Saydi Umirov. Adabiyot fidoiylari bilan barhayot (2011)

Inson umri orzular, umidlar, qayg‘u va iz­tiroblar majmuidir. Bugun bolalik yillarimni eslar ekan­man, ko‘z oldimda tuproq ko‘chalaru saharmardonda poda haydab yurgan sarpoychan bolalar gavdalanadi. Ne tongki, o‘sha sodda va beg‘ubor bolalarning biri, shubhasiz, men edim. Garchi bizning bolalik davrimiz baxtu saodatga yo‘g‘rilgan zamonlarda kechmagan bo‘lsa-da, o‘sha begidir va beg‘ubor kunlarni sog‘inaman.

Hamon esimda, o‘shanda urushdan keyingi og‘ir va mahzun kunlar… Bizning Jo‘raboy qishlog‘imizga har hafta, eshagida, xurjunini to‘ldirib pochtachi bobo kelardi. U kishi uyma-uy yurib, gazeta, jur­nal, xat tarqatib chiqardi. Tabiiyki, bunday payt­larda mening ham qo‘limga bir-ikki gazeta yoki jurnal tushib qolardi. Ana shu “tushib qo­lish” keyinchalik meni o‘qishga, hatto ba’zi bir narsalarni yozishga undadi. Vaqt o‘tgan sari o‘sha paytda chop etiladigan “Qizil O‘zbekiston”, “Lenin yo‘li” (hozirgi “Zarafshon”), “Kommunizm bayrog‘i” (ho­zirgi “Payariq hayoti”) gazetalarini qoldirmay o‘qib boradigan bo‘ldim.

O‘quvchilik yillarimda “Kuntug‘mush”, “Orzigul”, “Avazxon”, “Hasanxon” singari dostonlarni qiziqib o‘qib chiqdim. Olis qish kechalari doston qahramonlari bilan “muloqot” qilganlarim hamon esimda.

Uyimizda kutubxona yo‘q edi. Adabiyot dars­lik­laridan Oybek, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Uyg‘un she’rlari, Abdulla Qahhor hikoyalaridan na­munalar o‘qib, rasmlarini ko‘rib ijodga havas pay­do bo‘lgan bo‘lsa ajabmas. Elliginchi yillar bosh­larida “Kitobdan-kitobga” deb nomlangan, kichik hajmli kitobchalar paydo bo‘lgan edi. Ularda taniqli adiblarning asarlaridan parchalar berila boshlandi. Mana shu kitoblarning aksariyatini qoldirmasdan o‘qib chiqdim. Eslaganlarim: “Yosh gvardiya”, “Polk o‘g‘li”, “Oderda bahor”, “Gazandalar uyasining tugatilishi” va shunga o‘xshash asarlar edi. Bu asarlarning deyarli barchasi urush, harbiy-vatanparvarlik mavzuida edi.

Bu borada shuni afsus va o‘kinch bilan aytishim mumkinki, biz bolalik paytlarimizda o‘qishga chan­qoq edik, ammo o‘qiydigan kitob ham, borini sotib oladigan imkoniyat ham yo‘q edi. Ne ajab, endilikda kitob ko‘p, imkoniyatlar katta, biroq o‘qiydigan mard kam.

Ko‘bay Pirimqulov degan matematika o‘qi­tuv­­chimiz bo‘lardi. G‘ayratli, bilimli odam edi rahmatli. Tuman, viloyat gazetalarida turli xil xabar va ma­qolalari tez-tez chiqib turardi. Ularga doim havas qilardim. Kunlardan bir kun “men ham urinib ko‘rsam-chi”, degan fikrga keldim. So‘ngra nimalarnidir yozib o‘qituvchimga ko‘rsatdim. U kishi menga yozish borasida qimmatli maslahatlarini berdilar. Shu-shu menda yozish istagi paydo bo‘ldi.

