchanlikni g‘amxo‘rlik bilan qo‘shib olib borish, muntazam e’tibor berib, xatti-harakatlarini xolisonillo baholash, lozim bo‘lgan paytlarda kadrlarni tuhmatdan, obro‘sizlanishdan saqlab, avlodlarning biri ikkinchisining o‘rnini egallashini, davomiyligi va birligini ta’minlash eng muhim vazifa sanaladi.

Biz shu bilan faxrlanamizki, jumhuriyatimizda 30-yillardagi, 40—50-yillardagi qatag‘on, urushdagi katta yo‘qotishlarga qaramay, yuzlab va minglab halol, sadoqatli, mehnatsevar, obro‘li rahbar xodimlar yetishib chiqdi. Agar o‘sha davrdagi viloyat partiya qo‘mitalari birinchi kotiblarini eslaydigan bo‘lsak, birinchi navbatda Malik Abdurazzoqov, Murod Jo‘raboyev, Sergey Konstantinovich Yemtsov, Sobir Kamolov, Tursun Qambarov, Abdurazzoq Mavlonov, Nosir Mahmudov, Karim Muqimboyev, Orzi Mahmudov, Mansur Mirzaahmedov, Nor Yoqubov, Nuriddin Murodov, Qayum Murtozoyev, Siroj Nuriddinov, Pirjon Seitov, Xalil Turdiyev, Konstantin Konstantinovich Shubladze va boshqalarni tilga olish mumkin. Ular hammasi barcha bilim, tajriba va kuch-quvvatlarini xalq ishi uchun sarflab, dunyodan o‘tib ketishdi, o‘zlaridan yaxshi nom qoldirishdi.

Biz, partiya, urush va mehnat faxriylari, 40—50-yillarning kadrlari tez-tez to‘planib, o‘sha davrlarda qanday mehnat qilganligimizni, yashaganligimizni eslaymiz. Keyingi yillarda ba’zi rahbarlarning buzilishi, poraxo‘rga, qo‘shib yozuvchiga aylanishi oqibatida ho‘lu quruq baravar yonib, minglab halol xodimlar va ularning oila a’zolari hibsga olinganligiga, jismonan va ma’nan toptalganiga chin yurakdan achinamiz va bunday g‘ayri qonuniy, xalqimiz sha’niga dog‘ tushirishi mumkin bo‘lgan voqealar ortiq takrorlanmasligi uchun jumhuriyatda olib borilayotgan tadbirlarda holi-qudrat ishtirok etayapmiz.

Kadrlarga qanday munosabatda bo‘lish va ularni qanday avaylash lozimligi xususida bir misol keltiraman.

Jamil Akramov SAKUni (O‘rta Osiyo Kommunistik dorilfununi) bitirgandan keyin Pahtgaobod tuman partiya qo‘mitasiga ikkinchi kotib etib saylandi. Birinchi kotib Elmurodov admalganidan keyin, uni ham turli xil gunohlarda ayblay boshlashdi. U Usmon Yusupovga murojaat qilib, tekshiruv o‘tkazishni iltimos qildi. Markaziy Qumitaning tumanga kelgan mas’ul tashkilotchisi Ibrohimov boshliq komissiya masalani har tomonlama o‘rgangach, Akramov ishda bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligini lekin jinoyat, lavozimini suiiste’mol qilmaganligini aniqladi.

Shundan keyin Akramovni Qiziltepa tuman partiya qo‘mitasiga birinchi kotib qilib jo‘natishdi. U yerda Ichki ishlar vazirligi tuman bo‘limi boshlig‘i Hamidov tuman birinchi kotibiga qo‘ng‘iroq qilib, bir ishni ko‘rib chiqish uchun xonasiga kelishni taklif qiladi. Akramov esa Hamidovga, o‘zingiz tuman partiya qo‘mitasiga keling deydi, u ko‘nmaydi. Akramov kadrlarni o‘rganib, rahbarlik ishlarida foydalanish uchun rezervlar ro‘yxatini tuzadi va Hamidovga yuborib, fikrini so‘raydi.

U ro‘yxatni o‘qib chiqib, chizib tashlaydi. Bir necha kundan keyin ularning ba’zi birlarini qamash xususida birinchi kotibning roziligini so‘raydi. Tuman partiya qumitasining e’tiroziga qaramay, ularni qamoqqa oladi. Bu masala tuman partiya qo‘mitasi byurosida faollar ishtirokida muhokama qilinganda, Hamidov partiya badalini besh oy to‘lamaganligi ma’lum bo‘ladi. Uni VKP(b) safidan chiqarishadi. Ichki ishlar vazirligi viloyat bo‘limi Buxoro viloyat partiya qo‘mitasiga xat yozib, Akramovni Qiziltepada va ilgari Paxtaobodda jiddiy xatoliklarga yo‘l qo‘yganlikda ayblaydi. Masala dastlab qarab chiqilganda uni ishdan olishga qaror qilishadi. Akramov yana Usmon Yusupovga murojaat qiladi. Shundan keyin ertasi kuni Toshkentdan yetib kelgan Ibrohimov xat va qaror loyihasi bilan tanishgach, unga Paxtaobod bo‘yicha qo‘yilgan ayblar asossiz ekanligini tasdiqlaydi. Natijada Akramov o‘z lavozimida qoladi.

Shundan keyin u bir nechta tumanda partiya tashkilotlariga boshchilik qiladi. Toshkent qishloq tumanida birinchi kotib bo‘lib ishlayotganida ehtiyotsizlik qiladi — keksa bolshevik, urush qatnashchisi bo‘lgan otasiga uy qurib beradi. Shu aybi uchun uni ishdan olishib, Oqqo‘rg‘ondagi davlat xo‘jaligiga direktor qilib jo‘natishadi. Bu yerda yaxshi ishlab, xo‘jalik iqtisodiyotini ko‘taradi. Shundan keyin uni Surxondaryo viloyatining Denov tumaniga jo‘natib, tuman partiya qo‘mitasining birinchi kotibi etib saylashadi. Bu yerda uch yilda paxta hosildorligini gektaridan 25 tsentnerdan 33 tsentnerga ko‘taradi. Tuman barcha ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini ortig‘i bilan bajaradi. Shu munosabat bilan 1952 yilda Akramovni Sotsialistik Mehnat Qahramoni unvoniga tavsiya etish uchun hujjatlar tayyorlana boshlanadi.

Shu orada o‘sha paytda mamlakat paxtachilik vaziri bo‘lib ishlayotgan, Tojikistonda ish bilan yurgan Usmon Yusupov Akramovning uyiga mehmon bo‘lib keladi. Akramov ustozini zo‘r quvonch bilan kutib oladi, qo‘y so‘yadi. Eski do‘stlar yig‘ilib kelishib, diydor ko‘rishishadi. Ajoyib ziyofatdan, yurak chigillarini yozib, dildan suhbatlashganlaridan keyin Usmsn aka Dushanbe orqali Moskvaga uchib ketadi.

Do‘stining uyidagi bu uchrashuv va suhbat o‘rtoq Yusupovga siyosiy jihatdan qimmatga tushadi. Akramovni esa tuman partiya qo‘mitasi birinchi kotibligidan ozod etishib, faxrli unvon uchun tayyorlanayotgan hujjatlari bekor qilinadi.

U Toshkentdagi uyiga qaytadi. Ma’lum vaqt ishsiz yuradi. 1956 yilda bo‘lsa kerak, Jamil aka mening oldimga kirdi. «Bitta istagim bor, — dedi u, — mehnat qilishni xohlayman, shunga imkoniyat yaratib bersangiz». Uni davlat xo‘jaligiga direktor etib tayinladik. Ko‘p o‘tmay Kalinin tumani partiya qo‘mitasining birinchi kotibi etib saylashdi. 1957 yilda men Moskvaga ketdim va uni 30 yilga yaqin ko‘rmadim.

J. Akramov xatoliklarga yo‘l qo‘yib, uni tuzatdi, nojo‘ya xatti-harakatlarini aftiga aytishganda, tanqidni to‘g‘ri qabul qildi. Dehqonlarni va barcha aholini jalb etib, Kattaqo‘rg‘on suv ombori va Toshkent yaqinidagi bir qator elektr stantsiyalar qurilishida ishtirok etdi.

Jamil Akramov hozir 82 yoshda, pensioner. Hamon tetik, mehnat faxriysi sifatida jamoat hayotida faol ishtirok etib, yoshlarga o‘z tajribalarini o‘rgatayapti.

* * *

O‘zbekistondagi urush paytidagi va undan keyingi yillardagi ahvol VKP(b) Markaziy Qo‘mitasining e’tiborini tortdi. Shubhasiz, jumhuriyat mehnatkashlari front va Vatan oldidagi o‘z burchlarini sharaf bilan bajardilar. Lekin shu narsa ham aniqki, urushning dastlabki yillari paxta yetishtirish qariyb uch baravar kamayib ketdi, (1940 yilda 1.416 ming tonna paxta tayyorlangan bo‘lsa, 1943 yilda 520 ming tonna tayyorlandi). Ushbu masala VKP(b) Markaziy Qo‘mitasining Tashkiliy byurosida muhokama etilganida raislik qiluvchi A. Shcherbakov Usmon akaga shunday degan edi: «Nima qilayapsiz, o‘rtoq Yusupov, shunday qiyin paytda armiya va xalqni ishtonsiz qo‘ymoqchimisiz?» O‘sha muhokamada U. Yusupovga va jumhuriyat Xalq Komissarlar Kengashi Raisi Abdurahmonovga qattiq hayfsan berilgan edi.

Keyin ish sekinlik bilan tuzatib borildi. Ob’ektiv sabablar e’tiborga olinmadi. VKP(b) Markaziy Qo‘mitasi Uzbekiston bo‘yicha yana ikkita keskin qaror qabul qilib, rahbarlarni ogohlantirdi va jazoladi.

I. V. Stalin Usmon Yusupovni hurmat qilardi, Beriya bilan u xizmat yuzasidan bog‘langan, Mikoyan bilan esa do‘st edi. U. Yusupov bundan foydalanib, ko‘pincha masalalarni, hatto partiya tashkilotlariga daxldorlarini ham, shu kishilar orqali, ya’ni hukumat yo‘li bilan hal qilaverardi. Markazga uning ustidan shikoyatlar tusha boshladi.

Bunday sharoitda jumhuriyatda nimalar bo‘layotganligini chuqur o‘rganish, vaziyatni sog‘lomlashtirishda yordam ko‘rsatish uchun 1949 yilning fevralida VKP(b) Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosi O‘zbekiston bo‘yicha S. D. Ignatev boshliq Vakillar apparatini ta’sis etadi. U taxminan 20 kishidan iborat bo‘lgan o‘z xodimlari bilan o‘sha yilning aprel oyida Toshkentga kelib ish boshladi.

Ilgari Turkkomissiya, keyin VKP(b) Markaziy Qo‘mitasining O‘rta Osiyo byurosi bo‘lgan. Ular mintaqadagi besh jumhuriyat hududida ish yuritgan va 1934 yilda tugatilgan. Bu gal faqat O‘zbekiston bo‘yicha VKP(b) Markaziy Qo‘mitasining Vakillar apparatini ta’sis etishdi. Buning ustiga, u mahalliy tashkilotlar bilan maslahatlashilmay va tashkiliy jihatdan ular bilan bog‘lanmagan holda, bevosita VKP(b) Markaziy Qo‘mitasiga itoat etadigan qilib (xuddi hozirgi tog‘li Qorabog‘dagi singari) ta’sis etildi. Aqli-hushi joyida bo‘lgan qar bir odam bu nima ekanligini va undan qanday maqsadlar ko‘zda tutilganligini tushunardi.

Semen Denisovich bunga qadar viloyat partiya qo‘mitasini va Belorussiya Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasini boshqargan edi. Toshkentga kelishi bilan darhol ishga kirishib ketdi va atrofiga faollarni jipslashtirdi. Jumhuriyat hayotining qariyb barcha sohasini o‘rganib, hammasi haqida VKP(b) Markaziy Qo‘mitasiga hisobot berishdi.

Shuni aytish kerakki, S. D. Ignatev va uning xodimlari ayrim foydali ishlarni qilishdi, garchi ba’zida ular bilyn jumhuriyat rahbarlari o‘rtasida aniq masalalar bo‘yicha ixtiloflar yuzaga kelib, o‘z vaqtida bartaraf etib borilgan bo‘lsa ham.

Roppa-rosa bir yildan keyin, 1950 yilning aprelida O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining plenumi bo‘lib, Markaziy Qo‘mita byurosidagi ahvol muhokama qilindi. Uch kun mobaynida byuro a’zolari bir-birini qattiq tanqid qilishdi, sodda qilib aytganda, do‘pposlashdi. Hammadan ko‘p «kaltak» yegan Usmon aka bo‘ldi.

Shunisi g‘alatiki, plenumda bizlardan — viloyat partiya qo‘mitalari kotiblaridan birontamiz so‘zlamadik, faqat jumhuriyat rahbarlarining o‘zlari bir-birlari bilan jiqqamush bo‘lishdi. Plenum U. Yusupovni Markaziy Qo‘mita birinchi kotibi lavozimidan, A. Abdurahmonovni esa Vazirlar Kengashi Raisi lavozimidan oldi. Nomzodlar tavsiya etilayotganda ehtiroslar yana junbushga keldi. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi birinchi kotibi lavozimiga uch o‘rtoqning nomzodi tilga olindi. Lekin Usmon akaning hurmati uchun uning taklifi inobatga olindi va Amin Ermatovich Niyozov birinchi kotib etib saylandi.

Uning o‘rniga — O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi Prezidiumi Raisligiga o‘rtoq Yusupov Sharof Rashidovni tavsiya qildi. Shu zahoti bir nechta kishi e’tiroz bildirib gapirishdi. Bu lavozimga viloyat partiya qo‘mitasining birinchi kotibi bo‘lib ishlayotgan ikki kishining nomzodi tavsiya qilindi. Usmon Yusupov Sharof Rashidovning tarjimai holi va ishiga ta’rif berib, uning nomzodini qo‘llab-quvvatlashni qattiq iltimos qildi. Shundan keyin ko‘pchilik ovoz bilan Sh. Rashidov saylandi.

Vazirlar Kengashi Raisligiga ham Usmon Yusupovning tavsiyasi bilan Abdurazzoq Mavlonovni tayinlashdi. Uning nomzodi ustida tortishuv bo‘lmadi.

Shunday qilib, jumhuriyatning uchta asosiy lavozimiga (Markaziy Qo‘mita birinchi kotibligiga, Oliy Kengash Prezidiumi Raisligiga va hukumat boshlig‘iligiga) Usmon aka tavsiya etgan, xizmat zinasidan yuqorilab borganliklari uchun birinchi navbatda shu odam oldida qarzdor bo‘lgan kishilar saylandi.

Shu plenumda S. Kamolov qishloq xo‘jaligi bo‘yicha, men targ‘ibot bo‘yicha Markaziy Qo‘mita kotiblari etib saylandik (bunga qadar Namangan viloyat partiya qo‘mitasining birinchi kagtibi bo‘lib ishlardim). Yarim yildan keyin esa Toshkent viloyat partiya qo‘mitasining VI Plenumida (1950 yil 3—4 sentyabrda) meni viloyat partiya qo‘mitasining birinchi kotibi etib saylashdi. O‘sha vaqtda jumhuriyat Oliy Kengashi Raisi ham edim. VKP(b)ning O‘zbekiston bo‘yicha vakillar apparatini tarqatish xususida oshkora aytgan fikrim Markazqo‘mdan ketishimga bahona bo‘ldi.

Vakillar apparati 1951 yilning yanvarida tugatildi. S. D. Ignatev VKP(b) Markaziy Qo‘mitasi tashkiliy-partiyaviy ishlar bo‘limi mudiri bo‘lib ishlay boshladi. Bir yil o‘tgach, uni SSSR Davlat xavfsizligi vaziri etib tayinlashdi. Partiya XIX s’ezdida S. D. Ignatevni KPSS Markaziy Qo‘mitasi kotibi etib saylashdi, ayni paytda u Davlat xavfsizligi vaziri vazifasini ham bajaraverdi.

Semen Denisovich 1953 yilda sal bo‘lmasa otilib ketay dedi. Beriya o‘zidan mas’uliyatni soqit qilish uchun, S. D. Ignatevni «vrachlar ishi»ni yaratishda aybladi. Uni qamash uchun ruxsat berilishini so‘rab Siyosiy byuroga murojaat qildi.

Biroq sinchiklab tekshirganda shu narsa ma’lum bo‘ldiki, S. D. Ignatevning bu ishga bevosita daxli yo‘q ekan, o‘sha kunlari infarkt bo‘lib shifoxonada yotgan ekan.

O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining aprel (1950 yil) Plenumidan keyin Usmon Yusupovni I. V. Stalin qabul qildi. Shu suhbatdan keyin SSSR paxtachilik vazirligi tashkil qilinib, u vazir etib tayinlandi. Moskvada yaxshi bir binoni berishdi, paxtachilik va sug‘orish bo‘yicha eng tajribali mutaxassislar asosan O‘zbekistondan borishib, shu vazirlikning mas’ul xodimlari bo‘lishdi.

