Ulug‘bek Hamdam. Istiqlol davri o‘zbek adabiyoti haqida ikki og‘iz so‘z

Istiqlol davri o‘zbek adabiyoti mavjud va u o‘ziga xos ko‘ngil adabiyotidir. Uni yo‘q sanaydiganlar yoki bir joyda depsinyapti, deydiganlar  (bunday qarashga haqlari bor, albatta!) yo bu davr adabiyoti bilan yaxshi tanish emas yoki adabiyotning “yashash” qonuniyatlarini keragicha bilishmaydi. Bugungi adabiyotdan kechagi kun – sovet davri adabiyoti shuhratini kutish, yumshoq qilib aytganda, bolalarcha soddalikdir. Chunki u davrda “SSSR” degan imperiya uchun dunyo yopiqliq qozon bo‘lib, u olib borayotgan siyosatga adabiyot “yugurdak” tayinlangan edi. Shu ikki fakt birlashib, adabiyotu san’at mavqeini sun’iy ravishda misli ko‘rilmagan darajada oshirib yuborgandi u paytlar. Xo‘sh, u nimalarda aks etardi? O‘ylaymanki, bu savolning javobini tushunib olmagunimizcha bugungi kun o‘zbek adabiyotiga to‘g‘ri baho bera olmaymiz. Shunday qilib, quyida kechagi kun adabiyotini tushunishga urinib ko‘ramiz.

Mamlakatning “yopiqligi” o‘quvchini dunyodan uzib qo‘ygan bo‘lib, u har turli yangiliklarga tashna kayfiyatda yashar edi. Adabiyot  (boshqa san’at turlari ham) tashqi (dunyo) va ichki (ko‘ngil) olam(i)ga bo‘ylashning deyarli yagona darichasiga aylanib qolgan edi (ingliz yozuvchisi Jorj Oruell­ning “1984” va “Molxona” romanlari aynan sovet tuzumidan ulgi olib yaratilganini eslang). Barcha tur va janrdagi asarlar sotsialistik metod qoliplari asosida yaratilishi (1934 yildan keyin) talab qilinardi. Ayni damda, istisnolar mavjud ediki, leytmotivi “Eng to‘g‘ri yo‘l – sotsialistik yo‘l” degan adabiyotning yonida sekin-asta insonning u yoki bu muammosi, dardu quvonchi aks etgan adabiyot ham tug‘ila boshladi. Ayniqsa, Stalin o‘limidan keyingi “iliqlik” davrida adabiyot garchi “to‘g‘ri yo‘l”ni inkor qilmasa-da, insonga, uning ko‘ngliga e’tibor qilishni o‘zining bosh amoliga aylantirdi (60-yillar adabiyoti). Bir necha o‘n yilliklar davomida ritorikayu shiorbozlikdan charchagan o‘quvchi bunday adabiyotni jonu dili bilan qabul qildi va sevib qoldi. Keyin 70-yillar adabiyotida yana bir ko‘tarilish sezildi. Ular jamiyatning ijtimoiy muammolarini qalamga olib, adolat, haqiqat, Vatan tuyg‘ularini maydonga tashlashdi. 130 yillik tutqunlikda yashab kelgan xalqimiz ilg‘or qatlamining botinidagi hurriyat istaklariga uyg‘un tushayotgan mazkur adabiyot ham olqishlar bilan kutib olindi. Keyin mamlakat mustaqil bo‘ldi. Xalq yurt ozodligi bilan bog‘liq muqaddas orzusiga qovushdi. Behbudiy, Fitrat, Hamza, Qodiriy, Cho‘lponlardan boshlangan XX asr  adabiyotimiz ham qariyb yuz yillar mobaynida intilib kelgan maqsadiga yetdi. Istiqlol davri adabiyoti esa ayni shu “nuqta”dan ibtido oldi. Bu tamomila yangi davr edi. Lekin, buni qarangki, yangi davrda yangi adabiyotning zimmasiga hech qanday mafkuraviy vazifa yuklatilmadi, u o‘z holiga qo‘yildi. Natijada adabiyotni ilgari unga “tegishli” bo‘lgan, uning “qaramog‘i”da jon saqlagan din, publitsistika, siyosatshunoslik, psixologiya… kabi sohalar bir-bir tark etib, ularning har biri o‘z yo‘liga