Ahmadjon Meliboyev. Tarixning unutilmas xatolari

“Odam va olamni idrok etishda so‘zga ehtiyoj borligi uchun ham So‘z bor. So‘zsiz idrok etuvchiga, “hafif bir sasni eshita oluvchi”ga baqirib-chaqirishning hojati yo‘q”, degan edi Jaloliddin Rumiy. Ammo inson tafakkuri, aqliy salohiyati yuksak darajaga ko‘tarilgan, samo kenglik­larini zabt etayotgan yangi asrda dunyo mintaqalarida yuz berayotgan qonli qirg‘inlar, inson zoti ko‘rmagan yovuzliklar mohiyatini so‘zsiz idrok etish, ular zamiridagi haqiqat va bo‘hton, xolislik va g‘alamislik, ezgulik va yovuzlikni bir-biridan ajrata bilish oson bo‘lmay qoldi. Bu narsa dunyoning muhim strategik chorrahalarida davlatlar manfaatlari va mafkuralar o‘zaro to‘qnash kelayotgan, iqtisodiy “ishtaha”lar ochilib borayotgan bugungi kunda yaqqol ko‘zga tashlanmoqdaki, bunga befarq qarash mumkin emas. Negaki, soxta talqin, asossiz ayblov, g‘arazli bo‘hton, qasddan to‘qib chiqarilgan ig‘vo, agarki ularga vaqtida zarba berilmasa, soxtaligi oshkor qilinmasa, jamiyat a’zolari ma’lum qismining ongiga o‘rnashadi, yanada jirkanch talqinlarning paydo bo‘lishiga zamin yaratadi.

Tarixga nazar tashlasak, butun bir millat, mamlakat yoki diniy e’tiqod egalarini yomonotliqqa chiqaruvchi, yovuzlikda ayblovchi, kamsituvchi ko‘pdan-ko‘p bo‘htonlarga duch kelamiz. Shulardan biri “Sharqda azal-azaldan ayollarga shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lishgan, ularni xo‘rlashgan, odam sifatida ko‘rishmagan, ayol zoti biron-bir huquqqa ega bo‘lmagan”, degan safsatadir. Bu fikrning urchishiga sobiq sovet tuzumi sharoitida yozilgan ko‘plab kitoblar, soxta “ilmiy tadqiqot” ishlari, komfirqa yo‘rig‘i bilan suratga olingan filmlar, ko‘r-ko‘rona o‘qilgan ma’ruzalar munosib hissa qo‘shgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Aslida-chi?

Ayollar Sharqning haroratli bag‘rida ulg‘ayib, G‘arb olamining tushiga ham kirmagan yuksak martabalarga erishganlar. Uels shahzodasi Charlzning (Charlz Filipp Artur Jorj) 1993 yili Oksford universiteti qoshidagi Islom tadqiqotlar markazida so‘zlagan mashhur “Islom va G‘arb” nutqida quyidagilarni o‘qiymiz: “Turkiya, Misr, Suriya kabi musulmon davlatlari Ovrupodan ancha oldin ayollarga saylash huquqini berganlar, musulmon ayollari hattoki Shveytsariya ayollaridan ham avval bunday huquqqa erishganlar. Ushbu mamlakatlarda ayollar anchadan beri (erkaklar bilan) teng miqdorda maosh olib, jamiyatda to‘la ijtimoiy rolni bajarish imkoniyatiga ega bo‘lganlar. Musulmon ayollarining mulk va merosga doir huquqlari, shuningdek, ishlash huquqlari hamma joyda ham amalga oshmagan bo‘lsa-da, bundan 1400 yil avval Qur’oni karimda bu to‘g‘rida ochiq-oydin aytilgan edi. Britaniyada bunday huquqlarning ba’zilari mening buvim taxtda o‘tirgan davrda ham g‘alati ko‘ringan bo‘lsa kerak. Buyuk Britaniya tarixida ayol kishi ilk bor bosh vazir lavozimiga erishganida, qator islom davlatlarida ayollar bu lavozimda allaqachon ishlayotgan edilar…”

Ayollarning teng huquqliligi masalasi g‘oyat murakkab tarixga ega. Insoniyat tamaddunida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bu harakatga XIX asrning boshlarida frantsuz nazariyotchisi Sharl Fure asos solgan. Uning fikricha, jamiyatda ayollar haq-huquqining ta’minlanishi ijtimoiy taraqqiyotning muhim omili hisoblanadi.