Bu vazirlikning tashkil etilishi o‘z vaqtida qilingan foydali ish bo‘ldi. Gap shundaki, urush yillari davlat paxta zahirasi batamom tugagan edi. Urush esa neft, g‘alla va paxta armiya va xalq uchun suv va havodek zarur ekanligini ko‘rsatdi.

Amerikada atom bombasi yaratilganligi, yapon shaharlari Xirosima va Nagasakiga tashlangan bu dahshatli qurolning hamma narsani yo‘q qiluvchi kuchi, Cherchillning Fultondagi nutqi, NATOning tashkil etilishi va kechagi ittifoqchilarimizning boshqa tajovuzkorona qadamlari butun dunyo oldiga «sovuq urush»ni ko‘ndalang qilib qo‘ydi. Bunday sharoitda mamlakat rahbarlari dushmanlarning xatti-harakatlarini yo‘qqa chiqarish, uchinchi jahon urushiga yo‘l qo‘ymaslik va mamlakatning harbiy-strategik kuch-qudratini mustahkamlash bo‘yicha ishlarni keng quloch yoydirib yubordilar. Paxta uchun kurash mana shu katta ishning asosiy tarkibiy qismlaridan edi, ya’ni aholini kiyim-kechak, oziq-ovkat bilan, sanoatni esa xom ashyo bilan ta’minlashga, valyuta uchun paxta eksport qilishni ko‘paytirishga, davlat paxta zahirasini tiklashga alohida etibor berila boshlandi.

Vazirlik oldiga mana shunday vazifalar qo‘yilgan edi. Usmon Yusupov yangi ishga unga xos bo‘lgan g‘ayrat-shijoat, qat’iyat bilan kirishdi. Mamlakatda paxta ishlab chiqarish bir muncha ko‘paydi. Lekin afsuski, vazirlik faoliyatida ayrim muvaffaqiyatsizliklar ham yuz berdi. Yuqori doiralarda, nima uchun paxta bo‘yicha vazirlik bor-ku, go‘sht, g‘alla, sut, lavlagi va boshqalar bo‘yicha vazirliklar yo‘q, deb bir-biriga hazil qilishardi. Tabiiyki, bunday gap-so‘zlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q.

Paxtachilik vazirligining taklifiga binoan SSSR Vazirlar Kengashi 1952 yil 19 fevralda RSFSR, Ukraina SSR va Moldaviya SSRning bir qator viloyatlarida paxta yetishtirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu qarorda qaysi viloyatning qancha maydonga paxta ekishi quyidagicha belgilangan edi: Stavropolda — 92.500 gektar, Krasnodar o‘lkasida — 172.500 gektar, Grozniy viloyatida — 36.600 gektar, Dog‘iston ASSRda — 28.500 gektar, Shimoliy Osetiya ASSRda — 5000 gektar, Kabardin ASSRda — 8000 gektar, Rostov viloyatida — 85.000 gektar, Qrim viloyatida — 30.900 gektar, Stalingrad viloyatida — 25.000 gektar, Astraxan viloyatida — 10.000 gektar, Ukraina SSRda — 443.000 gektar. Moldaviya SSRda — 5000 gektar.

Keyin ma’lum bo‘lishicha, bu masala hal etilayotganda jumhuriyatlarning e’tirozlari hisobga olinmagan ekan. Bu zonalar uchun mos keladigan paxta navlarining yo‘qligi (asosan № 611—b va № 1288 paxta navlarini ekishgan) joylarda yaxshi shartsharoit yaratilmaganligi va moddiy-texnika ta’minotidagi uzilishlar murakkab holatni yuzaga keltirdi. Ilgari g‘alla, kartoshka, qand lavlagi va boshqa ekinlar ekib, mo‘l hosil yetishtirib kelingan maydonlar paxta bilan band qilingach, hatto eng oz miqdorda ham hosil ololmadilar. Natijada jamoa va davlat xo‘jaliklari, MTSlar katta iqtisodiy zarar ko‘rishdi. Shundan keyin SSSR Vazirlar Kengashi yil yakuni bo‘yicha bu zonalarda paxta ekishni taqiqladi va bu ahvolga vazir o‘rtoq Yusupovning e’tiborini qaratib, uning xatti-harakatlarini achchiq iboralar bilan ta’rifladi.

Paxtachilik vazirligi va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarda ham salbiy hollar paydo bo‘ldi. 1951 yilning kuzida ob-havo past keldi. Tinmay yomg‘ir yog‘ib, paxtaning ochilyshi kechikdi, yig‘im-terim ishlari murakkablashdi. Tabiiyki, bunday sharoitda jumhuriyatning butun aholisi bitta maqsad — butun hosilni yig‘ib-terib olib, davlatga topshirish maqsadi bilan yashadi. Hosil taqdiri paxtachilik vazirligini ham tashvishlantira boshladi.

1951 yil 19 noyabrda SSSR Vazirlar Kengashining «Paxtachilik bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorini (№ 4675) oldik. Unda bizning iltimoslarimiz ijobiy hal etilgandi — paxtakorlarga qo‘shimcha qanorlar, kanop, avtopokrishkalar, g‘alla, qand, choy va boshqa zarur mahsulotlar ajratilgandi. Lekin birinchi bandida A. Niyozov va N. Muhitdinovning e’tibori paxta yig‘im-terimini tashkil etishdagi kamchiliklarga qaratilgan edi. Unda, jumladan shunday deyilgan edi: «O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining birinchi kotibi o‘rtoq Niyozovga va O‘zbekiston SSR Vazirlar Kengashi Raisi o‘rtoq Muhitdinovga paxta hosilini yig‘ibterib, davlatga topshirishga qoniqarsiz rahbarlik qilayotganliklari ko‘rsatib o‘tilsin va ular ogohlantirilsinlarki, agar yaqin vaqt mobaynida paxta hosilini tayyorlash bo‘yicha tadbirlar belgilanmasa, ular qattiq jazolanadilar».

8 dekabrda yana bir qaror (№ 5003) keldi. Unda shunday satrlarni o‘qish mumkin edi: «Vazirlar Kengashi shuni ta’kidlaydiki, 5 dekabrga qadar paxta tayyorlash rejasi 87,1% bajarildi, o‘tgan yilning shu davrida esa O‘zbekiston SSR bo‘yicha yillik reja ortig‘i bilan ado etilgan edi. O‘rtoq Niyozov va o‘rtoq Muhitdinov paxta tayyorlash rejasining o‘z vaqtida bajarilishi uchun shaxsan mas’uliyatli ekanliklari to‘g‘risidagi Vazirlar Kengashining ogohlantirishidan zarur xulosa chiqarmadilar, yig‘im-terim ishlarini amalga oshirishda kutilganiday sur’atni ta’minlamadilar va partiya hamda sovet tashkilotlaridagi ayrim rahbarlarning paxta tayyorlash davlat rejasini bajarishga mas’uliyatsiz munosabatda bo‘lish hollari bilan murosa qilishda davom etmoqdalar».

Shundan keyin A. Niyozovga va menga SSSR Vazirlar Kengashi qarori bilan hayfsan e’lon qilingan edi. Qaror ostida SSSR Vazirlar Kengashi Raisi I. Stalin va SSSR Vazirlar Kengashi Ishlar Boshqaruvchisi M. Pomaznevning imzosi turardi.

Qarorni uch marta o‘qib, A. E. Niyozovga qo‘ng‘iroq qildim. U bu qaror qanday tayyorlanganligini bilmasligini, bu haqda u bilan hech kim gaplashmaganligini aytdi.

Shaxsan men juda iztirob chekdim: axir bu hayotimda birinchi marta jazolanishim edi, yana kimsan — I. V. Stalin jazolagan. Buning ustiga Vazirlar Kengashi Raisi bo‘lib ishlayotganimga endigina yetti oy bo‘lgan bo‘lsa (bu lavozimga 1951 yil 11 aprelda tayinlangan edim). Ertasi kuni SSSR Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari V. A. Malishevga qo‘ng‘iroq qildim, biz u bilan do‘stona munosabatda edik. U meni tinglab, hech gapdan xabari yo‘qligini aytdi va shu zahoti boshqa telefon bilan kimgadir qo‘ng‘iroq qildi. Keyin bu qaror, paxta bo‘yicha qabul qilingan boshqa qarorlar ham, SSSR paxtachilik vazirligi tomonidan kiritilganligini ma’lum qildi. Ikki oydan keyin Stalinning o‘zi A. E. Niyozovga va menga berilgan jazoni olib tashladi. vazir Yusupovning xatti-harakatlaridan norozi ekanligini izhor qildi. Malenkov va Beriyaga ham gap tegdi. Bu haqda keyinroq gapiraman.

1951 yilda paxta tayyorlash rejasini bironta ham jumhuriyat bajarolmadi. O‘zbekiston bo‘yicha esa 94 foiz ado etildi. 1952 yil yanvar oyida O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining maxsus Plenumini chaqirib, yil yakunini har tomonlama muhokama qildik. Plenumdan keyin paxtakorlarning VIII qurultoyi o‘tkazilib, unda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va foydalanilmayotgan imkoniyatlar xususida ochiqchasiga gaplashdik. Plenum qarori va qurultoyda qatnashgan paxtakorlarning murojaatiga asosan viloyatlarda, tumanlarda, jamoa va davlat xo‘jaliklarida sotsialistik majburiyatlar qabul qilinib, ularda 1952 yil rejasini oshirib bajarishdan tashqari, o‘tgan yili berilmagan paxta o‘rnini qoplash ham ko‘zda tutildi.

Yuzaga kelgan ahvolni qarab chiqishda va istiqbolni belgilashda jumhuriyat iqtisodiyoti rivojlanishiga jiddiy xalaqit berayotgan bir qator zaif joylar aniqlandi. Faqat ittifoq miqyosidagi yuqori idoralar yordami bilangina hal etish mumkin bo‘lgan ko‘pgina masalalar to‘planib qolgan edi. Bundan tashqari, shu narsa ma’lum bo‘ldiki, garchi har yili ishlab chiqarish, moddiy-texnika ta’minoti, savdo va boshqalar bo‘yicha rejalar tuzilayotgan, besh yillik rejalarida esa xalq xo‘jaligini rivojlantirishniyag asosiy yo‘nalishlari belgilanayotgan bo‘lsa ham, lekin jumhuriyatning rahbar tashkilotlari yuzaga kelgan vaziyat, to‘planib qolgan qiyinchiliklar va iqtisodiyotning kelgusida yanada jadal rivojlanishi hal etilishiga ko‘p jihatdan bog‘liq bo‘lgan eng asosiy masalalar haqida VKP(b) Markaziy Qo‘mitasi va SSSR Vazirlar Kengashiga ko‘pdan beri axborot berishmagan ekan.

Markaziy Qo‘mita byurosida har tomonlama muhokama qilgach, bu masalalarni Moskvaga ma’lum qilish maqsadga muvofiq, degan fikrga kelindi, Hisob-kitoblar, takliflar va boshqa hujjatlarni tayyorlash uchun sohalar bo‘yicha bir nechta gruppa tuzilib, ularga Markaziy Qo‘mita kotiblari va Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosarlari boshchilik qilishdi. Barcha materiallar tayyor bo‘lgach, ularni O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasida va Vazirlar Kengashi Prezidiumida ko‘rib chiqib, men va R. Ye. Melnikov (Markaziy Qo‘mita ikkinchi kotibi) boshliq bir guruh vakillarni Moskvaga yuborishga qaror qilishdi.

Poytaxtga kelgach, Roman Yefimovich bilan avval S. D. Ignatev qabulida bo‘ldik. Keyin V. A. Malishez, undan so‘ng A. N. Poskrebishevning oldiga kirdik. Ularning hammasi yaxshi maslahatlar berishdi va qo‘llaridan kelgancha yordam ko‘rsatishdi.

Uchinchi kuni I. V. Stalin qabulida bo‘lib, hal etilishi lozim bo‘lgan masalalarni ma’lum qildim. Ilgari uning asarlarini o‘qigandim, o‘zini ham ko‘rgandim, tinglagandim, hatto telefon orqali so‘zlashgandim. Endilikda, uning qabulida birinchi marta bo‘lganimda, salobati bosib, esankiradim, salom berdimu, u yog‘iga gapimni topolmay qoldim. Lekin oddiy kitel kiygan, o‘rta bo‘y, istarasi issiq bu odamning xotirjam, xayrixohona nazari, past ovozda muloyimlik bilan gapirishi o‘zimni tutib olishimga imkon berdi.

Qo‘limdagi xatlarni qisqacha mazmunini bayon qildim. Yo‘l-yo‘lakay u savollar berdi. Javob qildim. Keyin Mirzacho‘lni, Markaziy Farg‘ona, Qarshi cho‘llarini o‘zlashtirish uchun suv xo‘jaligi qurilishini keng quloch yoydirish niyatimiz borligini, Qoraqalpog‘istonda yirik sholikorlik xo‘jaligini bunyod etishni mo‘ljallayotganligimizni ma’lum qildim va bu rejalarni amalga oshirish uchun suv zarurligini ta’kidladim.

— Mintaqadagi suvlardan jumhuriyat to‘liq foydalanyapti, — dedim, — endilikda, bundan 90 yil ilgari kiyevlik muxandis va agronom P. Demchenko ilgari surgan g‘oyaga qaytib, shimoliy daryolar suvining bir qismini O‘rta Osiyoga olib kelitssa, davlat katta hajmda paxta, g‘alla, chorva mahsulotlariga ega bo‘lardi.

U Golodnaya step (Mirzacho‘l) nomi qanday paydo bo‘lganligini so‘radi. Men bu jumhuriyat markazidagi bir million gektarga yaqin maydon ekanligini, o‘tmishda bu yerda paxta, meva, uzum, sabzavot, g‘alla va bedaning ajoyib navlari yetishtirilganligini aytdim. U gavjum, obod, gullagan maskan edi. Lekin feodal hukmdorlar o‘rtasidagi o‘zaro urushlar, chet el bosqinchilari, ayniqsa arablar va mo‘g‘ullarning istilosi natijasida sug‘orish tarmoqlari vayron bo‘lgan. Hozir bu yer tuz, botqoq, qumli barxanlar bilan qoplangan. Odamlar, hayvonlar, qushlar uni tark etdi. O‘lka xalqlari bu yerni Mirzacho‘l deydi. Bu nom qaydan paydo bo‘lganligi hali ilmiy jihatdan asoslangani yo‘q. Lekin bu nom ulug‘ olim, davlat boshlig‘i Mirzo Ulug‘bek nomi bilan bog‘liq, degan taxminlar bor. U cho‘lning bir necha joyida quduq qazitib, sardobalar qurib, atrofini obodonlashtirgan. Uzoq yo‘l yurib kelayotgan karvonlar bu quduq va sardobalardan foydalanishganda Mirzacho‘l (Mirzoning cho‘li) deb nom berishgan.

Bir mahal Stalin «Hojimurodov nima ish bilan shug‘ullanayapti?» deb so‘rab qoldi.

— Bilmayman, — dedim. Keyin qo‘shimcha qildim: — Bir yil burun ko‘rganimda, o‘zi ilgari ishlagan jamoa xo‘jaligida rais edi.

Stalin bu kishi bilan 1949 yil 21 dekabrda tanishgan. Chimboy tumanidagi «Bolshevik» jamoa xo‘jaligining raisi Matyoqub Hojimurodov O‘zbekiston delegatsiyasi bilan I. V. Stalinning 70 yilligi bayram qilinishida qatnashgan va Kremlning Georgiy zalidagi qabul marosimida, protokolni buzib, tikka uning oldiga borgan, tug‘ilgan kuni bilan tabriklagan va ruscha so‘zlarni qoraqalpoqchaga qorishtirib, xalqining hayoti va rejalari haqida gapirgan.

Stalin kulib, unga tashakkur bildirgan. Matyoqub aka O‘zbekiston SSR va Koraqalpog‘iston ASSR Oliy Kengashlari deputati, Qoraqalpog‘iston viloyat partiya qo‘mitasi va Chimboy tuman partiya qo‘mitasiga a’zo etib saylangan. Hozir u pensiyada, Nukusda yashaydi.

Stalin qabulidan chiqqach, darhol Pirjon Seitov (Qoraqalpog‘iston ASSRning o‘sha paytdagi Vazirlar Kengashi Raisi) bilan bog‘landim. Hojimurodov sog‘-salomatligini, tinchligini, eski vazifasida ishlayotganligini aniqladim.

Stalin bilan suhbatimga qaytib shuni aytishim kerakki, oxirida bir dadillik qildim: Moskvada juda ko‘p, hatto mayda masalalar bo‘yicha ham qarorlar qabul qilinishi, bu esa ularning samaradorligini pasaytirayotganligi va jumhuriyat hukumati faoliyatini cheklab qo‘yayotganligi haqida gapirdim. U menga qattiq tikildiyu, lekin hech narsa demadi. Shundan xursand bo‘ldimki, suhbatimiz so‘ngida I. V. Stalin «Xatlaringiz qarab chiqiladi», dedi. Suv xo‘jaligi qurilishi katta dasturi haqida u bir og‘iz so‘z aytdi — «Kiriting».