ravona bo‘lib, adabiyot “uyi” anchagina “bo‘shab qoldi”. Uning odamlarga ta’siri ham kamaydi. (90-yillarda “Sharq yulduzi” jurnali adadining keskin ortishi o‘quvchilarning she’r yoki hikoya o‘qishga rag‘batidan emas, balki “Qur’oni karim”ni o‘qish istagidan edi, eslang!) Ya’ni, masalan, dinga erkinlik berish natijasida avval diniy tuyg‘ularini qaysidir ma’noda badiiy adabiyot o‘qib qondirayotgan o‘quvchi endi to‘g‘ridan-to‘g‘ri diniy adabiyotni o‘qib, masjidga, hajga borib o‘z chanqog‘ini qondira boshladi. Bir paytlar haqiqat izlab topolmagan, haqiqat haqidagi aychayin mulohazalarni ham badiiy adabiyotdan olgan o‘quvchi endi to‘g‘ridan-to‘g‘ri publitsistikaga murojaat qildi. Chunki pub­litsistika janr sifatida masalani ochiq va dangal o‘rtaga tashla(y)di. 80-yillarning ikkinchi yarmi va 90-yillar boshlaridagi oshkoralik davrini, u paytda matbuot yuzini ko‘rgan maqolalarni esga olsak, fikrimiz o‘z isbotini topadi. O‘sha yillari hatto adabiyot ham publitsistik mazmun kasb etgandi. Qolaversa, yoshlar o‘yin-kulgiga bo‘lgan ehtiyojlarini ham avval (sobiq sovetlar davrida) badiiy adabiyotdan qidirishar va topishar edi, keyingi qariyb 30 yil mobaynida bu borada ham vaziyat o‘zgardi: kontsertlar, restoranlar, tungi klublar kabi ko‘ngilochar o‘choqlarinig ko‘payishi, ularga erkinlik berilishi natijasida o‘yin-kulgi ehtiyojlari ham shu maskanlarda qondirila boshladi. Bir vaqtlar kino, har turli klipu videolarga bo‘lgan ehtiyojlarni badiiy adabiyot “bosib” kelardi, mustaqillik yillari video, DVD, kompyuter, internet, mobil telefon imkoniyatlari bu vazifani o‘z zimmasiga oldi. Ya’ni qaysi tomondan qaramang, sovet davrida, umuman, o‘tmish zamonlarda hamma respublikalarda adabiyot bajarib kelgan ishlarning katta bir qismini endi boshqa san’at va fan turlari, ijtimoiy tarmoqlar hamda texnika vositalari “o‘ziniki” qilib oldi. Buning natijasida esa adabiyotning insonga, jamiyatga ta’siri kamaygandan kamaydi. Nihoyat, eng muhim voqea sodir bo‘ldi: adabiyot o‘z o‘rnida, o‘z mavqeida, o‘z vazifasi bilan qoldi. Bunday adabiyot simobdek qaynab turgan, evrilishlarga uchrayotgan zamon bilan birga yangi shakllar topish, insonni yangicha badiiy kashf etish yo‘llarini qidirmoqqa tushdi. Lekin kechagi adabiyotning shaklu shamoyiliga, uning shuhratiga ko‘nikkan o‘quvchi adabiyotdagi bu o‘zgarishlarni birdaniga qabul qilolmay qiynaldi, hanuz qiynalmoqda. Hozirda men talaba-yoshlarga dars beraman. Ularning orasida har xili bor, albatta. Jumladan, Istiqlol davri o‘zbek adabiyotini sevib, qo‘ldan qo‘ymay o‘qiydiganlari ham talay. Qizig‘i shuki, ularning aksari sovet davrida sizu biz – o‘rta va katta avlod kechalari yostig‘imiz ostiga yashirib, kunduzlari qo‘limizdan qo‘ymay o‘qigan adabiyotning aksar namunalarini uncha xushlashmaydi. O‘rta va katta avlod vakillarining talay qismi esa bugungi, Istiqlol davri adabiyotidan ko‘ngli uncha to‘lmayapti. Nazarimda, shu qiyosning o‘zida ko‘p sir ayon bo‘ladi-qoladi. Shunday emasmi?.. Chunki har bir avlod o‘z zamonasiga yaqin adabiyotga esh bo‘lib voyaga yetmoqda.