Oradan ko‘p o‘tmay viloyat gazetasida “Beg‘amlik oqibati” deb nomlangan ilk maqolam chop etildi. (“Yoshlik”da eslashicha, Abdusaid Ko‘chimov “Uyi­mizda stol-stul yo‘q, yotib dars qilamiz”, deb oila devoriy gazetasida otasini tanqid qilgan ekan. Men esa o‘zim o‘qiyotgan maktabda yozgi ta’mirlash ishlari sust ketayotganini tanqid qilibman). Ma­qola chop etilgach, maktab direktorimiz biroz xafa bo‘ldilar. Ammo tanqid besamar ketmadi. Maktabimizda ta’mirlash ish­lari tezlashib ketdi.

O‘rta maktabni kumush medal bilan tamomladim. SamDU filologiya fakultetiga imtihonsiz qabul qilishdi. Men endilikda haqiqiy ijod va adabiyot maydoniga kirib kelgan edim. Biz talabalar bu dargohda Vohid Abdullayev, Boturxon Valixo‘jayev, Orif Ikromov, Nuritdin Shukurov, Hamdam Ber­diyorov, Xudoyberdi Doniyorov, Saydulla Mir­zayev, Rahmonqul Orzibekov kabi allomalardan dars oldik, o‘qishga, yozishga ishtiyoqimiz oshdi. Ta­labalik yillarimda viloyat gazetasida ikki hi­koyam, she’rlarim, masal­larim bosildi. Ilk ada­biy-tanqidiy maqolam 1957 yili “O‘zbekiston madaniyati” gazetasida chop etildi. Unda shoir Po‘lat Mo‘minning “Sovg‘a” degan kattagina kitobi tahlil etilgan edi. Ammo bundan ilgari ham mazkur gazetaga bir necha adabiy maqolalar, taqrizlar yuborgan edim. Biroq ular chop etilmadi.

Talabalik yillarimda adabiy to‘garaklar, ijo­diy uchrashuvlar menga katta saboq berdi. Ayniq­sa, talabalar ishtirokidagi yig‘in, uchrashuvlar ni­hoyatda qiziqarli kechardi. Men rus adabiyotiga qiziqqanim bois rus tilida bo‘lib o‘tadigan uchra­shuvlarni o‘tkazib yubormasdim. Esimda, odatdagi ilmiy konferentsiyalardan biri yozuvchi Chexov ijodiga bag‘ishlandi. O‘shanda men hali yosh talaba bo‘lishimga qaramay o‘rnimdan turib ma’ruzachiga savol berdim: “Chexov bir hikoyasini “Qayg‘u” (“Gore”) deb, boshqa birini “Hasrat” (“Toska”) deb ataydi. Bu tushkunlikning, har xil nomlanishning sababi nima?” Savolim taniqli adabiyotshunos, Timofeevday mashhur olimlarga us­tozlik qilgan Ya. Zundelovichga ma’qul keldi shekilli, o‘rnidan turib, “Bu yigit to‘g‘ri savol berdi, Chexov har bir so‘zga alohida vazifa yuklaydigan teran adib”, deya tushuntirib ketdi.

1958 yili «Literaturnaya gazeta»ning bir gu­ruh ijodkorlari, jumladan, Aleksandr Yashin, Vla­dimir Salouxin kabi adiblar Samarqandda, SamDU majlislar zalida ijodiy uchrashuv qilishdi. Ta­vak­kal qilib, domlalar daldasi bilan so‘zga chiq­dim. Ayni paytdagi ijodiy jarayon haqidagi fikr-muloha­zalarimni, takliflarimni aytdim. Buni qa­rangki, uchrashuvdagi ushbu mulohazalar biroz muddat o‘tib gazetada chop etildi.

Zamonaviy adiblardan Sergey Antonovni se­vib o‘qirdim. O‘ziyam o‘sha paytlarda “Mashinalar yo‘llardan o‘tib boradi” kitobiga kirgan olti hi­koyasi uchun davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan edi-da. Yana, olimlikka da’vo qilmagani holda, “Hikoyada detal” nomli kat­tagina ilmiy kitob ham yozgan edi. Keyinchalik il­miy ish yozishimga shu adibdan o‘rganganlarim ham­da “Detal. Syujet. Qahramon” va boshqa kitoblar muallifi, o‘z vaqtida M. Gorkiy bilan yozishmalar qilgan leningradlik taniqli olim Ye. Dobinning maslahatlari katta yordam berdi.