Amerika ayollari o‘z huquqlari uchun kurashni 1848 yili boshlaganlar. Shu yili Seneka Follz shaharchasida ikki yuzdan ortiq ayol va qirqqa yaqin erkak to‘planib, AQShning Mustaqillik deklaratsiyasiga o‘xshash hujjatni qabul qiladilar. Unda ayollar faqatgina ona emas, jamiyatning to‘laqonli a’zosi ekanligi, davlat ayollar bilan muloqotni bevosita ularning o‘zi bilan (turmush o‘rtog‘i yoki o‘g‘il bolalari vositasida emas) olib borishi zarurligi ta’kidlanadi. Bu hujjatning yuzaga kelishida Sharqning ham hissasi borligini sezmaslik mumkin emas. Ayollarning erkaklar bilan teng huquqi rasman e’tirof etilgan qonunlar Avstriya, Germaniya, Polsha va Shvetsiyada 1920 yili, Buyuk Britaniyada 1929 yili, Ispaniyada 1931 yili, Portugaliyada 1932 yili, Frantsiya va Italiyada 1945 yili, Gretsiyada esa 1951 yili qabul qilingan. AQSh bu masalada juda kech qolgan.

“Islom va G‘arb” ma’ruzasida bugun G‘arb matbuotida keng tarqalayotgan “Islom ekstremizmi”, “Islom fanatizmi” kabi atamalarga g‘oyat ta’sirchan izoh beriladi, muqaddas dinimizning ma’rifiy asoslari, dunyo tamadduniga qo‘shgan buyuk hissasi ehtirom bilan tilga olinadi: “Ekstremizm faqat musulmonlarga xos belgi emas. Ekstremizm boshqa dinlar, jumladan, xristianlikka ham daxldordir. Aksariyat musulmonlar dinga o‘ta darajada berilgan bo‘lsalar ham, siyosatdagi intilishlari mo‘tadildir. Payg‘ambarning o‘zi ekstremizmni yoqtirmay, uning yuzaga chiqishidan xavfsiragani ma’lum”.

Notiqning fikricha, Islom dinining asil mohiyatini, bu dinning Ovrupo ilmi va madaniyatiga ko‘rsatgan ta’sirini to‘g‘ri tushunishda aksariyat musulmonlarning sobit diniy e’tiqodi va ular orasidagi kichik ozchilik tomonidan amalga oshirilayotgan, butun ma’rifiy dunyo qoralayotgan zo‘ravonlik o‘rtasidagi farqni anglash o‘ta muhim: “Islom tabiati haqida bizda tarqalgan tushunmovchiliklar bilan birga, G‘arb madaniyati, tsivilizatsiyamiz Islom dunyosi oldida qanchalar qarzdor ekanini yaxshi bilmaymiz. Menimcha, bunga sabab bizga meros bo‘lib qolgan tarixdir. O‘rta asrlarda Islom dunyosi Markaziy Osiyodan Atlantika okeani sohillarigacha olimu fuzalolari bilan ravnaq topgan dunyo edi. Biroq biz Islomni G‘arbning dushmani, g‘anim va begona madaniyat, jamiyat va e’tiqod tizimi sifatida ko‘rishga intilganimiz bois, bu dinning tariximizga ko‘rsatgan ta’sirini unutib qo‘ydik. Misol uchun, VIII va XV asrlar oralig‘ida Ispaniyada mavjud bo‘lgan islomiy jamiyat va uning yuksak madaniyati (Ovrupo uchun) naqadar muhim bo‘lganini hamisha kamsitib kelganmiz. Musulmon Ispaniyaning inkvizitsiya davrida yunon klassik ta’limotini saqlab qolgani, keyinchalik Renessans davrining ravnaq topishiga o‘z hissasini qo‘shgani allaqachon tan olingan edi… Musulmon Ispaniya qadim Yunon va Rim madaniyatining zehniy merosini asrab qolgani barobarida, mazkur bilimlarni qayta izohlab, yanada rivojlantirib, butun dunyoga tarqatib, insoniyat bilimining astronomiya, matematika, algebra, qonunshunoslik, tarix, tibbiyot, farmokologiya, optika, ziroatshunoslik, ilohiyot, musiqa kabi aksariyat sohalariga o‘zining muhim hissasini qo‘shdi. Britaniyada qirol Alfred taomlarni to‘g‘ri tanovul qilish to‘g‘risida islohotlar o‘tkazayotgan bir paytda, musulmon Ispaniyada kitoblarni abonement bo‘yicha olish yo‘lga qo‘yilgan kutubxonalar mavjud edi. Ispaniya musulmonlari qog‘oz ishlab chiqarish mahoratini Xitoydan to‘rt yuz yil avval o‘rganib olgan edilar. Bugun o‘zidan benihoya faxrlanayotgan Ovruponing ko‘p xislatlari bevosita Ispaniyadan o‘zlashtirilgani sir emas…”

Islom ma’rifati hamda Andaluziyada musulmonlar erishgan muvaffaqiyatlar xususida so‘z ketganda, boshqa ilmiy-ma’rifiy manbalarga ham murojaat etish lozim bo‘ladi. Chunonchi, mashhur ma’rifatparvar olim Ismoilbek Gasprinskiy qalamiga mansub “Dorur-rohat musulmonlari” asarida Islomning G‘arb madaniyati va umuman, dunyoviy ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan bemisl hissasi aniq va ta’sirchan misollar yordamida ko‘rsatib beriladi: “Islom ahli qo‘lga kiritgan Andaluz o‘lkasi qanchalar barakali va xushhavo bo‘lishiga qaramay, aholining behunar, madaniyatsizligidan mamlakat xarob va tap-taqir edi. Har tarafga yo‘llar, ko‘priklar qurildi. Yo‘llarda chashmalar, qirlarga ariq va quvurlar chiqarilib, suv bo‘ylarida minglab tegirmonlar, fabrikalar, qishloq va shaharlar bunyod etildi. Sahrolar bog‘u bog‘chalarga, taqir qirlar ekinlik va bo‘stonlik yerlariga aylandi”.

