Muqag‘ali Maqatayev (1931-1976)

Muqag‘ali Maqatayev (Mұqag‘ali Sүleymenұlы Maqatayev) Olmaota viloyati Norinko‘l tumanidagi “Qorasoz” manzilida tavallud topgan.
M.Maqatayev qisqa ijodiy faoliyati davrida qozoq she’riyatida inqilob qilgan novator shoir sanaladi.
U badiiy tarjima sohasida ham katta ishlar qildi. Jumladan, Dantening “Ilohiy komediya”sini, V. Shekspirning sonetlarini, Uolt Uitmenning she’rlarini qozoq tiliga tarjima qilgan.
Uning “Hormang, do‘stlarim”( 1966), “Qaldirg‘ochim, keldingmi?” (1968), “Mavr”(1969), “Vodarig‘, yurak”(1972), “Oq qushlar uxlaganda” (1974), “Shu’lam mening”(1975), “Umr dostoni”(1976), “Umr o‘zani” (1978), “Basira”( 1981), “Yurak zarblari” (1982), “Cho‘lpon” (1984) kabi she’riy to‘plamlari chop etilgan.

DASTURXON USTIDA

(O‘zbek yigitiga)

Tegrangda turfa ne’mat hamda qimiz.
O‘yda — she’r, ko‘ngilda — kuy, jonda — tamiz
Jannatning durkun fayzi shu zaminda,
O, do‘stim, ko‘p go‘zal-a Olmaotamiz?

Ayniqsa ajib bunda manzaralar,
Olatov bag‘ridan bir sas taralar.
Ohuday bir-birining izin quvib,
Otilar qoyalardan sharsharalar.

Yurakda shahrimga bor chin sadoqat,
Havo ham havo emas — istirohat.
Tomoshaga kelgin bir,
O‘zbek do‘stim,
Soyalarda o‘ynab-kul, ayla rohat.

Qimiz ich, qazidan ol, tortinmagin,
Toqqa chiq, daryoga tush, salqinlagin.
O‘zingning xalqing kabi bag‘ri ochiq,
Unutma, qozoq degan xalqning borin.

Esingga solib qo‘yay men yana bir,
Albatta, Olmaotaning bog‘iga kir.
Kiyikday sho‘x va ma’sum qizlarimiz
Joniga joning bilan o‘t yoqa bil.

Tegrangda turfa ne’mat hamda qimiz,
O‘yda—she’r, ko‘ngilda—kuy, jonda—tamiz.
Toshkentdek cho‘ng shahardan tashrif etgan,
O, do‘stim, ko‘p go‘zal-a Olmaotamiz?!

XAYR, OQQUVLAR!

Ko‘lni tashlab ketib borar oqquv-g‘ozlar,
Xayr endi, yaxshi boring, suluv nozlar!
Yuragimda mahzun-mungli doston qoldi,
Oqqordayin qanoti-la oqquv yozgan.

Oqquvlar sizga boqib dilda dog‘lar,
Termular ortingizdan hazin tog‘lar.
Adashib siz-la birga ketdi balkim,
Bokira tuyg‘ularim, ma’sum chog‘lar!

Havoni qanotingiz tebratgan on,
Tuyg‘ular og‘ushida titraydir jon.
Ufqqa singarkansiz, ko‘nglim oqib —
Ko‘zimni tikib qoldim men nigoron.

Oq ko‘lni oydin mavjlar chulg‘ab oldi,
Sizlardan dalam ko‘zi qiymay, toldi.
Nega men yaralmadim oqquv bo‘lib,
Odam bo‘p o‘z-o‘zimga sig‘may qoldim.

Oqquvlar, armonlarim dilda bisyor,
Uchmoqqa mening na bir qanotim bor!
Qirlarim unsiz o‘krab qoldi mening,
Ko‘llarim yetimdayin qoldi zor-zor!

EY, O‘LAN!

Ey o‘lan, menga tekkan enchim eding,
Yuksalayin, qonimga kel-chi mening.
Mening senda azaldan ko‘nglim bordir,
Sen ham meni xush ko‘rib, ko‘nglim, deding.

Qoshimga kel, qalbimni uqqin — tushun,
Tez kela qol, bobom Abay ruhi uchun.
Behishtdagi uyangni qo‘yib turgin,
Sen umrimga keraksan, ardoq qushim.

Ey o‘lan, jon berayin senga qandoq,
Jonsiz o‘lan jonimni so‘rar har choq.
Bir o‘yim — yuragimda qazo topib,
Bir o‘yim — bo‘g‘izimda turibdi naq.
Ey o‘lan, jon berayin senga qandoq?