Kremldan Markaziy Qo‘mitaga piyoda kelib, S. D. Ignatevning oldiga kirdim. U hayajonim bosilmaganligini sezib, divanga o‘tirishni taklif qildi va choy buyurdi. Uning xonasidan O‘zbekiston vakolatxonasi boshlig‘i B. A. Odilovga qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘ldim. Semen Denisovich, «Men o‘zim telefon qilaman, siz damingizni oling», dedi. Shu payt telefon jiringlab qoldi. Semen Denisovich: «Ha, shu yerda. Yaxshi, aytaman», deb javob qildi. Keyin menga: «Sizni Malenkov chaqirayapti», dedi.

Beshinchi qavatga ko‘tarildim. U darhol qabul qildi. Xatlarning mazmuni bilan tanishgach, o‘sha zahoti Vazirlar Kengashi Raisining birinchi o‘rinbosari G. I. Pervuxinga, VKP(b) Markaziy Qo‘mitasi mashinasozlik bo‘limi mudiri4 I. I. Kuzminga, VKP(b) Markaziy Qo‘mitasi qishloq xo‘jaligi bo‘limi mudiri A. I. Kozlovga qo‘ng‘iroq qilib, xatlar bilan tezda tanishib chiqib, Vazirlar Kengashi qarori loyihasini Tashkiliy byuroga kiritishni taklif etdi; O‘sha kuni Toshkentdan borganlar hammamiz ular huzurida to‘planib, Gosplan, Moliya vazirligi va boshqa ittifoq idoralari vakillari ishtirokida biz olib borgan xatlarni o‘rganish va muhokama qilish, zarur hujjatlarni tayyorlash boshlandi.

7 fevralda VKP(b) Markaziy Qo‘mitasi Tashkiliy byurosi majlisi bo‘lib o‘tdi. Kun tartibi bo‘yicha navbat bizning masalalarga kelganda, raislik qiluvchi G. M. Malenkov menga so‘z berdi. Iil yakuni, jumhuriyatning imkoniyatlari va istiqboli haqida qisqacha gapirib, taqdim etilayotgan loyihalarda O‘zbekistondagi mavjud muammolarning ko‘pi o‘z ifodasini topganligini ta’kidladim.

Malenkov o‘tirganlarga murojaat qilib, qarorlarning loyihalari hammaning qo‘lida ekanligini aytdi va qanday fikr-mulohazalaringiz bor, deb so‘radi. N. S. Xrushchev bu yil jumhuriyat qancha paxta berishi bilan qiziqdi. Rejada belgilangan raqamni aytdim. P. K. Ponomarenko taqdim etilgan qarorlarni qabul qilishni taklif qildi.

Hamma qarorlarni qabul qilish uchun ovoz berdi. G. M. Malenkov qarorlar qabul qilinganligini e’lon qildi va menga murojaat etib so‘radi: «Sizning yana qanday gaplaringiz bor?» Bu qarorlarni olib ketish istagim borligini aytdim. U o‘z yordamchisi Suxanovga ularni imzolash uchun darrov tayyorlashni buyurdi.

* * *

1952 yil boshida Tojikiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi birinchi kotibi Bobojon G‘afurov I. V. Stalin nomiga maktub yo‘lladi. Bu maktubida u tor egatlarga, jumladan 60—70 santimetrli o‘rniga 45 santimetrli egatlarga chigit ekish tajribasini bayon etdi. Bu usulning paxta hosildorligini oshirishdagi, yer, suv va ishchi kuchlaridan omilkorlik bilan foydalanishdagi afzalliklarini batafsil ta’riflab, hozir Tojikistonda 70 foiz maydonga shunday usulda chigit ekilayotganligini ma’lum qildi. SSSR Vazirlar Kengashi o‘sha yil 17 fevralda paxtachilik vazirligi rahbarligiga ushbu tajribani o‘rganish va keng yoyish bo‘yicha taklif kiritishni topshirdi.

Mart oyida B. G‘afurov I. V. Stalinga yana bir xat yuborib, U. Yusupov ustidan shikoyat qildi. SSSR Vazirlar Kengashi 1952 yil 4 aprelda «SSSR paxtachilik vaziri o‘rtoq Yusupovning Tojikiston SSRdagi ilg‘or paxtakorlarning tajribasiga noto‘g‘ri munosabati to‘g‘risida Tojikiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining xati» deb nomlangan qaror (N9 486) qabul qildi. Unda o‘rtoq Yusupov qoniqarsiz ma’ruza taqdim etganligi va Tojikiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi va Vazirlar Kengashi bilan kelishmasdan, bu jumhuriyatda 1953 yilda tor egatlarga chigit ekish rejasini o‘tgan yili aslida ekilgan 97,5 ming gektar o‘rniga, 56 ming gektar qilib belgilaganligi ta’kidlandi.

Vazirlar Kengashi o‘rtoq Yusupovning e’tiborini ilg‘or tajribaga va SSSR hukumati topshirig‘iga bunday munosabatga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligiga qaratdi. Tor egatlarga chigit ekishni keng joriy etish va paxtachilikni mexanizatsiyalashtirish masalasini o‘ylab ko‘rishni hamda 1952 yilning 15 aprelidan kechikmay bu masala bo‘yicha Vazirlar Kengashiga ma’ruza taqdim etishni uning zimmasiga yukladi.

O‘zaro munosabatlarni yaxshilash maqsadida U. Yusupov shu yil kuzda Tojikistonga keldi. B. G‘afurov bilan uchrashuv samimiy bo‘lgan, deb ayta olmaymiz. Jumhuriyat bo‘ylab safarida o‘rtoq Yusupovga Tojikistonning o‘sha paytdagi Vazirlar Kengashi Raisi J. Rasulev hamrohlik qildi. Vazir yordamchisi Qo‘rg‘ontepa shahar partiya qo‘mitasidan Denovga qo‘ng‘iroq qilib, kunning ikkinchi yarmida poyezdda Usmon Yusupov borishini tuman partiya qo‘mitasi kotibi J. Akramovga ma’lum qildi. Yuqorida bu voqeani eslab o‘tgandik. Uning tafsiloti quyidagicha: Usmon Yusupovning O‘zbekiston tumaniga kelishini viloyat partiya qo‘mitasida ham, jumhuriyat Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasida ham deyarli hech kim bilmadi. Albatta, obkomning birinchi kotibi Jo‘raboyev va viloyat ijroiya qo‘mitasi raisi Ortiqov o‘sha zahoti u yerga yetib borishdi. U. Yusupov O‘zbekistonning boshqa bironta tumani yoki viloyatida bo‘lmay, Tojikiston orqali Moskvaga uchib ketdi. Usmon aka bu uchrashuvda eski do‘stlarini ko‘rganligidan xursand bo‘lib, hissiyotlariga erk berdi, partiya Markaziy Qo‘mitasi va mamlakat hukumatidagi ishlar, Tojikiston va O‘zbekiston rahbarlari to‘g‘risidagi o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Bir necha kundan keyin esa bu gap-so‘zlarning to‘la matni nuqta-verguligacha qo‘yilib, Moskvaga ma’lum qilindiki, bu oliy rahbarlikning noroziligini tug‘dirdi.

I. V. Stalin 1953 yil 5 martda vafot etdi, 9 martda dafn etildi. Shundan keyin ko‘p o‘tmay SSSR paxtachilik vazirligi tugatildi.

Usmon akaning taqdiriga Beriya bilan yaqinligi ham ko‘p jihatdan yomon ta’sir ko‘rsatdi.

U. Yusupov 1937 yil 26 sentyabrda bo‘lgan Markaziy Qo‘mitaning IV Plenumida O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining birinchi kotibi etib saylandi. Shundan keyin sal vaqt o‘tgach, Moskvada N. Yejov ishdan olinib, otib tashlandi va NKVDga rahbarlik Beriyaning qo‘liga o‘tdi. Butun mamlakatda ichki ishlar organlarini «ejovchi»lardan tozalash boshlandi. Shunda U. Yusupov I. V. Stalin va L. P. Beriyaga, keyinroq esa G. M. Malenkovga xat yo‘llab, jumhuriyatda yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklar va ichki ishlar organlarida nopok kishilar ko‘payib ketganligi haqida yozdi, bu tashkilotlarni yangi kadrlar bilan mustahkamlashni so‘radi. O‘shanda, boshqa jumhuriyatlarda bo‘lgani singari, O‘zbekistonda ham yejovchilar o‘rnini Beriyaning odamlari egalladi.

U. Yusupov bilan Beriya yaqinligining boshqa sababi ham bor. Bu uran va oltin bilan bog‘liq masaladir. Yuqorida aytganimizdek, urush tugashi bilanoq AQSh dunyoda vaziyatni keskinlashtirish, atom bombasi bilan qo‘rqitish yo‘lini tutdi. Stalin har qanday qilib bo‘lsa ham o‘z atom sanoatimizga ega bo‘lish vazifasini qo‘ydi. Buning uchun esa birinchi navbatda uran kerak bo‘lib, uni chet eldan faqat tillaga sotib olish mumkin edi. Stalin mamlakat hududida uran konini qidirib topish, qazib olib, zavodlarga tashib keltirish va ishlab chiqarishni nazorat qilishni shaxsan Beriyaning zimmasiga yuklab, unga katta huquqlar berdi.

Ma’danshunoslarning izlanishlari natijasida mamlakat uchun zarur bo‘lgan mazkur qazilma boyliklar, yana bir qator kamyob metallarning konlari Zarafshon va Farg‘ona vodiysida, Qizilqumda mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Urushdan keyingi yillarda bu tumanlarda shaxtalar, zavodlar, posyolkalar, shaharlar bunyod etildi, odamlarning yashashi va mehnat qilishi uchun boshqa shart-sharoitlar yaratildi. Yangi konlarda minglab mahbuslar mehnat qilib, tayyorlangan quymalar maxfiy zavodlarga va omborlarga yuborildi. Qancha uran va tilla tayyorlab jo‘natilganligi haqida Beriya va Yusupovga ma’lumot berib turildi. Tabiiyki, bunday ishlar mamlakatning qimmatli metall konlari aniqlangan boshqa mintaqalarida ham amalga oshirildi.

Shunday qilib, qisqa vaqtda AQShning atom monopoliyasi tugatildi, vodorod bombasini esa SSSR birinchi bo‘lib yaratdi.

Pixini yorgan ig‘vogar va amalparast Beriya juda tez Stalinning ishonchiga kirdi, ayniqsa uning umri oxirida turli hiyla-nayranglar bilan eng yaqin odamiga aylandi. Beriyadan hamma, shu jumladan Siyosiy byuro a’zolari ham qo‘rqishardi.

Stalin vafot etgach, Beriya yarim yil KPSS MQ birinchi kotibi saylanmaganligidan foydalanib, davlat to‘ntarishini tayyorlash uchun pinhona harakatni kuchaytirib yubordi. O‘ziga qarshi bo‘lgan kishilarni vazifasidan chetlatdi yoki obro‘sizlantirdi, markazda, shuningdek joylarda tayansa bo‘ladigan kishilarni qidirib, yuqori lavozimlarga qo‘ydi. Uning asosiy muddaosi mamlakatda hokimiyatni qo‘lga olish edi.

O‘shanda Beriya meni ham yo‘qotmoqchi (ottirib yubormoqchi) bo‘ldi. Meni uning changalidan O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi byurosi va KPSS MQ Siyosiy byurosining ko‘pchilik a’zolari qutqarib qolishgan.

1953 yil aprel oyining oxirida bizni O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi birinchi kotibi xonasiga taklif qilishdi. Markaziy Qo‘mita kotiblari va byuro a’zolari to‘plandik. «L. P. Beriyaning xati» kelganligini ma’lum qilishdi. O‘sha paytda u KPSS MQ Prezidiumi a’zosi, SSSR Vazirlar Kengashining birinchi o‘rinbosari edi, Davlat xavfsizligi qo‘mitasiga va mamlakat Ichki ishlar vazirligiga bevosita rahbarlik qilar edi.

Xatni ovoz chiqarib o‘qiy boshlashdi. O‘ning mazmuni bilan tanishganimizdan keyin esa hamma jim bo‘lib qoldi. Gap shundaki, xatda milliy jumhuriyatlardagi kadrlar siyosati to‘g‘risida so‘z borardi. O‘ shunday yozilgandiki, go‘yo partiya va davlat idoralarini «milliylashtirish» to‘g‘risida «g‘amxo‘rlik» qilinayotganga o‘xshardi.

Shunisi g‘alatiki, ushbu maktubni muallifning kotibiyati yuborgan edi (KPSS MQda ko‘rib chiqilmagandi).

Raislik qilayotgan A. E. Niyozov sukunatni buzib, o‘tirganlarga fikr-mulohazalarini bildirishni taklif qildi. Kimdir ro‘yxat tuzishni boshlash kerak, dedi. Menga vazirliklar, mahkamalar va Vazirlar Kengashi apparati bo‘yicha rahbar kadrlarning milliy tarkibini aniqlash va millatiga qarab birini ikkinchisi bilan almashtirish to‘g‘risida takliflar tayyorlashni tavsiya etishdi.

So‘z olib, ko‘plab malakali kadrlar tayyorlanganligi katta yutug‘imiz ekanligini aytdim. Jumhuriyatning barcha rahbar idoralarida munosib xodimlar jamlangan. Albatta, ayrim kadrlarimizning nuqson va kamchiliklari bor, lekin hozir ularni yalpi almashtirish masalasini qo‘yish mumkin emas.

Menga e’tiroz bildirishdi: «Hamon xat yuborilgan ekan, unga jiddiy munosabatda bo‘lishimiz.kerak».

Boshqa ba’zi bir o‘rtoqlar ham xatda bayon qilingan takliflarga salbiy munosabatlarini bildirishdiyu, lekin ancha ehtiyot bo‘lib gapirishdi.

Ertasi kuni xonamda o‘rinbosarlarim M. Z. Mirzaahmedov, A. N. Rudin, yordamchim N. A. Sibirtsev va ish boshqaruvchi vazifasini bajaruvchi V. S. Gukasov bilan birga o‘tirib, Vazirlar Kengashi majlisi kun tartibini tuzayotgan edim. Birdan Moskvadan qo‘ng‘iroq qilib qolishdi. Lavrentiy Pavlovich gaplashmoqchi ekanligi to‘g‘risida ogohlantirib, ulashdi. Beriya salomlashmay, qo‘pollik bilan «Nega sen mening xatimga qarshi gapirding?» dedi. Unga javoban men Markaziy Qo‘mita byurosida aytgan nuqtai nazarimni takrorladim. U so‘zimni oxirigacha tinglamay, meni haqoratladi.

Men uning munosabati va gap ohangidan hayron qolayotganligimni aytdim. U yana so‘kib, kulingni ko‘kka sovurtirib yuboraman, deb telefon dastasini qo‘ydi.

Shu zahoti A. E. Niyozovga qo‘ng‘iroq qilib, undan MQning boshqa kotiblari bilan birgalikda meni qabul qilishini iltimos qildim. U, ikki soatdan keyin kelishingiz mumkin, dedi. Aytilgan vaqtda borsam, uning xonasida R. Ye. Melnikov va M. A. Abdurazzoqov o‘tirishgan ekan. Ularga Beriya bilan o‘rtamizda bo‘lgan gapni aytib, vazifamdan ozod qilishlarini so‘radim. Uzoq gaplashishdi. Amin Ermatovich «O‘ylab ko‘ramiz», dedi va menga qizishmasdan, vazmin bo‘lib turishni taklif etdi. «Keling, 1 May bayramini tinchlikcha o‘tkazaylik, keyin bir gap bo‘lar», deb xulosa qildi u.

1953 yil 1 mayda Toshkent mehnatkashlarining Lenin nomidagi maydonda bulgan bayram namoyishida men ham minbarda turdim. O‘zimni quvnoq tutib, jilmayib, namoyish qatnashchilarining olqishiga javob berdim. Lekin bu paytda ichimda iztirob chekayotganligimni, miyam qanday noxush xayollar bilan band ekanligini hech kim bilmasdi. Men bilan so‘zlashib, yanada g‘azablangan L. P. Beriya boshqalarni ham ishga sola boshladi.

3  mayda tumanga borishga tayyorgarlik ko‘rayotgan edim, Markaziy Qo‘mitaga chaqirib qolishdi. Borsam u yerda Markaziy Qo‘mita byuro a’zolari o‘tirishgan ekan. Birinchi kotib, o‘rtoq N. A. Muhitdinovni Vazirlar Kengashi Raisi vazifasidan ozod qilish to‘g‘risida taklif bor, dedi.

Turkiston harbiy okrugi qo‘mondoni general I. V. Petrov so‘radi:

— Sababi nima?

— Moskvadan qo‘ng‘iroq bo‘lib, shunday qilish lozimligini aytishdi, — dedi A. E. Niyozov.

— Kim qo‘ng‘iroq qildi? — deb so‘radi M. Z. Mirzaahmedov.

