Su Shi (1037-1101)

Mumtoz xitoy she’riyatining yorqin siymolaridan biri Su Shi (苏轼) Sun sulolasi davrida yashagan. Umrining katta qismi surgunda o‘tgan shoir Su Dungpo taxallusi bilan she’rlar yozgan, shuningdek, essenavis, musavvir, xattot va davlat arbobi sifatida faoliyat yuritgan. U Meychjou shahri yaqinidagi Emeyshan tog‘ining etagida o‘sha davrning mashhur olimi oilasida dunyoga kelgan. Yoshligidan kuchli qobiliyat egasi sifatida nom qozongan. Saroyda xizmat qilgan yillari vazir Van Anshi olib borayotgan siyosiy yo‘nalishga qarshilik ko‘rsatgani uchun Su Shi Xebey viloyatiga surgun qilinadi. Ammo, surgunda yurganida nochor ahvolidan nolimasdan Xebey tabiatining go‘zalligiga bag‘ishlangan she’rlar yozadi va vaqt o‘tib, bu she’rlarda namoyon bo‘lgan uyg‘ular samimiyati va yangicha ifoda tarzi tufayli mumtoz xitoy she’riyatining durduna asarlari sifatida tan olinadi.
Surgundan qaytgan Su Shi vazir Van Anshi bilan yarashadi, ular, hatto, bir-birlariga she’riy maktublar ham yozishadi. Ko‘p o‘tmay Su Shi yana saroydan chetlashtiriladi va Guandun viloyatiga badarg‘a etiladi. Shoir viloyatning Dungpo deb atalgan manzilida yashagani uchun o‘sha joy nomini taxallus sifatida qabul qiladi. «Dungpo» «sharqiy nishab, qiyalik» ma’nosini anglatgan.

SUXI KO‘LI SOHILIDA ShAROB IChARMAN

Bir lahza yorishdi suvga limmo-lim
Ko‘lning kengliklari, tinidi olam.

Sharros quyib bergan yomg‘ir qa’rida
Elas-elas go‘yo ko‘ringay tog‘lar.

Sixu ko‘lining-chi ajib manzarin
Oyjamol Si Shi*ga qiyoslab bu dam,

Atir-upasiz ham, chinakamiga
Go‘zallik bo‘lmog‘in tuydim shu chog‘lar.

QAYIQDAN TOG‘LARGA KO‘Z TAShLAGANIMDA

Mabodo qayiqdan qolsang ko‘z tashlab
Tulporlar shaklida go‘yoki tog‘lar.

Ajib bir uyurdek cho‘zilib ketgan,
Yuz yilqi – yelyotgan yuz cho‘qqi kabi.

Saflari oldinda emas bir tekis,
Goh undoq, goh bundoq – ko‘zing o‘ynoqlar.

Ortidan, ortidan bu otlar go‘yo
O‘tloqqa oshiqar qimtinib labi.

Tepaga qaradim, anov so‘qmoqda,
Tog‘ enishin ilon izi chirmagan.

Tentirar so‘qmoqda daydib bir kishi,
Chuldirar, atrofda nuqul qoyalar.

Qo‘limni silkitib, og‘zimni ochdim,
Birrov so‘zlamoqqa shaydo bo‘lib man,

Janubga uchardi bir gala qushdek
Elkanim zaminga solmay soyalar!

QISQA ShE’R

Bu o‘lkaga yetib kelgan edim men
Shamol turdi, yomg‘ir quydi beto‘xtov.

So‘qqabosh darbadar, toparmanmi, ayt,
Azim bu dunyodan biror boshpana?

Qo‘limdan kelsaydi ko‘kdan bulutni
Boshimga kiyvolib yurardim, xolos,

Oddiy yo‘l chakmani menga bo‘lardi,
Tuproqni ustimga burkasam beshak!

GULSAFSAR

Bahor iforini kelar yetaklab,
Kunchiqardan ichi siqilgan shamol.

Derazalar bo‘ylab sirg‘aladi Oy,
Havoda o‘ynaydi bahoriy ifor.

Hattoki, bog‘dagi gulsafsarlar ham
Qoq tunda g‘aflatda to‘ngmish bemalol,

Sham yoqib, maftuni bo‘ldim nogahon,
Naqadar go‘zaldir gullar libosi.

BAHOR TUNI

Ming oltin quymasiga loyiqdir, ishon,
Tungi soatlardagi bir lahza ham shoyad.

Havoda, tegram uzra gullar xush bo‘yi,
Oydan-da yastanadi soyalar mahzun.

Xobxonalardan taralar mayindan mayin
Erkatoy nay navosi yoqimli g‘oyat.

Olis chodirchalarning qa’rida esa
Bor narsani qa’riga tortgan qora tun.

OLTINTOG‘ IBODATXONASI YoNIDAN SUZIB O‘TYaPMAN

Kindik qonim tomgan qishloq ortidan
Yantszitszyan daryosi boshlanar, shundoq.

Amaldorman bugun – qismatda bori,
Qayergacha suzdim qayiqda, mana.

Menga dedilarki, to‘lqinlar bunda
Arslon bo‘yi kelar turganda mundoq,

Sovuq kunlarda-chi, ularning izi
Qumzorga naqsh solib chekinar yana.

Daryo kindigida bir qoya bordir,
Ilondek to‘lg‘onar shamolda ro‘yo.

Elas yo‘qoladi, qalqadi tag‘in
Sheryol to‘lqinlarga qasdma-qasd, adash.

Men esa qoyaga tirmashib o‘ktam,
Jonajon yurtimni ko‘rgimdur go‘yo,

Shimolga ko‘z solgum, janubga boqqum,
Qoyalar zanjirin ko‘rarman yakkash.

