Ahmadjon Meliboyev. Najot eshigining kaliti

Evropada o‘tkazilgan yirik madaniy anjumanlardan birida yigirma birinchi asrning birinchi yarmida adabiyot, san’at va kinematografiyada qaysi mavzular yetakchi bo‘lishi xususida ilmiy bahs-munozara bordi. Notiqlarning  bu xususdagi fikri, garchi kutilmagandek bo‘lib tuyulsa-da, bir-biriga yaqinligi bilan e’tiborga molikdir. Ko‘pchilik iqlim o‘zgarishi, ichimlik suvi muammosi va yer osti boyliklarining beshafqat talon-taroj qilinishi insoniyatning bu yorug‘ olamda yashab qolishi bilan bevosita bog‘liq muammo ekanini kuyinib aytdi. Taassufki, bu uch mavzu adabiyot, san’at, kino va ma’naviy targ‘ibotda, jamoatchilik muhokamalarida o‘z aksini zarur darajada topmayotir. Shunday e’tiborsizlik esa yangi, yanada og‘ir va talofatli to‘rtinchi muammoni yuzaga chiqarmoqda.

Bu fikr o‘tgan asrning saksoninchi yillari o‘rtalarida matbuotda Orol muammosiga doir e’lon qilingan dastlabki ogohlik maqolalari, ijodkor ziyolilarning kuyunchaklik bilan jamoatchilik hukmiga havola etilgan tanqidiy mulohazalarini yodga soladi. Ularda, bugungidek, bu noyob bahri ummonni qutqarish emas, uning suv sathi muttasil pasa­yib borayotganini e’tiborga olish, shunga yarasha chora-tadbirlar belgilash, dunyo miqyosida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan falokatning oldini olish haqida  takliflar bildirilgandi. Mutasaddilar bunga quloq tutishmadi. Tashvishli faktlar, aniq hisob-kitoblar, ekologik muammo asta-sekin oyoqqa turayotgani, qum va tuz to‘zoni havoni bulg‘ayotgani  tuzum ko‘zini ochmadi. Kasallik maddalab, yirik mintaqaning butun vujudini chirmovuqdek qamrab, qon tomirlari-yu nafas yo‘llarini to‘sib bo‘lganidagina  harakat boshlandi. Ammo… ko‘p narsa boy berib bo‘lingandi. Bu uch muammoga dunyo nuqtai nazaridan qaragan kishi insoniyat bugun ham nimalarnidir boy berayotganiga amin bo‘ladi.

Bundan yigirma yil avval O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovga hamroh bo‘lib, Nukusda O‘zbekiston Qahramoni To‘lapbergen Qaipbergenov tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etdik. Rasmiy marosim tugagach, bizni yengil katerda Amudaryo bo‘ylab sayr qilishga taklif etishdi. Daryoning ba’zi joylarida suv sathi bir metrdan oshmasdi. Katerdan tushib, oyoqyalang suv kechdik. O‘ynoqlab, qirg‘oqlariga to‘sh urib oqadigan daryo tuzalmas xastaday nomigagina harakat qilar, nima bo‘lganini o‘zi ham  tushunmay turganday edi.

Abdulla aka qo‘lini suvda chayar ekan, birdan jo‘shib ketdi. “Daryoni quritib bo‘psizlar, Amu adoyi tamom bo‘pti. Birortang durustroq asar ham yozmading, ertaga hammamizni qanday falokat kutayotganini sezmayotganlaringga ne deyin”, deya mahalliy yozuvchilarga jiddiy tanbeh berdi. “Xayf sizlarga shunday daryo”, dedi.

O‘rtaga og‘ir sukunat cho‘kdi. Suv bizni tinglab turardi. Xayolimga bir fikr keldi: yurtimizga bostirib kelgan jamiki bosqinchilar shu daryodan o‘tishgan, qaytishda  o‘margan narsalarini qo‘ltiqlab,  shu daryodan o‘tishgan. Yurtimizda tug‘ilib voyaga yetgan ne-ne allomalar ilm izlab, shu daryodan o‘tib, olis-olislarga yo‘l olishgan, Haj ibodatiga otlanishgan. Qaytishda ham shu yo‘ldan yurishgan. Demakki, Amudaryo bularning barchasiga guvoh. Yozsangiz qog‘oz ko‘tara olmaydigan dardlar. Suvda jon bor, xotira bor deyishadi-ku. Demakki, suvga e’tiborsizlik jonga e’tiborsizlikdir.