— Beriya qo‘ng‘iroq qildi. O‘zbekiston Vazirlar Kengashi Raisi etib Usmon Yusupovni tayinlashni tavsiya qildi.

Shunda byuro a’zolari, ayniqsa R. Ye. Melnikov, A. M. Baskakov, V. A. Bilbas, M. A. Abdurazzoqov va boshqalar bu ishga rozi emasliklarini aytishdi va MQ byurosi N. A. Muhitdinovni Vazirlar Kengashi Raisligida qoldirish zarur, deb hisoblayotganligini Beriyaga yetkazishni A. E. Niyozovga taklif qilishdi. Shu bilan tarqaldik.

4  mayda yana Markaziy Qo‘mitaga taklif qilishdi. Barcha byuro a’zolari to‘planishganda, A. E. Niyozov yana Moskvadan qo‘ng‘iroq qilishganligini, bizning qarorimizni kutishayotganligini aytdi. Birinchi bo‘lib so‘z olib, meni istalgan viloyatga yoki ijtimoiy fanlar akademiyasiga o‘qishga yuborishlarini, Vazirlar Kengashi raisi etib esa U. Yusupovni tayinlashni taklif qildim. Byuro a’zolaridan ayrimlari o‘z nuqtai nazarlarini bir qator mulohazalar bilan asoslab, e’tiroz bildirishdi. Uzoq va qizg‘in muhokamadan keyin sekretariatga taklif tayyorlashni topshirishdi.

Uch yilcha burun Moskvaga ketgan paxtachilik vazirligining barcha rahbarlari Toshkentga qaytishayotgan edi. 6 may kuni ertalab, Amin Ermatovich qo‘ng‘iroq qilib, oldimga kelib keta olasizmi, dedi. Bordim. Uning xonasida Markaziy Qo‘mita kotiblaridan bir nechtasi o‘tirgan edi. U yuzaga kelgan vaziyatdan xafa bo‘lib va o‘zim qat’iy iltimos qilayotganligimni ta’kidlab, tanishib chiqish uchun qo‘limga qog‘oz berdi. Bu meni Vazirlar Kengashi Raisi lavozimidan ozod qilib, bu ishga o‘rtoq U. Yu. Yusupovni tayinlash, meni esa Vazirlar Kengashi Raisining birinchi o‘rinbosari va O‘zbekiston SSR Tashqi ishlar vaziri etib tayinlash to‘g‘risidagi farmon loyihasi edi.

U bilan tanishgach, meni chekkaroq joyga ishga jo‘natish mumkin emasmi, deb so‘radim. Hamma e’tiroz bildirdi. Shu boisdan, rozi bo‘ldim. Kunning ikkinchi yarmida Markaziy Qo‘mita byuro majlisi bo‘ldi. Amin Ermatovich yuqoridagi farmon loyihasini e’lon qildi. Hech kim gapirmadi.

Byuro majlisi tugagandan keyin hamma mening uyimga bordi. Yarim kechagacha birga o‘tirib, choy ichdik, yurakdan gurunglashdik. Markaziy Qo‘mita byuro a’zolarining bunday samimiy munosabati meni juda to‘lqinlantirib yubordi.

O‘zSSR Oliy Kengashi Prezidiumi Raisi Sh. Rashidov va Prezidium kotibi J. Ilhomova shu kuni, ya’ni 6 mayda meni vazifamdan ozod qilish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekishdi.

7  mayda yangi ishimga bormoqchi bo‘lib turgan edim, birdan Amin Ermatovich uyidan qo‘ng‘iroq qilib, Markaziy Qo‘mitaga kelishimni buyurdi. Bordim. Xonasiga kirganimda, u ko‘rishishga ulgurmasimizdanoq, KPSS MQdan qo‘ng‘iroq qilishib, men haqimdagi qarorni hozircha amalga oshirmay turishni taklif etishganligini aytdi. Bu mening KPSS MQ a’zosi, SSSR Oliy Kengashi deputati ekanligim, Vazirlar Kengashi Raisi lavozimi esa partiya Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosi nomenklaturasi ekanligi bilan bog‘liq edi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, K. Ye. Voroshilov, N. S. Xrushchev, V.    M. Molotov, A. A. Kosigin, N. A. Bulganin meni ishimdan ozod qilish maqsadga muvofiqligiga shubha bildirishibdi. Beriya esa qattiq talab qilibdi. Uni G. M. Malenkov, L. M. Kaganovich, A. I. Mikoyan qo‘llab-quvvatlabdi. Shu sababli kunning ikkinchi yarmida yana qo‘ng‘iroq qilishib, qarorga rozi bo‘lganliklarini SSSR Vazirlar Kengashi yo‘li bilan og‘zaki ma’lum qilishdi.

8  may kuni ertalab hukumat binosi oldida Usmon Yusupovni kutib olish bilan yangi vazifamni ado etishni boshladim. Uni xonasiga olib kirib, hamma narsani ko‘rsatdim, shundan keyin ikkimiz uzoq suhbatlashdik.

Bir kun o‘tgach, ya’ni 10 mayda yuk mashinasiga ro‘zg‘or anjomlarini ortib, Gogol ko‘chasidagi, ilgari Fayzulla Xo‘jayev yashagan uyni tark etdim va oilam bilan Ollon mahallasidagi otam yashayotgan eski hovlidagi (onam 1951 yilda vafot etgan) bir xonali uyga ko‘chib bordim. Bu yerda yangi vazifaga o‘tgunimga qadar yashadim.

Vazirlar Kengashida Moskvadan qaytgan o‘rtoqlar yangi vazifalarni o‘zlashtirgunga qadar, bir yarim oydan keyin noxush mojaro bo‘ldi. Partiya yig‘ilishida U. Yusupov bilan kelgan, uning ishonchini qozongan va hukumatda muhim lavozimni egallagan o‘rtoqlardan biri o‘z nutqida Vazirlar Kengashida ikkita guruh — konservatorlar va novatorlar guruhi yuzaga kelib, harakat qilayotganligi haqida gapirdi. Uning fikricha, go‘yo konservatorlar eskicha ishlashga o‘rganib qolganliklari sababli yangilikni joriy etishga qarshilik ko‘rsatishayotgandi, ish uslubini tubdan yaxshilashga, xalq xo‘jaligini keskin yuksaltirish va boshqalarga to‘sqinlik qilishayotgandi. Novatorlar esa — bular Usmon Yusupovich bilan kelgan kishilar bo‘lib, uning rahbarligida hukumat, vazirliklar va mahkamalarning faoliyatini qat’iy qayta ko‘rib chiqish, kadrlarni yangilash va boshqa tadbirlarni amalga oshirish uchun intilishayotgan emish. U hukumat apparatini konservator xodimlardan tozalash vazifasini qo‘ydi.

Men shu zahoti so‘z olib, bu notiqning sog‘lom, yetuk, jipslashgan jamoani sun’iy ravishda ikki guruhga bo‘lib, bir-biriga qarshi qo‘yayotganligi va tajribali xodimlarni asossiz ravishda konservatizmda ayblab, ularni ishdan chetlatishga da’vat etayotganligi haqida gapirdim. Bunday bayonotlar va xatti-harakatlar jamoaning jipsligiga, ish va hukumat obro‘sining yaxshilanishiga zarar yetkazishi mumkin, dedim.

Bu notiqning o‘ylamay aytgan so‘zi ko‘pchilik o‘rtoqlarning ensasini qotirdi, uch kishi uning fikriga e’tiroz bildirdi.

Usmon Yusupovich yetuk arbob sifatida yuzaga kelgan vaziyatni, majlisda ishtirok etayotgan kommunistlarning kayfiyatini darhol ilg‘ab, o‘ziga yaqin xodimning jamoaga bergan bahosiga salbiy munosabat bildirdi va yana gapini silliqlab, hammamiz jipslashib mehnat qilishimiz kerak, dedi.

Jamoada shundan bo‘lak jiddiy mojaro yoki kelishmovchilik bo‘lganligini eslay olmayman. Biz Usmon Yusupovich bilan qo‘lni qo‘lga berib, do‘stona ishlashdik. Lekin uni ikki yoki uch marta O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi sekretariatiga chaqirib, MQ ixtiyorida bo‘lgan talaygina yirik masalalarni hukumatda yakkaboshlik bilan hal etib yuborayotganligi to‘g‘risida e’tiroz bildirishdi.

1953 yil 2 iyulda KPSS MQ Plenumi ochilib, unda L. P. Beriyaning sotsialistik qonunchilikni, partiya Ustavi talablarini qo‘pol ravishda buzganligi, xizmat vazifasini suiiste’mol qilganligi, davlatga va xalqqa katta zarar yetkazadigan o‘zboshimchaliklarga yo‘l qo‘yganligi masalasi muhokama qilindi. Plenum L. P. Beriyani barcha lavozimlardan bo‘shatish va partiyadan o‘chirish to‘g‘risida bir ovozdan qaror qabul qildi. Mazkur Plenum va uning 1953 yil 10 iyulda «Pravda» ro‘znomasida e’lon qilingan kengaytirilgan qarorlari, partiya tashkilotlari obro‘-e’tiborini oshirishda, sotsialistik qonunchilik va huquq-tartibotni mustahkamlashda, har bir xodimning shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Uning kadrlar to‘g‘risidagi shubhali maktubi yo‘q qilindi. Hamma shunga ishonch hosil qildiki, Beriyaning kadrlar to‘g‘risidagi «g‘amxo‘rligi» ig‘vogarona maqsadni — xodimlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni milliy asosda murakkablashtirishni ko‘zda tutgan edi. U bundan foydalanib, birovni millatchilikda, ikkinchi kishini shovinizmda ayblab, o‘ziga ma’qul bo‘lmagan shaxslarni yo‘qotmoqchi bo‘lgan edi. Kadrlarni yangilab, o‘zining qora niyatlarini amalga oshirish uchun joylarda tayanchga ega bo‘lishni mo‘ljallagandi.

Plenum topshirig‘iga binoan, Beriya va uning sheriklari ishi yuzasidan bir necha oy mobaynida tergov olib borildi. Dekabr oyining o‘rtasida alohida harbiy tribunalning sud majlisi boshlandi. 1953 yil 23 dekabrda tribunal hukmi bilan Beriya va uning eng yaqin sheriklari otib tashlandi.

Oradan ko‘p o‘tmay, 1954 yilda, meni eski ishimga tiklashdi, ya’ni yana jumhuriyat Vazirlar Kengashi Raisi etib tasdiqlandim.

* * *

1988 yilda «Izvestiya», «Literaturnaya gazeta», «Moskovskiye novosti» ro‘znomalarida, «Krokodil» oynomasida U. Yusupov haqida maqolalar bosildi. Shu munosabat bilan 34 partiya, urush va mehnat faxriysi «Pravda Vostoka» ro‘znomasiga yozgan, 1988 yil 16 oktyabrda bosilgan «Oshkoralik mezoni — haqiqat» sarlavhali maktubda bu maqolalarni tahlil qilishdi, asossiz ayblar va haqoratlarni fosh etishdi, o‘zlari bilan uzoq vaqt birga ishlashgan Usmon Yusupov to‘g‘risidagi haqiqatni aytishdi. Taniqli olimlar — tarix fanlari doktorlari M. Iskandarov va F. Ishoqov U. Yusupov haqida katta ocherk yozib, uning siyosiy qiyofasini yaratishdi. Bu ocherk ham 1988 yil 27 noyabrda «Pravda Vostoka»da e’lon qilindi.

Yozuvchi Komil Ikromov o‘z maqolalarida otasi Akmal Ikromovning halok bo‘lishida U. Yusupovni aybdor hisoblagan va u rahbarlik qilgan yillarda O‘zbekistonda 40 mingga yaqin kishi qatag‘on qilingan, degan.

Lekin hamma ish uchun yakka o‘rtoq Yusupovni ayblash to‘g‘ri emas. Keltirilgan raqam ham shubha tug‘diradi.

Ikkinchi tomondan, qatag‘on bilan bog‘liq ishlarga O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining o‘sha paytdagi birinchi kotibining daxli bo‘lmagan, deyish ham to‘g‘ri emas. U, garchi yuragida shu ishni xohlamasa ham, baribir xizmat taqozosi bilan — jumhuriyatning birinchi siyosiy rahbari va mash’um «uchlik»ning raisi sifatida chekkada tura olmasdi.

«Yosh leninchi» ro‘znomasining 1990 yil 21, 22, 23 avgust sonlarida bosilgan «Haqiqat o‘lmaydi» sarlavhali maqolamda men A. Ikromov, F. Xo‘jayev va boshqalar qanday qatag‘on qilinganliklari va ular 1956 yilda qanday oqlanganliklari haqida yozdim.

Shuni ta’kidlash kerakki, A. Ikromov va U. Yusupovning o‘zaro munosabatlari, ular birgalikda ishlashgan dastlabki yillardayoq, yumshoq qilib aytganda, u qadar silliq bo‘lmagan.

O‘zbekiston KP(b)ning 1929 yil mart oyida Samarqandda bo‘lgan IV s’ezdida, bungacha Toshkent okrug partiya qo‘mitasi tashkiliy bo‘limi mudiri bo‘lib ishlagan Usmon Yusupovni O‘zbekiston KP(b) Markaziy Qo‘mitasining tarmoq kotibi etib saylashdi. Ana shunda jamoa xo‘jaliklarini tashkil etish muddatlari, sur’atlari, shakllari, quloqlarni tugatish masalalarida u bilan A. Ikromov o‘rtasida kelishmovchiliklar paydo bo‘ldi. Shu munosabat bilan 1931 yil oktyabrda U. Yusupov VSSPS O‘rta Osiyo byurosi raisi etib saylanadi.

Shu yilning dekabr oyida bo‘lgan VSSPS plenumida U. Yusupov va A. I. Mikoyan prezidium stolida o‘tirib tanishishadi va bu sekin-asta do‘stlikka aylanadi.

1934 yilning dekabrida U. Yusupov Moskvaga ikki yillik marksizm-leninizm kursiga yuboriladi. O‘qishi davomida u Anastas Ivanovich bilan tez-tez uchrashib turadi, uning kvartirasida, ish joyida bo‘ladi. Shu davrdan boshlab Mikoyan unga murabbiylik qila boshlaydi.

U. Yusupov 1936 yilda o‘qishni tugatganidan keyin, A. Ikromov, F. Xo‘jayev va MQ byurosining boshqa a’zolari uning eski ishiga qaytishiga — MQ kotibi bo‘lishiga rozilik bildirishmadi. Shunda Mikoyanning shaxsiy tashabbusi bilan Usmon Yusupovni oziq-ovqat sanoati xalq komissari etib tayinlashib, bu ishda u yarim yildan ko‘proq ishladi.

VKP(b) MQning fevral-mart (1937 y.) Plenumida N. Buxarin va A. Rikov faoliyati tanqid qilinishi munosabati bilan ular ishini ko‘rib chiqish uchun A. Mikoyan raisligida komissiya tuzildi. Komissiya Plenumga tayyorlagan ma’ruzasida Buxarin va Rikov partiyaga qarshi faoliyat olib boradigan o‘z guruqlarini tuzganliklari ta’kidlanib, ularni jinoiy javobgarlikka tortishni taklif qildi.

Plenum komissiya ma’ruzasini prokuraturaga topshirdi.

Ularni SSSR Bosh prokurori A. Vishinskiyning talabi bilan sud qilgan Oliy Sudning harbiy hay’ati o‘zining 1938 yil 13 martdagi hukmi bilan 21 sudlanuvchidan 18 nafarini, shu jumladan, A. Ikromov va F. Xo‘jayevni ham oliy jazoga hukm qilib, bir kundan keyin — 15 martda ular otildilar.

U. Yusupov A. Mikoyan bilan bo‘lgan ko‘plab uchrashuvlarida jumhuriyatdagi ahvol, rahbar xodimlar to‘g‘risida tanqidiy gaplarni aytgan. O‘zbekistonda bir marta ham bo‘lmagan Mikoyan esa, albatta, bu axborotlardan Plenum uchun ma’ruza tayyorlayotgandagina emas, balki 1937 yilning yozida VKP(b) MQ Siyosiy byurosida A. Ikromovning arizasi uning ishtirokida qarab chiqilganida ham foydalandi.

Stalin Ikromovni halol odam dedi, lekin Mikoyan, shuningdek uni qo‘llab-quvvatlagan Kaganovich, Yejov va boshqalar Stalinning fikrini o‘zgartirib, Ikromovning jinoiy javobgarlikka tortilishiga erishishdi.

Uni O‘zbekiston KP(b) Markaziy Qo‘mitasining 1937 yil sentyabrda bo‘lgan Plenumida ishdan olib, partiyadan o‘chirishdi. Lekin bu ish, ba’zilar ta’kidlaganidek, o‘rtoq Yusupovning ma’ruzasi bo‘yicha emas, balki I. V. Stalin va V. M. Molotovning maktubi va A. Andreevning axboroti asosida qilindi. U. Yusupov 35 notiq qatorida muzokarada so‘zga chiqdi. Yuqoridagi maytubni esa N. Yejov va A. Vishinskiy A. Mikoyanning ma’ruzalari asosida tayyorlashgan edi.

