Antipov Sergey Sergeevich 1973 yilda Moskva shahrida tug‘ilgan.
Moskva davlat muhandislik-fizika institutini va I.A.Bunin nomidagi Oliy adabiyot kursini bitirgan.
Yigirmaga yaqin kitoblar muallifi. Rossiya Yozuvchilar Uyushmasi Moskva viloyati tashkiloti raisi. Rossiya Tilshunoslik Akademiyasining haqiqiy a’zosi, Yevropa Tabiiy Fanlar Akademiyasi va RTFA, Rossiya jurnalistlar Uyushmasi a’zosi. Falsafa va gumanistika bo‘yicha xalqaro Informatsion Nobel Markazi( MINS) mukofoti laureati.
Moskva viloyatining Yaroslavl Smelyakov nomidagi mukofoti hamda gubernatorlikning Robert Rojdestvenskiy nomli mukofoti nominanti.
YaNA O‘YINDAMAN
Sen hamon go‘zalsan men-chi qaridim,
Ma’nosiz kurashlar toldirdi chindan.
Charchadim, go‘yo men o‘yindan chiqdim,
Zo‘rg‘a yurgan kabi, kuchsizman chandon.
Bu yil menga og‘ir qismatli bo‘ldi:
Qo‘ldagi qartam ham kichikdir biroz:
Ammo bilsang agar shunga ham shodman,
Yana o‘yindaman: telba qimorboz!
G‘alabadan sarmast bo‘lsin raqiblar,
Shu faqat ularning topgan shuhrati.
Gunoh va qarzimiz yuvildi, bilsang,
Ikkimizga qaytgan sevgi hurmati!
ISTAK
Seni kitob kabi o‘qisam deyman,
Ey mening siymtan, qalbi oqligim.
Satrlar ortiga yashirsam deyman
Istagim va quvsam erinchoqligim.
Seni Rebus kabi topmoq istayman,
Oqshom salqinida har kuni takror.
Tanho Yartaganga maqtovlar aytib,
Senga pok ishqimni aylasam izhor.
Sen bilan baxt haqda orzular qilsam,
Biz uchun yaralsa cheksiz imkonlar.
Baxtimizni hech kim etmasa taqsim,
Bizni ishq qurshagan murodbaxsh onlar!
YuLDUZIMIZ
Yulduzimiz porlaydi bir kun,
Yo‘limiz ham bo‘ladi ravshan.
Azizam, men buni bilaman,
Aniq ko‘rdim, ishongin sen ham.
Ilohiy bir kunni ilg‘adim,
Fayzga to‘la tunni ham u dam.
Ikkimizning taqdirimizga
Tangri o‘zi berardi yordam.
Ko‘rdim: men – la faxr etarding,
Ko‘zlaringda chaqnardi uchqun.
Oqibat haq qaror topdi deb,
Yayrar eding, jonim o‘shal kun.
Nozigim – farishtam, u yerda
Na azob, na g‘azab, na yolg‘on.
Men taqdir murvatin buradim
Sen birla bo‘laylik deb shodon!
Yulduzimiz porlaydi bir kun…
YuLDUZLAR ShIVIRI
Rohat bag‘ishlaydi sirli samovot,
Yulduzlar shiviri dilga xush yoqar.
Go‘yo kunlik ishni sarhisob qilib,
Koinot bizlarga mehr – la boqar.
Butun borlig‘imiz chulg‘ab oladi,
Har bir hujayramiz ishlaydi ravon.
Vujudimiz mavzun, ko‘ngil xotirjam
Mangulik biz bilan shu lahza, shu on.
Qo‘llaring qo‘limda tinglayman masrur:
Yulduzlar shiviri Haqni eslatar.
Yo‘ldagi qum uzra qolgan izlardan
Bizni yuksaklikka u da’vat etar!
KUFR, HASAD…
Kufr, hasad, yolg‘on hukmida
Qolgan davron aro sarsonman.
Goh hayronman tirikligimga
O‘limga chap bergan insonman.
She’r yozaman topgandek najot,
Taqdirning cho‘ng zarbalaridan.
Kulib turar o‘tgan daholar
Xabardordek ular baridan.
ODDIY SIR
O‘z didingga mos hayot yo‘lin
Tanlay olsang yaxshilik o‘sha!
Yomonlikka ezgulik bilan
Javob etsang qilmasdan pesha.
Xudo bergan har bitta kunda
Ko‘ra olsang sevgi va nurni.
