Norqul Bekmirzayev. Buyuk ibrat (2010)

Nizomiddin Mir Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” asarida shunday yozadi:

“Temur Ko‘ragon — agarchi nazm aytmoqqa iltifot qilmaydurlar, ammo nazm va nasrni andoq xo‘b mahal va mavqe’da o‘qibdurlarkim, aningdek bir bayt o‘qig‘oni ming yaxshi bayt aytqonicha bor”. Ya’ni, ul zot o‘zi she’r yozmagan bo‘lsa-da, lekin she’riy va nasriy asarlardan shuncha ko‘p yod olgan va ularni shunday yaxshi o‘qir ekanki, bunga hamma qoyil qolar ekan. Bunday qobiliyat esa faqat bilimdon, nozikta’b insonlarda bo‘ladi.

Zehni o‘tkir, zakovati tengsiz Sohibqironning bu boradagi fazilatlari O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirovning “Amir Temur siymosi” kitobida ham muhim tarixiy manbalar asosida alohida ta’kidlangan. Amir Temur saroyida kotib bo‘lib ishlagan va uning hayot yo‘lini yaxshi o‘rgangan tarixchi Hofizi Abro‘ “Zubdat ut-tavorix” asarida quyidagilarni yozadi: “Amir Sohibqiron maktabda o‘z tengqurlaridan saboqda o‘zib ketardi. Balog‘at yoshiga yetguncha ilm, adab, xat va suxanvorlik kasb etdi. Undagi teran bilim shijoatga payvand bo‘ldi va shundan so‘ng amirlik mansabini egalladi”.

Ibn Arabshoh “Amir Temur tarixida taqdir ajoyibotlari” kitobida Sohibqironni shunday tasvirlagan: “Temur baland bo‘yli, qadimiy pahlavonlarday ulkan qomatli, yelkalari keng, boshi shernikiday katta, barmoqlari yo‘g‘on, oqu qizil tiniq yuzli, yo‘g‘on ovozli, ikki ko‘zi bamisoli ikki yoniq shamday olovli, badani pishiq, xuddi tosh misoli qattiq, o‘limdan qo‘rqmaydigan iztirobsiz vazmin odam edi”.

Hofizi Abro‘ bejiz “suxanvorlik kasb etdi” deb yozmagan. Ibn Arabshohning: “…yo‘g‘on ovozli.., vazmin odam edi”, deb ta’rif berishida ham Sohibqironning Alloh yuqtirgan iste’dodiga ishora bor.

Notiq uchun vazminlik va tinglovchilarga zalvor bilan yetib boradigan ovoz juda muhim. Sohibqiron Amir Temur bobomizda notiq uchun kerakli bo‘lgan barcha sifatlar jamuljam bo‘lgan. Ul zotning notiqligini isbotlovchi misollar Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asarida ko‘plab uchraydi.

Shomiy ”Zafarnoma”sining ikki qo‘lyozma nusxasigina saqlanib qolgan. Birinchisi Amir Temurga taqdim etilgan qo‘lyozmaning 1425 yilda ko‘chirilgan nusxasi bo‘lib, u Istanbuldagi “Nuri Usmoniya” masjidi kutubxonasida 3367-raqam bilan saqlanmoqda. Ikkinchisi muallif tomonidan Amir Temurning nabirasi Mirzo Umar Bahodir ibn Mironshohga taqdim etilgan qo‘lyozmadan ko‘chirilgan nusxa bo‘lib, u Londondagi “Britaniya muzeyi” kutubxonasida saqlanadi.

Mazkur asarning Amir Temur haqida yozilgan manbalardan farqli tomoni shundaki, unda Sohibqironning aytgan va so‘zlagan nutqlari juda keng o‘rin olgan. Bu holat esa Amir Temurning o‘tkir notiqligini, nutqida ortiqcha so‘z va iboralarga o‘rin bermaganligi, har bir so‘zni o‘z ohangi bilan, ixcham va lo‘nda hamda keskin holatda ayta olish mahoratini namoyon etadi.