III Plenumdan keyin o‘n kun o‘tgach, 1937 yil 26 — 28 sentyabrda MQning IV Plenumi bo‘lib, bir necha nomzodni muhokama qilib, U. Yusupovni O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining birinchi kotibi etib sayladi.

Oradan ko‘p o‘tmay, N. Yejov sotsialistik qonunchilikni qo‘pol ravishda buzganlikda va qo‘lidagi hokimiyatni suiiste’mol qilganlikda ayblanib, VKP(b) MQ kotibi lavozimidan olindi, qamalib, otib tashlandi.

O‘shanda «uchlik» va «alohida kengashplar ham tugatildi. Moskva sudlarida yirik, shov-shuvli ishlar ko‘rilmaydigan bo‘ldi. Lekin mamlakatning chekka joylarida quyi tashkilotlarning xodimlariga va jinoiy javobgarlikka tortilganlarning oila a’zolariga nisbatan qatag‘on davom etdi. A. Ikromovning xotini, bolalari, aka-ukalari, qarindoshlari, hatto keksa xolasi, pochchasigacha shu yo‘sinda qamalib, otildi yoki surgun qilindi. Ularning deyarli hech biri yorug‘ kunlarga yetmay, lagerlarda o‘lib ketishdi.

Fayzulla Xo‘jayevning ukasi Ibodulla o‘zini otib o‘ldirdi. Onasi Rayyon opa va birinchi xotini Malikaxon surgunda o‘lishdi. Ikkinchi xotini Fotima va qizi Viloyatxon qamoq muddatini o‘tab bo‘lishgach, ozodlikka chiqishdi. Qatag‘on qilingan boshqa rahbar xodimlar oilalarining qismati ham shunday bo‘ldi.

Shundan keyingi yillarda ham o‘lkamizning yuzlab iqtidorli o‘g‘il va qizlari halok bo‘lganligini aslo oqlab bo‘lmaydi. Bunga, jumladan, Usmon Nosir va Sulton Segizboyevning taqdirini misol keltirish mumkin.

Usmon Nosir 1912 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. Yoshligidayoq uning odatdagidek bo‘lmagan talanti, zo‘r iqtidori borligi ma’lum bo‘ladi va tezda o‘z asarlari bilan elga taniladi. Yesh ijodkor hech qanday jinoyati bo‘lmagan holda qatag‘on qilinib, atigi 32 yil yashab, surgunda halok bo‘ldi.

U Moskvada bo‘lgan o‘zbek adabiyoti va san’ati o‘n kunligidan qaytayotib, vagonda Stalin to‘g‘risida qandaydir bir nojo‘ya gap aytadi. Bu gap darhol tegishli idoraga yetkazilib, shoirni qamashadi va Sibirga surgun qilishadi. Magadandagi lagerda bo‘lganida, u og‘ir kasal bo‘lganiga qaramay, ijodini davom ettirib, she’r va dostonlar yozadi. 1943 yilda U. Yusupovga maktub yo‘llab, Sibirning qattiq sovug‘iga organizmi dosh berolmayotganligini, O‘zbekistondagi istalgan lagerga o‘tishda yordam berishini so‘radi. U. Yusupov bu maktubni o‘z takliflarini aytishlari uchun jumhuriyat Yozuvchilar uyushmasi rahbarlariga yubordi. Ular esa talantli hamkasblarining surgundan qaytishiga qarshi turishdi.

Usmon Nosir xatiga javob ololmay, Kemerovodagi mahbuslar shifoxonasida vafot etdi. U O‘zbekiston rahbarlarining tavsiyasi bilan 1957 yil 21 martda oqlandi.

Kemerovoliklarga rahmat, shoir dafn etilgan joyni topishda qarindoshlariga yordam berishdi. 1988 yilda Usmon Nosirning xokini Toshkentga olib kelib, Chig‘atoydagi birodarlar qabristoniga dafn etishdi.

50-yillarda men shoirning otasi Nosirxo‘ja aka bilan Mirzacho‘lning yangi o‘zlashtirilayotgan yerida uchrashgan edim, u o‘sha paytda bu yerda gidrotexnik bo‘lib ishlardi. 40-yillarning oxirida Namanganda ishlaganimda Usmon Nosirning lotin imlosida nashr etilgan bir nechta asarini o‘qiganman. U hayot, muhabbat, go‘zallik, insoniylik, Vatan qaqida jo‘shib, qalbdan kuylagan edi. Qismatni qarangki, hayot va muhabbat haqida shunday zo‘r ilhom bilan yozgan bu yigit sevgan qiziga uylanolmadi, oila hayoti baxtini bir kun bo‘lsa ham tatib ko‘rolmadi, o‘zidan zurriyot qoldirmadi. Inson va insoniylik to‘g‘risida kuylab, yovuzlikning qurboni bo‘lganligi esa eng dahshatlisidir.

Kim bilsin, Usmon Nosir boqiy umr ko‘rsa, XX asrning Navoiysiga, dunyoviy shaxsga aylanarmidi?!

Sulton Segizboyev 1899 yilda tug‘ilgan. 1916 yilda o‘lkamizda bo‘lgan g‘alayonda faol ishtirok etgan. 1918 yilda Kommunistik partiya safiga o‘tgan. 1918 yildan Oqqo‘rg‘on, Piskent volostlarida ijroiya qo‘mita va inqilobiy qo‘mitalarning raisi bo‘lgan. Keyin Farg‘ona viloyatida sovet va partiya idoralarida rahbarlik lavozimlarida, shu jumladan, «Farg‘ona» ro‘znomasining muharriri, viloyat partiya qo‘mitasining kotibi bo‘lib ishladi. So‘ngra Toshkent uyezd qo‘mitasining kotibi bo‘ldi. 1925—30 yillarda Moskvadagi qizil professura institutida o‘qib, uni a’lo baholar bilan tamomladi. 1930—31 yillarda Butunittifoq qishloq xo‘jalik akademiyasining O‘rta Osiyo filiali va paxtachilik institutining direktori bo‘ldi.

Qozog‘istonga yuborilib, jumhuriyat Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi qishloq xo‘jalik bo‘limi mudiri bo‘ldi. 1937 yildan Shimoliy Qozog‘iston viloyat partiya qo‘mitasining birinchi kotibi etib saylandi. 1937 yil sentyabrda O‘zbekiston SSR Xalq Komissarlar Kengashi Raisi vazifasini bajara boshladi. VKP(b)ning XI, XVI, XVII s’ezdlari delegati bo‘ldi.

1937—38 yillarda SSSR Oliy Kengashi Raisining o‘rinbosari etib saylandi. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining IV Plenumida boshqalar qatori uning nomzodi ham Markaziy Qo‘mita birinchi kotibligiga muhokama qilingan.

U Jangovar Qizil Bayroq ordeni, boshqa ordenlar va medallar, nomi yozilgan soat va qurol bilan taqdirlangan. S. Segizboyev professor ilmiy unvoniga ega edi, o‘zbek tilidan tashqari, rus, ingliz va frantsuz, qozoq tillarini bilardi. Toshkent va Moskva oliy o‘quv yurtlarida siyosiy iqtisoddan dars bergan.

1938 yil 15 iyunda Toshkent viloyat partiya konferentsiyasi ochildi. Prezidiumda U. Yusupov, S. Segizboyev va Markaziy Qo‘mita byurosining boshqa a’zolari o‘tirishgan edi. Shu konferentsiyada ishtirok etgan delegatlarning hikoya qilishicha, ma’ruza bo‘layotgan paytda bir odam Segizboyev yoniga kelib, uni vestibyulga taklif etadi. U o‘rnidan turib, tashqariga chiqadi. Shu payt ichki ishlar xalq komissari Aprosiyan U. Yusupov oldiga kelib, unga nimadir dedi.

Segizboyevni shu yo‘sinda qamab, 21 iyunda markazga olib ketishdi. 1939 yil 25 fevralda harbiy tribunal sudi bo‘ldi. Segizboyev suddagi so‘nggi so‘zida shunday dedi: «Hamma ayblarni qiynash yo‘li bilan bo‘ynimga qo‘yishdi. O‘z ayblarimni to‘la inkor qilaman, ularni tan olmayman. Ishimni qayta tergovga yuborishlaringizni talab etaman».

Sud ikki soat davom etdi. Uni oliy jazoga hukm qilishib, shu kuniyoq otishdi. Istiqboli porloq partiya va davlat arbobi, olim ana shunday halok bo‘ldi. Sulton Segizboyev O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining taklifi bilan 1957 yil 6 aprelda oqlandi.

U haqda gapirganda, asarlarini, ayniqsa tarix va iqtisodiyotga oid ilmiy ishlarini alohida kitob holida nashr etish maqsadga muvofiqligini aytish kerak. U Oqqo‘rg‘onda tug‘ilib o‘sgan, hozir uchinchi va to‘rtinchi avlodga mansub qarindoshlari ham shu yerda yashashadi. Nima uchun shu tumanni Sulton Segizboyev tumani yoki Sultonobod deb nomlash mumkin emas?

1948 yilda va 50-yillarning boshida O‘zbekistonning adabiyot va san’at arboblaridan 20 nafardan ortig‘i — H. Sulaymon, M. Shayxzoda, Shukrullo, Shuhrat, Said Ahmad va boshqalar qamalib, 15—25 yilga hukm qilindilar va Sibirdagi lagerlarga jo‘natildilar. Bunday misollar ko‘p.

1953 yil 23 dekabrda Beriya bilan birga uning o‘rinbosarlari, boshqarma boshliqlari, NKVDning jumhuriyatlar va viloyatlardagi organlari rahbarlari ham oliy jazoga hukm qilindilar. Bular orasida Beriyaning yaqin odami bo‘lgan, O‘zbekistonda ichki ishlar organlarini boshqargan Aprosiyan, Goglidze singari shaxslar bor edi. Mana shu kishilar besh oy davom etgan tergov paytida guvohlik berib, O‘zbekistondagi barcha qama-qama va hukmlarni oldindan Markaziy Qo‘mita birinchi kotibiga ma’lum qilganmiz va uning roziligini olganmiz deyishdi.

Ozarboyjon Davlat xavfsizligi vazirligi rahbarlari ham shunday guvohlik berishdi. Tekshirishda bu ma’lumot tasdiqlandi va Ozarboyjon Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining birinchi kotibi, VKP(b) MQ Prezidiumi (Siyosiy byurosi) a’zoligiga nomzod Bagirov oliy jazoga hukm qilindi.

U. Yusupov haqida berilgan guvohlikka kelganda, KPSS MQda u bilan tanishib chiqishgach, ishni muhokama qilish va aybdorni partiyaviy va davlat javobgarligiga tortish uchun O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi ixtiyoriga yuborishga qaror qilishdi.

Ish va xat bilan faqat A. E. Niyozov va R. Ye. Melnikov tanishdilar va shu zahoti paketni qaytarib yubordilar. Ular ikkisi bizni — byuro a’zolarini Markazqo‘mga taklif qilishib, materiallarning mazmunini gapirib berishdi. Markaziy Qo‘mita byurosining yopiq majlisi o‘tkaziladigan kun to‘g‘risida kelishib oldik.

Belgilangan muddatda byuro a’zolari to‘planishdi. Xonaga Usmon Yusupov kirib keldi (muhokama yopiq va stenogrammasiz bo‘ldi). A. E. Niyozov axborot berdi. Amin Ermatovich so‘zining oxirida, U. Yusupov partiya va davlat mas’uliyatiga tortish uchun loyiqdir, dedi. Kimdir, bu mas’uliyatni qanday tushunsa bo‘ladi, deb so‘radi. A. E. Niyozov gap topolmay qoldi. R. Melnikov: «Bunday ishlar uchun partiyadan o‘chirib, sudga beradilar», dedi.

U. Yusupovga so‘z berishdi. Uning shu paytdagi ahvolini ko‘rgan odam achinardi. Boshi va jag‘ini katta ro‘mol bilan bog‘lab olgan — tishi og‘rib, lunji shishib ketgan, ko‘zlari qip-qizil, peshonasidan ter oqib turardi. U qiynalib, lekin mantiqli gapirdi. Gap nima haqda borishini kimdandir eshitganligi, tayyorgarlik ko‘rganligi sezilib turardi. U. Yusupov mardlik ko‘rsatdi — materiallarni olib kelishganida, tanishib, organ so‘rovlariga rozilik berganligini tan oldi.

— Bu mening qo‘pol xatoim, — dedi u. — Lekin hech bir qarshi chora ko‘ra olmadim. E’tiroz bildirsam jinoyatchilarga sherik yoki ularni himoya qilayapti, deb o‘ylashlari mumkin edi, chunki materiallar ishonarli, aniq faktlar asosida tayyorlangan edi. Vaziyat shunday ediki, bosh tortguday bo‘lsam, mening o‘zimni ham qamab yuborishlari hech gap emasdi. Mening holatimni hisobga olishlaringni qattiq iltimos qilaman, istalgan ishga yuboringlar, ishonchlaringni oqlayman.

Birinchi bo‘lib Sh. Rashidov gapirib, U. Yusupovni qattiq tanqid qildi. Uni qo‘rqoqlikda ayblab, o‘z joningizni o‘ylab, shuncha kishilarning umriga zavol bo‘lgansiz, azob-uqubatga mahkum qilgansiz, dedi. U. Yusupovni qattiq jazolashni talab qildi. Bu fikrni R. Ye. Melnikov ham qo‘llab-quvvatladi.

Shundan keyin men so‘z oldim.

— Bizda yuz bergan ishlar haqida nafaqat gapirish, balki tinglashning o‘zi og‘ir, — dedim men. — Jumhuriyatda rahbar kadrlarga, oddiy fuqarolar — erkaklar, ayollar, bolalar, keksalarga nisbatan zo‘ravonliklar, ular taqdirini hal etayotganda qonunchilikni oyoq-osti qilish hollari xususida istalgancha misol keltirish mumkin. Bu hol, o‘rtoq Yusupov, faqat sizga emas, balki butun jumhuriyat partiya tashkiloti uchun dog‘dir. Siz O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining birinchi kotibi, KPSS Markaziy Qo‘mitasining a’zosi, SSSR Oliy Kengashining deputati sifatida hamma ishga bir qolipda yondoshib, rozilik berib yuboravermasdan, har birini diqqat bilan, har tomonlama o‘rganishingiz kerak edi. Bu ishlarni byuroda, ba’zi masalalarni esa MQ plenumida muhokama qilish mumkin edi. Siz bunday qilmagansiz. Biz hozir sizning qay darajada aybdor ekanligingiz haqida gapirayapmiz. Aslida bu haqda qatag‘onga uchragan her bir oila, butun xalq ham gapiradi. Biz-ku, bu yerda qaror qabul qilish bilan kifoyalanamiz, lekin odamlar nojo‘ya ishni bir umr unutishmaydi.

— Ammo o‘rtoq Yusupovdek davlat arboblarining xulqi va xatti-harakatlarini muhokama qilganda, — deb davom etdim men, — faoliyatiga chor taraflama qaramasdan, shubhasiz xizmatlariga e’tibor bermasdan, faqau muhokama etilayetgan masala asosida baholay olmaymiz. Buning ustiga o‘rtoq Niyozovning axborotidan va o‘rtoq Yusupovning o‘z so‘zidan ko‘rinib turibdiki, biron-bir kishi uning tashabbusi bilan yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri bergan ko‘rsatmasi asosida qatag‘on qilinganligini isbotlovchi faktlar yo‘q. Shu munosabat bilan men u yo‘l qo‘ygan xatolarni qattiq e’tiborga olishni, lekin uning tarjimai holini, shuningdek ayblariga samimiy iqror bo‘layotganligini hisobga olib, uni qattiq ogohlantirib, muhokama bilan kifoyalanishni va Usmon Yusupovni bekor qo‘ymasdan o‘ziga yarasha ish berishni, ayblarini mehnati bilan yuvishi uchun imkoniyat yaratishni maqsadga muvofiq, deb bilaman.

General I. Ye. Petrov mening taklifimni qo‘llab-quvvatlab gapirdi. M. Mirzaahmedov, V. A. Bilbas ham shunday qilishdi.

Taklifni ovozga qo‘yish asosida qattiq ogohlantirish bilan kifoyalanishga kelishildi. Usmon Yusupovning iltimosini axborot uchun qabul qilib, S. Kamolov va menga uni ishga tayinlashni topshirishdi. Ertasi kuni Usmon akaga mashina yubordik. U o‘ziga nisbatan insonparvarlarcha munosabatda bo‘lganligi uchun O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi byurosi a’zolariga va KPSS MQ Prezidiumiga minnatdorchiligini yetkazishimizni iltimos qildi. Sovxozlar vaziri o‘rtoq Burhonovni va Mirzacho‘lni o‘zlashtirish Bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari o‘rtoq Aytmatovni (boshliq Sarkisov yo‘q edi) chaqirdik. Aytmatov 4-«Boyovut» davlat xo‘jaligining direktori yo‘qligini aytdi. Usmon aka o‘sha joyga borishga rozi bo‘ldi. Vazirning buyrug‘i bilan uni mazkur xo‘jalik direktori etib tayinladik.

