Shukri Sunay Oqin (1962)

Shukri Sunay Oqin (Şükrü Sunay Akın) 1962 yilning 12 sentyabrida Trabzo‘n viloyatiga qarashli Machka tumanida tug‘ildi. O‘rta va oliy ta’limni Istanbulda tamomladi.
Uning ilk she’r kitobi “Makilar” nomi bilan 1989 yilda nashr qilingan. 1990 yilda chop qilingan “Eski azoblar, Fojia jilosi, 62 quyon” deb nomlangan ikkinchi kitobining nomini taniqli shoir Jamol Surayyo qo‘ygan.
U bir necha yil Marmara universitetining Nafis san’at fakultetida ishladi. Mujdat Gezen San’at Markazida “bir kishilik teatr” loyihasi bo‘yicha dars berdi. 2005 yilda shoir “Istanbul o‘yinchoqlar muzeyi” deb nomlangan shaxsiy uy-muzeyini ochdi.
Hozirgacha shoirning o‘ndan ortiq she’r kitobi nashr qilingan. Bugungi kunda Sunoy Oqin televideniye sohasida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

NUQTALI VERGUL

Vergul
hech tinmagan
bir dovulning to‘qmog‘i
so‘zlarni chaqirar
qog‘ozlardagi to‘yga

* * *

Ko‘z yoshlari
O‘tinsiz pechkaning
yonida titragan
bolani ko‘rganda yomg‘ir
ko‘z yoshlarini xonaga
shiftdagi yoriqlardan
ohista sizdiradi.

* * *

Sevmoq
Shift ostiga sig‘ingan
ko‘chmanchi qushlarning
qor zarralari orasida
tushgan oppoq parini ham
ko‘rabilmoq…
Mana shudir
Sevmoq!

* * *

Oq
U qora edi
O‘qqa tutganlar oppoq
qurol ovozidan
hurkib ko‘kka
uchgan qushlar
oppoq

* * *

Bulut
Uzib bo‘ldik umidni
yomg‘irdan
yurak shamoyiliga
kirsa ham hatto
ko‘kdagi mitti bulut

ChITTAK

Oyoq izlari
aslo ko‘rinmaydi
qor so‘zi
qo‘llangan she’rlarda
don qidirgan chittakning

DERAZA

Hidi mahallani tutsin
deya ovqatlarining
oqshom payti
ochib qo‘yadi derazasini
yangi kelin

ONA QUSh

Qovjiragan bir o‘t
kabi yashayapman
ko‘zlardan uzoq
yolg‘izoyoq yo‘lakning
bir chekkasida

Yagona aybim
sop bo‘lmaganim
boltaning
qonli o‘yinlariga

Ammo shunga qaramay
umid to‘la qalbim
balki bir ona qush
meni olib ketar
deya shoxdagi uyasiga

KO‘MIR

Yana bir ko‘mir
charsilladi sandalda
yana bir konchining qalbi
ura boshladi
issiqqina xonada

HAYKAL

Faqat men bilaman
diktator haykallarini
kirlatmoq uchun
ko‘ch etganini
dunyodagi butun
qushlarning

ChO‘PON

Bir ovozdan qo‘ylar
echkini sayladilar
o‘zlariga bosh qilib
aslida suruvning boshiga
bo‘rining qarindoshi
ko‘ppakni qo‘yadi
cho‘pon

Turk tilidan Ma’rufjon Yo‘ldoshev tarjimasi

BIRLIK

Teng bo‘lmagani
aytilar insonlarning
hech barobar bo‘lmagan
besh barmog‘i kabi bir qo‘lning

Holbuki uzanar
necha horg‘in
kimsalarning dudog‘i
suv to‘la
hovuchimga

qo‘limning
teng bo‘lmagan
besh barmog‘in uchin
keltirishim bilan
bir oraga.

ShOX VA QUSh

Birgina gunohim
sop bo‘lmaganim
boltaning
qonli o‘yiniga.
Ammo yanada
umid to‘la qalbim
oalki biror qush
tashir meni deya
daraxtdagi iniga.

ChUMChUQ

Oyoq izlari
ki ko‘rinmaydi
qor kalimasi
bor bo‘lgan she’rda
egulik izlagan chumchuqning.

ChUMChUQ VA MUShUK

Birgina shamol kelar
o‘lgan bir chumchuqning
janozasiga
va astagina
qimirlatar patlarin
mushukdan oldin.

ChO‘PON

Bir ovoz bilan qo‘ylar
echkini saylar
o‘zlari uchun boshliq
holbuki suruv boshiga
bo‘rining qarindoshi
ko‘ppakni qo‘yar
cho‘pon.

TAKSI

Boqib qoldim
seni olib ketgan
taksi ortidan
ular-ki har mavsum
kuzning sariq yaproqlaridir
tark etganing shahar ko‘chalarida
elda sovrulgan.

Turkchadan Shermurod Subhon tarjimasi