UMR O‘ZI NE DESAM

Umr o‘zi ne desam,
Umr uchqur tulpor, ha.
Cho‘chib ketding nega sen?
Qo‘ygil, jonim, cho‘chima.

O‘z-o‘zingni ayamay,
Umr degan — chin yonmoq.
Bir narsaga xumorday,
Bir narsadan jirkanmoq.

Birovlarni aldash — u,
Birovlarni aldamoq.
Kimdadir ko‘rsang qayg‘u,
Qo‘ldan kelsa qo‘llamoq.

Dil to‘la hasrat va g‘am,
O, do‘stim, bersin to‘zim!
Umr o‘zi ne desam,
O‘zim ekan, ha, o‘zim…

KUYLA, JONIM

Qarshi olmagan
Qarshi olmasin hech qachon.
Sen kuylab ber,
Kuying ila baxsh aylagin jon!
Yangrog‘ing yetsin yashil tog‘larga,
Aks sado bersin unga qirlar qadrdon.

Kuyla, jonim, bobong qo‘shig‘in kuyla.
“Ko‘kjendet” taralsin ufqlar bo‘ylab.
Ajib ertaklarning dunyosi sari
Etaklasin meni tuyg‘ular, o‘ylar.

Kuyla, jonim,
Dardlarni ko‘krakdagi!
Tinsin bir zum hayot
Er-ko‘kdagi!
Qir tinglasin,
Aks sado taratsin tog‘lar,
Mangulik qo‘ynida — yo‘rgakdagi.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

AYoLLAR

Ayollar-ay, ayollar-ay, qandaysiz?
Go‘zallikda Quyoshdaysiz, Oydaysiz!
Birov qovoq uysa – undan qolmaysiz,
Birov sevdim desa – sizlar bormaysiz.

Ayollar-ay, ayollar-ay, qandaysiz?
Shirinlikda asaldaysiz, boldaysiz!
Ayollar-ay, mug‘ombirlar, quvlar-ay,
Ayol desa – ko‘zlar porlab turgan-ay.

Hammasini bilib turib, indamay,
Ketasizlar tinglab turib, tinglamay.
Ayollar-ay, mug‘ombirlar, quvlarsiz,
Ayollar-ay, barchangiz suluvlarsiz!

… Ayollarni erkaklardan ko‘p deydi,
O‘y-bay, o‘y-bay, bo‘laversin ko‘p, mayli!
Ayol axir go‘zallik-ku, go‘zallik,
Go‘zalliklar sira ko‘plik qilmaydi!

* * *

Tug‘iladi chin shoir, tug‘ilar u,
Halizamon bol – zahar tomizar-ku.
Esirlarning ayrilmas sirdoshi bo‘p,
Jallodning ham ko‘zidan yosh oqizar u.

She’r so‘zlari yomg‘irday otilganda,
Otilganda, osmondan o‘qilganda,
Soqovlarga til bitar,
Kar eshitib,
Ko‘z paydo bo‘lajakdir so‘qirlarda.

Tug‘iladi chin shoir halizamon…

KUYLASAMMIKAN?..

Kuylasammikan, yig‘lasammikan – bilmayman,
Oldimda turgan odamni manov kim deyman?!
Oldimda turar adashib yurgan orzuyim,
Yig‘latsammikan, yupatsammikan – bilmayman…

Oldimda mening adashib ketgan huv armon,
Ayiruv qiyin chehrasin buning munglardan.
Etilmayotib gullarin uning kim yulgan?
Oldimda mening – og‘och-ku ko‘klay quvralgan!

– Tanimadim-ov… topolmadim-ov seni men,
Ko‘zlaring o‘xshash, jonim-ov, qayda ko‘rganman?
– Oxirgi marta adashib kelib, sen bilan,
Sirlashmoq uchun, munglashmoq uchun kelganman…

Samarim mening ko‘kladi, biroq o‘smadi,
O, qachon menda yoshlikning o‘ti o‘chgani!
Bir paytlar meni orzu qilgansan, to‘g‘rimi?
Esingga ol-chi… (esiga oldi – esladi!..)

– Esimda, ha-ya, esimga tushdi qora qiz,
Unutilib ketgan, sovushib ketgan oramiz.
Kechagi xumor, mastona jonning o‘rnida
Tandir bo‘p qolgan ayol o‘tirar, qarangiz!