Ilk kitobim 1974 yili “San’atning sehrli ka­­liti” nomi bilan chop etildi. Kitob yozuvchi A. Qah­horning mahoratiga bag‘ishlangan bo‘lib, nashr etili­shiga adabiyotshunos olim Pirmat Shermuhamedov katta yordam bergan edi. Albatta, keyinchalik “Milliy madaniyatlar rivojida tan­­qidchilikning roli”, “BAM haqida hikoya”, “Da’­­­vatkor so‘z”, “Sollanib oqayotgan daryo”, “Tolib­noma”, “Ziyobaxsh umr sahifalari” (bu ikkisi ham­kor­likda), “Dorilfunlar taqdirimda”, singari kitoblarim birin-ketin nashr etildi. Yangi kitob – «Ma’naviyat mulkiga sayohat» chiqish arafasida “G‘ay­bulloh as-Salom zamondoshlari xotirasida”, “Yaxshi­dan qolgan bog‘”, «Asil Rashidov safdoshlari, zamondoshlari nigohida» kabi kitoblarga to‘plovchi, nashrga tayyorlovchi va bir necha asarlarga taqrizchi bo‘ldim. Gazeta va jurnallarda, badiiy-ilmiy to‘plamlarda bosilgan taqriz, maqola, ocherklarim soni 500-600 chog‘li bo‘lsa kerak.

Albatta, nashr etilgan kitoblarimning ham­ma­­sidan ham ko‘nglim to‘lmaydi. Misol uchun, “BAM ha­qida hikoya” magistral qurilishida qisqa mud­dat bo‘lganim uchun yuzakiroq yozilgan. Chunki o‘sha paytlarda Markazning g‘oyasi va tashabbusi bilan yaxshi hisob-kitob qilinmay boshlangan “asr qurilishi” shusiz ham shalvirab qolgan sobiq mamlakat xazinasini o‘pirib ketgani, o‘zini oq­lamagani keyinchalik ma’lum bo‘ldi.

“Sollanib oqayotgan daryo”ni fanimiz, ta’li­mimizga katta hissa qo‘shgan, o‘nlab shogirdlar yetish­tirgan, ko‘plab kitoblar yozgan fidoyi olim G‘aybulla as-Salomning o‘ksik ko‘ngliga dalda, taskin berish niyatida yuragimdan chiqarib yozganman. Bu ko‘pchilikka ma’qul bo‘ldi, maktublar ham oldim.

Ustoz bilan hamkorligimiz samarasi, yan­gi davrning yangi avlodiga bag‘ishlab yozilgan “Tolibnoma” asarimiz haqida ham ko‘p iliq gaplar aytildi, yozildi, taqdimotlar bo‘ldi. Ayniqsa, Qar­shi pedagogika kol­­lejining oliy toifali o‘qi­tuvchisi, publitsist Bo‘­ritosh Nosirova maxsus maqola-taqrizida, jum­ladan, shunday yozibdi: “Siz­lar birgalikda yozgan “Tolibnoma” kitobingizni Qarshi universiteti kutubxonasidan olib qayta-qayta o‘qiganman. Ko‘chirtirib o‘quvchilarimizga ham o‘qitganman, ayrim joylari yod bo‘lib ketgan. Ushbu kitob insonlarni tarbiyalashda “Murabbiynoma” ma’­nosida ham qabul qilinishi mumkin. Hozirgi kunda kelajagi buyuk davlat uchun komil inson tar­biyasi dolzarb bir muammo bo‘lib turgan paytda “Yoshlar – bizning kelajagimiz” iborasi ostida yotgan chuqur mazmunning mas’uliyatini turmushdan, hayotdan olingan oddiy va ibratli voqea-hodisalar misolida tushuntirib aytgan. Ushbu kitob ravon tilda yozilgan, maroq bilan o‘qiladi. Lekin, ming afsuslar bo‘lsinkim, bunday kerakli, zaruriy qo‘l­lanma sotuvda yo‘q. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi buyurtmasi bilan yozilgan bunday ke­rakli kitob ko‘p nusxada bosilsa bo‘lmaydimi? Kitob rastalari maza-matrasiz, qoni qaynoq yoshlarni ur-yiqit, o‘l­dir-o‘ldirlarga, rasmlar bilan bezatilgan chet el romanlari, allaqanday behayo hislar uyg‘otuvchi beparda nasihatlaru be­hayo rasmlar solingan kitoblarga liq to‘la. Esiz, qimmatbaho qog‘ozlar!”