Endi bir-ikki og‘iz so‘z 40-yillarda va 50-yillarning boshida qatag‘on qilingan yozuvchilar va olimlar to‘g‘risida. Men 40-yillarning birinchi yarmida frontda, bulganligim, keyin esa harbiy xizmatdan qaytgach, Namanganga ishga tayinlanganim uchun bu voqealardan yaxshi xabardor emasdim. 1953 yilda jumhuriyat Vazirlar Kengashida ishlayotganimda bir kishi oldimga kirib, bu fojia haqida batafsil gapirib berdi. Meni voqea qiziqtirdi. Kechqurun A. E. Niyozov oldiga borib, eshitganlarimni gapirib berdim. U kishi ham o‘ylanib qolib:

— Nima qilamiz, Nuriddin? — deb so‘radilar.

— Har tomonlama tekshiraylik, haqiqatni aniqlaylik, — dedim. Bu fikrim Amin Ermatovichga ma’qul bo‘ldi.

Shundan keyin ushbu masala bilan men, R. M. Melnikov, M. Abdurazzoqov, H. Sulaymonova va jumhuriyat Davlat xavfsizlik qo‘mitasining yangi raisi A. B. Bizov shug‘ullana boshladik. Hujjatlarni olib, o‘rganish uchun Moskvaning roziligini olishga to‘g‘ri keldi.

Masalaning murakkabligi shunda ediki, qatag‘on qilinganlar ochiq sud qilinmagandilar. Davlat xavfsizligi qo‘mitasi binosida ularni harbiy prokuratura tergovchilari so‘roq qilib, sud ham o‘sha yerda o‘tkazilib, hukm chiqarilib yuborilavergan edi.

Tekshirishda qatag‘on qilinganlar millatchilikda va sovet davlatiga qarshi guruhlar tuzishda asossiz ravishda ayblanganliklari ma’lum bo‘ldi. Biz hukmlar bekor qilinib, aybdorlar oqlanishini taklif qildik. Bu masala O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining byuro majlisida muhokama qilindi. Ancha tortishuvdan so‘ng biz kiritgan takliflarning barchasi qabul qilindi.

1954—55 yillarda nohaq qamalganlarning barchasi Toshkentga — o‘z oilalari bag‘riga qaytib kelishdi. Ularga eski kasblarida ishlash, ijod qilish uchun shart-sharoitlar yaratildi.

Jumhuriyat ziyolilarining 1956 yilning kuzida bo‘lgan I qurultoyida so‘zlagan nutqimda men bu voqea haqida ham gapirib o‘tgan edim.

* * *

Usmon Yusupov taqdiri haqida so‘z borganida, uning Xrushchev bilan o‘zaro munosabatlari to‘g‘risida ham gapirish kerak.

So‘zni uzoqdan boshlaymiz. 1953 yil oxirida SSSR Oliy Kengashi delegatsiyasi Finlandiya seymi raisi Fagerxolmning taklifiga muvofiq shu mamlakatga boradigan bo‘ldi. Uning tarkibida Sovet xotin-qizlari qo‘mitasi raisi N. V. Popova, SSSR Vazirlar Kengashi mehnat va ish haqi Davlat Qo‘mitasi raisi A. N. Volkov, Leningrad shahar ijroiya qo‘mitasi raisi N. N. Smirnov, men va boshqa deputatlar bor edik.

Finlar birinchi sovet parlament delegatsiyasini iliq qarshi olishdi. Ikki parlament vakillarining muzokaralari muvaffaqiyatli o‘tdi.

Bizning safarimiz va seym deputatlari bilan uchrashuvimiz birgalikda bayonot qabul qilish bilan tugadi. Fin parlamenti a’zolari bizga zo‘r mehmondo‘stlik ko‘rsatishdi, Xelsinki va mamlakatning diqqatga sazovor joylarini ko‘rsatishdi va samimiy kuzatib qolishdi.

Delegatsiya yaxshi kayfiyat bilan Vataniga qaytdi.

Moskvaga kelishimiz bilan KPSS Markaziy Qo‘mitasiga kirdim, u yerda, N. S. Xrushchev bir guruh mas’ul xodimlar bilan Toshkentda ekanligini (1953 yil noyabr) aytib, darhol jo‘nab ketishni taklif qilishdi. Aktyubinskka kelganimda, meni kutib olgan viloyat rahbarlari, N. S. Xrushchev Toshkentdan Moskvaga borayotib, shu yerda to‘xtaganligini aytishdi.

Yigirmadan ortiq odam o‘tirgan zalga kirdik. Ilgari Nikita Sergeevichni partiya s’ezdlarida, Oliy Kengash sessiyalarida, KPSS Markaziy Qo‘mitasi Plenumlarida bir necha marta ko‘rgandim, nutqlarini tinglagan edim. Bundan tashqari 1953 yil sentyabrda biz A. E. Niyozov ikkimiz boshqa jumhuriyatlarning rahbarlari bilan birgalikda uning huzurida bo‘lib, KPSS MQ birinchi kotibi bo‘lganligi bilan tabriklagan edik. Endilikda esa u bilan ilk bor yonma-yon turishim edi. O‘zaro salom-alikdan so‘ng, u menga murojaat qilib shunday dedi: «Biz hammamiz paxtakor bo‘ldik. Sizning Vataningizdan hozirgina qaytayapmiz. Taassurotlarimiz juda zo‘r, paxtakor jumhuriyatlar rahbarlarining kengashi yaxshi o‘tdi. Tojiklar paxtachilik bilan jiddiy shug‘ullanishayapti, O‘zbekistonda esa agrotexnikaning yangi, yaxshi usullariga va ilg‘or tajribaga, kvadrat uyalab ekib, ikki tomonlama ishlov berishga nisbatan katta konservativ munosabat bor. Buning aybdori — Yusupov, u paxtachilikni mexanizatsiyalashtirishga to‘sqinlik qilayapti. Bu haqda Tursunqulovning kolxozida ham, kengashda ham kolxozchilarning o‘zlari gapirishdi. Men ularni qo‘llab-quvvatladim va Usmonga tutgan yo‘li xato ekanligini ko‘rsatdim». Keyin qo‘shib qo‘ydi: «Amalga oshirgan tadbirlarimiz qo‘shimcha 500 ming tonna paxta beradi, deb o‘ylayman».

Uning so‘zlariga o‘z munosabatimni bildirishim kerak edi.

— Sizning O‘rta Osiyo jumhuriyatlarida bo‘lishingiz foydali natijalar beradi, buning ustiga, shu paytgacha mamlakat partiya va hukumat rahbarlari o‘lkamizda kam bo‘lishgan, — dedim men. — Shubham yo‘qki, Tojikiston va O‘zbekiston aholisi Sizni samimiy, sidqidildan kutib olgan, afsuski, ishtirok etish imkoniga ega bo‘lmadim.

Tojik paxtakorlari yuqori hosil olishayapti, ularni har qancha maqtasa arziydi. O‘zbekistonda ham paxta ishlab chiqarishni ko‘paytirishni istamaydigan odam yo‘q. Hammamiz mana shu o‘y-xayol bilan yashab, mehnat qilayapmiz.

Shubha yo‘qki, fan, texnika yutuqlarini, ilg‘or tajribani keng joriy etish paxtachilikni yuksaltirishning asosiy yo‘lidir.

Agrotexnikaning yangi usuli — kvadrat uyalab ekish va maydonlarga ikki tomonlama ishlov berishni Namangan tumanidagi jamoa xo‘jaligi hosiloti Teshaboy Mallaboyev yaratgan. U 1934—1935 yillardayoq chigitni kvadrat uyalab ekib, maydonlarga uzunasiga va ko‘ndalangiga ishlov bergan. Shu sababli uning xo‘jaligiga o‘sha paytdayoq «Qizil shaxmatchi» nomi berilgan. Mallaboyevni keyin jumhuriyat qishloq xo‘jaligi komissariatining bosh maslahatchisi qilib tayinlashgandi. Lekin bir qator sabablar, jumladan, ayniqsa urush yillari texnika yo‘qligi, ishchi kuchi yetishmasligi va yetarli e’tibor bo‘lmaganligi oqibatida, ushbu tajriba ommalashmay qoldi.

Agrotexnikaning yangi usullari industrial asosga tayanishi kerak. Menimcha, birinchi navbatda moslashtirilgan traktorlar, shatakli mashinalar va mexanizmlar bo‘lishi hal qiluvchi omil sanaladi. So‘nggi yillarda bu masalalar bilan jiddiy shug‘ullandik va chigit ekish, g‘o‘zaga ishlov berish, paxta hosilini yig‘ib-terib olish uchun zarur bo‘lgan mashina va mexanizmlar yaratilyapti. Ularni tinmay takomillashtirish va ishlab chiqarishni ko‘paytirish ahvolni yaxshilash imkonini beradi.

Keyin so‘zimni davom ettirib, shunday dedim:

— Usmon Yusupovga kelganda, bilmadim, bizning o‘rtoqlarimiz nima deyishdi ekan, lekin u uzoq vaqt og‘ir sharoitlarda ishladi. Kamchilik va nuqsonlar har bir odamda bo‘lishi mumkin. Biz Usmon Yusupovni sadoqatli kommunist, halol vatanparvar, mamlakatga ayniqsa Ulug‘ Vatan urushi davrida ulkan xizmatlar qilgan, jumhuriyat iqtisodiyoti va madaniyatining rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan inson sifatida bilamiz. U o‘lkaning o‘ziga xos tomonlarini chuqur biladi, xalq bilan yaqin aloqa o‘rnatgan, katta obro‘ga ega. Paxtachilikning ayrim masalalarida qoloqlikka yo‘l qo‘yganligimiz uchun biz hammamiz mas’ulmiz.

Oxirida shunday dedim: «Sizning ishtirokingizda ishning ahvoli har tomonlama muhokama qilinganligi paxtachilikni rivojlantirishga yordam beradi».

Unga tayyora uchishga shay ekanligini ma’lum qilishdi. Tayyora zinasi tomon borayotib Xrushchev meni chaqirdi va dedi: «Paxtachilikda ma’muriyatchilikka va andozachilikka berilish mumkin emasligini tushunaman. Lekin men Yusupovni hammadan ko‘p bilaman. Toshkentda nutqim matnini qoldirdim, u yerda kengash haqida hisobot tayyorlashayapti. Elon qilingunga qadar ko‘rib chiqing, e’tirozingiz bo‘lsa, qo‘ng‘iroq qiling».

Xrushchev o‘tirgan tayyora Moskvaga yo‘l oldi. Biz qozoq o‘rtoqlar bilan qolib, bo‘lib o‘tgan suhbat haqidagi taassurotlarimizni o‘rtoqlashdik. N. S. Xrushchev paxtachilikning ancha murakkab tomonlari haqida, go‘yo u shu soha bilan butun umr shug‘ullangan odamday qat’iy gapirdi. Tojikiston va O‘zbekistonda birinchi marta, shunda ham atigi ikki kundan bo‘lib, bu xalqlarning tarixi, an’analari, xarakteri, ishlab chiqarish ko‘nikmalarini durustroq bilmay turib, shunday fikr yuritdi.

Ikkita yoki uchta maydondagi g‘o‘zaning holati bilan tanishish, ehtimolki, sharqona odatga binoan mehmonning izzatini saqlab, uning kayfiyatiga bo‘la so‘zlarini ma’qula-ma’qul qilgan ayrim mahalliy xodimlarning fikriga tayanib, ko‘p asrlar mobaynida shakllangan dehqonchilik usuliga chek qo‘yishni taklif etish, bitta kengash o‘tkazish va nutq so‘zlash bilan paxta yetishtirish 0,5 million tonnaga ko‘payadi, deb o‘ylash nokamtarlikdir.

Keyin ma’lum bo‘lishicha, men yanglishgan ekanman. Uning «men Yusupovni hammadan yaxshi bilaman», degan gapiga durust ahamiyat bermabman. N. S. Xrushchev va U. Yusupov o‘z jumhuriyatlariga boshchilik qilgan paytlarda do‘st edilar. Har gal Moskvaga kelganlarida uchrashishardi, bir-birinikida mehmonda bo‘lishardi, Toshkent — Kiyev o‘rtasida telefon orqali suhbatlashib ham turishardi.

Ular o‘rtasiga sovuqchilik birinchi marta 1947 yilda tushdi. Shu yilning 21 — 26 fevral kunlari VKP(b) MQ Plenumi bo‘lib, unda «Urushdan keyingi davrda qishloq xo‘jaligini yuksaltirish tadbirlari to‘g‘risidaigi masala muhokama qilindi. A. A. Andreev ma’ruza qildi va olti kun mobaynida qishloq xo‘jaligidagi og‘ir ahvol va uning taraqqiyotini jadallashtirish yo‘llari har tomonlama muhokama qilindi. Plenum yakuni bo‘yicha o‘n bo‘lim va 157 banddan iborat kengaytirilgan qaror qabul qilindi. Bu hujjat aslida qishloq xo‘jaligini jamoalashtirishdan keyingi eng katta voqea edi.

Ma’ruzadan so‘ng birinchi bo‘lib N. S. Xrushchev nutq so‘zladi. Plenumga I. V. Stalin rahbarlik qilayotgandi. U Xrushchevning nutqini keskin luqmalar bilan tez-tez bo‘lib tashlab, ishidan qoniqmayotganligini, bu mamlakatning eng boy jumhuriyatlaridan bo‘lgan Ukraina kishlok xo‘jaligida, ayniqsa don, qant, chorva mahsulotlari ishlab chiqarishda sudralishga sabab bo‘layotganligini aniq ifodaladi.

Undan keyin ikkinchi bo‘lib Usmon Yusupov gapirdi. U O‘zbekistonda paxtachilik va qishloq xo‘jaligining boshqa tarmoqlari taraqqiyoti to‘g‘risida qisqacha gapirib o‘tgach, Xrushchevni tanqid qilib, Ukraina qishloq xo‘jaligi qoloqligi uchun u shaxsan mas’uliyatli ekanligini ta’kidladi. Shundan keyin, O‘zbekiston Ukrainaga mutaxassislar, trak| torlar, yuk avtomobillari, ot-ulov va boshqalardan yordam ko‘rsatishga tayyor, dedi.

Bu gap Stalinga ma’qul kelib, Yusupovni maqtadi va Xrushchevni yana koyidi.

Ikkinchi o‘zaro xafagarchilik 1952 yilda sodir bo‘ldi. Yuqorida Ittifoq hukumati paxtachilik vazirligining taklifi bilan RSFSR, Ukraina va Moldaviya SSRning janubiy viloyatlarida paxta ekish to‘g‘risida qaror qabul qilganligi haqida gapirib o‘tdik. Xrushchev bu ishning yakunini Stalinga ma’lum qilib, ko‘pgina jamoa va davlat xo‘jaliklari vayron bo‘lganligi, yerlarning unumdorligi pasayib ketganligi, asrlar mobaynida yetishtirilgan yuksak hosilli don va texnik ekinlarni ishlab chiqarish keskin kamayganligi, dehqonlarning moddiy farovonligi yomonlashganligi va boshqa xunuk oqibatlari haqida gapirgan. Shundan keyin Stalin o‘zining ilgarigi qarorini bekor qilib, bu zonalarda paxta ekishni taqiqladi va paxtachilik vazirligiga qattiq tanbeh berdi.

U. Yusupovning O‘zbekistonga nisbatan xatti-harakatlaridan I. V. Stalin norozi bo‘lishi, buning uchun Malenkov va Beriya ham gap eshitganligi, birinchi navbatda, Aleksey Nikolayevich Kosigin bilan bog‘liqdir. U 1951 yil 3 noyabrda Toshkentga keldi. U paytda «Il-14» sovet aviatsiyasining eng yaxshi tayyorasi edi. U tong saharda shu tayyorada Moskvadan uchib, kechki payt shahrimizga yetib keldi.

Dam olishni istamay, to‘g‘ri O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasiga borishni taklif qildi. Moskva bilan Toshkent vaqti o‘rtasidagi farq — 3 soat, birinchi kotib xonasida yig‘ilganimizda kechasi bo‘lgandi.

Kosigin kelgan zahotiyoq hech bir marosimsiz, rasmiyatchiliksiz, protokolsiz qo‘liga qalam olib, ishning ahvolini, qoloqlik sababini va kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni tahlil qila boshladi. Biz bilan birga hisob-kitoblar chiqarishda, ularni bajarish bo‘yicha topshiriqlar va tadbirlar belgilashda qatnashdi.

Hukumat chorbog‘iga kelganimizda tong otdi. U bir piyola choy ichib, uxlagani kirib ketdi. Biz A. E. Niyozov bilan boshqa xonadan viloyat partiya qo‘mitalarining birinchi kotiblariga qo‘ng‘iroq qilib, ularni 5 noyabrga belgilangan Markaziy Qo‘mita byurosiga viloyat ijroiya qo‘mitasi raislari bilan birga kelishni taklif qila boshladik.