Muallifning yozishicha, Andaluziyada musulmonlar tomonidan olib borilgan oqilona va odilona siyosat natijasida ushbu o‘lka Ovrupo va Osiyo davlatlariga ancha yillar namuna bo‘lib turgan, ilm-fan, qurilish beqiyos taraqqiy topgan, sakkiz yuzdan ortiq madrasalarda olim va donishmandlarning anjumanlari muttasil o‘tkazib turilgan. Birgina shahar hokimining shaxsiy kutubxonasida olti yuz mingdan ortiq kitob bo‘lgan. “Evropa mamlakatlaridan faranglar Andaluzga kelib, musulmon madrasalarida ilm va hunar o‘rganganlar, – deb yozadi Ismoilbek. – Shu sababli, Andaluz musulmonlari Yevropaning madaniyati va jadidasi (yangi madaniyati) yuksalishiga asosiy sababchi bo‘lganlar”.

Ushbu asarni o‘zbek tiliga o‘girib, muallifning boshqa asarlari bilan birga nashr ettirgan olimlar (Hayot va mamot masalasi. –T., “Ma’naviyat”, 2006. Tarjimon, to‘plovchi, nashrga tayyorlovchilar B.Qosimov, Z.Abdurashidov) Ismoilbek Gasprinskiyning bu bahosini izohlash uchun amerikalik olim Draberning “Evropada aqliy taraqqiyot tarixi” kitobidan quyidagi iqtibosni keltirishadi: “Evropaning bugungi ulug‘ ziyosi musulmonlar yoqqan sham’ va chiroqlarning yog‘dusidan maydonga kelgandir”. Darhaqiqat, musulmonlar Andaluziyada o‘z qobiqlariga o‘ralib qolmadilar, aksincha, Aristotel, Platon kabi buyuk daholarning asarlarini o‘rgandilar va ularni Yevropaga tanitdilar. Gasprinskiy yozadi: “Yunon madaniyati Yevropadan avval Islom dunyosiga yoyildi, musulmonlar uni taraqqiy ettirib, nuqsonlarini kamaytirib, Yevropaga topshirdilar”.

Musulmonlarning Yunon madaniyatidan bahramandligi qanday sodir bo‘ldi, bu madaniyat Islom olamiga qanday kirib keldi? Bu savollarga Ismoilbek shunday javob beradi: “Bu (jarayon) VIII asrdan, Abbosiy hukmdor Abu Ja’far Abdulloh al-Mansur zamonidan boshlangan. Ilm-fanni sevgan Abu Ja’far hind olimlaridan ilmi nujum va hay’atni o‘rgangan, yunonlarda bu fanlarning taraqqiy topganini anglab, tarjima qilishni yo‘lga qo‘ygan edi. Voqea bunday bo‘lgan: Abbosiylar zamonida nasroniylar orasida “nestoriylar” degan bir guruh paydo bo‘ladi. Bular 431 yilda Efes ibodatxonasida dunyoviy qarashlari uchun sazoyi qilinib, yurtdan badarg‘a etilgan patriarx Nestorning izdoshlari edi. Ular Eron, O‘rta Osiyo shaharlarida darbadar kezib yurar edilar. Abu Ja’far ularni to‘plab, o‘z himoyasiga olib, tarjimachilik ishlarini boshlab yuboradi. Qisqa muddatda Bag‘dod, Shom ilmu hikmat xazinasiga aylanadi. Bu borada Xorun ar-Rashid, Ma’mun kabi hukmdorlar katta hikmat va jasorat ko‘rsatadilar”. Ismoilbek o‘z fik­rini dalillash ma’nosida yana bir muhim faktni keltiradi: Xorun ar-Rashid Frantsiya hukmdori Buyuk Karlga (742–814) yuborgan sovg‘alari orasida zang chaladigan soat bo‘lib, bu sovg‘a yevropaliklarni benihoya hayratga solgan ekan.

Muallif shu va boshqa ko‘plab ma’lumotlarni keltirar ekan, har bir millat, xalqning buyukligi va quvvatliligi uning ilm va hunarni nechog‘li egallagani bilan o‘lchanishini ta’kidlaydi, “ilm va hunarga ega millat va xalq eng ulug‘, eng buyuk xalqdir”, deydi.