Mavzu yo‘nalishini o‘zgartirayotganim yo‘q. Dunyoda mavjud jamiki suv manbalarining to‘qson yetti foizi iste’mol uchun yaroqsizligidan xabardormiz, ammo parvoyimiz palak. Bozorda dehqon bilan yarim soat tortishib, bitta tarvuzni 5 ming so‘mga sotib olamiz-da, hovliga olib kelib, kamida ming litr suvni oqizib, uni sovutamiz. Dunyoning ne-ne mamlakatlarida ichimlik suvining bahosi qanchaligini bilsak-da, hovliga,   yo‘laklarga olachalpoq qilib ham emas, ko‘llatib sepamiz, qo‘lbola favvora yasaymiz. Nabiralar bir-birlariga suv sepib, kiyimlarini jiqqa ho‘l qilib miriqishadi. Yaponiyadan kelgan olimdan boshqa hech kim bunga parvo qilmaydi. Chunki, Orol qurib bitayozgan bo‘lsa-da, suv serob degan fikr hali-hanuz o‘zgarmagan. Bir-birimizni “Suvdek serob bo‘l”, deb duo qilamiz. Bahorda sel kelib, har joy-har joyda uyulib yotgan chiqindilarni oqizib ketsa, “Yaxshiyam suv bor”, deya xursand bo‘lamiz. “Suvga tupurma,  axlat tashlama, quduqqa tosh to‘kma, yuvindini ariqqa oqizma”, degan o‘gitlarni ko‘pchilik unutib bo‘lgan.

Bundan bir necha yil avval yaponiyalik taniqli olimlardan biri O‘zbekistonga kelib, Buyuk ipak yo‘li o‘tgan shaharlar bo‘ylab sayohat qiladi. Sayohati yakunida o‘zbek xonadonlaridan birida mehmon bo‘ladi. Uy egalari yugurib-elib tansiq taomlar tayyorlashadi, dasturxonga qand-qurs, sarxil meva qo‘yiladi. Qiz-kelinlar ko‘cha, yo‘lak va hovli yuzini supurib-sidirib, shlangda tizillatib suv sepishadi, gul-rayhonlarning barglarini yuvishadi. Ayni shu payti darvozadan mehmonlar kirib kelishadi.  Yaponiyalik olim ayollarning bu harakatini  ko‘rib, avvaliga yerga sepilayotgan suv haqida so‘raydi, ichishga yaroqliligini bilib, hayratga tushadi va hamrohlaridan biriga: “Uy sohibi milliarder bo‘lsa kerak” deydi…

Hamkasblar bilan Misr davlatida bo‘lganmiz. Qadimiy ehromlar, necha ming yillik tarixga ega bu madaniyat erishgan yutuqlar xotiramizda naqshlanib qoldi, ammo  boshqa bir narsa  ham yodimizdan chiqmaydigan bo‘ldiki, har gal chanqog‘imizni qondirayotganda uni eslamaslikning iloji yo‘q.

Sayohat dasturi g‘oyat tig‘iz bo‘lgani uchun kechqurun horib-charchab, mehmonxonaga qaytamiz. Kechki taom payti belgilangan me’yordagi bir finjon choy yoki sharbatga qanoat qilmay, tarvuzday choynakda achchiq-achchiq choy damlatib, ichaveribmiz. Hisob-kitob payti… bir terlab, cho‘ntagimiz  durustgina yengillab oldi.

Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Tomorqani sug‘organda har bir daraxtning tagida suv ko‘llab, qo‘shni tomonga paynov chiqmaguncha ko‘nglimiz to‘lmaydi. Dalaga suv ochsak, egatlarga tarab qo‘yib, ertalab xabar olamiz… Televizorda necha ming yillardan beri bir qultum suvga zor cho‘lu biyobonlarni, suvsizlikdan lablari qaqrab, yorilib ketgan bolalarni, qurib-qaqshab yotgan o‘rmonlarni ko‘ramiz, ammo bunga ajab­lanmaymiz ham. Bu noyob ne’mat haqidagi ajabtovur axborotlar ham bor: O‘rta yer dengizi atrofidagi ayrim davlatlar ichimlik suvi muammosini hal qilish uchun Shimoliy muz okeanida suzib yurgan chuchuk suvli bahaybat aysberglarni shatakka olib sudrab kelish, eritib iste’mol qilish rejalarini tuzishmoqda ekan. Xo‘p, shunday bo‘ldi ham, deylik. Ammo… bu tabarruk suvning bir piyolasi qanchaga tusharkin?

Qamchiq dovonidan o‘tayotganimizda tog‘ning naqd belida qolib ketgan suv izlariga ko‘zimiz tushadi, suv sathi yildan-yilga pastlab borayotganiga, bu jarayon hali-veri orqaga qaytmasligiga guvoh bo‘lamiz, ammo yonimizdagi hamrohimizga bo‘lsin, ichimlik suvining kamayib borayotgani, suvdan tejab-tergab foydalanish zarurligi  xususida bir og‘iz so‘z ham aytmaymiz.

Qadimda suv tanqisligi bois, karvon yo‘llarida sardobalar qurilgan. Manbalarda aytilishicha, Movarounnahrda qirqdan ortiq toza  suv saqlagich sardobalar bo‘lgan. Ularning devor va gumbaziga pishiq g‘isht, ganch, poydevoriga tarashlangan tosh ishlatilgan. Sardoba gumbazi yer yuzidan 7 metrgacha ko‘tarilib turgan. Sardoba qurilishi uchun suv, tuproq va qum alohida toza joydan, ganch Qorovulbozor, Nurotadan olib kelingan. Qumga yantoq, qamish, yulg‘un kuli qo‘shilgan. Inshoot uchun ishlatiladigan g‘isht  issiq va sovuqqa chidamli bo‘lishi lozim bo‘lgan. Xumdonga tut, o‘rikning quruq novdalari yoqilgan. G‘ishtlarni bir-biriga yopishtiradigan maxsus qorishmaga qo‘y suti, tuya juni  qo‘shilgan. Natijada inshoot yanada mustahkam bo‘lib, suv sizib chiqib ketmagan va muhimi,  ikki yilgacha aynimagan, qish-qirovli kunlarda issiq, yozda esa  muzdek turgan. Buning uchun Sardobaning ostiga 3 qavat qoramol va tuya terisi, 3 qavat kigiz, uning ustiga bir qavat ganch, eng yuqorisiga sifatli g‘isht yotqizilgan.

Sardoba oldiga maxsus suv tindirgich  qurilgan. Chor-atrofdan oqib keladigan qor va yomg‘ir suvlari shu hovuzga to‘plangan,  loyqa hovuz tubiga cho‘kkan, toza suv sardobaga quyilgan. Suv tindirgichga, sardobaga chorva mollari kirib ketmasligi uchun uning atrofi paxsa devor bilan o‘ralgan. Sardobalar minglab insonlar tashnaligini qondirgan muqaddas inshootlar hisoblangan. Ko‘rinib turibdiki, bunday suv hosil qilish uchun sarflangan sarf-xarajat aysberglarni sudrab olib kelish xarajatidan kam bo‘lmagan.