4  noyabr kuni soat 12.00 da, yengil nonushta qilgach, Aleksey Nikolayevich, A. E. Niyozov va men tumanlarga chiqib ketdik. Toshkentga esa kechasi soat 3 da qaytdik.

5  noyabr soat 10.00 da Markaziy Qo‘mita byuro majlisi boshlandi. A. E. Niyozovning axborotidan so‘ng viloyat rahbarlariga paxta terish va topshirishning borishi to‘g‘risida gapirishni taklif qildik. Namangan viloyati ko‘rsatkichlari nisbatan biroz qanoatlanarli edi. Aftidan shuning uchun bo‘lsa kerak, shu viloyatning birinchi kotibi o‘rtoq H. J. Jo‘rayev birinchi bo‘lib so‘zlashga qaror qildi. U so‘zining «bismillosi»ni o‘sha davr ruhida paxtaning ahamiyati haqida vaz aytishdan, I. V. Stalin so‘zlaridan tsitatalar keltirishdan, viloyatda vujudga kelgan ma’naviy-siyosiy ko‘tarinkilikni ta’kidlashdan boshladi.

Aleksey Nikolayevich uning so‘zini bo‘lib, «osmon»dan yerga tushirib qo‘ydi va yig‘im-terimda transport vositalaridan, qanor-qoplardan, sushilkalardan, yoqilg‘idan foydalanishning ahvoli, shuningdek odamlarning dalaga chiqishi, mehnat unumdorligi, paxta punktlarining ish grafigi singari kundalik eng oddiy narsalar bilan bog‘liq aniq savollarni bera boshladi. Bechora Hasan Jo‘rayevich esa gap topolmay qolib, qizarib, terlab ketdi.

Aleksey Nikolayevich savollariga qoniqarli javob olmagach, unga jiddiy tanbeh berdi va o‘tirishni buyurdi. Bu hodisa faqat Jo‘rayevga emas, balki majlisda ishtirok etayotganlarning barchasi uchun jiddiy saboq bo‘ldi, muhokamaga darhol ishchanlik va izchillik ruhini baxsh etdi.

Har bir viloyat bo‘yicha ishni tahlil qilish va paxta terib, topshirish grafigini tuzdik. Aleksey Nikolayevich paxta tayyorlashni jadallashtirish uchun zarur bo‘lgan narsalarni so‘rab, yozib oldi. Yig‘ilish oxirida qisqacha nutq so‘zladi, undan mamlakat rahbarlari yetishtirilgan barcha hosilni yig‘ib-terib olishga nihoyatda zo‘r ahamiyat berayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Majlis davomida kimdir mehnatkashlarning 7 noyabr namoyishini o‘tkazmaslikni, hamma dalada bo‘lishini taklif qildi. Aleksey Nikolayevich rozi bo‘lmadi. Bayramni munosib nishonlashni tavsiya qildi. Lekin namoyish 12.00 da tugab, hamma dalaga paxta terimiga chiqishiga kelishildi. Lenin maydonidagi minbarda O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi byuro a’zolari bilan birga Aleksey Nikolayevich ham turdi va mehnatkashlarni tabrikladi.

Namoyishdan so‘ng uning taklifi bilan biz ham paxtazorga ketdik. Biroq Chinoz tumaniga borayotganimizda, namoyishdan keyin dalaga ketgan kishi bo‘lib, aslida yo‘l bo‘ylarida to‘dalanib o‘tirib olib, bayramni davom ettirayotgan kishilarning bir necha guruhini ko‘rganimizda, biz bilan birga borayotgan Toshkent viloyat partiya qo‘mitasining birinchi kotibi N. Mahmudov, Toshkent shahar partiya qo‘mitasining birinchi kotibi F. Xo‘jayev Aleksey Nikolayevichdan eshitadiganlarini eshitishdi. Ayniqsa, ajriq ustida o‘tirganlar orasidan davangirday bir yigit qo‘lida katta qirrali stakan bilan o‘rnidan turib: «Aleksey Nikolayevich, bayram bilan tabr iklayman! Sizning sog‘lig‘ingiz uchun, paxta rejamiz yuz bo‘lishi uchun!» deganida hammaning tabi tirriq bo‘ldi.

Ertasi kuni biz Kosigin bilan Andijon viloyatiga uchib bordik va aeroportdan obkomning birinchi kotibi M. Z. Mirzaahmedov bilan birga to‘g‘ri Izboskan tumaniga jo‘nab ketdik. U yerda rezina etik, plashch kiyib olib, yomg‘ir ostida dalalarni ko‘zdan kechirdik. Kayfiyatimiz yomon, hamma och edi.

Lenin nomidagi jamoa xo‘jaligi raisi o‘rtoq Pirimbekov bizni bir piyola choyga taklif qildi, Aleksey Nikolayevich esa xohlamadi. Shundan men hovlidan satillar va yana qandaydir tugunlarni olib chiqib, mashinamizga ortishayotganlariga e’tibor berdim. Borib, bular nima, deb so‘radim. Rais jahli chiqqanini sezdirib shunday dedi:

— Biz bu taomlarning hammasini Moskvadan xo‘jaligimizga birinchi marta kelgan aziz mehmon uchun tayyorlagandik. Hamon sizlar biz bilan bir necha minut o‘tirishni istamas ekansizlar, hammasini olib ketinglar.

Men Aleksey Nikolayevichga raisning gapini va tayyor ovqatni tashlab ketish o‘zbeklarda xunuk ish hisoblanishini aytdim. U darhol rais oldiga kelib, taklif uchun minnatdorchilik bildirdi va barcha bilan uning uyiga kirdi.

Tayyorlangan sho‘rva va palovni ishtaha bilan yedik. Aleksey Nikolayevich dasturxon ustida quvnoq vaziyat yaratdi, hamma bilan — oshpaz, qorovul va boshqa kolxozchilargacha qo‘l berib xayrlashdi.

U Moskvaga 10 noyabrda uchib ketdi. Lekin kutilmaganda, 15 kundan keyin, ya’ni 26 noyabrda yana Toshkentga keldi.

Bu gal u issiq kiyinib olgan edi, to‘g‘ri chorboqqa olib borishni iltimos qildi. Betobligi, harorati yuqoriligi shundoqqina ko‘rinib turardi. U bilan non-choy qilganimizdan keyin, A. E. Niyozov ikkimiz ketdik. Aleksey Nikolayevich o‘sha zahoti yotdi. Ertasi kuni ham ishlay olmadi. Shifokorlar yurishni qat’iyan taqiqlab, to‘shakda qimirlamay yotishni buyurishdi. Shunga qaramasdan keyingi kunlari uning talabi bilan yaqin atrofdagi jamoa va davlat xo‘jaliklarida, bir nechta tumanlarda bo‘ldik. Uning ahvoli esa yaxshilanmayotgan edi. Gripp jiddiy asorat berishi xavfi paydo bo‘la boshladi. SSSR Sog‘liqni saqlash vazirligi 4-boshqarmasidan shifokorlar kelishib, uni Moskvaga olib ketishdi.

Stalin bundan xabardor bo‘lib, uning kvartirasiga qo‘ng‘iroq qilibdi, sog‘ligini so‘rabdi va: «Kasal holingizda yana O‘zbekistonga uchib borish nima uchun zarur bo‘lib qoldi?» debdi.

Ma’lum bo‘lishicha, U. Yusupov 25 noyabrda Beriyaning oldiga kirib, O‘zbekistonda hosilning ancha qismi nobud bo‘lishi mumkin, nainki jumhuriyat rahbarlari ishni eplasholmayapti, odamlar yig‘im-terimga to‘la jalb etilmagan, shuning uchun A. N. Kosigin yana O‘zbekistonga borsa yaxshi bo‘lardi, degan ekan.

Beriya o‘sha zahoti Malenkovga qo‘ng‘iroq qilib, yonida Yusupov o‘tirganligini, u nima deganini aytibdi va Kosigyn yana O‘zbekistonga borsa yaxshi bo‘lardi, debdi. Malenkov esa Kosiginning kvartirasiga qo‘ng‘iroq qilib, Toshkentga borishni tavsiya etibdi. Aleksey Nikolayevich rozi bo‘libdi. Darhol maxsus tayyora buyurib, ertasi ertalab Toshkentga uchib kelibdi.

Stalin bu voqeadan xabardor bo‘lgach, Beriya va Malenkovni koyibdi.

Bu kishilar hukumat qarori bilan O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi birinchi kotibi A. E. Niyozovga hayfsan e’lon qilganlaridan keyin ham ancha xijolat bo‘lib qolishdi. Nainki bu partiya MQ va hukumatning belgilangan maqomiga zid edi: hukumat o‘z qarori bilan rahbar partiya xodimini jazolash huquqiga ega emas (bu xuddi O‘zbekiston Vazirlar Kengashi u yoki bu viloyat partiya qo‘mitasi birinchi kotibini jazolaganday gap).

Nihoyat, Aleksey Nikolayevich, Toshkentda birinchi marta bo‘lganida, O‘zbekistonda butun aholi yalpi paxta yig‘im-terimiga jalb etilganligi to‘g‘risida Malenkov va Beriyaga axborot berib turdi. Paxta va ko‘rakni yig‘ish, tozalash va quritish bo‘yicha ishlar barcha joyda jadal sur’atlar bilan ketayotgan edi. Partiya va sovet tashkilotlari ishga bilib rahbarlik qilishayapti va butun hosilni yig‘ib-terib olish uchun barcha chora-tadbirlarni ko‘rishayapti. Faqat ularga oziq-ovqat, qop-qanor, yoqilg‘idan darhol yordam berish kerak, degan.

Lekin Malenkov va Beriya bu gaplardan Stalinni xabardor qilishmadi. Natijada 20 kun mobaynida SSSR Vazirlar Kengashining O‘zbekiston bo‘yicha keskin yozilgan va rahbarlar jazolangan uchta qarori chiqdiki, fikrimcha buning uchun asos yo‘q edi. Qarorlar ishning borishiga durust ta’sir ko‘rsatolmadi. Bu Stalinning noroziligini tug‘dirdi.

Shunday qilib, O‘zbekistonda paxtani yig‘ib-terib olish va tayyorlash o‘sha kunyaarda VKP(b) MQ va SSSR Vazirlar Kengashining ditskat markazida bo‘ldi va yuqori doiralarda ma’lum asabbuzarliklarni yuzaga keltirdi.

Xrushchevga qaytib shuni aytish kerakki, u 1953 yilning oxirida O‘rta Osiyoga faqatgina paxtani tor egatlarga kvadrat uyalab ekishni targ‘ib qilish uchungina kelgani yo‘q, uning boshqa yanada jiddiyroq maqsadlari bor edi. Nainki O‘rta Osiyo o‘ziga xos tomonlari va murakkabliklari bo‘lgan alohida, muhim mintaqa edi, u bu yerda shaxsan bo‘lishga qaror qildi, o‘shanda uning yurtimizga birinchi kelishi edi.

Avval u Dushanbega uchib bordi. Faollar va aholi bilan uchrashib, bu yerda rahbarlarni yangilash kerak, degan fikrga keldi. Chindan ham, oradan biroz vaqt o‘tgach, B. G‘afurov Tojikiston Kompartiyasi MQ birinchi kotibi vazifasidan ozod qilindi. Moskvadagi SSSR Fanlar akademiyasi sharqshunoslik institutining direktori etib tayinlandi.

Nikita Sergeevich Tojikistondan Toshkentga katta rejalar bilan keldi — u jumhuriyat bilan har tomonlama tanishishni, birinchi navbatda kadrlarni nazardan o‘tkazishni o‘yladi. Shu jumladan, xodimlarning Yusupovga munosabatini bilmoqchi bo‘ldi.

Toshkentga kelgunga qadar, u so‘zsiz, Beriyaning sheriklari bergan guvohliklarni o‘qigan. Hamroqul Tursunqulov raislik qilayotgan jamoa xo‘jaligida va Toshkentdagi jumhuriyat faollari yig‘ilishida rahbar xodimlarning o‘zi Usmon Yusupovni tanqid qilib, uni paxtachilikni mexanizatsiyalashtirishga qarshilik ko‘rsatayotganlikda, ilg‘or ishlar yo‘lida g‘ov bo‘layotganlikda va boshqa gunohlarda ayblaganliklari, unda O‘zbekiston rahbarlari bo‘ guvohliklarni qarab chiqishlari va U. Yusupovni partiya va davlat mas’uliyatiga tortishlari mumkin, degan fikr shakllanishiga asos bo‘ldi. Shu sababli Xrushchev Moskvaga qaytgach, mazkur hujjat tanishish va qarab chiqish uchun O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi rahbarlariga yuborildi. Lekin men shunga aminmanki, biz — O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi byurosining ko‘pchilik a’zolari Usmon akani partiyada saqlab qolib, jazolamay va unga yangi ish berib to‘g‘ri qildik.

1955—56 yillarda Usmon aka direktorlik qilgan 4-«Boyovut» davlat xo‘jaligida bir necha marta bo‘lganman. Bu Mirzacho‘lning qoq o‘rtasida joylashgan, buning ustiga o‘sha paytdagi eng qoloq xo‘jaliklardan sanalardi, yerlarini sho‘r bosib ketgandi. Durust yo‘li ham, binolari ham yo‘q edi. Lekin shunda meni hayratlantirgan narsa Usmon akaning boshi bilan ishga sho‘ng‘ib ketgani bo‘lgan. U o‘z rejalari haqida shunday berilib gapirgan ediki, xo‘jalikni bir necha yil mobaynida eng ilg‘or, zamonaviy xo‘jalikka aylantirish istagi bilan yonayotganligi shundoqqina bilinib turardi.

Partiya Markaziy Qo‘mitasining dekabr (1957 y.) Plenumida men KPSS MQ Prezidiumi (Siyosiy byurosi) a’zosi va KPSS MQ kotibi etib saylandim. Moskvaga jo‘nab ketishim oldidan do‘stlarim va hamkasblarim rafiqalari bilan dala hovlimizda to‘planadigan bo‘lishdi. Kunduzi oldimga Usmon aka keldi. Uch soatcha gurunglashdik. U hayotining ba’zibir, hammaga ham ma’lum bo‘lmagan tomonlarini gapirib berdi. Keyin Moskvada qanday ishlaganligi, u yerning shart-sharoiti, ish uslub va metodlari haqida hikoya qildilar. O‘zi ilgari yo‘l qo‘ygan xato va nuqsonlarni aytib, buni hisobga olishimni maslahat berdilar. Shunda uning Moskvada yaxshi ishlab ketishimni astoydil istayotganligi, samimiyati menda katta taassurot qoldirdi.

Uning uyiga borib, Yuliya Leonidovnani oldik va uchovlashib do‘stlarimiz yig‘ilgan dala hovliga keldik. Shunda u ham boshqalar qatori ta’sirli so‘zlar aytib qadah ko‘tardi.

1958 yilning yozida K. Ye. Voroshilov boshliq SSSR delegatsiyasi Zohir shohning taklifiga binoan Afg‘onistonga bordi. Bu delegatsiya a’zolari orasida men ham bor edim. Shunda men Afg‘oniston tomoni bilan muzokaralar va rasmiy uchrashuvlar tugaganidan so‘ng, Kliment Yefremovichning ijozati bilan, Afg‘oniston vaziri hamrohligida mamlakatni aylanib, Boburning Kobuldagi, Beruniyning G‘aznadagi va Navoiyning Hirotdagi qabri va maqbaralarini ziyorat qildim.

Afg‘oniston safari tugagandan keyin delegatsiya Toshkentga keldi. Bu yerda O‘zbekiston rahbarlarining taklifi bilan K. Ye. Voroshilov ikkimiz ikki kunga qoldik, delegatsiyaning boshqa a’zolari Moskvaga uchib ketishdi.

Ertasi kuni oldimizga Mirzacho‘ldan Usmon Yusupov keldi. Shunda Klement Yefremovich bilan Usmon akaning quchoqlashib ko‘rishishlari juda hayajonli bo‘ldi. U Mirzacho‘lning mevasi, qovun-tarvuzidan, ikkita to‘n va do‘ppi olib kelibdi. Ularni Klement Yefremovichga va menga kiygizdilar. Eski qadrdonlar uzoq suhbatlashib, bo‘lib o‘tgan voqealarni eslashdi. U bizni xo‘jaligiga taklif etdi. Lekin bizda buning uchun imkoniyat bo‘lmadi. Aeroportda samimiy xayrlashdik.

1958 yilning oxirida mening Moskvadagi kvartiramga bir kishi telefon qilib, 4-«Boyovut» davlat xo‘jaligi ishchisi ekanligini, xo‘jalik direktori Usmon Yusupov qattiq kasal bo‘lib qolganligini, qarindoshlari uni olib ketganligini va hozir Toshkentdagi uyida yotganligini aytdi. Men o‘sha zahoti S. K. Kamolovga qo‘ng‘iroq qildim, u yo‘q ekan. M. Z. Mirzaahmedovni ham topaolmadim. Jumhuriyat sog‘liqni saqlash vaziri Rauf Soatov bilan bog‘landim va vrachlarni olib, darhol o‘rtoq Yusupovning uyiga borishni va u yerdan menga qo‘ng‘iroq qilishni buyurdim.