Mulohaza qilamiz. Millat va xalq ilmli, hunarli bo‘lishi uchun nima zarur? Tinchlik, osoyishtalik, raiyatning adolatli boshqarilishi, yoshlar tarbiyasi, ta’lim-tarbiyaning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi, izlanish va yana izlanish, bir joyda to‘xtab qolmaslik, kibrga berilmaslik, balo-qazolardan ogohlik, ichki nizolarga yo‘l qo‘ymaslik, milliy birlik, hamjihatlik zarur. Bordi-yu, bu “zanjir”ning bitta halqasi uzilsa, muammo kelib chiqadi.

Tarix sahifalarida qolib ketgan Andaluziyaga qaytamiz. Bu yerda yuz bergan tanazzulning sabablari nima edi? Ismoilbek bu savolga g‘oyat ta’sirchan javob beradi: “Inson ishi, inson tartibi hech qachon boqiy bo‘lmaydi. Chunki borlik va yo‘qlik, taraqqiyot va tanazzul sabablari o‘z ichimizda. Talofatimizga sabab bo‘lgan og‘u va zahar ham, joni saodatimizga sabab bo‘lgan quvvai ma’naviya ham vujudimizdadir. To‘g‘rilik va nafsoniyat, haqqoniyat va zulm, marhamat va g‘addorlik, tanballik va g‘ayrat, ilmga muhabbat va jaholatga mayl, mardlik va olchoqlik, bahodirlik va qo‘rqoqlik – barchasi insonga xos. Shundayki, ushbu hollarning qay biri g‘olib kelsa, jamiyati bashariya ana shunga muvofiq tartibi maishat qiladi… Insonlar husn axloqli, xush qiliqli bo‘lsalar, jamiyat va hayotlari davomli bo‘lib, taraqqiy etar, salomat va saodathol bo‘lurlar. Aks holda, ichidan chirigan olmadek, bir-bir to‘kilib, inqirozga yuz tutadi… Uch yuz yil kamoli shuhrat va nom ila saltanat qilib, Andaluz davlati oxir-oqibat boshqa yo‘lga yuz tutdi. Afkorlar, odatlar va hissiyotlar o‘zgara boshladi. Tug‘yon, tanballik, qayg‘usizlik, kibr, tafriqa (bo‘linish, parchalanish) ilon og‘usi kabi, vujudi davlat va millatni chirita boshladi. “Holsizlanmish daraxtda sog‘ meva bo‘lmas”, deganlariday, adolatsiz qozilar, poraxo‘r voliylar, aqli noqis va g‘ayratsiz hukmdorlar kelib, fitnabozlar – ulamoga, shirin yolg‘on so‘ylovchilar – sodiq bandalarga, nafsoniyat va manfaati shaxsiya – favoidi umidiyaga, riyobozlik va namoyish uchun o‘qilgan namozlar amali xayriyaga va millatparvarlikka g‘olib keldi. Bu zahar ikki yuz yil Andaluzning vujudini kemirib, xarob qildi. Bir davlat uch-to‘rt qismga bo‘linib, bir-birlariga iddao bilan urush yo‘liga o‘tdilar… Musulmonlar orasida paydo bo‘lgan ittifoqsizlik va fasoddan foydalanib, o‘sha paytga qadar mag‘lub va nochor bo‘lib kelgan Kastiliya nasroniylarining hukmdori Ferdinand Andaluziyaning ichki ishlariga aralashib, o‘lka inqirozini tezlashtirib yubordi…”

Bu inqiroz o‘tmish tarixning bizgacha yetib kelgan, unutib bo‘lmaydigan saboqlaridan biridir. Andaluziyaning uquvsiz, jur’atsiz so‘nggi hukmdori Abu Abdulloh as-Sog‘ir raiyatni emas, o‘zining joni, rohati va mol-mulkini o‘ylab, Ferdinand bilan yashirin muzokaralar olib boradi. Al-Hamro saroyida o‘tkazilgan yig‘inda hukmdor vaziyatdan chiqish yo‘llari to‘g‘risida emas, shaharni topshirish, taslim bo‘lish, boshqa chora yo‘qligi to‘g‘risida so‘zlaydi. Shunda jasoratli, oriyatli sarkarda Muso o‘rnidan turib: “Yo‘q, sultonim, muhorabaga choramiz bor. Dushmanga taslim ila jon va molimizni omon saqlab bo‘lmaydi. O‘zimiz asir va qul bo‘lamiz, molimiz esa yag‘mo va g‘oratda qoladi. Dushman qilichidan qo‘rqqan bu ko‘zlarimiz xotin-qizlarimizni ularning quchoqlarida va ishrat majlislarida sharob qadahlarini to‘latishlarini ko‘rajakdir… Bizga vojib bo‘lgan narsa – so‘nggi, oxirgi nafasga qadar millat va yurt qayg‘usida g‘ayrat qilmoqdir. Janobi Haq og‘ir kunlarda o‘zi qo‘llaydi. Bu yo‘lda jon va boshni fido qilmoq va nomus ila dunyodan ketmoq nomussizlik ila borib, dushmanga asir bo‘lishdan ming marotaba lazzatli va sharaflidir”, deydi. Ammo boshqa hech kimdan sado chiqmaydi.