Suv bilan bog‘liq bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ammo bir narsa aniqki, bizning suv haqidagi tasavvurimiz yo to‘la emas, yo hazrat Alisher Navoiy aytganlaridek, “suv yoqosinda o‘ltirgan yobular”niki kabi biryoqlama. “Otang mirob bo‘lsa ham, suvni isrof qilma” degan maqol bor. Hikmat kitoblardan birida o‘qidim. Cho‘lda horib-tolib borayotgan savdo karvonining oldidan keksa bir kishi chiqib qoladi. Karvonboshi qarama-qarshi tomondan arang oyoq bosib kelayotgan bu kishini taniydi: ko‘plarni ilm yo‘liga boshlagan ulug‘ ustoz. Salomlashib, mulozimlariga: “Ustozga bir piyola suv uzatinglar” deydi. Ustoz suv to‘la piyolani qo‘liga olib ichmoqchi bo‘ladi, ammo…  birdan to‘xtab qoladi. Karvonboshi: “Iching ustoz” desa ham, “Xo‘p, hozir” deb, xuddi bir nimani kutayotganday turaveradi.  Mulozimlardan biri betoqat bo‘lib, “Suv bergandan keyin iching-da, nima, bizni yo‘ldan qoldirmoqchimisiz?” deya tanbeh berganidan so‘nggina suvni asta sipqoradi. Keyinroq, shogirdlardan biri bu to‘g‘rida so‘raganida, ustoz: “O‘shanda bir chivin uchib kelib, piyolaning labiga qo‘ndi-da, chanqog‘ini qondira boshladi, men uning uchib ketishini kutib turdim”, degan ekan…

Bundan xulosa shuki, suv nafaqat insonning, butun tabiatning, jamiki jonzotning, shu bilan birga, yeru osmonning, bu yorug‘ olamga bizdan keyin keladigan avlodlarning ham rizq-nasibasi. Birovning haqiga xiyo­nat qilish esa og‘ir gunoh.

Suv haqida kuyunchaklik bilan yozilgan bir maqolani takror-takror o‘qiyman: “Alloh taolo bandalarining hojatiga yaraydigan, uning tirikligiga sabab bo‘ladigan suvni dengiz, ummonlar shaklida to‘plab beradi. Suv bir joyda turib aynib qolmasligi uchun Parvardigorimiz uni tuzlar bilan to‘ldirib qo‘yadi… Xudovand: “Bo‘ldi, men suvni yaratib qo‘ydim, endi undan o‘zing foydalanib ol”, demadi, balki bulutni ummon tepasiga keltirib, undagi chuchuk suvlarni o‘ziga so‘rib olib, shamol bilan bandalari ustiga olib kelib, suv qilib yog‘dirdi. Alloh taolo ko‘rinishidan tog‘larga husn bo‘lib turgan qoru muzliklarni bizlar uchun o‘sha yerda jamlab qo‘ydi. Xudovand: “Bo‘ldi, ana tog‘larga jamlab qo‘ydim, endi uni o‘zing borib, parchalab, uyga olib kelib, eritib ishlataver” demadi, balki o‘zi Quyoshni uning ustiga olib kelib, tagidan eritib, ariqlar, soylar qilib, xonadonlarimizning oldigacha oqizib qo‘ydi…”

Olim do‘stim menga  tushuntirdi: bugun  yomg‘ir, do‘l, jala bo‘lib yerga singiyotgan suv – kecha, o‘tgan oy yoki o‘tgan yili yerdan ko‘tarilgan  bug‘ emas, necha million yil avval bug‘langan, yerdan ko‘tarilgan, hadsiz-hududsiz koinotni necha ming bor aylanib chiqqan suv. Demak, bugun shivalab yog‘ayotgan yomg‘ir tomchilarida  o‘tmish ajdodlarning xotirasi bor, degan gapga ajablanmasligimiz kerak. Shuning uchun ham “Suvga tupurma” de­yilgan. Faqat shu emas, avvalo, bu ne’matni isrof qilmaslik kerak. Yozning jazirama kunlari yirik shaharlarda yashayotgan aholi jon boshiga 600-800 litrgacha suv ishlatiladi. Afrikaning qurg‘oq hududlarida buncha suv  kichikroq qishloq aholisini bir kunlik normasi. Shu o‘rinda suv muammosi bilan bog‘liq ba’zi ma’lumotlarni keltirib o‘tsak.

