Bella Axmadulina rus she’riyatining XX asr ikkinchi yarmidagi yirik namoyandalaridan biri sanaladi.
Shoira 1937 yili Moskvada tug‘ilgan. Bolaligidan she’r yoza boshlagan. O‘rta maktabni tamomlagach, u M.Gorkiy nomidagi Adabiyot institutiga o‘qishga kiradi.
Talabalik paytida uning ko‘plab ocherklari matbuotda e’lon qilinadi. Jumladan, 1957 yili “Komsomolskaya pravda” gazetasida bosilgan maqolasida “San’at odamlarga faqat quvonch tuyg‘ularini emas, yurakni poklovchi iztirob hislarini ham ato etishi kerak” deb yozgan edi.
Uning ilk she’rlari institutda tashkil etilgan “Sintaksis” nomli jurnalda e’lon qilinadi.
Shoira 1959 yili B.Pasternakni qoralashda ishtirok etishdan bosh tortganligi uchun institutdan haydaladi, biroq ke-yin u yana o‘qishga tiklanadi. 1960 yili u institutni a’lo baholar bilan bitiradi.
1962 yili shoiraning P.G.Antokolskiy sa’y-harakati bilan “Soz” nomli ilk she’riy to‘plami chop etiladi.
Shoiraning ikkinchi kitobi 1969 yili GFRda nashr qilinadi. O‘sha paytda bu kitob shoira boshiga ko‘p g‘alva keltiradi. Shunga qaramasdan, uning qat’iy tsenzuradan o‘tgan “Musiqa darsi” (1969), “She’rlar” (1975), “Sham” (1977), “Bo‘ron” (1977) kabi she’riy to‘plamlari nashr etiladi.
O‘tgan asrning “iliqlik davri” deb ataluvchi 60-yillarida B.Axmadulina safdoshlari A.Voznesenskiy, Ye.Evtushenko va R.Rojdestvenskiylar bilan yangi she’riyatni shakllantirishda faol ishtirok etgan shoirdir. Bu she’riyat xalq qalbiga adabiyotni, shuning bilan bir qatorda haqiqat uchun kurash tuyg‘usini, yuksak ma’naviyatni olib kirishda katta xizmat qildi.
B.Axmadulina o‘z she’rlarida hamisha inson qalbidagi teran kechinmalarni qalamga olishga intiladi. Ayni paytda u xalqlar orasidagi do‘stlikni, samimiyatni yuksak ohang-larda kuylaydi.
I.Brodskiy Bella Axmadulinani “Lermontov-Pasternak yo‘nalishidagi she’riyatning munosib vorisi” deya ta’kidlagan.
Shoira gruzin mumtoz she’riyatidan ko‘plab tarjimalar qilgan.
U V.Nabokov, A. Axmatova, M.Svetayeva, A.Tvardovskiy singari siymolar haqidagi badialarning ham muallifidir.
2004 yili Rossiya Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.
OT
Qora tunda chaqmoqday otda
Erkin kezib yurgan, hur o‘g‘lon,
Ne ko‘ribman, axir hayotda,
Seni ko‘rib uyg‘ondi armon.
Arg‘umoq-ku arg‘umoq, hatto
Minmaganman qirchang‘ini ham.
Etti pushtim o‘tmagan otda
Bu aslida emas katta g‘am.
Ammo bir kun bir otliq ko‘rdim,
O‘lgunimcha chiqmas yodimdan.
Lahzagina termilib turdim,
Guldirakday o‘tdi yonimdan.
Men-ku odam, har bir ta’sirdan
Aks tushar albat yurakka.
Ammo u kun bog‘log‘lik turgan
Xurmachalar tushdi titroqqa.
Ishqim tushdi otga shu kundan.
Shovqin-suron to‘ydirdi bu payt.
Oxir seni tashlab ketaman,
Yaltiragan tanbal tramvay!
Men bilaman: qandaydir otlar
Tishida gul tishlab porlaydi.
Bittasi bor: uchqur va yoldor
Kunda mening yo‘lim poylaydi.