Sarkarda Muso majlisni tark etib, uyiga keladi, oila a’zolari, xizmatkorlarini yig‘ib, ularga, shahar taslim bo‘lsa, xavf-xatarsiz chiqib ketish yo‘llarini tushuntiradi, vidolashuv oldidan hech qachon, avvalo, dindan, ilm-ma’rifatdan, ish va g‘ayratdan chekinmasliklarini uqtiradi. Shundan so‘ng otini egarlatib, bir o‘zi qurollangan holda yo‘lga tushadi. Shahardan chiqaverishda qirol Ferdinand askarlari uni qurshab olishadi. Tengsiz olishuvda Muso ularning yigirmatasini yer tishlatib, o‘zi ham halok bo‘ladi.

Shu o‘rinda Islom diniga qilinayotgan xurujlar, asossiz ayblovlar, qayerda bir notinchlik yuz bersa, uni albatta islom dini bilan bog‘lash harakatlari yodga tushadi. To‘g‘ri, diniy mazhablar o‘rtasidagi kelishmovchilik, ziddiyat, noittifoqlik, qonli mojarolar, terrorchilik harakatlaridan ko‘z yumish qiyin. Ammo bu illatning ildizi qayerda, bo‘linish qachon va qanday boshlangan, bu illatga kimlar va nimalar sabab bo‘lgan, degan savolning paydo bo‘lishi tabiiy va unga javob topish qiyin emas.

Tarix shohid, XIII asr boshlarida rivojlangan Yevropa mamlakatlarida musulmon davlatlar hayotiga aralashish, ularning mol-mulklariga ko‘z olaytirish, shu maqsadda musulmonlarning zaif nuqtalarini aniqlash, turli mazhablarga e’tiqod qiluvchilar orasiga nifoq solish, halovatlarini buzish, adovat, g‘azab va dushmanlik urug‘ini sochishga asoslangan harakatlar boshlanadi. Jumladan, Londonda Britaniyaning mustamlaka davlatlar ishlari bo‘yicha vazirligi Misr, Iroq, Eron, Turkiya va boshqa qator musulmon davlatlarga maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan minglarcha xufiya josuslarni jo‘natadi. Ular orasida Jorj Belkod, Genri Frans, Hemfer kabi ashaddiy missionerlar, yashirin topshiriqni bajarish uchun hech narsadan qaytmaydigan, hatto fohishalik bilan shug‘ullanishga tayyor ayollar ham bo‘lgan. Ular mahalliy aholi o‘rtasida olib borayotgan buzg‘unchilik ishlari to‘g‘risida vazirlikka doimiy ravishda hisobot jo‘natib turishgan. Bu borada, ayniqsa, Hemfer o‘zini ko‘rsatgan. Uni Iroqqa jo‘natar ekan, vazirlik kotibi shunday deydi: “Ey Hemfer, bilginki, Xudo Hobil va Qobilni yaratganidan beri insonlar orasida ixtiloflar bor. Bu kelishmovchiliklar Masih yerga qaytgunicha davom etadi. Rang, qabila, yer, milliy va diniy ixtiloflar shu jumladandir. Bu safar vazifang shu ixtiloflarni yaxshilab o‘rganish va vazirlikka ma’lumot berishdir. Musulmonlar o‘rtasidagi ixtilofni qizishtira olsang, Britaniya oldida eng ulug‘ burchingni ado etgan bo‘lasan”.

Hemfer safari davomida ko‘plab sodda, ko‘ngli ochiq, saxovatli kishilarga duch keladi, ularning samimiy yordami va marhamatidan bahramand bo‘ladi. Biroq, zimmasiga olgan mash’um topshirig‘i bois, turli firib va nayranglar ishlatib, o‘zining asil qiyofasini yashiradi, imoni sust, axloqi zaif, kayfu safoga tez beriladigan kishilarni qidiradi. 1713 yili Basra shahrida o‘n to‘rt yashar fikri uzuq-yuluq, qiziqqon bir yigitni o‘z tuzog‘iga ilintiradi. Uning bo‘ydoqligi, ayollar bilan maishat qilishga moyilligini sezib, fahsh ishlarga, sharobxo‘rlikka boshlaydi. Sharob harom emasligi to‘g‘risida tinimsiz gapiradi, o‘zicha dalil-isbotlar keltiradi. Xuddi o‘zi kabi qabih maqsaddagi nasroniy ayollardan birini unga qo‘shadi. Bu ayol qisqa vaqt ichida o‘smirga o‘tkir ichimliklardan ichirib, toat-ibodatdan tamomila mosuvo qiladi, shariat hukmlarini poymol qiladigan darajagacha olib boradi.