Yoshlikdan yolg‘iz qovoq bilan bir qosh qolgan,
Qop-qora sochlar endi oqara boshlagan.
Olov bo‘p sevgan, joniday ko‘rgan “jon yori”
O‘qilgan xatday to‘rt buklab yirtib tashlagan.

– Esimda mening yoningga sening borganim,
Parvo qilmading, so‘zimni mening olmading.
Osmonda eding, kulgu bilan sen aldading,
Aldagan ko‘yi olislayverding, armonim!..

– Olislayverding, olislayverding, armonim,
Adashib sendan, dovonlar turar oldda ming.
Zuvvlatib o‘tgan, changlatib ketgan yo‘lingda
Gul bo‘lib o‘sib, quray bo‘p qotib qolganman.

– Esimda mening, esingga sen ham olib ko‘r,
Ul kundan qolgan esdalik bormi, olib kel.
Ilashib ketgan, adashib ketgan sen bilan
Yoshligim qayda, yoz kunim qayda – topib ber!

– Eshikni ochib, yo‘lga kuzata olmadim,
Xush bo‘l deb endi qo‘lingni qisib qolmadim.
Payqamabman ham, ne bo‘lib ketdi yon-yog‘im,
Cho‘rt kesildimi umidsiz mening armonim?!

Jonimda mening armon bo‘p mangu yur, mayling,
Lop etib so‘ngan umidning nesin puflayin?
Yoshlik-ov, seni tushunish qiyin, bilmayin,
Kuylasammikan, yig‘lasammikan, bilmayman…

Muzaffar Ahmad tarjimasi

AYoLLAR-EY

Ayollar-ey!
Ayollar-ey!
Qalaysiz?
Ja ochilib ketibsiz-u, bilmaysiz!
Biri kel deb suyganda ham kelmaysiz,
Oshiqman deb kuyganda ham jilmaysiz.
Ayollar-ey, ayollar-ey, qalaysiz?

Ayollar-ey,
Oqqushlarday suzasiz,
Ko‘zlaringiz chaqnab-chaqnab kezasiz,
Eshitasiz,
Eshitmaganga olib,

Tashlab ketib, bizni tag‘in ezasiz,
Ayollar-ey!
Ayollar-ey, ayollar!

…Ayollarni erkaklardan ko‘p deydi,
Voy-bo‘y!
Voy-bo‘y…
Bo‘laversin, xo‘p, mayli!
Ayol degan go‘zallikdir, chiroydir,
Bizga chiroy hecham ko‘plik qilmaydi.

OQ RO‘MOL KO‘RINSA

Acha, sen yasharsan men bilan birga,
Ko‘nglim o‘lganingga ko‘nikmas sira.
Oq ro‘molli kampir ko‘rinsa ba’zan,
Qarab turgandaysan ro‘mol ostidan.

Xuddi senga o‘xshar yuzi-yu ko‘zi,
Nevarasin tergab aytgan har so‘zi,
Tovushi, chehrasi judayam tanish,
O‘tday ko‘rinadi ko‘zimga o‘zi.

O‘xshaydi oqligi, pokligi senga,
Mos yurish-turishi xulq-odobingga,
Dunyoda buvilar hammasi birmi?
Acha, yetib kepsan sen ham bugunga.

Yo‘lni kesib o‘tmas – o‘rnak axloqda,
Unga qarab o‘zin el tuzatmoqda,
Otalardan qolgan urfu odatni
Bajarib, bir-birin xalq kuzatmoqda.

Acha, sen yasharsan men bilan birga,
Ko‘nglim o‘lganingga ishonmas sira.
Oq ro‘mol ko‘rinsa, seni ko‘raman,
Oq ro‘mol yo‘qolsa – neni ko‘rarman???

NE KELIB, NE KETMAGAN

Ne kelib, ne ketmagan bu olamdan,
Suvlar oqqan jilg‘alardan, dalamdan,
Ot qo‘yganlar orzu, armon ketidan,
Ne bor bunda boshqa mening nolamdan –
Ne kelib, ne ketmagan bu olamdan.

Vaqtni to‘xtatgani chamang bormi?
O‘tmagan davron bormi, zamon bormi?
Umr o‘tmas deganga achinaman,
Dunyodan o‘tmay qolgan inson bormi?