Kamina nokamtarlik qilayapti deb o‘ylamas­ligingiz uchun aytayki, kitobimizning asosiy qis­mini rahmatli ustoz yozganlar, maqtov ham ko‘proq ularga tegishli.

“Dorilfunlar taqdirimda” kitobimni ikkinchi jahon urushi jangohlarida halok bo‘lgan, nomi Mus­taqillik maydonidagi “Xotira” kitobida naqsh­langan otam Umirqul Haydar o‘g‘li va uning sado­qat­li, vafodor yori, butun umrini yurt xizmatiga, farzandlari tarbiyasiga baxshida etgan onam Oy­suluv Boli qizining porloq xotiralariga ba­g‘ishlaganman. Kitobda Vohid Abdullayev, Sa’di Sirojiddinov, Abdulla Qahhor, Chingiz Aytmatov, Asqad Muxtor, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qo‘shjonov, Solih Qosimov, Begali Qosimov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Oqil Salimov, O‘tkir Hoshimov, Muhammad Yusuf, Mashrab Boboyev, A’zam O‘ktam, Umarali Normatov, Xayriddin Sultonov, Ahmadjon Meli­boyev, G‘ulom G‘afurov asarlarining badiiy jozi­basi, o‘ziga xos xususiyatlari haqidagi kuza­tuv­larim, tahlillarimni qog‘ozga tushirishga, bosh­qalar fikrlarini takrorlamaslikka harakat qil­ganman.

2004 yili Moskvadagi “Voskreseniye” nashriyotida chop etilgan sal kam yetti yuz sahifalik “Chingiz Aytmatovning najot kemasi” (“Kovcheg Chingiza Ayt­matova”) kitobidan “Sayyoraviy tafak­kur adibi” nomli yigirma sakkiz betlik maqolam joy olgani kamina uchun kutilmagan yangilik, sho­diyona bo‘ldi. Bu maqola haqida adabiyotshunoslar Ozod Sharafiddinov, Baxtiyor Nazarov, Sanjar Sodiqlarning iliq fikrlari xur­sandchiligimga xur­sandchilik qo‘shdi.

Darhaqiqat, kitobsiz, adabiyotsiz hayotimni ta­savvur qilolmayman. To‘g‘ri, adabiyotsiz, kitobsiz ham yaxshi yashayotganlar, amaliga, boyligiga mahliyo bo‘lib, davri-davron surayotganlar bordir. Ammo men uchun bunday hayot cheklangan, zerikarli, ma’nisiz bo‘lib qolardi.

Adabiyot insonni odob-axloqli, iymon-e’ti­qodli, madaniyatli qilib tarbiyalaydi. Yaxshilik qilishga, yomonlikdan qaytishga undaydi. Abdulla Qodiriy “O‘tgan kunlar”ni boshdan oyoq yod olgan kishiga to‘n kiydirganini eshitganmiz. Urush jan­gohlarida qon kechib yurgan yigitlar yorlari, ma’shuqalariga yozgan xatlariga K. Simonovning “Meni kutgil” she’rini qo‘shib yuborishar ekan. Dang‘illama hovli-joyi, qo‘sha-qo‘sha mashinasi, qo‘ra­sida mol-qo‘ylari bo‘lgani holda kitobi, kitob javoni yo‘q ayrim kishilar haqida faylasuf olimimiz, akademik Vohid Zohidov afsus-nadomat bilan yozganlarini eslaylik.

