Mirshakar (taxallusi; asl ism-sharifi Mirshakarov Mirsaid) (1912.23.4, Tojikiston, Shug‘non tumani — 1993.31.8, Dushanba) — tojik shoiri, dramaturg. Tojikiston xalq shoiri (1962).
Tojik adabiyotida she’riyatning epik janrlarini rivojlantirgan. «Zafar bayrog‘i» (1934) dostonida Vaxshdagi qurilishlar aks etgan. Xalq afsonasi asosida yaratilgan «Oltin qishloq» (1942) dostoni tojik she’riyatining eng yaxshi namunasidan biri hisoblanadi.
«Notinch Panj» (1949), «Muhabbat va burch» (1962) va boshqa dostonlarida tojik xalqi hayotidagi tarixiy voqealar ifodalangan. M. «Oltin qishloq» (1949), «Usmonov fojiasi» (1957) va boshqa dramalar, «Ilhom» she’riy to‘plami (1967), «Yoshlik ayyomi» (1972) kitobi va boshqa asarlar muallifi.
Mirshakar tojik bolalar adabiyotining asoschilaridan. «Ishq ustozi» (1945), «Mening shahrim» (1963) pesalari keng ommalashgan. «Biz Pomirdanmiz», «Qobil kimu, noqobil kim?», «Hammavaqt a’lo o‘qingiz», «O‘rmonda», «Kuchukcha», «Kulgili maymun» va boshqa kitoblariga kirgan turli janrdagi she’r, doston va qissalarida bolalar psixologiyasi ustalik bilan ochilgan.
«Oltin qishloq» (1948), «Biz Pomirdanmiz» (1952), «Tog‘ qizining ishqi» (1968) kitoblari o‘zbek tilida nashr qilingan.
IZLANIShDA KEChIRDIM HAYoT
«Yo‘qotmagan narsani izlama hargiz» —
Bu so‘z begonadir, bilsang men uchun.
Menga odat bo‘lgan tug‘ilganimdan
Izlab, yo‘qotmasdan topaman har kun.
Bu ko‘hna dunyoning me’moridirman,
Tog‘larni qazidim, ayladim ijod.
Boshimga ko‘tarib tabiatni man
Sayyoralar aro goho surdim ot.
Ko‘zimga to‘tiyo bo‘lar jahonda
Dashtu sahrolarning toza tuprog‘i.
Hech narsa yo‘qotdim demasman, biroq
Tunu kun izlamoq fikrim chirog‘i!
Yo‘qotmagan narsani topmoq
Bu garchi og‘irdir sharafli yo‘lda,
Hayot dengiziga sho‘ng‘imoq darkor
To maqsad gavhari tushguncha qo‘lga!
Yo‘limni yoritar sham kabi aqlim,
Orzuyu izlanish bag‘ishlar qanot!
Elkamga yuklangan hayot tashvishi,
Ko‘nglim – to‘q, umidvor, qonimda sabot.
Hech kimsa o‘tmagan notekis yo‘llar,
Yuksak cho‘qqilardan kechmog‘im darkor.
Daryolar, g‘azabga mingan bulutlar —
Meni kutmoqdadir, ular intizor.
Lek yolg‘iz emasman,
Mening yo‘ldoshim
Orzuyu izlanish bormoqda birga,
Ikkilanmay shundoq parchalagayman,
Qatag‘onlar solib tog‘u adirga.
Men hech narsa yo‘qotmadim, lek
«Bilsang — umr otilgan o‘qdir.»
Izlanmasdan hamda bemaqsad
Yashamoqdan yomoni yo‘qdir.
* * *
Men insonman,
Mening faxrim,
Insonligim,
Jahonga aqlu idrokman,
Ko‘zin nuriman, charoqman.
Jahonni men jahon etdim,
Yo‘qsa, mening vujudimsiz
Bo‘lmas edi na bir raqsu na bir qo‘shiq.