O‘tadi… O‘tar bari huv nariga,
Tong ilashib ketadi kun bariga,
Jonim achir mening bari-bariga,
Odamzot taqdiriga, tong nuriga…

Mening jonim achiydi o‘tganlarga,
Hayotga yangi kelib-ketganlarga,
“Umr kechar, siz umrdan kechmang” deb,
Shior yozib qo‘yaymi osmonlarga?!.

Bari o‘tar,
Kun botar, kech kiradi,
O‘zgaradi bu dunyo, eskiradi,
Kelajakdan – notanish naslimiz ham
“Bo‘ldi-da, o‘rnim bo‘shat!” deb turadi.

KO‘ChAYoTGAN TURNALAR

Yana qaytib ketyapsizlar, turnalar,
Saf-saf uchib… Ma’yus bo‘lib qir qolar.
Xayr deydi sizga beklar, mirzalar,
Orqangizdan yig‘lab qolar jilg‘alar.

Tizilgancha borasizlar qayoqqa?
Sizsiz jon yo‘q manov o‘lka, aymoqqa.
Yig‘lab kelib, yil qushlari topishdi,
Ishi bitgan boshlaydimi toymoqqa?..

Gur-gur kelib, solsangiz ming-ming uya,
Bayram qildi o‘lka “Xush kelding!” deya,
Bugun ovloq bo‘ldi past tulkilarga
Siz yashagan har tepa-yu har qiya.

Manzilingiz qayda, hamma hayronda,
Askarlarday saf tortgansiz maydonda,
Erkin qushlar yaratilmish sayronga –
Ozodsiz-ku, sayranglar-da sayronda!

Oq yo‘l sizga, boravering kuz bilan,
Erkin ko‘ching yana siz oq yuz bilan,
Eh, bizlarda qanot yo‘q-da, qanot yo‘q,
Birga ko‘chib ketar edik siz bilan.

BOShIMDAN QO‘RQAMAN

Men boshimdan qo‘rqaman atommi deb,
Urushyotgan boshimda otammi deb,
Jangni senga kim qo‘yibdi, der-ku el,
O‘lsam kular, shungayam motammi, deb.

Men boshimdan qo‘rqaman atommi deb,
Unda bir ne portlovchi turar o‘ynab,
Miyam qaynab boradi, miyam qaynab,
Undan qay bir olimlar turar bo‘ylab…

O‘z gavdamga o‘z boshim buyurmasmi?..

Shu olamning tagiga yetay deydi,
Sinov qilib, qo‘rqinch tarqatay deydi,
Men boshimdan qo‘rqaman, qo‘yib bersam,
Atom – miyam yorilib ketay deydi.

Umrim o‘tdi mahalla yog‘chisiday,
Kuymandim ko‘p tepalik bog‘chisiday,
Boshim qoldi yashirin poligon bo‘p,
G‘o‘dayaman hokimning soqchisiday.

Men boshimni asrayman mos bo‘lar deb,
Miyamdagi sinovlar bosilar deb,
Ishonaman miyamga, ajal kelmay,
Bu dunyoga nur bo‘lib sochilar deb.

ARIZA YoZIB KETAYIN

Men tug‘ilgan kun bugun,
Bir dam olay.
Tabriklamas hech kim biroq, eh, naylay.
Yozardim-ku dasturxon bir qo‘y so‘yib,
Unutilgan bandaman-da har qalay.

Nega dunyo jimjit, kimsa indamas?
O‘t yoqilmas, nega qozon qaynamas?
Quchoq-quchoq gul keltirmas yaqinlar,
“Mana to‘n, kiy,
Mana ot, min, do‘st!” demas.

Shu yurtga bir yoqmagan ish qildimmi?
Shu elga yo kerak bo‘lmay qoldimmi?
Xalqim, cening buyukliging ko‘rsatib,
Behudaga zahmat chekib, toldimmi?
Aytaman deb quvonchingni, g‘amimni,
Boshqa yo‘lga burdimmi qadamimni?
Men baribir sening o‘sha o‘g‘lingman,
Ne qilsang ham o‘chirmasman shamimni.

…Qutlanmasa qutlanmasin, netayin,
Tantanasiz, mukofotsiz o‘tayin,
Qalamimni uzatvor, ey xotinjon,
Kelajakka ariza yozib ketayin!

KENG DUNYo

Men kelyapman, quchog‘ing och, keng dunyo,
Olinmagan haqqim ko‘p senda ammo.
Qumtepalar uzra yonib kezaman,
Qora bulut ostinda bo‘p shalabbo.