Tizzigacha gavhar yanglig‘ chig‘*
Beda isin ufurib yoli,
Usiz o‘tgan umrimni qattiq
So‘roq-savol qiladi hali.
Men topshirgum o‘zimni tamom
Xoh uchirsin, xoh uloqtirsin.
Nelargadir bandi o‘tgan jon
Ozod, erkin bir yashab ko‘rsin.
Shamol tursa, tig‘day yellari
Yuzlarimga urilsin mayli.
Bir yoyilsin tor xayollarim
Va o‘zgarsin turmushim zayli.
…O‘g‘lon mening o‘t istaklarim
Seni ko‘rib o‘t oldi qayta.
Olislagan bor ertaklarim
Birin-ketin yonimga qaytar.
Ana u ot: suv ichar, kishnar
Ko‘z o‘rnida yaltiraydi cho‘g‘.
Jonim tikib intilsam agar,
Uni mendan to‘sguvchi kuch yo‘q!
____________
*Chig‘ – shudring.
Ruschadan Qutlibeka Rahimboyeva tarjimasi
* * *
Yana kuz, yurakni chulg‘ar g‘ussa-g‘am,
Kech kirib, ufqda so‘nar alvon iz.
Menga tuyuladi bog‘ ichra bu dam
Kimdir sayr etadi o‘ychan va yolg‘iz.
Qo‘rqinchlimas, balki farahli juda
Tegrada ilg‘amoq sharpalar sasin.
Kuzgi oqshomlarning sarrin bag‘rida
Tuyaman o‘zgamas, men do‘st nafasin.
Ko‘chirsang qalbga kuz lavhalarini –
So‘ng bor tongni alqar shabnam, bokira;
So‘nggi parvozi ham karaxt arining
Muhrlanar yodga, o‘chmasdek sira.
Kimning nigohi u – termilgan ma’sum,
Oyga yetib borib va qaytib undan
Latif yog‘dularga to‘yinib shu zum,
Tun ichra sirlashib turar men bilan?
Oy nuri yo‘g‘rilgan har nigoh o‘zi
Dunyoga mehr yo ta’nalar ila.
Boqmoqqa haqli va marhumlar ko‘zi
Boqar turfa davr, zamonlar uzra.
Yalang‘och toshlardan qaytgan u shu’la
Bejiz jazb etmagay inson shuurin.
O, bilaman, kimdir hammadan ko‘ra
Unga ko‘proq boqib bergan kuz nurin!
Deraza yonida bog‘ni tinglab shan,
Tirqish qoldiraman mangulik uchun.
Pushkin nigohini mendan uzmasdan
Yonog‘im yondirib chiqar butun tun.
* * *
Yomg‘ir quyar tepamdan sharros,
Vahm solar qaldiroq jonga–
To‘qnash keldim men senga bexos,
Duch kelgandek kema to‘fonga.
Qanday qismat tusharkin boshga…
Hadiklardan emasman xoli –
Urilgummi borib bir toshga
Yoki meni qarshilar tole.
Men qo‘rqaman, quvonaman goh
Xavotirlar to‘lqini aro…
Garchi bizlar to‘qnashdik nogoh,
Qo‘rqmasman men sevgimdan aslo.
GUNGLIK
O, kim u – bo‘g‘zimdan o‘g‘irlagan sas?
Ochilgaymi bu sir, bu tilsim tagi?
Unga nola qilay desa qilolmas
Tuzalmas jarohat tomog‘imdagi.
Bahor, mo‘jizangga boqqanim sari
Hayratdan ko‘zlarim ochilar katta.
Biroq endi mening bulbul so‘zlarim
Bog‘larda sayramas – yotar lug‘atda.
– O, kuyla! – iltijo qilar ushbu dam
Menga qorlar, yomg‘ir, yosh novdalar shan.
Men-ku, baqiraman, biroq labimdan
Gunglik qalqar – bug‘dek og‘izdan chiqqan.
Ilhom bu – tuyg‘ular mavjlangan lahza
Gung-soqov qalbingning yutoqishi, ha.
Engillata bilmas meni hech narsa
Bo‘g‘zimdan otilgan so‘zimdan o‘zga.
