Basir Raso (1931-2010)

Basir Raso 1931 yil 13 iyulda Tojikistonning Vanji tumanida tug‘ilgan. Tojikiston davlat universitetini tamomlagan.
«Nur saltanati» (1968), «Do‘st nidosi» (1981), «Bahoriy orzu» (2004) kabi kitoblari chop etilgan. U E. Charens, L. Gurunts, N. Zaryan, G. Emin asarlarini tojik tiliga tarjima qilgan.
2010 yil 11 iyulda vafot etgan.

MUSIQOR

Bir kuni oldi mutrib
Setoru changu tanbur.
Cholg‘u asboblarini
Jamlabon ayladi jo‘r.

Taraldi rudu tordan
Ruhbaxsh kuy-ohanglar.
Mizrob tegizganingda
Ming turli savt jaranglar.

Chang, rubob nolasidan
Dil zavqu jo‘shga to‘lgay.
Arg‘unun ovozidan
Joning xurujga kelgay.

Nag‘malar pardasida
Bir nag‘ma boz nihondir.
Tanburning xush sadosi
Borbaddan nishondir.

San’atkor shavqi birla
Aylansa musiqorga,
Odam ko‘zida olam
O‘xshar gulgun bahorga.

Raqqosa misli tovus,
Etarmidi xiromon.
Mug‘anniy sozi unga
Bag‘ishlamas ekan jon.

Cholg‘u asboblarin ko‘r,
Har suratda har xil rang.
Mutrib san’ati sabab
Jo‘r bo‘ldi barcha ohang.

Afsus ham yuz afsus,
Xalqing nechun, ey, gardun,
Bir shaklda va lekin
Ovozlari digargun?

Olam xalqin ovozi,
Ey, qoshki jo‘r bo‘lardi.
Unda mardum hayoti
Qo‘shiq bilan to‘lardi.

DIL

Gahi tog‘lar aro aylar safar dil,
Gahi shamsu qamar-la topishar til.

Gahi toshdir, alangadir, azobdir,
Gahi orom topar, gahi simobdir.

Gahi yonish ichra sozi bisyor,
Gahi kunduzda tunning shiddati bor.

Gahi sarchashmasida lutfu ehson,
Gahi dardu sitamlar birla to‘fon.

Jahon unga sig‘ar, derlar, zinhor
Jahonga vale u sig‘mog‘i dushvor.

Gahi olam ishidan aylar nolish,
Gahi ona misol etgay navozish.

Shoir qalbi alangadir, bahordir,
She’r dunyosida parvardigordir.

PARVONA

Tunda parvona qelib shamga dedi:
— Lahzaliq otashdan olding bolu par.

Yonasan o‘zing, ammo zarra yo‘q
Senda yonish kayfu zavqidan asar.

Odam nasli anglagay parvonani,
Hech mahal sham ani qatl etgan emas.

O‘z-o‘zin qurbon etar shavq yo‘lida,
O‘lsa ham shu’la ichmoqliq havas.

Tilak Jo‘ra tarjimasi