Yana shuki, kecha Sovet hukumati adabiyotni mafkura targ‘ibotchisiga aylantirgan, demak, adabiyot sovet kishisining kundalik o‘y-tashvishlari bilan hamqadam yurgan edi.  Ya’ni adabiyot bu – ayni damda siyosat ham edi. Bugun esa adabiyot bunday mafkuraviy bo‘yinturuqdan xalos etilgan. U endi ko‘proq ko‘ngil ishiga aylandi. Natijada, zamondosh o‘quvchining hayot yo‘li ko‘ngil tomon tushsa, qo‘liga badiiy adabiyot olmoqda, yo‘qsa, turmush uni bunga sira majbur qilayotgani yo‘q. Kecha inson qaysi  tomonga qaramasin, yo‘li adabiyot bilan kesishavergan. Buning sabablarini esa yuqorida bir qadar izohlab o‘tdik. Bugun unday emas. Bugun tug‘ma va tarbiyalangan badiiy zavqi bo‘lgan kishigina badiiy adabiyot o‘qimoqda. Afsuski, ular biz kutganchalik ko‘p emas. Shuning uchun ham bugungi adabiyotning jamiyatga ta’siri unchalik katta emas. Bundan ta’sirlangan adabiyotshunos olim, professor I.Haqqul va O‘zbekiston xalq shoiri X.Davron “Xurshid Davron kutubxonasi” internet saytida 2018 yil e’lon qilgan suhbatida Istiqlol davri o‘zbek adabiyoti haqiqatni aytmadi, deb yozdi. Men ularni nega bunday deganini yaxshi tushunaman: zamonamizning zabardast olimi va katta shoiri bugungidan yanada kattaroq, yanada ta’sirliroq adabiyotni sog‘inmoqdalar. Ayni damda, ta’kidlab aytishni istardimki, agar adabiyotning vazifasi faqat haqiqatni aytish bo‘lsa, u aytdi! (Aslida, adabiyotning vazifasi anchayin keng). Bu borada o‘zbek sovet adabiyoti qilolmagan ishni mustaqillik adabiyoti ado etdi: u inson va millat haqidagi achchiq haqiqatni ayta oldi! Men bunga istagancha misollar topib berishim mumkin. Hozircha birgina Ahmad A’zamning “Ro‘yo yoki G‘ulistonga safar” degan romanini o‘qing, deyish bilan cheklanaman. Lekin bunday adabiyotning hayqirig‘i jamiyatda aks-sado berdimi? Yo‘q! Uni zamondosh o‘zbek o‘quvchisi deyarli eshitmadi. Eshitsa ham, jamiyatning umumiy rivojlanishidan ajralib qolgan adabiyot unga, ya’ni jamiyatga ta’sir qilmadi yoki deyarli ta’sir qilmadi. Shuning uchun ham bugun tuzuk adabiyot yo‘q, deyish ma’qul gap emas. Qaytaga, bugun jamiyatning adabiyotni qabul qilishi, ya’ni retseptsiya masalasi o‘zgardi desak, haqiqatga ancha yaqin kelamiz.