Eshilib-to‘lg‘ongum tuyub nashida,
Va’dalar beraman kuylarman deb jim –
Turib qish zeb bergan daraxt qoshida,
Garchi bilsam-da men kuylolmasligim.
Qaniydi ovozim borliqni tutsa –
Bo‘g‘riqqan yurakni bir zum bo‘shatsam!
Neniki kuylashga edim oshufta,
Bo‘lgumdir ularda butkul mujassam.
Mudom tilsizligim sabrimni yutdi
Va so‘z qarshisida cho‘karkanman tiz,
Birdan holdan toygum, jonsizdek xuddi,–
Endi kuylang, kuylang meni o‘zingiz!
XAYRLAShUV
Xayrlashuv oni so‘nggi so‘zim shu:
Yaxshi bor, mudom sev demasman endi.
Aqldan ozgum men. Shaffof qalb – orzu
Bamisli toshlarga urilib sindi.
O, nechuk sevgi bu? Sen totib ko‘rding
Ishqning talx sharobin. Lek gap bundamas.
O, nechuk sevgi bu? Qoldi dilda mung,
Qoldi faqat zulmat… Ohlar urmoq, bas!
Qalb alam komida… O, senga, bilgin,
Istig‘for yo‘q mutlaq. Lek men tirikman.
Vujudim charx urgay topmasdan qo‘nim,
Biroq u safosiz, endi quruq tan.
So‘nggi ilinjimning parvozi hali
Tugamadi. Biroq dunyo za’faron.
Iforlar, tovushlar qushlardek – gala
Ayqash-uyqash uchar yo‘qlikka tomon.
* * *
Sarflamagin menga vaqtingni ortiq,
Gap qotma yo‘limda bo‘lib sen paydo.
Ezgu nigohlaring hamda shafqatli
Qo‘llaring-la tutma qo‘limni aslo.
Bahor payti sakrab ko‘lmaklar uzra,
Izimdan ergashma, so‘zimga mahtal.
Ushbu uchrashuv ham kor kelmas sira,
Aniq – hech bir narsa bo‘lmagaydir hal.
O‘ylaysanki, kibr – qalbdagi royish,
Sen-la do‘stlashmoqqa yo‘q menda istak?
G‘ururdan emas bu – kuyganim bois
Mudom men boshimni tutaman yuksak.
OYPARASTLAR
Tun cho‘kib, oy chiqar falakka to‘lin,
Yo‘g‘irib dunyoni g‘ussaga ma’sum.
Oyparastlar esa cho‘zgancha qo‘lin,
Ergasharlar uning izidan mahkum.
Yovvoyi shuurning qanotlarida.
Hamon tutib ruhda kunduz izmini,
Ular uchar shaffof xilqatlari-la
Oyning shu’lasiga berib iznini.
Taratib uningdek sovuq nur-ziyo,
O‘zidan hech narsa qilmayin va’da,
Yuksakdan chorlaydi meni bir ro‘yo,
So‘zdek sog‘intirib oydin tunlarda.
Enga olgaymanmi uning qiynog‘in,
Ilg‘ay olurmanmi shu’lasin sohir?
Ruhimga yog‘dular yog‘ilgan chog‘i
Yarata olgaymi qalbim javohir?
* * *
Yo‘lovchi yigitcha, yo‘lingdan qolma,
Muddaong nimadir – bu nechuk nigoh?
Ko‘nglim egasi bor, nazaring solma,
Yoshmasman, orttirma men uchun gunoh.
Ko‘zingning olovli uchquni-la tek
Termulib men sari
tuyding ne armon?
Shu payt, nimagadir, yoshlikdagidek
Chehram beixtiyor bo‘ldi nafarmon.
Boraman… qish zahri to‘qinib menga,
Chimdiydi yuzimni… qorda o‘ynar nur.
Qor qalin… ammoki yonoqlarimga
Tepchib chiqa boshlar ajib bir hovur.
GURJI AYoLLARIN ISMLARI
Dengizda kemalar suzardi har yon,
Ko‘m-ko‘k mavjlar uzra kunga burib yuz;
Chinorlar qirg‘oqda barg yozib g‘ujg‘on,
Uni to‘kardilar kirgach sokin kuz.