Josus missionerlar zimmasiga musulmon davlatlar tepasiga o‘z fikriga ega bo‘lmagan layoqatsiz, ayshu ishratga beriluvchan, shariat qoidalariga to‘la itoat qilmaydigan rahbarlar, iste’dodsiz harbiy qo‘mondonlarning kelishini ta’minlash, ularning atrofini o‘zlari kabi zehni past, shaxsiy manfaati yo‘lida hech narsadan tap tortmaydigan xudbin kishilar, asli boshqa dinga e’tiqod qiluvchi, musulmonlik qiyofasiga kirib olgan munofiqlar bilan o‘rash, buning uchun hech narsani ayamaslik vazifasi yuklangan edi. Ko‘rsatmada bu maqsadlarga erishish uchun qul va kanizak niqobi ostida musulmon davlatlariga yuborilayotgan josuslarni, asosan, davlat odamlari, obro‘-e’tiborli kishilar va ularning yaqinlari oilalariga sotish ko‘zda tutilgan bo‘lib, ular asta-sekin “enaga”, “murabbiy”, “oshpaz” sifatida ishonchga kirib, bolalar tarbiyasini o‘z qo‘llariga olishlari, ularning ongi, fikru zikrini chirmovuqday o‘rab olishlari lozim edi. Musulmon oilalarning bolalari axloqini zimdan buzish uchun kerakli kitoblarni ko‘p nusxada chop etish va bepul tarqatish, turli sport to‘garaklari ochish, kino va telekanallar imkoniyatidan foydalanish, xristianlikning afzalligi, maftunkor jozibasi to‘g‘risida suhbatlar o‘tkazish, musulmon o‘lkalaridagi cherkov va monastirlarga rohib va rohiba qiyofasidagi missionerlarni ko‘proq joylashtirish, musulmonlarning har bir harakat va fikr-mulohazalarini ko‘zdan qochirmaslik, davlatning nufuzi baland, obro‘-e’tiborli kishilarida islom qadriyatlariga nisbatan shubha va gumon uyg‘otish, yonma-yon joylashgan davlatlarni parchalash tadorigini ko‘rish ham asosiy topshiriq bo‘lgan.

Missionerlarning vazifasi shu bilan chegaralanmagan. Ular musulmon davlatlari iqtisodiyotiga putur yetkazish, tinchlik-totuvlikka rahna solish, mehnat haqlari vaqtida to‘lanmasligini ta’minlash, ilmiy-texnikaviy taraqqiyot yo‘liga to‘sqinlik qilish, odamlarni isyon ko‘tarish, norozilik bildirish, o‘zaro nifoq urug‘ini sochishga da’vat etganlar. Bu g‘alamisliklarning natijasi o‘laroq, 1737 yili islom dinida yangi oqim yuzaga keladi.

Yuqorida ta’kidlanganidek, XVI–XVII asrlarda rivojlangan, mo‘may daromadga ega Yevropa davlatlari ayni shu davrda iqtisodiy jihatdan tanazzulga yuz tutgan Sharq mamlakatlari tomon bosqinchilik, talonchilik yurishlarini boshlaydilar. Ko‘plab mamlakatlarning xalqlari mustamlakachilarning zulmi ostida qoladi, asrlar davomida to‘plangan boyliklar talon-toroj qilinadi, zulm va zo‘ravonlik kuchayadi. Missionerlar bu yurishlarni oqlashga jon-jahdlari bilan urinadilar. Jamiyatning ilg‘or qismi, xususan, ijodkor ziyolilar o‘z vatandoshlarining bu qilmishlarini ochiq-oydin qoralaydilar. Natijada Yevropa adabiyotida o‘ziga xos publitsistik oqim yuzaga keladi: yozuvchilar o‘z asarlarida bosqinchilarning zulmi ostida qolgan xalqlarga xos bo‘lgan ezgu fazilatlarni qalamga ola boshlaydilar. Bu oqimning faol vakili Valterning Sharq mavzusidagi dramalari, “Fors maktublari” fikrimizga dalil bo‘la oladi. Lev Tolstoy podshohga maktub orqali murojaat etib, bordi-yu siz o‘zgalarning boyliklariga ega bo‘lish maqsadida Sharq tomonga yurish boshlasangiz, Yaratgan egam, xalq va tarix oldida la’natga qolasiz, deb hukmdorni ogohlantiradi.