Oqshomda kulbamni eslayman mahzun,
Ammo qaytmoqqa-chi, “topilmas eshkak”.

Izidan boqaman naqadar olis
Puchmoqlarga Quyosh olib ketar bosh.

Andak shamol essa atrof quvnaydi,
Daryo yashnab ketar shamoldan beshak,

Shafaq baliqdayin, dumi qirmizi,
Tanga bosgan tanda yaltirar ko‘zyosh.

Mana, endi daryo uzra porlar Oy,
Nuriga chulg‘anar atrofda birrov.

Zulmatning ikkinchi posbonidan-chi,
Oysiz kechalarda Ko‘k ham zimiston.

Nogahon qoyadan, daryo to‘shidan
Tog‘larga tashlandi haybatli olov,

Guldiradi jimjit sohillar noxos,
Qarg‘alar vahmada qag‘illar chunon.

Qachon, o‘zi, hukmron erur sukunat,
Tashvishda tushunmay qolibman, qarang.

Iblis edimi u? Yo biror inson?
Bu izlar kimniki? Kim keldi, o‘zi?

Daryo kindigidan turgan qoyadan,
Toqqa yetib bo‘lmas hattoki arang,

Aqlim shoshib qoldi, Daryo ma’budi
Ochib qo‘ymaguncha darbadar ko‘zin.

O, Daryo ma’budi, senga tashakkur,
Angladim, sertashvish bu dunyo aro,

Men ham qoya misol yolg‘iz qolganman,
O‘rtamizda oqar bir azim daryo!

SZYaChJOU** DAN ENDIGINA SUZA BOShLAGANDA

Tongda suzib ketdik –
Nog‘ora sadosi taralar – “do‘m-do‘m”.

Kunbotardan esgan shamol ham
Machta bayroqchasin hilpiratar quv.

Jonajon boshpanam –
Qaydadir tumanda bo‘lib qoldi gum,

Elkanlarimiz yelar, yeladir,
Kengish bir oqimga do‘nar daryo – suv.

Szinshu o‘zani ham*** ,
Mana, ko‘zimizdan bo‘libdir badar,

Mantszyan suvi-chi,
Shaffofdir, oqishi ziloldir tiniq.

Toshsuvrat Budda**** ham
Bizga qoyalardan tashlaydir nazar,

Vodiylardan nari
Kenglik, tag‘in kenglik – bag‘ri keng bo‘shliq.

Jimjit bir qo‘rg‘oncha.
Ko‘prikda-chi keksa rohib o‘ltirar.

Baliq tutmoqda-yu,
Jimgina kuzatib qo‘ymoqda shomni.

Qo‘limiz silkiymiz,
Ul-da qo‘lin silkib, ma’yus mo‘ltirar,

Izimizdan boqar,
Chuldiroq to‘lqinlar turtar ilhomni.

G‘ARBIY O‘RMON IBODATXONASI DEVORIDAGI BITIK

Tog‘ning yuziga boq – cho‘qqilar to‘mtoq,
Yonidan qarasang – nayzazor go‘sha.

O‘ziga qarab yur – tobora baland,
Izingga qaytganda cho‘kar tog‘ qadi.

O, yo‘q, qiyofasin o‘zgartmas tog‘lar,
Mohiyati shudir, tog‘ o‘sha-o‘sha,

Evrilish esa-chi shungadir bog‘liq,
Toqqa qaydan boqsang – shundoq bo‘ladi!

Izohlar

* Si Shi – miloddan avvalgi V asrda yashagan afsonaviy sohibjamol ayol. Yue podshosi bilan jangda yengilgan mahalda Si Shini unga tortiq qilgan, o‘z navbatida, go‘zal ayol bilan band bo‘lib, davlat ishlarini unutgan U podshosi pirovardida halokatga yo‘liqqan. U podshosidek azaliy raqibi ustidan Qalaba qozongan Yue podshosi Si Shini ko‘lga cho‘ktirib yuborgan, binobarin, mahliqo ayolni o‘ta xavfli o‘lja deb hisoblagan. Si Shi Xitoy mumtoz she’riyatida va she’rxonlar orasida go‘zallik timsoli bo‘lib qoldi.
** Szyachjou – Sichuan provintsiyasidagi zamonaviy Szyadin shahrining eski nomi. Bu she’r 1059 yilda, Su Shi otasi mashhur adabiyotchi Su Syun, inisi Su Szya bilan Yantszi daryosi bo‘ylab sayohat qilganda yozilgan. Ukasining nomi boshqa she’rlarda ham uchrab turishi mutaxassislar tomonidan qayd etilgan.
*** Szinshu o‘zani, Mantszyan suvi – Yantsizi daryosining irmoqlari. Bugungi kunda tegishlicha Sinitszyan va Mintszyan deb ataladi.
**** Toshsuvrat Budda – Su Shining yo‘l xotiralariga qaraganda, Buddaning she’rida aytib o‘tilgan mumtosh haykali Mintszyan va Yantszi daryolari qo‘shilgan joyda yasalgan ekan. O‘aykaltaroshlar uni “Kelajak Buddasi”, ya’ni kelajakda insoniyatni yovuzlik va baxtsizliklardan xalos etish uchun zuhur etishi lozim bo‘lgan bodixastva Maytreyya tarzida ifodalagan edilar. Maytreyya haykali va tasviri butun Xitoyda uchraydi. Uni odatda qornini katta qilib, nurafshon tabassum sochib turgan, erkin bir holatda yarim yonboshlagan tarzda, ya’ni o‘zida hayotdan mamnunlik va baxtiyorlik timsoli sifatida tasvirlashgan.

Tursun Ali tarjimalari