Huvillagan ko‘hna bog‘ning chetida
Turar bir do‘koncha – hech ashyosi yo‘q.
Yangrar billur uzum o‘tkir hididay
Gurji ayollarin ismlari sho‘x.
Ulanib ketar u chuldiroq so‘zga
Va bu so‘z ummonga chiqar yugurib.
So‘ng u suzib ketar qora to‘sh g‘ozdek,
Har soriga tolma bo‘ynini burib.
Kuladi Tamara ismli ayol,
Toshdan-toshga sakrab chopar suv tomon;
Tuflisi poshnasin sindirib olar,
Biroq bundan zavqi ortadi chandon.
Medeya sochlarin jiqqa ho‘l qilar
Erta tong sharshara ostida turib.
Hali ham tomchilar undan tomchilar,
O‘ynar vujudida oftobning nuri.
Mavj urib quchoqqa to‘lgan chechakka,
Sharros tolpopukka to‘qinib ilkis,
Ariadna ismi o‘rlar yuksakka
Va singib ketadi ufqlarga olis.
Tiralib qoziqqa – suvdagi sayoz,
Dengizga engashar sohil bu damlar.
“Sisana!”– darchadan taralar ovoz,
“Natela!” – va unga javob jaranglar.
* * *
Necha bor hayot-la men vidolashdim,
Necha bor o‘yladim – hammasi tamom.
Tunlar qog‘oz uzra termilganda jim,
To‘kildi so‘zlarim luzumsiz, bejon.
Ko‘rdim men taqdirning tahqir-ozorin,
Ruhim qo‘rquvlardan, titroqdan toldi.
Biroq har gal meni Gurji diyori
Boshimni siladi, bag‘riga oldi.
O, qancha iltifot, mehrlar ko‘rdim,
Qandoq so‘zlar aytib anglatay kimga, –
G‘alati hislarga yo‘g‘rilib ko‘nglim,
Qaynoq yoshlar sizdi mijjalarimga!
Tiflis, bilmay qoldim, anglolmam sira
Qay bag‘ritosh ota, qay sangdil ona –
Meni qoldirmishdir ostonang uzra
Keraksiz farzanddek – xuddi begona.
Tiflis, menga zinhor qilmading ma’lum,
Men ham so‘ramadim – nechun himmatlar.
Meni sovg‘alarga ko‘mdingu butun,
Yana boz ustiga aytding “rahmat”lar!
Tumanga chulg‘angan ertangi kunim
Ichra yaratmay men har qancha imkon,–
Sening muhabbating oqlamoq uchun
Umrim kamlik qilar, ojizdir bu jon…
ShE’RIYaT KUNI
Kim u – bu kunni deb bezovta bo‘lgan
Va uni bayram deb jar solgan mag‘rur?
Bag‘rida izlarim yo‘qolgan yo‘ldan
Xalq oqib kelmoqda maydonga masrur.
Ajoyib bir ayyom – el shahdi bo‘lak.
Solmam men yurakka uning shukuhin.
Sen men-chun bir kunsan – oddiy va yuksak,
Zotan tantanadan yiroqdir ruhim.
Xalq tinglar yutoqib, jo‘shib alqaydi,
Ne ajab, she’riy so‘z uni etsa jalb.
Hislar qamti tursa – kabir va mayda,
Ko‘p ham farqlay bilmas jaydari bu qalb.
Jaholat qursharkan chor atrofni, bas,
Hech kim tuymas ekan bunda zalolat,
Bayramlar bekorga uyushtirilmas,
Inja umid uchun shudir kafolat.
Bejiz titratmagay she’r so‘zlari,
Yurak tuyg‘ularga to‘lar ezgu, shan.
Zero bolalar va qizlar ko‘zlari
Bejiz porlamaydi o‘tkir hayratdan.
MEHR
Bu mehrni sezsa bo‘lur va
Ayon unda alomatlar ham.
Goh u yaqqol tashlanar ko‘zga,
Narsalarda bo‘lib mujassam.