Bu davrning harbiy, siyosiy, iqtisodiy taloto‘plari mohiyatini to‘g‘ri anglashda Fitratning “Sharq siyosati” risolasi muhim ahamiyat kasb etadi. “Afriqog‘a kirgan musulmonlar Amriqo va Afriqoni bosqon (bosib olgan) madaniy ovrupolilardek, yerli xalqni bitirmak uchun tirishmadilar, – deb yozadi muallif. – Unlarg‘a madaniyat berdilar. Amriqog‘a qo‘noq bo‘lub kirgan Ovrupa madaniylari Amriqo yerli xalqini bitirayozdilar, buni bilmag‘an yo‘qdir. Afriqoni bosib olg‘an Ovrupa jahongirlari u yerdagi qora xalqni o‘lat kabi o‘ldirib turalar. Holbuki, musulmonlar Afriqoning Jazoir, Tunis, Fas (Markaziy Afrika) kabi o‘rinlarini olg‘ach, u yerlarni taraqqiy etdurdilar, xalqini tinchlanturdilar, unlardan buyuk odamlar yetushdirdilar. Sharq o‘zining tarixi, siyosati, hunari, insofi, adolati, axloqi va xidmatu e’tiborlari bilan uncha yuksalmish, u qadar taraqqiy etmish edikim, tasavvuri ham bizning miyalarimizga sig‘maydur. Sharq madaniy yirtg‘uchi emas edi. Sharq boshqalarning haqlarini olmas edi. Sharq bashariyatning yuksalishi uchun tirishar edi. Sharq madaniyat o‘chog‘i, insof beshigi, axloq maktabi, bilim madrasasi edi… Yozuqlar, esizlarkim, Sharq o‘z yo‘linda davom eta olmadi, madaniyat tarixining eng buyuk va eng tugal qoidalarindan biri shudir: bir ulus tirikchiligining har to‘g‘risinda yuksalib, taraqqiy qilib tinchlansa, biror yoqda kuchliroq biron biri ko‘rinmasa, o‘lkasi kengayib, oqchasi ko‘paysa, ul ulusning bora-bora axloqi buzular, totlig‘i yo‘ldan chiqa boshlar. Biz, sharqliklar, dahi tinchlik va rohat so‘nginda buzulib qoldiq, yo‘ldan ozdik, ezgu tilak­larimizni unuta boshladik. Bilim va hunardan yuz qaytardik, birlik va axloqdan ayrilduk, oqchag‘a berilduk, oqchag‘a sotilduk… Sharqning butun ishlari ongsiz beklar, tushunchasiz xonlar, miyasiz mullalar, bilimsiz eshonlarning qo‘lig‘a o‘tdi. Bunlar Sharqning butun tuzuk va intizomini buzub yubordilar. Xonlar o‘z qorinlarini to‘ydirmoq uchun xalqni bir-biri bilan urushtirdilar, mamlakatning jonli va muhim o‘runlarini sotdilar, mullalar o‘z istavlarig‘a “din” otini toqib, bozorg‘a chiqardilar, din, tangri, payg‘ambar, uchmoh va tamug‘ orqali xalqni talay boshladilar. Sharqning taraqqiy yo‘li ko‘muldi. Saodat va tinchlik eshiklari bog‘landi, saodatning eng yuksak tepasiga chiqqan Sharq yo‘qsullikning eng teran chuqurig‘a tushdi”.

“Sharq siyosati”da Yevropaning Sharqqa tomon bosqinchilik, talonchilik yurishlari zamiridagi ma’naviy axloqsizlik, insoniy xudbinlik, ochko‘zlik, nafs balosi g‘oyat chuqur ochib beriladi, bu yurishlarni soxta madaniy libosga o‘rash orqali tarixni chalg‘itish harakatlari ayovsiz fosh etiladi: “Ovrupa jahongirlarining Sharq sari yurishlari boshqalarning qonini to‘kub, o‘z qursoqlarini to‘ldurmoq, o‘zgalarning uyini yondirib, o‘z qozonlarini qaynatmoq uchun edi. Lekin unlar tilaklarini ulusg‘a bildirmas edilar. “Sharq xalqi vahshiydir, ularni madaniylashdurmak uchun borarmiz”, “Sharq xalqi bilimsizdir, unlarg‘a bilim tarqatmoq uchun borarmiz”, “Sharq xalqini xoch buyruqlarig‘a bo‘ysundirmak uchun borarmiz”, deb o‘z ishchi va dehqonlarini aldab, bizim ustimizga yuborur edilar”.

Tarix haqiqatlari xususida yana ko‘p manbalarga murojaat etish mumkin. Chunonchi, Erkensal degan olim: “Zamonaviy ilmlarning tamal toshini qo‘yishdek buyuk va sharafli vazifa musulmonlarga tegishlidir”, deb yozgani ko‘pchilikka ma’lum. Allen Debusning fik­ri yanada g‘ururli: “Musulmonlar Uyg‘onish davriga debocha bo‘lgan texnologik o‘sishlar eshigini ochib berishdi”. 1922 yili “Haqiqat” jurnali quyidagilarni yozgan: “So‘nggi asrlarda(gi) ma’rifatsizlik, johillik(ning) sababi ilmsiz, ma’rifatsiz xonlar elning chirog‘i-yo‘lboshchisi bo‘lgan ulamolarni o‘z bo‘yinturug‘lari ostiga olib, sof yo‘lni o‘z shaytanat yo‘llariga tatbiq etishganidir”. Alloma Alixonto‘ra Sog‘uniy bu fikrni yanada rivojlantiradi: “O‘zlarini din homiylari deb e’lon qilgan hukmdorlar xalqni ma’rifat nuridan mahrum, zamonaviy ilmlardan butunlay yiroq tutdilar. Shuning uchun xalqda uyg‘onish, fikriy ochilish bo‘lmadi. Davlatning inqirozi, millatning ongsizligiga shu johillar sababchidur”.