Ul zotning so‘zlagan nutqlarida aniq maqsad, reja ko‘zda tutilgani yorqin ko‘rinadi. Nizomiddin Shomiy yozadi: “Sohibqiron hazrat menga: “Shu uslubda yozilgan, tashbeh va mubolag‘alar bilan oro berilgan kitoblarda ko‘zlangan maqsadlar o‘rtada yo‘qolib ketadi. Agar so‘z qoida-qonunidan nasibador bo‘lganlardan birontasi ma’nisini fahmlab qolsa qolar, ammo qolgan o‘ntasi, balki yuztasi uning mazmunini bilishdan, maqsadga yetishdan ojiz. Shu sababli, uning foydasi barchaga barobar bo‘lmaydi”, degach, bunda (Nizomiddin) yer o‘pib arz sharafiga shunday yetkazdim: “Harchand so‘z martabalari ko‘p va manzillari sanoqsizdir, ammo abadiyatga payvand ushbu davlat soyasida bu faqirning so‘z san’atida baqadri imkon qudrati va uning uslublari borasida bu fan arboblari nazdida shuhrati bordir. Olimlar maqbul so‘z haqida shunday deganlar: Yaxshi va ravon so‘z uldurkim, avom xalq uning ma’nosini anglagay, xos kishilar esa unga ayb qo‘ymagay. Shuning uchun aytmishlar (bayt):

“Gar iste’dod bo‘lmasa, hech kim aytolmas,

Xosga maqbulu omma tushungudek so‘zni”.

Amir Sohibqiron hazrat: “Men ana o‘shandoq so‘zni xohlayman”, dedi. Men duo marosimini bajo keltirgach, arz izzatgohiga shunday deb yetkazdim: “Agar hukumlari joriy bo‘lsa, bu banda shu tariqa yo‘ldan borgaymen, qudratim yetguncha uning uhdasidan chiqishga urungaymen va xizmatini umrim sharafi deb bilgaymen”.

Yuqoridagi suhbatdan ko‘rinib turibdiki, Amir Temur so‘zning qudratini teran his etgan o‘ta bilimdon, so‘z sehrini anglagan, notiqlik san’atini mukammal bilgan, so‘z bilan amalga oshishi mumkin bo‘lgan har neniki anglab yetgan yuksak ma’naviyat egasi bo‘lgan.Amir Sohibqironning yosh yigitlik chog‘i amakisi amir Hoji Barlos Xurosonga jo‘nashga qaror qiladi. Amir Sohibqiron unga shunday deydi: “Siz Xuroson tomonga borishga azm qilibsiz! Viloyat va mamlakat hokimsiz va boshliqsiz qolib, unga fitnayu futur yo‘l topgay va zarar yetgay. Agar maslahat ko‘rsangiz, men o‘z viloyatimga borib, u joydan podshoh xizmatiga yuzlanay, uning amirlari va vazirlarini ko‘ray, toki viloyat xarob bo‘lmasin”. (N.Shomiy “Zafarnoma”) Sohibqironning bu so‘zlari Hoji Barlosga ta’sir etib, maslahatga muvofiqligini bildi va uning gaplarini to‘g‘ri deb topdi. E’tibor berilsa, Amir Temur so‘zlarida birorta ortiqcha, o‘rinsiz so‘z uchramaydi. Ular barchasi aql olovida toblanib, pishib yetilib, nutq orqali namoyon bo‘lmoqda. Fikr aniq, tushunarli, lo‘nda va ta’sirchan. Sohibqiron el-yurtni o‘ylab, uning tinchligini ta’minlash haqida qayg‘urmoqda.

Amir Temurning xalqparvar, yurtparvar zot ekanliklarini uning mana bu so‘zlari ham tasdiqlaydi. Mag‘lubiyatga uchragan Amir Husayn Amir Sohibqironga: “O‘z xonadoning va elingni suvdan o‘tkaz!” — deb buyuradi. Amir Sohibqiron javob beradi: El-yurt, yaqin kishilar suvdan kechish maqsadida jo‘nab ketdilar. Ammo bundan nima foyda? Axir, viloyat vayron bo‘ldi-ku, yashashu tirikchilik odamlar uchun achchiq kechmoqda, shaharlar xarobaga aylandi. Maslahat shulki, siz salomat jo‘naybering! Men yana bir necha kun turib, lashkar to‘playman va bu dushmanlar bilan yana bir bor jang qilaman”, — dedi (O‘sha asar, 48-bet). Uning bu nutqidan botirlik va dovyuraklik balqib turibdi.