Bundan ortiq baxt yo‘qdir bilsang,
Sen bilursan shu oddiy sirni.
IMKONIYaT
Tangri bilan yolg‘iz qolganda,
Halovatdan yayrab ketasan.
Odamlarga umid baxsh etib,
O‘zligingni anglab yetasan.
Taqdirning sir, jumboqlarini
Anglash uchun topasan imkon.
Va aslingdek yashay boshlaysan
Bir daqiqa, bir lahza, bir on!
EShIKLAR
Ishqsiz, zerikarli sovuq hayotdan
Kufru isyonlardan men bo‘ldim ado.
Endi o‘zga eshik ostonasida
Yolvorib turibman: – ”Yorlaqa, Xudo!”
Nogoh eshitilar ko‘kdan bir xitob:
“Avf etilding banda, o‘ksima faqat!
Bu yerga yo‘l topding shirin so‘z bilan,
Eshikni ochadi faqat Muhabbat!”
HAR KUNI
Kurashlarda o‘tar har kunim,
Kurashlarda qat’iy va qizg‘in.
Odamiylik ezgu tilagim,
Yurmay deyman hayvonday izg‘ib.
Har kun boshim tutunga to‘lar,
Shu jafokash Vatan g‘amidan.
G‘amki dilni beshafqat ezar,
Sochim oqi uning rangidan.
Har kun endi zulmatga do‘nar,
Yulduzi yo‘q tun kabi qaro.
Endi faqat asragay meni
Tong haqqiga qilingan duo!
YuRAMAN TONGGA QARAB
Bu oqshommi yoki tun,
Har tomonda dor bugun.
Lahzalar uchar ketar,
Faqat she’rda aks etar.
Bir duo yo hayqiriq
Etib borar Tangriga.
Bolaman yo qariya?
Kiraman tun qa’riga.
Baxtmi bu yo baxtsizlik,
Ko‘rinar yo‘lim arang.
Haqqa tavakkal qilib
Yuraman tongga qarab!
TABASSUM QIL
Tabassum et mayin, yoqimli,
Chiroyingla arit qayg‘umni.
Achinmasman o‘tgan kunlarga,
Davolasang sarkash ruhimni.
Tabassum et yengil, yoqimli
Oftob sari intilgan guldek.
Tabassum et – biz quvonaylik,
Sevilishga fursat bor qo‘lda.
Tabassum et, jiddiylik nechun,
Shunday yorug‘, quvonchli onda?!
Kech emasdir – tabassum etgin
Xudo qo‘llab turgan zamonda!
MEN SEVAMAN
«Men sevaman” – shu qisqa so‘zni,
Duo kabi shipshiyman senga.
Ishqingni deb tirilgum qayta,
Bas kelolmas ag‘yorlar menga.
«Men sevaman” – bizning belgimiz,
Ochiq qalblar, dillar qoshida.
Baxtimizni Haqdan tilaymiz,
Biz birgamiz baxt taloshida.
«Men sevaman”- aniq va oddiy:
Biz topishdik ulkan dunyoda.
Yo‘llarimiz birlashdi, endi
Baxtimiz ham bo‘lur ziyoda!
HALI IMKON BOR
Shahardagi oddiy kunlarda
Ko‘zing quyosh nuriga o‘xshar.
Va baxsh etar dilimga ilhom,
Yuragimda tuyg‘ular jo‘shar!
Shamol uzgan yaproq singari
G‘amlar meni qiladi kanda.
Siypalaysan sen yuzlarimni
Ko‘kka qarab uchgum shu onda.
Parvoz etgum she’rim ortidan,
Parvoz etgum takror va takror.
Uchmoqdaman, demak kech emas,
Demak hali menda imkon bor!
HAYQIRIQ
Mangulikka hokim emas vaqt,
Seva olmas yovuzlik hech ham.
Tanho beayb Parvardigordir,
Uzulgusi qattiq iplar ham.
Yovuzlarni maqtar yomonlar,
Yolg‘on molga do‘ngan ne’matdir.
Zulmat – nursiz qolgan bir makon.
Daho – qarg‘ish va marhamatdir.
Borliq ongning tug‘ilishidir
Hayot lahza tasviri – chiziq.
O‘lim – zavqning yo‘qolishidir,
Va tomoqda qolgan hayqiriq!
Rus tilidan Hasanboy G‘oyib tarjimalari