Osmoningday goho tund bo‘lib kezdim,
Nihol kabi bag‘ringda unib-o‘sdim.
Ey keng dunyo, mening shu vujudimga
Yurak bo‘lib kira qolgil, kel, do‘stim!..

Cheksiz yurtim,
Yosh bog‘larim,
Bo‘z dalam –
Bari menga meros qolgan, shu olam.
Bo‘riday o‘z ulushimni topurman,
Ey keng dunyo, hatto muhtojlikda ham.

MAYGULGA

Mushtdaygina eding,
Mushtday qabring ham,
Tug‘ilish, o‘lishdan iborat olam.
Mittigina bo‘lib tur, qabringdan tur –
Qir boshidan shahar tomon boq bu dam.

Qizim mening!
Gulim mening!
Bahorim!
Quyonday do‘ppayib turar mozoring.
Jonsiz mozortoshin netay – bir tiyin!
Unga qarab, silab, ketmas g‘uboring.

Go‘ringga tosh qo‘ymam,
Qo‘y, o‘tlar o‘ssin,
Qishda qor bossin-u, yozda gul bossin.
Sen kelgan may oyi yog‘sin yomg‘irlar,
Bizlarga qo‘shilib, yum-yum yig‘lasin,
Kerakmas,
Qo‘ymasman mozortoshini…

BANDALIK

Qutulay dedim ko‘p shu bandalikdan –
Bo‘lmadi,
Izzaman sharmandalikdan.
Yugurdim, to‘xtadim, yiqildim goho,
Urildim, surildim, o‘lmadim ammo.
Jonim azoblandi o‘gay muhitda,
Tirishdim, tortishdim,
Ezdi muammo.

Yovdan uzoq turdim, hech ot solmadim,
Ko‘rsam, g‘ozday qochib, miq etolmadim,
Ko‘p bor aytar so‘zim ichimda o‘ldi,
Vaqtida ko‘p gapni ayta olmadim.

Yaxshilik ham qilmadim ko‘p insonga,
Yomonligin aytmadim ham yomonga.
Bajara oldimmi bandalik shartin?
Endi aybim yuklayinmi zamonga?..

Oshirib so‘z aytmadim, ozaytib ham,
Yashirmadim hech haqni, chinni har dam.
Bormikin lek bandalikka bosh egmay,
Bunda aql izlab yurgan bir odam?..

ODAM NASLI

O‘n yil o‘tib, yuz yil o‘tib, kim biladi,
Shu ko‘chadan o‘sha paytda kim yuradi?
Buni faqat o‘sha zamon, kun biladi,
O‘sha chog‘da o‘tayotgan tun biladi,
Ular qalbi vaqt bilan bir yuradi.

Kim salqinlab o‘tirarkin anov bog‘da,
O‘yin-kulgi anov yoqda, manov yoqda.
Ammo bu ne? O‘sha bog‘da,
Ayni chog‘da
Inson bir-bir yiqilmoqda, yo‘qolmoqda.

Eh, nelardan ayrilmadim yashab purg‘am,
Mangu hayot ber, deb biroq hecham so‘rmam,
Ne dey senga, ey tabiat, insonlarga
Bermading-ku bir daraxtning umrini ham.

U boyaqish Yer yuzini yasantirib,
Qiyin ishni qilar doim oson turib.
Bu dunyodan o‘tar u uy, haykal qurib,
Tinim bilmay tog‘u toshni kezib yurib.

Davom etsin hayot, borni yo‘q olmasin,
Shirin so‘zu mehr o‘rnini do‘q olmasin,
Yorug‘ dunyo, tiriklikka tirak bo‘lgan
Odamzotninng nasli hecham yo‘qolmasin.

ORZU

Aytmasang ham aytma, barin bilaman,
Ranjimayman, bilganimdan kulaman.
Endi ko‘zim ochiq,
Ochiq ko‘nglim ham,
Hara ilonni endi taniy olaman.

Balki sening maqtanishga haqqing bor,
Faqat haddan oshib ketma, ey makkor.
Kim tepada,
Kimlar esa supada,
Kunlar o‘tar olatasir, beqaror.

Baxting chopib, yulduzing ham kuladi,
Insonda ko‘p umid, orzu bo‘ladi.
Bir orzuga erisharkan sevinib,
Bir orzuying armon bo‘lib qoladi.

Odam sira murodiga yetganmi?
Orzu-armon qilmay kimsa o‘tganmi?
Har kim baxtli bo‘lay deydi dunyoda,
Zahmat chekmay, biroq orzu etganmi?