Kechqurun u telefon orqali Usmon Yusupov jiddiy kasal ekanligini, unda gipertonik krizis ro‘y berganligi — qon bosimi 150—210 ga yetib, diabet kuchayganligi, o‘pkasi shamollaganligi, tomir urushi 120, harorati 39+ ekanligini aytdi. Rafiqasi Yuliya Leonidovna ham og‘rib qolibdi.

Soatovdan telefonni yotoqxonaga olib kirib, meni o‘rtoq Yusupov bilan bog‘lashni so‘radim. Usmon Yusupovich mening salomimga alik olib, savollarimga javob berarkan, qiynalib, ohista, uzuq-yuluq gapirardi. Unga Yuliya Leonidovna bilan birga Kremlning Markaziy shafoxonasiga davolanish uchun kelishni taklif qildim. Usmon aka titragan ovoz bilan tashakkur bildirdilar.

Toshkent bilan gaplashib bo‘lgach, SSSR Sog‘liqni saqlash vazirligi 4-bosh boshqarmasi boshlig‘i, professor A. M. Markov bilan bog‘lanib, Usmon Yusupov va uning rafiqasi og‘ir betobligini aytdim va Kremlning Markaziy shifoxonasida ular uchun xona ajratishni, Soatov bilan aloqa qilib turishni tavsiya etdim.

Yana Toshkentga qo‘ng‘iroq qilib, jumhuriyat Vazirlar Kengashi Raisining birinchi o‘rinbosari R. G‘. G‘ulomovni kvartirasidan topdim (Markaziy qo‘mita byurosining barcha a’zolari paxta yig‘im-terim munosabati bilan joylarda yurishgan edi). O‘rtoq Yusupov haqida so‘z boshlaganimda, u: «Usmon Yusupovichga yordam berishga harakat .qilayapman, lekin jumhuriyat rahbarlari u kishini statsionarga joylashtirish to‘g‘risidagi taklifimni rad etishdi», — dedi.

Unga men qo‘ng‘iroq qilganligimni Kamolov va Mirzaahmedovga ma’lum qilishni, Usmon akaning sog‘ligini tiklash uchun hamma choralarni ko‘rishni va dastlabki imkoniyat tug‘ilishi bilanoq shifokor va oilalari hamrohligida xalqaro vagonda Moskvaga yuborishni aytdim, keladigan vaqti, poyezd hamda vagon nomerini oldindan menga ma’lum qilishni so‘radim.

Usmon Yusupov va Yuliya Leonidovna Moskvaga kelishdi. Qozon vokzalida ularni KPSS Markaziy Qo‘mitasi Ishlar boshqarmasi va 4Bosh boshqarma xodimlari, shifokorlar kutib olishdi. «Tez yordam» mashinasida vagondan to‘g‘ri Kremlning Markaziy shifoxonasiga olib borishdi. Ularni ko‘rgani bordim, uchrashuv juda hayajonli bo‘ldi.

Bir kuni Yodgor Nasriddinova oldimga (KPSS MQga) kirib, Usmon Yusupovga 120 so‘mlik jumhuriyat ahamiyatidagi nafaqa belgilanganini aytdi. Ertasiga Nikita Sergeevich va biz — Markaziy Qo‘mita Prezidiumining bir nechta a’zolari birgalikda tushlik qilayotganimizda, men o‘rtoq Yusupovning kasalligi haqida gapirdim, uning shubhasiz xizmatlari va samarali faoliyati to‘g‘risida batafsil to‘xtaldim, unga jumhuriyat ahamiyatidagi nafaqa o‘rniga, ittifoq ahamiyatidagi shaxsiy nafaqa belgilansa foydali bo‘lishini ta’kidladim va buni xalq ma’qullab kutib olardi, deb qo‘shimcha qildim. Hamma qo‘llab-quvvatladi. Ikki kun o‘tgach, Usmon Yusupovga barcha imtiyozlary va qulayliklari bilan 330 so‘m hajmida shaxsiy nafaqa belgilash to‘g‘risida SSSR Vazirlar Kengashining maxsus qarori chiqdi.

O‘rtoq Yusupov shifoxonada yotganida bir necha marta borib ko‘rdim. Minnatdorchiligini mamlakat rahbarlariga yetkazdim. Ular — Usmon Yusupov va Yuliya Leonidovna rostmana sog‘ayishgach, nzfaqa belgilanganligi to‘g‘risidagi qarorni olishib, 2 oydan so‘ng Toshkentga qaytishdi.

1961 yilda Usmon Yusupov yangi vazifaga o‘tib, Yangiyo‘l tumanida mayda, iqtisodiy kam samarali jamoa xo‘jaliklari asosida agrosanoat kombinati tuzdi. Bu qishloq xo‘jaligi va sanoatni birlashtirgan mamlakatdagi birinchi kombinat edi. U o‘ziga xos tashabbuskorlik bilan atrofiga faollar va ishchilarni to‘plab, qariyb bo‘m-bo‘sh va tashlandiq joyda bog‘ barpo qildi. Ma’lum vaqt o‘tgach bu kombinat meva, uzum, qovuntarvuzning yaxshi navlari, bir necha xil meva konservalari va boshqa mahsulotlar yetkazib beradigan yirik xo‘jalikka aylandi.

Usmon Yusupovning o‘limi to‘g‘risidagi medik olimlar O. M. Pavlova, R. A. Katsenovich, A. R. Rahimjonov, V. Yu. Shomirzayev imzo chekkan tibbiy xulosada 27 aprel ertalab soat 4 da uning miya yarimsharining chap tomonidagi tomirlarda qon tiqilib qolishi ro‘y berganligi aytilgan edi.

Oradan ko‘p o‘tmay uning rafiqasi, erining o‘rnida «Xalqobod» kombinatida direktor bo‘lib ishlayotgan Yuliya Leonidovna ham vafot etdi.

Usmon aka, uni qayoqqa yuborishmasin, hamma joyda halol, g‘ayrat bilan ishladi, qo‘lidan kelgan hamma ishni qildi. Biroq, uning qudratli organizmi taqdirning beqarorligini, silkinishlarni, ko‘plab asabbuzarliklarni, o‘pka, buyrak shikastlanishi, uch infarktni… nihoyat oxirgi zarba — miyaga qon quyilishini ko‘tarolmadi…

Agar jumhuriyat rahbarlari imzo chekkan va 1966 yil 8 mayda matbuotda e’lon qilingan ta’ziyanomada Usmon Yusupov sha’niga aytilgan yoqimli so‘zlar va hamdu sanolarning loaqal bir qismi tirikligida amalda o‘z ifodasini topganida, ehtimol u ancha uzoq umr ko‘rishi mumkin edi…

Insonning yuragi, miyasi va asablari ba’zida mayda-chuydalar uchun, ayniqsa nopok, ig‘vogar shaxslarning xatti-harakatlari bilan jarohatlanishi juda achinarlidir. Usmon Yusupovich bilan Yuliya Leonidovna esa o‘z hayotlari mobaynida bunday zarbalarning ko‘pini ko‘rishdi.

Yuqorida ular 1966 yil 24 aprelda belorus delegatsiyasini qabul qilganliklari haqida aytib o‘tdim. Usmon Yusupovichning yaqin kishilaridan biri bu qabulda boshidan oxirigacha bo‘lib, mehmonlarni kutishda yordam berdi.

Ertasi kuni shu odam rahbar tashkilotlarga ma’lumot yetkazib, Usmon Yusupov mehmonlarni qabul qilish, kutish va ularga sovg‘alar berish uchun davlat mablag‘ini sarflab, kombinatga va uning ishchilariga moddiy zarar yetkazayapti, degan gapni aytadi.

Ushbu ma’lumot oliy rahbargacha yetkazildi va uning nomidan telefon orqali o‘rtoq Yusupovga tanbeh berilib, davlat mablag‘ini talon-taroj qilganligingiz uchun javobgarlikka tortilasiz, deb ogohlantirishdi.

Keyin haqiqat aniqlandi: Usmon Yusupovning butun faoliyati mobaynidagi kombinatdan qarzi 91 so‘mdan iborat ekan, Yuliya Leonidovna uni o‘sha zahoti to‘ladi. Oila barcha mehmondorchiliklarni o‘z hisobidan qilgan ekan, to‘nlar, do‘ppilarni esa o‘g‘il va qizlari berishgan ekan.

Boshqa bir misol. G‘arazgo‘ylik — ma’naviy qashshoqlik belgilaridan biridir. Ayniqsa, rahbar bu illat ta’siriga berilsa, hech qachon odil va qat’iyatli bo‘lolmaydi.

Usmon Yusupov 4-«Boyovut» davlat xo‘jaligida direktor bo‘lib ishlaganida Boyovut tumani birinchi kotibi bo‘lib ishlagan A. Sardorov «dalalarni o‘t bosib ketibdi» degan vaj bilan Usmon Yusupovni partiyadan o‘chirish masalasini raykom byurosiga qo‘yganligini o‘sha paytda shu tumanda faol bo‘lgan o‘rtoqlarning ko‘pchiligi yaxshi bilishadi va hali-hali afsuslanib eslab yurishadi. O‘shanda masala ovozga qo‘yilganda birinchi kotib va uning ikki xushomadgo‘yi bir tomon, byuroning boshqa a’zolari bir tomon bo‘lib ketishgan edi. Chunki dalani o‘t bosdi degani, bu hali paxta rejasi barbod bo‘ldi, degani emasdi-da.

Asli gap boshqa yoqda edi. Usmon Yusupov O‘zbekiston KP Markaziy Qo‘mitasining birinchi kotibi bo‘lib ishlagan paytlarda A. Sardorov Toshkent viloyat Kalinin tumani partiya qo‘mitasining birinchi kotibi bo‘lgan, tumanda ishni barbod qilganligi uchun vazifasidan chetlatilgan edi. Endilikda esa «hisob-kitob qilish» niyatida g‘arazgo‘ylik bilan U. Yusupovga «tishini qayrayotgan» edi. Lekin u maqsadiga yetolmadi. 4-«Boyovut» davlat xo‘jaligi o‘sha yili ham paxtadan yaxshi hosil oldi. Ammo hurmatli odamning asabi qaqshaganligi, ezilganligi qoldi.

O‘rtoq Yusupov og‘ir betob bo‘lib qolganida, uning Toshkentdagi statsionarga joylashtirilishiga e’tiroz bildirganlarga birov rahmat aytganmikan? Yoki Usmon akaning eng so‘nggi iltimosini olaylik. Nega bu iltimosni bajarib, uni do‘stlari yoniga dafn etish mumkin emas edi? Bu menga qorong‘i. Bunday misollar esa anchagina.

Men U. Yusupov vafot etganligini Bolgariyada yurganimda eshitdim. Shu boisdan uni dafn etishda qatnasholmadim. Oilasiga ta’ziyanoma yubordim, bu mahalliy matbuotda e’lon qilindi.

Usmon Yusupovning barcha o‘g‘il va qizlari oliy ma’lumotli bo‘lishib, turli ixtisoslarni egallashdi, otalari va onalarining an’analarini davom ettirib, samarali mehnat qilishayapti. Ular bilan bordi-keldim bor, uchrashib turamiz.

Usmon akaning Farhod ismli o‘g‘li men Suriyada elchi bo‘lib ishlaganimda elchixonada tarjimonlik qilgan. Boshqa bir o‘g‘li — O‘lmas bilan esa savdo-sanoat palatasida birga ishlashganmiz. Vladlen Usmonovich — tarix fanlari nomzodi, dotsent, ToshDUdagi chet el fuqarolari uchun tayyorlov fakultetining dekani; Faina Usmonovna — Toshkent viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasining mutaxassisi; Zaira Usmonovna — kimyo fanlari nomzodi, neorganik kimyo institutining ilmiy kotibi.

* * *

Maqolam so‘nggida Usmon aka xotirasiga munosabat to‘g‘risida bir-ikki og‘iz so‘z aytmoqchiman.

1976 yilda Moskvadagi «Molodaya gvardiya» nashriyoti «Ajoyib kishilar hayoti» turkumida Usmon Yusupov to‘g‘risida 250 betli kitob chop etdi. Sh. Rashidov bu kitobni o‘qib chiqib, mualliflar Boris Reskov va Gennadiy Sedov kitobni yuzaki yozishibdi, o‘lkaning o‘ziga xos tomonlarini, xalqining tarixi, tili, madaniyati va an’analarini bilmasliklari sezilib qolibdi, deb norozilik bildirgan ekan. Haqiqatda, kitobda U. Yusupov hayoti va faoliyatining turli bosqichlari va voqealar buzib ko‘rsatilgan joylari bor.

Shunda Sharof Rashidovichning topshirig‘i bilan U. Yusupov haqida yangi kitob yaratishni mo‘ljallashdi. Shu maqsadda O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi Prezidiumi kotibi A. S. Abdalin olimlar, adabiyotchilarni huzuriga chaqirib, ular bilan suhbatlashdi va bu ishda ishtirok etishni taklif qildi. Shundan keyin unga mazkur mavzu bo‘yicha bir nechta qimmatli materiallarni keltirib berishdi. Afsuski, bu orada A. S. Abdalin ham vafot etib, ish to‘xtab qoldi, materiallar yo‘qoldi.

Usmon Yusupov to‘g‘risida «Hayotning ma’nosi» deb nomlangan ikki seriyali film yaratishdi. Stsenariy muallifi bokulik dramaturg, «Ozarfilm» kinostudiyasining direktori Ramz Fataliyevdir. Filmda o‘lka manzaralari, tabiati, tolmas deqqonlar, mehnatkashlarning hayoti va faoliyati yorqin ko‘rsatilgan. Aktyorlar, ayniqsa otasi rolini ijro etgan O‘lmas ishtiyoq bilan o‘ynashgan.

Shu bilan birga, film kamchiliklardan xoli emas. Unda partiya faoliyatiga, Usmon akaning o‘ziga xos bo‘lmagan tasvirlar bor.

Mana, misollar. Hovuzda cho‘milayotgan to‘rt erkak. U. Yusupov kelayotganligini ko‘rib, tezda suvdan chiqishadi va yengil kiyinib, saf tortib turishadi. Yusupov ularning har biri oldiga kelib: «Partbiletni chiqar» deydi, ular indamay cho‘ntaklaridan partiya biletini chiqarib berishadi. Yusupov uni yonidagi hamrohiga beradi. U hammaga shunday qiladi. Bu bo‘lmagan voqea.

Boshqa misol I. V. Stalin o‘rtoq Yusupovga soat sovg‘a qilishi epizodini eslaylik. Filmda tasvirlangan hodisa haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Ushbu voqea boshqa vaziyatda va boshqa sabab bilan ro‘y bergan.

Filmda O‘zbekiston davlati boshlig‘i Yo‘ldosh Oxunboboyev va jumhuriyat Vazirlar Kengashi Raisi Abdujabbor Abdurahmonovni ko‘rib, kishi o‘zida noqulaylik his etadi. Ular kamsitilgan, mayda epizodlarda ora-sira ko‘rinadigan sust odamlar bo‘lib qolishgan.

Nihoyat, Yuliya Leonidovna esa qishloqi uy bekasidan juda kam farq qiladi. Aslida esa bu ayol ma’lumotli, madaniyatli, eriga nihoyatda vafodor, farzandlariga mehribon inson, davlat arbobi bo‘lgan. Filmda ham u ana shunday aks ettirilishi kerak edi.

Aminmanki, bizning ko‘plab talantli yozuvchilarimiz kelgusida Usmon aka haqida yuksak badiiy saviyadagi haqqoniy asarlar yozishadi.

Usmon Yusupov yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklariga qaramay, tariximizning eng murakkab, og‘ir davrida jumhuriyatimizni halollik bilan boshqargan, el-yurt tinchligi va farovonligi uchun bor kuchi va g‘ayratini sarflagar, o‘zidan o‘nlab shogirdlar qoldirgan chinakam ulug‘ inson edi. Bunday kishilarning hayot yo‘li esa o‘z xalqi tarixining bir qismi sanaladi va u yoshlarimiz uchun ibrat bo‘lishi kerak.

Shaxsan men Usmon akaga shogird bo‘lish, u bilan yonma-yon ishlashish baxtiga musharraf bo‘lganimdan faxrlanaman.

Bir gal uzoq muddat davom etgan chet el komandirovkasidan qaytgach, Toshkentga kelib, O‘lmas bilan Xalqobodga bordim. Usmon Yusupov oilasi bilan yashagan joydagi uy-muzeyda bo‘lib, eksponatlarini ko‘zdan kechirdim. Esdalik yozuvlari daftariga esa quyidagi so‘zlarni bitdim: «O‘zbek xalqining munosib farzandi, haqiqiy kommunist, vatanparvar, katta og‘amiz va ustozimiz Usmon Yusupovning porloq xotirasi hamisha yodimizdadir».

“Sharq yulduzi” jurnali, 1992 yil, 1-son