Bilamizki, o‘tgan asrning 90-yillariga qadar sho‘ro davri she’riyati birinchi navbatda ijtimoiy-siyosiy, mafkuraviy jihatdan tadqiq etilar, ulkan shoirlarning xizmati asosan ijtimoiy-siyosiy, mafkuraviy masalalarni qanday ifoda etganligiga qarab baholanardi; siyosatdan, mafkuradan xoli “sof lirika” hayotdan, hayot haqiqatidan chekinish, shoirning o‘z qalbi qobig‘iga o‘ralib qolishi oqibati deya baholanar, keskin qoralanar edi; zo‘r kelganida insofli, bilimdon tadqiqotchi-adabiyotshunoslar bunday “sof lirika” namunalari haqida indamay o‘tishni lozim ko‘rardi. Holbuki, bu xil “sof lirika” XX asr jahon adabiyotshunosligida she’riyatning eng nodir namunalari, shoir qalbi gavharining jilolari sifatida qadrlangan. Bizdagi eng mashhur didli she’rshunoslar ham she’riyatni, lirikani Belinskiychasiga mafkuraning targ‘ibot quroli deb qarashdan nari o‘tolmagan. Qarangki, mustabid adabiy siyosat avjiga chiqqan, adabiyot, jumladan, she’riyat kommunistik mafkuraning jarchisiga aylantirilgan, so‘z san’ati haddan tashqari siyosatlashtirilgan, mafkuralashtirilgan, Abdulla Qahhor aytmoqchi, adabiyotning atomdan kuchliroq qudrati “o‘tin yorishga” sarflangan o‘tgan asrning 20-30-yillarida o‘zbek adabiyotida ham XX asr jahon she’riyatiga hamohang “sof lirika” yaratilgan. Istiqlol sharofati tufayli ana shu g‘oyat muhim adabiy hodisani tadqiq etish, haqqoniy baholash imkoniyati tug‘ildi. Yosh, iste’dodli shoir, nosir, munaqqid Ulug‘bek Hamdam o‘zbek adabiyotshunosligida birinchilardan bo‘lib buyuk va xassos shoir Oybek ijodi, she’riyati misolida aynan shu “sof lirika” muammosini maxsus ilmiy tadqiq etdi.
Bunday savob ishni bizda “rus revalyutsion demokrat” munaqqidlari estetikasi asosida shakllangan she’rshunoslik an’analari mezonlari bo‘yicha amalga oshirish aslo mumkin emas edi. Buning uchun bashariyat ma’naviy-adabiy tafakkurida alohida bosqich sanalgan XX asr jahon yangi falsafasi, ruhshunosligi, estetikasi, adabiyotshunosligi, tabiiyki, san’at va adabiyoti rivoji yutuqlari bilan oshno bo‘lish darkor edi. O‘zimizda va xorijda yaxshi ta’lim olgan Ulug‘bek bu sohaga daxldor mavjud adabiy-ilmiy manbalarni chuqur o‘rganib, ulardagi xulosalardan o‘z tadqiqotida ijodiy foydalangan holda Oybek she’riyatidagi “sof lirika” muammosini o‘ziga xos tarzda ilmiy hal etishga muvaffaq bo‘ldi; nozik va teran tahlillar asosida XX asr jahon she’riyatiga xos “sof san’at” aks-sadosi Oybek lirikasida betakror tarzda namoyon bo‘lganligini isbotlab berdi.
Ochig‘ini atay, Ulug‘bekning ilmiy ishiga rahbarlik qilish asnosida mening yangi o‘zbek she’riyati, Oybekning poetik merosi haqidagi tasavvurlarim butunlay o‘zgarib ketdi. Mustabid tuzumning mafkuraviy-siyosiy tazyiqlari ostida ijod etgan yorqin iste’dodli safdoshlari qatori Oybek ijodida ham bu mudhish siyosat ta’siri o‘z asoratlarini qoldirgan. Muayyan muddat Marks ta’limotiga ixlos qo‘yib “Kapital”dan tarjimalar qilgan, universitetda siyosiy iqtisod, marksizm-leninizm asoslari kursidan ma’ruzalar o‘qigan, she’rlaridan birida “Buyuk Marks “Kapital”i yosh yuragimda, Yangi hayot, erk diyori ishqi ko‘ksimda” deb yozgan shoir tarixiy haqiqatni badiiy yoritishda “sinfiylik-partiyaviylik” printsiplariga tayanib ish ko‘rgan hollari ham bo‘lgan. Bu hol ayniqsa dostonlarida, xususan, “Temirchi Jo‘ra”, “Hamza”, “Bobom” poemalarida yaqqol ko‘rinadi. “Temirchi Jo‘ra” dostonidagi inqilobiy ruh, qahramonning inqilob dushmanlariga qarshi janglarda qahramonlarcha halokati madhi, “Hamza” dostonida shoirning Shohimardondagi hayoti, faoliyati, fojeiy qismati tasviri, “Bobom” dostonidagi eski maktab, domlalarning sho‘rocha biryoqlama qora bo‘yoqlardagi talqini mavjudligi sir emas.