AQShda har bir kishi kuniga o‘rtacha 380-450 litr, Buyuk Britaniyada 180 litr, rivojlanayotgan mamlakatlarda esa 6-8 litr suv sarflanadi. Ekspertlarning xulosalariga ko‘ra, 2025 yilga borib, 5 milliard kishi suv tanqisligiga duchor bo‘ladi. Muammoni hal qilish uchun sarflanadigan har bir dollar mablag‘ o‘rtacha 9 dollar foyda bo‘lib qaytadi. Ammo hozirning o‘zidayoq bu muammo ba’zi hududlarda, masalan, Afrikada kes­kin tus olayotgani sir emas. Bu qit’ada keyingi o‘n yil ichida ikkinchi jahon urushidan keyingi jamiki harbiy harakatlarda halok bo‘lgan bolalar sonidan ko‘p norasidalar  tozalanmagan suv muammosi tufayli orttirgan kasalliklari bois vafot etishdi. Nil daryosidan foydalanishda Efiopiya, Sudan va Misr o‘rtasida, Botsvana, Angola va Namibiya o‘rtasida esa Okavango daryosi suvini bo‘lish xususida kelishmovchiliklar mavjud. Liviyaning marhum rahbari Muammar Kaddafi Shimoliy Afrikani toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida ko‘plar “afsonaviy, xayoliy” deb hisoblagan 25 milliard dollarlik loyihani amalga oshirib, jahonning o‘ziga xos sakkizinchi mo‘jizasini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Chuqurligi 500 metrli 1300 ta quduqdan chiqayotgan toza suv ulkan quvurlar orqali birlashtirildi va 1989 yili boshlangan katta qurilish 2007 yili yakunlanib, suv mamlakatning yirik shaharlari hamda suv omborlariga, jumladan, Tripoligacha yetib keldi. Navbatdagi bosqich – ichimlik suvini Sirtgacha yetkazish edi. Ammo… urush bu orzuni, u bilan birga butun mamlakatni yer bilan yakson qildi. Muammar Kaddafining “Bu qurilishning muvaffaqiyati dushmanlarimizni behad darajada g‘azablantiradi, to‘g‘rirog‘i cho‘chitadi”, degan so‘zlari tarixga kirdi.

Tarixga nazar tashlasak, suv hamisha Yaratgan egamning noyob mo‘jizasi hisoblanib kelgan. Miroblik kasbi ulug‘ kasblardan biri bo‘lgan. Chanqagan kishining qo‘liga bir piyola suv tutish beadoq savob hisoblangan. Suvni isrof qilish gunohi azim deyilgan. Bugun yurtimizga xorijiy davlatlardan ilg‘or tajriba sifatida kirib kelayotgan tomchilatib sug‘orish ham dastlab o‘zimizda qo‘llanilgan. Ha-ha, o‘zimizda. Taassufki, keyin-keyin suvga doir ko‘p qadriyatlar unut bo‘lib ketdi. Lekin suvni tejash, undan oqilona foydalanish borasida hech bir ish qilinayotgani yo‘q desak, to‘g‘ri bo‘lmaydi. Mamlakatning suv resurslari, jami suvlarning miqdor va sifat tavsiflari doimiy ravishda o‘rganib boriladi. Suv omborlari qurilishi natijasida O‘zbekistonda 4,3 million gektardan ortiq yerda sug‘orma dehqonchilik qilish, suv resurslaridan gidrotexnika va baliqchilik maqsadlarida yanada kengroq foydalanish imkoniyatlari yaratildi. Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining quyidagi ma’lumotlari fikrimizga dalil bo‘la oladi: “Mamlakatimizda 97 ta yer osti suv konlari aniqlangan bo‘lib, ulardan 19 tasining hosil bo‘lish zonasi qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar toifasiga kiritilgan. Keyingi yillarda respublikaning suv tanqis joylarida aholini markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida muayyan tadbirlar amalga oshirilmoqda. Chunonchi, 69 ta shahar, 335 ta posyolka va 2902 ta qishloq aholi punkti ehtiyojlari yer osti suvlari zaxiralari hisobiga qondirilayotir. Ammo bu muammo to‘laligicha o‘z yechimini topgani yo‘q”.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 4 maydagi “2017–2021 yillarda yer osti suvlari zaxiralaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va hisobga olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ichimlik suvi ta’minotini maqsadli dasturlar asosida amalga oshirish belgilangan. Bunda ushbu sohaga taalluqli ilmiy-amaliy tadqiqot natijalari atroflicha o‘rganilib, yer osti suvlaridan oqilona foydalanishni qat’iy nazorat qilish, ularning zaxiralarini ko‘paytirish, ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslik,  aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash vazifasi ko‘zda tutiladi. Yer osti ichimlik suvi konlarining hozirgi holatini baholash, istiqbolli chuchuk yer osti suv zaxiralarini qidirib topish ham bugungi kunning muhim vazifalaridan hisoblanadi.  Mamlakatimizda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash  va kanalizatsiya ob’ektlarini qurish hamda mavjudlarini rekonstruktsiya qilish ishlari uchun Moliya vazirligi huzurida “Toza ichimlik suvi” jamg‘armasi tashkil etilgan.