Bir antiqa billur idishdek
Stol uzra bo‘lar u paydo,–
Ajablanib termulgung sen tek
Nurlanarkan ajib, musaffo.
Oilada g‘alati junbush,
Hamma qotar hayratdan taqqa.
– Qaydan keldi bu billur idish? –
Xotiningni tutgung so‘roqqa.
– Xarid qilding necha pulga, ayt? –
Deb sho‘rlikni qiynama ortiq.
Faqatki men olisda bu payt –
Yashnamayman o‘zimdan ortib.
Billur mening ko‘z yoshlarim ham,
Tomchisi, o, og‘ir tuyular,–
Toshga tushgan shishadek birdan
Sukunatda jaranglar ular.
Ko‘rishmaymiz ko‘p zamon magar,
Yo‘q, ko‘rishib oz vaqtga mutloq –
Men beozor, har gal bezarar
Mo‘jizalar yaratgum shundoq.
Bexos osmon tortar-da xira,
Ko‘rinmaydi to‘rt taraf taqir.
Qichqirgung sen: – Tinchlik yo‘q sira!
Qaydan keldi bu bulut, axir?
Sen irimchi dehqon singari
Ayyuhannos ko‘tarma birdan –
Mehrim billur zarrachalari
Inmish sening kiftingga bu dam.
Sezdirmayin, ko‘zlardan pinhon
Sehr-jodu qilgayman seni.
Va nimadir qarshingda shu on
Paydo bo‘lar eslatib meni.
Makrlarim ermak erur zab,
Yo‘llaringga tashlayman kamand.
Seni g‘amdan, kulfatdan asrab,
O‘zimni ham qilaman xursand.
Xayr endi! Yo‘lingdan qolma!
Unut bo‘lar jodu-ermaklar.
Biroq murg‘ak farzandlaringga
Qolar mendan keyin ertaklar.
APREL
Qizlar – yasharlar ishq orzusi bilan,
Yigitlar – o‘zlarin safarga shaylar.
Aprel ayyomlari yoqimli biram,
Hammani bir-biri ila do‘st aylar.
Yangi oy chiqar, o, yangi saltanat,
Olam ko‘rkamlashar sening tufayli.
Sening xislatlaring yaxshilik faqat,
Og‘ar shafoatga kunlarning zayli.
Qutqargung daryoni muzlardan qat-qat,
Olislarni yaqin qilmoq senga xos.
Telbalar ko‘ngliga solasan hikmat,
Chollarni dardlardan aylagung xalos.
Shafqating kerakmas faqat bir menga,
So‘rmasman lutfingni yolborib minba’d.
Chiroqni o‘chirgum kirib xonamga
Va xona ichin ham chulg‘aydi zulmat.
BO‘RON
Ko‘mar borliqni bir ajib oqlikka
Fevral – tabiatning lutfi, nafrati.
Shimolning betakror ko‘hligi ila
Belandi dalabog‘ g‘arib turbati.
To‘rt uydan iborat ko‘cha kirib kech,
Kengayib bo‘yiga, eniga bu choq –
Olar o‘z bag‘riga ikkilanmay hech
Osmonning bor qorin, oyni – bir quchoq.
Izg‘irin uvillar! Ne qilsin bu dam,
Bo‘ron – kengliklarda to‘zg‘igan qordir.
Va bu manzarani yurak tubidan
His eta bilganlar uchun nisordir.
Muz tubida qolgan jildiroq soyu
Boshin ma’yus eggan qarag‘ayni ham
Va mo‘jaz dovonning saxt-sumbatin u
Ko‘mib tashlar boshqa ko‘rkka tamoman.
Balki shundan uning guvranishida –
Kechmish go‘zallik va oshufta kunlar.
Farog‘atin qo‘msab oh tortishlar va
Alahlagan yanglig‘ junbushli unlar.
Ko‘milib qorlarning qalin siriga,
Uzilar daf’atan tiriklik sasi –
Uylar, qabristonni biri-biriga
Mudom bog‘lab kelgan g‘amning rishtasi.
ANDREY VOZNESENSKIYGA
Bizning manglaylarga so‘z sehrin bosdi,
Do‘stlashtirdi bizni e’tiqod, g‘oya.