Asl kitobxonlar, kitobsevarlar, kitobo‘qirlar ko‘p. Aslida adabiyot ana shu fidoiylari bilan barhayot va rivojlanish yo‘lidadir. So‘nggi yillarda bizning milliy adabiyotimiz ham o‘ziga xos tarzda rivojlandi. Misol uchun, keyingi o‘n yilliklarda she’riyatimizda modern yo‘nalishi takomillashib bormoqda. To‘g‘ri, shaxsan men modern adabiyoti namunalaridan yaxshi xabardor emasman. Ammo bu haqda ustoz Ozod Sharafiddinovning bir qator maqolalarini o‘qiganman. Bu haqida ba’zi tanqidchilarimiz qara­ma-qarshi qutbda fikr bildirishlaridan ham xa­bardorman. Biroq shunisi aniqki, men o‘qiydigan asar – modernizmmi, realizmmi, eng avvalo, haq­qoniy, tabiiy, samimiy bo‘lsa bo‘ldi. Nazarimda, modern adabiyoti bizda bora-bora keng ildiz otadi – globallashuv davri, madaniyatlar, adabiyotlar hamkorligi shuni taqozo etadi. Faqat bizning modern asarlarimiz g‘arbdan nusxa ko‘chirmasligi, milliy mentalitetni, sharqona axloq, hayo, ma’naviyatni o‘ziga singdirishi kerak.

Prozada yangi, yorqin asarlar paydo bo‘layotibdi. She’riyatga yosh iste’dodlar shaxdam qadamlar bi­lan yonib, yorib kirib kelishayotibdi. Ular Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Halima Xudoyberdiyeva, Omon Matchon, Muhammad Yusuflar baland ko‘tarib qo‘ygan nazm plankasi bilan bo‘ylashib ijod qilishayotibdi. Orada bir qadar susayib qol­gan dramaturgiyada ham jonlanish sezilayotibdi. Publitsistikamiz ko‘proq eniga, kamroq bo‘yiga o‘sdi, o‘sayotibdi. Bir qator o‘tkir maqolalar, baquvvat ki­toblar, yaxshi hujjatli filmlar, fotosuratlar yaratildi, sakkiz yuzdan ortiq gazeta, jur­nallar va boshqa nashrlar, yangi nashriyotlar, tele-radiokanallar, axborot agentliklari paydo bo‘ldi. Ammo bu ham hali kam.

O‘ylashimcha, badiiy publitsistika, kino-foto­pub­litsistika ayniqsa jadal taraqqiy etadi, vo­­qea bo‘larli asarlar yuzaga keladi. Negaki, keyingi paytlarda o‘quvchilarda hujjatli badiiy-publitsistik asarlarga qiziqish, ishonch ortib bo­rayotgani kuza­tilmoqda.

Taniqli munaqqid Ibrohim G‘afurov “Hayo – xa­los­kor” kitobida, badiiy to‘qimaning ahamiyatini kam­sitmagan holda, shunday yozadi: “Yozuvchi hech narsani to‘qib chiqarmasligi kerak, deb o‘ylayman. To‘qib chi­qarilgan narsalar yolg‘onga oshno na­r­sa­lardir. Ada­biyotning obro‘si tushib ketgani­ga sabab uning keyingi vaqtlarda to‘qimalarga zo‘r berilganida bo‘ldi. Bugungi hayotga, bugungi odamlarga badiiy so‘zning unchalik keragi bo‘lmay qoldi. Hozirgi hayot va insonning ayni o‘zi haqida yozish va qudrati kelsa, u haqda ta’lim berishgina o‘zini oqlaydi”. Buni to‘qimani tamom inkor etgan keskin fikr deb tushunmaslik, ko‘proq mansuralarga, maqolanavislik janrlariga daxldor mulohaza deb qabul qilmoq joiz.

Darhaqiqat, bugun bizning dunyo bilan bemalol bo‘ylasha oladigan adabiyotimiz, san’atimiz, kino asarlarimiz bor. Hech ikkilanmasdan Nobel mu­ko­fotiga tavsiya qilish mumkin bo‘lgan daho ijod­korlarimiz bor. Agar adolat qilinganda, mu­kofot be­rishda ochiq va pinhoniy ayirmachilik, siyosiy o‘yin­larga yo‘l qo‘yilmaganda, fan, adabiyot sohasidagi eng yuksak asarlar uchun Qodiriy, Oy­bek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor kabi ulkan yozuvchilarimiz, Habib Abdullayev, Ibrohim Ham­roboyev singari mashhur olimlarimizning asarlari o‘z vaqtida shunday e’tirofga munosib edi.