Boshqa ma’lumotlarga ham e’tibor beraylik. 2050 yilga kelib yer yuzi aholisi 9 milliardga yetishi bashorat qilinmoqda. Global iqlim o‘zgarishi natijasida tabiatda turli xil xavf-xatar, masalan, qurg‘oqchilik yuz berishi mumkin. Hozirgi ilm-fan ko‘p narsaga qodir, ammo hech narsa suvning o‘rnini bosa olmaydi. Shunga qaramay, ichimlik suvi zahiralarining kamayishi va ifloslanishi, ekin maydonlarining sho‘rlanishi, suv isrofgarchiligi davom etmoqda. Tugab borayotgan suv zahiralari ham bor.  Har kuni dunyoda  6 mingga yaqin bola  ichishga yaroqsiz  suv  iste’mol qilgani bois kasallikka chalinib, vafot etmoqda. Suvning ifloslanishi tufayli odamlar oshqozon-ichak, buyrak, jigar, allergik xastaliklarga duchor bo‘lmoqda. Zamonaviy sanoatning tez sur’atlar bilan rivojlanishi, ishlab chiqarish va maishiy chiqindilarning ko‘payishi, qayta ishlanmasligi, zaharli kimyoviy moddalar ishlatilgan ekin maydonlaridan oqib chiqqan paynov suvlarning zarari to‘g‘risida ko‘p yozilmoqda, ammo erishilayotgan natijalar qoniqarli emas.

Yirik davlatlar yer yuzida iqlim o‘zgarishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarga qarshi kurashishda oshkora sustkashlik qilmoqdalar. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, jami yuqumli kasalliklarning 80 foizdan ortig‘i ichimlik suv sifatining pastligi hamda suv ta’minotida sanitar-gigiyenik qoidalarning buzilishlari bilan bog‘liq. Bugun dunyo aholisining deyarli yarmi ifloslangan suv iste’mol qiladi. Inson zakovati bilan olis sayyoralarning tarkibi, harakatlanish trayektoriyasi, ob-havosi bexato o‘rganilayotgan, yana necha ming yilliklardan keyin qaysi bir yulduz qaysi bir yulduzga yaqin kelib qolishini aniq bilganimiz holda bizga zamindosh har ikkinchi kishi tozalanmagan suv ichayotganiga ajablanmaymiz.

Keyingi yillarda tog‘larga qor kam tushmoqda, muzliklarning umumiy maydoni qisqarmoqda, tog‘ zonalaridagi suv zahirasini to‘plovchi o‘rmon va archazorlar  kesilmoqda. O‘zbekiston Ekologik partiyasi ma’lumotlari kishiga biroz tasalli beradi: suvdan oqilona foydalanish, bu boradagi faoliyatni huquqiy jihatdan yo‘lga solish maqsadida  qonunlar, hukumat qarorlari qabul qilinmoqda. Zarafshon daryosi suvini ekologik sog‘lomlashtirish yuzasidan  aniq tadbirlar ishlab chiqilgan. Mamlakat hududidagi barcha daryo va kanallar  qirg‘og‘ida suv muhofazasi zonasini tashkil etish va uni amalga oshirish, daryo va kanallarga tashlanayotgan oqova suvlarini nazoratga olish,  kanalizatsiya tizimlarini mukammallashtirish, shuningdek, bakteriologik ifloslanishning oldini olish muhim vazifa deb belgilangan. Bu yo‘nalishda jiddiy ish boshlangan. Anhoru kanallar, poytaxtimizning suv va havo yo‘llari yilda o‘n ikki oy  daromad beradigan  “qo‘lbola” imoratchalardan tozalanmoqda. Ahvol shu darajaga yetganki, mahallada, katta-kichik davralarda odob-axloq, halollik-poklikdan gap ochib, tinimsiz va’zxonlik qiladiganlar, yoshlarni saranjom-sarishtalikka da’vat qilish burchlari hisoblangan mansabdorlar (ba’zilari el-yurtda taniqli kishilar)  suv bo‘ylariga choyxona, yemakxona qurib,  oqovani toza suvli  kanallarga to‘g‘rilab qo‘yganlar. Jurnalist sifatida ushbu tozalash jarayonini yaqindan kuzatishimga to‘g‘ri keldi. Yon daftarimga tushgan ushbu jumladan o‘zim seskanaman: “Mo‘may daromad insonni shunday holatga soladiki, u beto‘xtov kelayotgan foyda evaziga hech narsadan hazar qilmaydigan bo‘lib qoladi”.

Dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida yomg‘ir, qor suvidan unumli foydalanish, toshqin va selni behuda oqizib yubormaslik, hatto ertalabki shud­ringni isrof qilmaslik, oqovani qayta tozalab, ekin-tikinga, texnika maqsadlariga ishlatish muammolari allaqachon hal qilib qo‘yilgan. Biz esa, tan olaylikki, “Yotib yeganga tog‘ ham chidamaydi” degan maqolni unutganmiz. Chunki, hozircha suv yetarli, shu bois, bu ilohiy ne’mat haqidagi tasavvurlarimizda mantiqdan ko‘ra “suv” ko‘p.

Aholi sonining  oshishi bilan yer usti va yer osti suvlaridan ichimlik suvi sifatida foydalanish yanada kuchayadi. Demak, suv resurslari sifatini pasayib ketishidan saqlash uchun iflos tashlama (oqova) suvlar miqdorini qisqartirish, ularni daryo va suv havzalariga tashlanishiga barham berish, ishlatilgan suvlarni tozalash usullarini takomillashtirish, shu maqsadda maxsus qurilmalar o‘rnatish zarur.

2014 yili pokistonlik o‘n olti yoshli o‘quvchi qiz, tinchlik uchun kurashchi Malala Yusufzay Nobel mukofotini olar ekan, dunyoni endilikda qalam va daftar, ya’ni bolalar va ayniqsa, qizlarning savodxonligi qutqaradi, degan edi. Bugun uning boshqa bir tengdoshi, Nobel mukofotiga nomzod shvetsiyalik Greta Tunberg jahon davlatlari rahbarlarini iqlim o‘zgarishi, ichimlik suvining tanqisligi bilan bog‘liq muammolarga befarq bo‘lmaslikka chaqirmoqda. “Ahvol shu darajada qolaversa,  biz yoshlar uchun hech qanday kelajak yo‘q. Buni bilgan holda jim turish mantiqsizlikdir. Taassufki, siyosatdonlar bu masalada o‘zlarini bolalarcha tutmoqdalar”, deydi u. Darhaqiqat, bu muammolarning yechimi ko‘p jihatdan bolalarning donishmand bobolariga bog‘liq. Va yana…

Suvni tejaydigan, tozalaydigan moslamalardan foydalanish, yangi suv omborlari qurish, suvga o‘ch ekinlarni kamaytirish, suv narxini oshirishdan ham muhim  bir vazifa bor, u ham bo‘lsa, avvalo o‘zimiz, farzandlarimiz, nabiralarimiz, beistisno hammamizning suvga nisbatan munosabatimizning o‘zgarishi. Bu o‘zgarish sodir bo‘lmas ekan, muammo yildan yilga, mavsumdan mavsumga murakkablashib, oxir-oqibat dovondagi cho‘qqilar poyida bir vaqtlar suv sathi qoldirgan noyob izlar  afsonaga aylanishi aniq.

Vaqt bor, najot eshiklari hali yopilmagan. Kalit o‘z qo‘limizda.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2019 yil, 4-son