Men o‘zimni hurmat qilardim, rosti,
Faqat bo‘lganim-chun senga hamsoya.
She’rdan mast yurgan ilk pallalar har dam
Farahlarga chulg‘ar edi dilimni –
Tinmay ta’kidlamoq sening ko‘plardan
Ayrichaligingni, ustunligingni.
Manglaying haqida gapirib sening,
Derdim: – Oltin yog‘du qoshlari uzra
Porlab turganini ko‘rdim – bu, biling,
Unga tangri lutfi, inoyati, ha.
O‘zimning peshonam haqida derdim,
Aslo yarqiragan peshona emas!
Unda baxt tamg‘asi yo‘q erur tayin,
Aslo ulug‘likdan nishona emas.
Biroq chapdastroqman men bir narsada,
Ajib hiyla ila barin etgum hal!
Oliy muhr-chun xun to‘lar lahzada
O‘zimga so‘rgum men jazoni avval.
Ataylab bo‘rttirib manglayim shunda
Maqtangum – mendadir asl iqtidor.
Ikkinchi manglay ham yomonmas uncha,
Tor bo‘lsa, bu uning aybimas zinhor.
Mening ko‘nglimda shu fikr muqarrar,
Qismat, shaksiz, buni shu tarzda yechar.
Biroq qo‘rqamanki – men ketsam agar,
Sening holing qandoq bo‘lar, ne kechar?
KUZ
Ko‘m-ko‘k osmon endi tundlashar, qora,
Arilar bolini bermoqqa shaydir.
Kuz chuqur tin olar, qalb ham tobora
Tajriba orttirar, teranlashgaydir.
Xuddi mevalar tot yig‘gandek chandon
Tuyg‘u sayqallanar, zahmatlari ko‘p.
Zero kuz mehnati emasdir oson,
Xuddi so‘znikidek mashaqqatli xo‘b.
Kunlar zamirida bordek tole-qut,
Kuzning siyratida ajib hikmat bor.
Donolikka o‘xshab tuyular sukut,
Singar yuragingga sokin bir viqor.
Hatto bolakay ham velosipedda
Eldek uchib borar ekan olmay tin,
Senga bir zum boqqan nigohlarida
Ko‘rasan qandaydir g‘ussani yorqin.
MANZARA
Hali kuz, biroq qish yoyib yuborgay
Zebu ziynatini kengliklarga zab.
Qochib shu’lalardan, o‘taman chetlab,
Tushirmaslik uchun soyam oq qorga.
Shishasoz, jo etding qandayin mazmun –
Billur sumalaklar nur tarar har yon!
Surib qalpog‘ini ensaga shodon,
Shimar muz parchasin bolakay mamnun.
Men ham go‘yo yoshman – dunyo g‘aroyib,
Og‘zimda qatra muz erir misli bol.
Qorlarda sirg‘anib, goh bexos toyib,
Erta tong yo‘limda boraman xushhol.
GULLAR
O‘sar gullar issiqxonada xandon,
Devorlarga, shiftga so‘ylab dil rozin.
Ildizlari yayrab semirar chandon,
Biroq yaproqlari yupqa va nozik.
Pisandmas ularga eng sovuq mavsum,
Neni istasalar – poyida shundoq.
Toki ardoqdagi gullarning ma’sum
Ko‘zlari porlasin yorqin va quvnoq.
Chiroqlar osdilar – sochsin deb yog‘du,
Ularga iltifot, e’tibor kammas –
Rahmlari kelib ketgandanmas bu
Yoki ular uzoq tursin deb hammas.
Bayram-chun asralar ular, begumon,
Men ular qismatin o‘ylayman har bor,
Iforni bilmaslar, axir, hech qachon,
Faqat bog‘da bo‘lar bundayin ifor.
Ular ushlanmaslar lablarda uzoq,
Bilmaslar sirini tonggi titroqning.
Va mehrini tuymay o‘tarlar mutloq
Tun bo‘yi yomg‘irga to‘ygan tuproqning.
QISh
Qishning zamzamasi – ayoz qatida
Yashirindir otash, ajib ehtiros.