Ko‘nglimizni baxt deb aldab kelamiz,
Orzu otin minib, doim yelamiz,
Orzu, armon bor ekan, hech tinmaymiz,
Jon bor ekan, doim orzu qilamiz.

SAFAR OLDIDAN

Xayr!.. –
Deydi menga uchgan qushlar ham,
Xayr!.. –
Deydi erkalab quchgan dalam.
Omonat deb bilarlar bari meni,
Omonat der uyamdan uchgan bolam.

Vidolashib gullar ham ayirilmish,
Butoqlar ham xayr deb qayirilmish.
Nechun bari men bilan xayrlashar,
Menga oldda ne taqdir buyurilmish?

Nega gullar xayr deya chayqaldi?
Ko‘klar xayr degan sado qaytardi…
Shalviragan tog‘larning huv ortidan
O‘chmi, alam – bilmam – vido aytardi…

Vidolashib, har ne o‘z haqqin olar,
Qo‘y-chi, har ne xayrlashgani urinar.
Telegraf simlari ham zing‘illar,
Sovuq xabar berganday tund ko‘rinar.

Qarshimdagi yo‘llar chuqur jar solar,
Butun o‘lka vidolashar, jar solar,
Otlangancha men ham ketib boraman,
Bilmayman hech, qanday taqdir qarshilar?..

UMR

Bu dunyoning oqini-yu qorasin
Miq etmasdan qabul qilib, ko‘rasan.
Qorasi-la kurashgani kuching yo‘q,
Umrim, muncha sen tez o‘tib borasan?

Ellangancha yeru ko‘k orasinda,
Suzadirsan oq suvu qorasinda,
Shamol haydab borayotgan qong‘oqday
Ixtiyorsiz surilib borasan-da.

O‘tiribman shu dengiz yoqasinda,
Ko‘zim yo‘qdir dur, oltin, chaqasinda.
Oqasan-da, to‘lqinlar, meni tashlab,
Dolg‘alanib, umrimni yoqasan-da.

Chang chiqarib ortidan quyunlagan
Umrim o‘tar… Yashash ham qiyinlagan.
Ey umrim, qol!
Tez o‘tma, men bilan qol!
Ko‘rasan sen – suyunar har suyunmagan.

Qiyin, qiyin, qiyin-ov… Bor kuchni yo‘llar olgan,
Yona olmay biqsigan o‘choqda o‘t yo‘qolgan.
So‘nsa bo‘lmas… qaniydi, yilt-yilt etib cho‘g‘lansa,
Gurillab yonsa yana, qolmasdi sira armon.

TUNLAR

Tunlar menga uxlash uchun yaralmagan,
Safarini bitirganlar uxlar zotan.
Ko‘z o‘ngimda safar yo‘li taram-taram,
Uxlasam gar, men bo‘laman borolmagan.

Tunlar menga uxlash uchun berilmagan,
Tunda yo‘lbars bo‘laman men ziyrak, tiyran.
Yo‘qotganim axtaraman… Borolmagan –
Erlarimni o‘ylarkanman, ko‘nglim vayron.

Aldab-avrab ham allalab kecha-bugun
Yo‘llarimni yutdi… qoldi qancha oy, kun?
Uxlab, qancha orzu, o‘yni o‘ldirdim-ku,
Yostig‘imning ostida qay tirik ochun?..

Tunning og‘ir muhitida qayg‘u bosib,
Qancha o‘ylar qolib ketmish uyqu bosib?
Qancha vaqtim, baxtim g‘oyib bo‘ldi ekan?
Uyg‘onganda, chiqarmikan qovoq osib?..

Tunlar menga uxlash uchun berilmagan,
Donolar ham uyqu – o‘lim, bilgil, degan.
Evoh, bilmam, qancha vaqtim, zamonimni
Qora tunda oppoq ko‘rpam kafanlagan?..

SOG‘AYIB KELAMAN

Men sog‘ayib kelarman bor dardni ortga tashlab,
Tabiblarga rahmat deb, kulumsab-ko‘zim yoshlab.
Menga umrim eshigi berkilgani yo‘q hali,
Kengliklarga chiqarman yana do‘st-yorni boshlab.

Salomat kun o‘tishin sog‘indim, sog‘inmas kim.
Sog‘ayib, esim yig‘ib, kelsam deyman, haq pirim.
Toqatim bor ekanda kuchim yig‘ay, intilay,
Yonmay turib o‘chishni yozmagandir taqdirda.

Qozoq tilidan Tohir Qahhor tarjimasi