Amir Sohibqiron qaysi yurtga borsa, u yerda tartib va osoyishtalik o‘rnatish yo‘lini tutganlar. U zot Tuflis mavzeiga borganlarida amirlarini va arkoni davlatini yig‘ib, shunday nutq so‘zlaydi: “Men shu zamonda voqe’ bo‘lgan hodisayu xarobliklar, fitnayu fasod boisidan vujudga kelgan ajoyib holatlar va g‘aroyib ishlarni ko‘rmoqdamen; qonun-qoidalar izdan chiqqan.

Podshohlik rasm-rusumi yo‘qolgan. Albatta, qudratli podshohlar bo‘lmaganidan keyin mamlakat ahvoliga tashvish va parishonlik yo‘l topishi taajjubkim, o‘tmish podshohlar va sobiq maliklarning tutgan siyosati va hokimiyati ustidadir. Ularning shunchalik ulug‘vorligi, komronligi va jahondorligi bo‘la turib… gurjiy jamoalari qanday qilib shu damgacha saqlanib, mamlakat va saltanatni boshqarganlar” (O‘sha asar, 135-bet).

E’tiborlisi shundaki, Amir Sohibqiron notiqlikda ham, jasurlikda ham o‘z tinglovchilariga ibrat rolini o‘tagan. Uning nutqidan biron so‘zni olib tashlash qiyin. Hamma so‘zlar o‘z o‘rnida maqsad nishoniga bexato tegmoqda. Bunday nutqni tinglagan amiru ulamolar, arkoni davlat Amir Sohibqiron maqsadu murodini chuqur anglab, unga ishonishi, ergashishi tabiiy edi.

Sohibqiron bobomizning quyidagi nutqida xayrli ishlarga da’vat mujassam: “Nomdor podshohlar qudratining foydasi, adolatshior maliklar g‘amxo‘rligining manfaati xayrli ishlarni shoyi’ qilish va yaxshiliklarni yoyishdir. Hozirda biz o‘tmish podshohlardan qolgan asarlarni nazora qilyapmiz. Biroq, albatta, bizdan ham biror yodgorlik qolishi lozimki, zamon o‘tishi bilan bizning nomimiz o‘sha yodgorlikda saqlanib qolsin va uning ajru savobi beandoza bo‘lsin”. (O‘sha asar, 318-bet).

Hazrat Sohibqiron nutqidagi bu da’vatkor kuch mustaqil yurtimizda benihoya qadr topib, Yurtboshimiz sa’y-harakati bilan obod bo‘layotgan shahar va qishloqlarimiz qiyofasida namoyon bo‘layotir.

Amir Sohibqironning so‘zga benihoya e’tibori u ulug‘ zotning sarkardalik va davlatni boshqarish san’atida yorqin iz qoldirgan.

Amir Temur bobomizning bu boradagi o‘ziga xos uslubini chuqur o‘rganish, so‘zga, notiqlikka shunchalar mas’uliyat bilan yondashganlaridan ibrat olish barkamol avlodni tarbiyalash jarayonida alohida ahamiyat kasb etadi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 15-sonidan olindi.

___________________
Adabiyotshunos olim, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Norqul Bekmirzayev 1944 yil 15 aprel kuni Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida tug‘ilgan.
U “O‘zbek harbiy epopeyasi” (1978), “Jasorat va adabiyot” (1980), “O‘zbek harbiy prozasi” (1981), “Jasoratning badiiy talqini” (1991), “Ona yurt kuychisi” (2005), “She’riyat ishqiga yo‘g‘rilgan yurak” (2007) nomli ilmiy kitoblar yozdi. Bu orada u badiiy ijod bilan ham shug‘ullanib “To‘g‘riga to‘p o‘tmas” (1991) nomli hujjatli qissasini chop ettirdi. U o‘nga yaqin o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, 150 dan ortiq ilmiy va ommabop maqolalar, “Notiqlik san’ati sirlari” (2006), “Notiqlik asoslari” (2006), “Notiqning yon daftari” (2007), “Nutq madaniyati va notiqlik asoslari” (2007), “Notiqlik san’ati asoslari” (2008) nomli o‘quv qo‘llanmalar, “Muallimning yon daftari” (2011), “Yurist nutqi madaniyati” (2011) nomli kitoblar muallifi.
Norqul Bekmirzayev “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi – 2009” Respublika ko‘rik tanlovida g‘olib bo‘lgan.
2021 yil 8 avgust kuni vafot etgan.