Meni adabiyotga, san’atga hamnafas qilgan taq­dirdan minnatdorman. Mana, butun umrim ilmu ma’rifat ichida kechyapti. Bu sharafli yo‘lda menga oilam ham yaqin ko‘makchi, hamqadam, hammaslak. Turmush o‘rtog‘im Oylarxon filolog. Qomusimiz ilk nashrining to‘qqiz jildida bo‘lim mudiri degan nomi bor. Hozir nafaqada. “Siz ishlang, yozing, kiyim-kechak, bozor-o‘char qilishni bizga qo‘yib be­ring”, deydi. Yozuvchi Nusrat Rahmat bir davrada, o‘ziga xos quvnoqlik bilan: “Qirq yildan beri ishdan qaytsam, eshikni faqat bir ayol ochadi. Eshigini uch-to‘rt ayol ochgan qadrdonlarimga havasim keladi”, deya hazil qilgandi. Uning haziliga hazil bilan javob berdim:

– Sizniki holva ekan, do‘stim. Bizning eshik­ni ellik yildan beri shu birgina ayol ochadi. Chimildiqda tanishganmiz, kuydim-yondim deb oila qurgan ne-ne juftlar ajrashib ketdi. Xudoga shukr, biz bir-birimizga toqat qilib yashab kelayotibmiz. Farzand, nevaralar oltin to‘ylarinigizni o‘tka­zamiz deb turishibdi.

Ikki farzandimiz bor. Qizimiz Gulchehra do­tsent, Kimyo-texnologiya institutida kafedra mudiri. “Erkin Vohidov she’riyatida antiteza” mavzuida nomzodlik ishini yoqlagan. Kuyovimiz Hayitmurod huquqshunos. O‘g‘lim Vohidjon ham oliy ma’lumotli. Rus, ingliz, yapon tillarini yaxshi biladi. Bir yil Yaponiyada o‘qib, ishlab keldi, hozir “ABU MATBUOT – KONSALT” nashriyotini boshqarmoqda. Yaponchadan Kavabata, Akutagava hikoyalarini, rus tilidan Zosh­chenko hikoyalarini tarjima qilgan. Kelinimiz Zulfiya jurnalist. “Yoshlar” teleradiokanali mu­harriri. Nevaralarim ham barchasi oliy o‘quv yurti talabalari, litsey, maktab o‘qituvchilari.

 

ADIB HAQIDA

Adabiyotshunos, munaqqid, maqolanavis, pedagog Saydi Umirov 1938 yili 10 fevralda Samarqand viloyati Payariq tumanida tavallud topgan. 1960 yilda SamDU filologiya fakultetini tugatib, “Fan va turmush” jurnalida faoliyat boshlagan. 1965-1967 yillarda O‘zFA Til va adabiyot instituti aspiranturasida tahsil oldi va “Abdulla Qahhor prozasida xarakter va sharoit tasvirida badiiy detalning o‘rni” mavzuida dissertatsiya yoqladi.

Saydi Umirov qirq ikki yildan beri O‘zMU, O‘zDJTU jurnalistika fakultetlarida dotsent, dekan muovini, dekan, kafedra mudiri lavozimlarida ishlab kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, “Oltin qalam” sovrindori.

Saydi Umirov matbuot, radio, televideniyeda, to‘plamlarda e’lon qilingan 600 dan ortiq maqola, taqriz, ocherk, suhbat, eshittirish, ko‘rsatuvlar, “Milliy adabiyotlar rivojida tanqidchilikning roli”, “San’atning sehrli kaliti”, “Da’vatkor so‘z”, “Sollanib oqayotgan daryo”, “Dorilfunlar taqdirimda”, “Tolibnoma”, “Ziyobaxsh umr sahifalari” (keyingi ikkisi hammualliflikda) kitoblari bilan jamoatchilikka yaxshi tanish. “Ma’naviyat mulkiga sayohat” kitobi chop etilish arafasida. Maqolalari Qozog‘iston, Germaniya, Rossiya singari davlatlarda nashr etilgan.

“Yoshlik” jurnali, 2011 yil, 6-son.