Endi qahramon masalasi to‘g‘risida ham ikki og‘iz so‘z aytsam: yaxshiyamki,  Istiqlol davri o‘zbek adabiyoti sovet davri adabiyoti qahramonlariga o‘xshash qahramonlarni “yasab” tashlamadi. “Yasagani”da edi, bugunga kelib o‘z qilmishimizdan uyalib qolgan bo‘lardik. Eslayman: kaminaning “Muvozanat” romanini kino tiliga ko‘chirishmoqchi bo‘lishgandi. O‘sha vaqtda kinochilarimiz “Stsenariysini o‘zimiz yozamiz”, deyishdi. “Qanday yozasizlar?” desam, “Oxirini butunlay o‘zgartiramiz, Yusuf roman so‘nggida bayroq ko‘tarib ko‘chaga chiqishi  kerak. Bu mustaqillikni himoya qilishining ramzi bo‘ladi”, deb javob berishdi. Men “Yusuf boshidan oyog‘igacha, butun hujayralari bilan mustiqillik tarafdori, uning himoyachisi-ku!” dedim va yalang‘och xotima bilan tugashi mo‘ljal qilingan, hali yozilmagan stsenariyga rozi bo‘lmadim. So‘ng  bu boradagi o‘z qarashimni bayon qildim: “Agar roman kino qilinadigan bo‘lsa, stsenariy yozishda ishtirok etaman!” Shundan keyin meni boshqa “bezovta” qilishmadi. Asar ham o‘z-o‘zidan ayonki, kinoga aylanmadi. Bugun  men ular taklif etgan taklifga rozi bo‘lmaganimdan chunon mamnunman. Chunki xalqimiz mustaqillikka, ular iddao qilganidek, bayroq ko‘tarib erishgani yo‘q. Bu – tarixiy yolg‘on bo‘lur edi. Hayot bilan san’at o‘rtasiga yolg‘on parda bo‘lib tushdimi, unga hech kim ishonmaydi. Roman ham buzilgan, uni o‘z qo‘llarim bilan yerga urgan bo‘lar edim. E’tibor berilsa, menga qilingan taklif sovet davrida adabiyotu san’atga yondashuvdagi ma’lum va mashhur qolip asosida shakllangan taklif edi. Bunday qolip – stereotiplardan voz kechish zamoni allaqachon kelganini tushunishimiz kerak. “Xo‘sh, u holda  bugunning qahramoni kim?” degan haqli savol tug‘iladi. Nazarimda, zamondosh insondan alpomishlarning qahramonliklarini kutish, talab qilish kulgili bo‘ladi. Har bir davrning o‘z qahramoni bo‘ladi. Bugun zamonaviy dunyo juda qalqib turibdi. Unda ur-sur, yovuzlik, firib, shafqatsizlik, fahsh… urchib yotibdi. Shunday paytda qabohat yo‘lini tanlamay, o‘zining va dunyoning ziddiyatlarini yengib o‘tib, olamga bir dasta gul tuta olgan inson, nazarimda, haqiqiy qahramondir! O‘zidan ortib, o‘zganing oldiga yordam berish uchun kelgan odam  – yana qahramon! O‘z kasbining professional ustasi bo‘lib, shu kasb orqali o‘ziga, oilasiga, yurtiga va insoniyatga moddiy-ma’naviy foyda keltirayotgan odam – qahramon! Butun hayotini, o‘y va amalini olamni tutib turgan Oliy Nizom – muvozanatga uyg‘un etib harakatlanayotgan odam, kim bo‘lishidan qat’i nazar, shohmi u yo gado, bugunning qahramoni, hatto barcha zamonlarning qahramonidir! Bugun o‘z yurtimizdan kelib chiqadigan bo‘lsak, shu elning, shu o‘lkaning og‘irini yengil qilayotgan inson – qahramon!.. Ha, kechagi “alpkelbat” qahramonlardan farq qilib, bugungi qahramonlarning bahodirligi ularning botinida – yuragida, aqlu zakovatida, yovuzlik va ezgulikning abadiy jangidagi tanlovidadir.