Bor erur qishning bu fazilatida
Malhambaxsh xislatlar, tibbiyotga xos.
Yo‘qsa, nechun yurak ozurda, talosh
Iztirobin – chiqib tunning yo‘liga
Ishongandek xuddi do‘stiga sirdosh,
Tutmoqchi bo‘ladi qishning qo‘liga?
Qorli tun, afsun qil, sehrla minba’d,
Bosgum manglayimni tongingga bedor,
Vujudim topsin to ajib masarrat
Shifobaxsh bu sovuq bo‘sadan takror.
Shuur mavjlanadi loqaydlik so‘nib –
Yolg‘onni ishonch-la qarshi olmoqqa,
Boqmoqlikka har bir daraxtga to‘nib,
Jonvor nigohiga nigoh solmoqqa.
Kechirmoq oddiy, jo‘n o‘yindir go‘yo,
Kechirgung senga kim qilmishdir ta’na.
Etgach poyoniga afv shu asno,
Kechirging keladi kimnidir yana.
Ayozli ayyomning boqib qalbiga
U bilan bo‘ylashging kelar jimgina.
Va bo‘lmoq istaysan qishning oldida
Uning bir jilosi – inja, kichkina.
O‘zimni mahv etgim keladi shu on –
Devor ortidagi soyamni emas,
Vujudim to‘smagan nurni charog‘on
Ro‘paramga chorlash uchun bir nafas.
SAHNAGA ChIQISh
Keliboq, bu yil qish qorlari ko‘kdan
Erga qo‘nganidek yengil, beozor –
Men ham chiqib keldim sahnaga desam,
Sizlar bu so‘zimga ishonmang zinhor.
Ko‘nika olmam, o, nigohlaringiz
Taftiga ro‘baro‘ turmoqqa mudom.
Ovozlarim mening oyoqlaringiz –
Ostiga to‘kilar va erir tamom.
Karaxtman! Holim yo‘q! To‘shakdan turib
Sahnaga chiqmoqlik – og‘ir yuk, malol.
Manglayim naq muzdir! Ko‘ksimda xuruj!
O, kimdir, kelgin-u, vaqtni cho‘za qol!
Misli simdor uzra turibsan bu choq –
O‘tib olgin omon, pastga uchmasdan.
Ayon – tugayabman, ko‘z ochgum biroq.
Shundoq bo‘lgan. Shundoq bo‘lar bu gal ham.
Jo aylab qalbga ruh tug‘yonin, azmin,
Tashna yuraklarga baxsh etgum borim.
Lek men sevgan inson o‘ltirar vazmin,
Shoyad yetgan bo‘lsa unga ham zorim.
O‘zimga kelganda – nihoyat tingan
Bir majhul girdobdan chiqarkan oxir,
Kimdir deydi: ko‘rdim, u artist ekan,
Yana kimdir deydi: yo‘q, u chin shoir.
Tomog‘im qirildi she’r o‘qimoqdan,
Biroq endi ortda taraddud g‘ami.
Tobora yorqinroq – bitta jamuljam
Siymoga aylanar chehralar jami.
Ta’zim aylamoqqa vujudim karaxt,
O, olgum nihoyat men yengil nafas.
Sizga beroldimi so‘zlarim farah?
Ko‘p emas – ozgina bo‘lsa ham, shu bas.
Rus tilidan Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi
* * *
Men uchun vaqtingni sarflama bekor,
Savollaringga o‘zga javob kutmagil.
Mehru sadoqatga to‘lib nigohing,
Ovvora bo‘lmagil, giryon bo‘lmagil.
Bahor chog‘larida yomg‘irlar kechib,
Izlarim qidirib, yo‘lim poylama.
Ayon-ku, bularning barisi bekor,
Uchrashaylik, deya ovvora bo‘lma.
Sen hanuz g‘ururi tufayli, meni,
Nazar qilmayapti, deya o‘ylaysan.
Asli azobingda boshim tik tutib,
Mag‘rurlanib yurganim, afsus, bilmaysan.
Rus tilidan Dilorom Abdurahmon tarjimaci