Yana bir hujjatga murojaat etaylik. AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq boshliqlaridan biri Allen Dalles tomonidan 1945 yili ishlab chiqilgan direktivada ikkinchi jahon urushidan keyin dunyoning muayyan davlatlarida maxfiy ravishda olib boriladigan qo‘poruvchilik ishlarining ma’no-mohiyati juda aniq ta’riflab berilgan. Chunonchi, ushbu hujjatda urushdan keyin sobiq Ittifoq hududida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar birma-bir sanab o‘tiladi. Direktiva muallifi urush yakunlanishi bilanoq, mavjud oltin zaxirasini, boshqa barcha imkoniyatlarni ishga solgan holda, odamlarning ongi va miyasiga o‘rnashgan milliy tuyg‘u va qadriyatlar tushunchasini chiqarib tashlab, bu bo‘shliqni soxta qadriyatlar bilan to‘ldirishga kirishish, buning uchun, eng avvalo, raqib tomon xalqi orasidan imoni sust, irodasi zaif, ma’lum manfaat uchun sotqinlik qilishi mumkin bo‘lgan odamlarni topish, ular bilan ishlash, adabiyot, teatr, kino sohalarini behayolik, zino, zo‘ravonlik, bosqinchilik, sotqinlik sahnalari bilan to‘ldirish, bu muhim ishni amalga oshiradiganlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash zarurligini uqtiradi. “Davlat boshqaruvida boshboshdoqlik, tanglik holatini yuzaga keltirish, yuqori lavozimlarga kelib qolgan layoqatsiz, noshud, tepsa-tebranmas rahbarlarning xurmacha qiliqlaridan ko‘z yumish, aksincha, undaylarga yanada keng imkoniyatlar yaratib berish, halol, pok, mas’uliyatli va intizomli rahbarlarning kulgiga qolishini, muomalasi qo‘pol to‘nkalar, firibgarlar, aldoqchilar, piyonista va giyohvandlar, sotqinlarning oshig‘i esa olchi bo‘lishini ta’minlash zarur”, deyiladi ushbu direktivada. Allen Dalles qanday qabih niyatga qo‘l urayotganini yashirmaydi: “Biz xalqning ma’naviy ildizlarini tamomila qo‘porib tashlaymiz, xalqona axloqiylik asoslarini yo‘qotamiz. Bu bilan xalqni avlodma-avlod yo‘ldan adashtiramiz, bu ishni bolalar bog‘chalaridan, o‘smirlik yillaridan boshlaymiz, asosiy e’tiborni yoshlarga qaratamiz, ularni asta-sekin parchalab, yemirib, zaharlab boramiz”.

Bu satrlar bugun yon-atrofimizda, yaqin o‘tmishda xalqi tinch-totuv hayot kechirgan, bugun esa samoviy va zaminiy zarbalar alangasida qovrilayotgan ba’zi davlatlarda amalga oshirilayotgan harakatlarni eslatmaydimi?! Ikkinchi jahon urushi yakunlanganiga yetmish yil to‘lsa ham, bu mash’um direktiva hamon kun tartibidan tushmaganiga dalolat, biz uchun esa ogohlik, hushyorlik qo‘ng‘irog‘i emasmi?!

Tarixda sodir bo‘lgan, sodir etilgan voqea-hodisalarning ma’no-mohiyati, ular xoh ijobiy, xoh salbiy bo‘lsin, qachon, qayerda va qanday maqsadda amalga oshirilganidan qat’i nazar, bu olamda hayot chirog‘i o‘chguniga qadar o‘zgarishsiz qoladi. Faqat… iqtisodiy, siyosiy, mafkuraviy va boshqa tor qobiqli manfaatlar, ulug‘lik, buyuklik, qadimiylikni urg‘ulash istagi, boshqa xalqlarga nisbatan yuqori martaba va maqom da’vosi, bo‘lingan, bo‘laklangan dunyoni qayta bo‘lish, ta’sir doirasini kengaytirish harakatlari goho o‘tmish haqiqatlariga mutlaqo zid yangi “qo‘lbola” talqinlarni yuzaga keltirishi mumkin, xolos.

Befarqlik hamma illatlarning doyasidir. Sobiq sovet tuzumi sharoitida ong-shuurimizga zug‘um bilan singdirilgan soxtaliklar, uning g‘ayriaxloqiy “qadriyat”laridan qutulish, o‘zlikka qaytish nechog‘li qiyin kechgani, noxush ta’siri bugunga qadar u yer-bu yerda bo‘y ko‘rsatib turgani hammamizga saboq bo‘lmog‘i kerak.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2016 yil, 4-son