Bu xususda gap ketganda shaxsan men bunaqa holatlar uchun ustoz adiblarga, jumladan, Oybekdek ulug‘ so‘z ustasiga malomatlar yog‘dirishdan yiroqman. Ulug‘ adiblar hech qachon, hatto mustabid qatag‘on siyosati quturib turgan paytlarda ham uning “temir iskanjasi”da qolib ketgan emaslar. Ulug‘lar shuning uchun ham ulug‘ki, ular bir mafkura — e’tiqod, adabiy oqim, metod doirasiga sig‘maydi. Oybek muhitning “temir iskanjasi”ni yorib chiqib, o‘lmas nasriy, ilmiy, jumladan, zamonaviy jahon she’riyatiga hamohang noyob taronalar — “sof lirika”ning benazir namunalarini qoldirganligi uchun ham ulug‘dir.
Boshqa bir yosh tadqiqotchi Akbar Sabirdinovning “Oybek poetik mahorati” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasiga rasmiy opponentlik qilish chog‘ida bu xulosaning haqqoniyligiga yana bir bor iqror bo‘ldim.
Oybek she’riy ijodining shakllanishida yangi turk poeziyasi asarlari ta’siri katta bo‘lgani, bu asarlar yosh shoirni ilk marta lirik soddalik yo‘lida izlanishga o‘rgatgani to‘g‘risidagi o‘z e’tiroflari ham sho‘ro davri adabiyotshunosligida o‘ta ehtiyotkorlik bilan shunchaki tilga olib o‘tilar va undan nariga o‘tilmas edi. A.Sabirdinov “Buyuk turk klassiklari” va boshqa manbalariga tayangan holda Oybek she’riyatini yangi turk poeziyasi namunalari bilan qiyofasi o‘rganib, O‘rxon Sayfiy, Xolid Faxriy kabi shoirlarning lirik soddalik yo‘lidagi tajribalari, Yahyo Kamolning masnaviyona qofiyalash san’ati, ramziy ifoda va obrazlarning lirizm bilan uyg‘unlikda ifodalash mahorati, Tavfiq va Ziyo Ko‘kalp she’rlaridagi turkiy usulning goh qayg‘uli, goh shonli tarixi, birligi g‘oyalarining o‘ziga xos talqini yosh shoirni ilhomlantirganini ishonchli dalil va nozik tahlillar orqali ochib beradi. Ayniqsa, Abdulhaq Hamidning samimiy ko‘ngil rozlari bilan Oybekning “Onamning mozorida” she’ridagi hamohang misralar, Ziyo Ko‘kalpning “Vatan” she’ridagi “Bir o‘lkaki, jome’sida turkcha azon aytilur, qishloqli ham anglar bunda ma’nosini duoning. Bir o‘lkaki, maktabida turkcha qur’on o‘qilur. Katta-kichik har kun bilur buyrug‘ini xudoning. Ey turk o‘g‘li, shu yerdadir demak sening vataning!” satrlariga tatabbu’ tarzida bitilgan Oybekning “O‘zbekiston” she’ridagi ona yurt sha’niga aytilgan mashhur:
Bir o‘lkaki, tuprog‘ida oltin gullaydi,
Bir o‘lkaki, qishlarida shivirlar bahor.
Bir o‘lkaki, sal ko‘rmasa, quyosh sog‘inar…
Bir o‘lkaki, g‘ayratidan asabi chaqnar.
Baxt toshini chaqib, bunda kuch g‘uvillaydi…
misralari mohiyati, ularning o‘zgacha ma’no, yo‘nalishi, originalligi nozik did bilan ochilgan.
Tadqiqotning Oybek va zamonaviy rus she’riyati namoyandalari — A.Blok, V.Bryusov, Belgiyaning atoqli modernist shoiri Emil Verxarn ijodi munosabatlari tahliliga bag‘ishlangan sahifasi ham yuksak ilmiy saviyada xassoslik bilan yozilgan.
Oybekning zamonaviy turk, rus, belgiya she’riyati bilan aloqalariga oid kuzatish, tahlillardan chiqadigan muhim xulosa shuki, yangi o‘zbek milliy she’riyati 20-yillarning boshidanoq zamonaviy jahon modern she’riyati bilan hamkorlikda rivojlangan, o‘sha kezlardayoq zamonaviy jahon she’riyatining, xususan, simvolizmning yetuk namunalari bilan bellasha oladigan asarlar (masalan, «Na’matak») yaratishga erishgan.
Shu o‘rinda yana bir muhim faktga e’tiborni tortmoqchiman: taniqli nosir va adabiyotshunos olim Xurshid Do‘stmuhammad “Ozod iztirob quvonchlari” kitobida Oybekning “sof lirika” dilbar rubobiy she’rlarini yapon adibi Akutagavaning bir asari bilan qiyosiy tahlil etib, ular orasida favqulodda mushtarakliklar aniqlaydi. Deyarli bir davrda yashab ijod qilgan ikki Sharq adabiyoti namoyandasining bir-birlaridan mutlaqo bexabar holda yaratgan asarlarida bir-biriga yaqin yangicha moderncha lirik talqinlarning mavjudligi hayratomuz hodisa! Bu hol yangicha — modernistik tafakkur XX asarning muhim global hodisasi ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu g‘aroyib hodisani maxsus o‘rganish adabiyotshunosligimizning hozirgi kundagi jiddiy vazifalaridan biri deb o‘ylayman!
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 1-son