Huvillagan, bo‘m-bo‘sh dala edi zamin,
Na uning ko‘ksida bor edi olov,
Na ertagi kunning quyoshi…
Jahon notinch,
Chalinadi har dam xatar burg‘usi,
Yordamga muhtojdir.
Men dunyoga qo‘riqchiman,
Uni qo‘ldan bermagayman.
Tinchlik uchun kurashaman
Va g‘alaba qilajakman jang-jadalda,
Yangi dunyo yaratarman, fazolarni titratarman,
To‘p o‘qi bilanmas, TINChLIK va BAXT qo‘shig‘i bilan.
Olimjon Bo‘riyev tarjimasi
UMR
Bu dunyoda umrdan aziz dam yo‘qdir,
Umr gashti, shavqi-la asti g‘am yo‘qdir.
Umring ado bo‘lsa ham muhabbat bilan,
Qayg‘urma hech, sevgidek bir hamdam yo‘qdir.
Ey, yashashga shoshilgan inson, bilgilki,
Shoshilganga ortiq hech bir malham yo‘qdir.
Umringni aziz bilgin, g‘animatdir ul,
Avval-azal umrga ortiq dam yo‘qdir.
Xayol surma behuda, xom sut emgan zot,
Bilmaganga, bilgilkim, hech karam yo‘qdir.
Yurak, osoyishta yashashni o‘rgan,
Bilganga undan hech xotiri jam yo‘qdir.
IShQ
Ishqingdan o‘zga hunar na hojat,
Vaslingdan o‘zga nazar va hojat.
Yashash na darkordir, ishqing bo‘lmasa,
Sendan o‘zga baxtu samar, na hojat.
O‘rtanayin ishqing sharorasida,
Bu o‘tdan o‘zga sharar na hojat.
Doimo yashayman xayoling bilan,
O‘zga xayolu kadar na hojat.
Men, aslida, dilafgori ishqman,
Dog‘i dilimga daftar na hojat.
Siynamda yonur visol shavqi,
Yuz ochma, u ham yonar, na hojat.
Xilvatda xayoli suhbating, bas,
Muloqotga yana qamar na hojat.
LAFZ
Ma’ni-la fuzun dunyoda bu lafz,
Shirin-shakaru bir boda bu lafz.
Fahmu suxanu ramzda, beshak,
Tunni yoritur ziyoda bu lafz.
Dil so‘zlarini elu yurt ichra
Izhor etadir zakoda bu lafz.
So‘z san’atidan ko‘ngul ko‘ngulni
Ravshan etadir iboda bu lafz.
Istar bu ko‘ngul charaqlasa to
Tong yulduzidek samoda bu lafz.
Lafz maktabida hamisha tolib,
Boqiy ekan u, vafoda bu lafz.
BIR NIGOH
Sahar mardon shoshaman, yo‘l boshida ishim bor,
Quyoshdan pesh, oydan pesh, dil ovlar bir qushim bor,
O‘rilgan qora sochi, boshlarida gulchambar,
Mahfiyona nigohi hush o‘g‘risi mushk-anbar,
Ey ko‘ngul, guvohimsan,
Ey diydam, panohimsan.
Qomatiga, nazdimda, sarv, sanobar hayron,
O‘ltirsa xiyobonda, ochiladi gul-rayhon.
Xandoni labin ko‘rib rashkda la’li Badaxshon,
Gul chehrasi oldida bamisoli bir xazon.
Ey, ko‘ngul, guvohimsan,
Ey, diydam, panohimsan.
Men uchun bu tongotar azizu muharramdir,
Men uchun bu xiyobon qimmatli, mukarramdir,
Men uchun bu qadamgoh muqaddas, qibla hamdir,
Ohuning bir nigohi, oh, dilimga mahramdir.
Ey, ko‘ngul, guvohimsan,
Ey, diydam, panohimsan.
Tilak Jo‘ra tarjimasi