Chunki adabiyot mafkuraviy “quvdi-quvdi” (taxminan, 1930–1985 yillar orasi) dan charchab, insonga, uning holiga e’tibor qila boshlagan davrda yashayapmiz. Shuning uchun ham u yoki bu g‘oyani dastak qilib olib, ko‘chada bayroq ko‘tarib yuradigan qahramonlarni bugun adabiyotdan kutish yaramaydi. Shunga qaramay, adabiyotning zimmasida juda ko‘p vazifalar bor. Ulardan eng asosiylari, nazarimda, insonning naqadar mukarram zot ekanini bot-bot eslatish va shu yo‘l bilan uni hayvon darajasiga tushib qolishdan saqlashdir. O‘quvchi – inson, bas, insonlik degan oliy shohsupaga intilishi kerak. Badiiy asarlarning asl qahramonlaridan ham shu yo‘lning yo‘lchilari bo‘lishi kutiladi. Bizning mumtoz adabiyotga bo‘lgan mehrimizning hanuz so‘nmagani boisi ham shunda. Lekin bu fikrimizdan “adabiyot faqat shunday bo‘lishi shart!” degan xulosa kelib chiqmasin. Adabiyot davrga ko‘ra o‘z mavzulari navbatini o‘zgartirib turadi. Masalan, urush zamonida adabiyot ko‘proq tinchlikka, tinchlik davrida ko‘ngilni kashf qilishga, nafs hakalak otgan pallada uni tiyishga, har turli yov bostirib kelayotgan vaqtda esa qahramonlikka chorlashi g‘oyat tabiiydir. Shu ma’noda, u turfa bo‘lishi, turli qatlamlar kayfiyatini aks ettirishi lozim. Shundayam, yovuzlikni, zulmni, fahshni, qo‘yingki, borliq negativni targ‘ib qilmasligi kerak u. Adabiyot oldiga qo‘yadigan yolg‘iz talabim – shu. Garchi u talablarni pisand qilmasa-da, baribir, adabiyot ham chegarani, me’yorni bilishi kerak, deb hisoblayman. Shu ma’noda, Istiqlol davri o‘zbek adabiyoti ko‘proq ko‘ngil adabiyoti bo‘lib maydonga tushdi. Chunki u necha o‘n yillar mobaynida ko‘chada bayroq ko‘tarib chopishlardan, sotsialistik mafkurani kuylashdan charchagan, zerikkan edi. Eng muhimi, mafkuraning misi chiqdi va adabiyot undan voz kechdi. “SSSR” degan imperiya parchalanib, har bir respublika mustaqil bo‘lgach, adabiyot o‘z nigohini ko‘ngilga qaratdi. Biz mana shu holni, adabiyot mavzusining o‘zgarganligini, u siyosiy-ijtimoiy mavzularni emas, ko‘proq ko‘ngilni tarannum eta boshlaganini qabul qilolmayapmiz. (Aslida, “ko‘ngil davri”da ham siyosiy-ijtimoiy va boshqa   mavzular qalamga olinaveradi. Bu yerda dominantlik haqida gap borayapti, xolos). Holbuki, adabiyotning o‘z rivojlanish qonuniyatlari mavjud. O‘sha qonuniyatlarni tushunib yetsakkina, bugungi adabiyot haqidagi ko‘pgina savollarimizga javob topamiz.

Gul davralar meniki emas,
Mening uyim  – ko‘krak qafasim,

deb yozganda shoira Zebo Mirzo ana shu umumkayfiyatni ifodalagan edi.

Ayni damda, ta’kidlab aytish lozimki, ko‘ngil – adabiyotning abadiy mavzusi bo‘lishiga qaramay, u ham davrga qarab dolzarblik bobida navbatni boshqa mavzuga berishi mumkin. Shuning uchun ham “adabiyot manovindek bo‘lsin!” deya uning oldiga katta talablar qo‘yish maqbul emas. Hozirgi o‘zbek adabiyoti o‘z yo‘lida erkin nafas olmoqda. Ijodkor ikki daryo oralig‘ida qalam tebratishga mahkum qilinmayapti, u ikki qutb orasidan ham chiqib, koinot miqyosida fikrlash va yozish erkiga ega. Mana shunisi muhim.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2019 yil, 2-son