Abdulla Aymoq (1954-2015)

Abdulla Aymoq (Әbіlda Aymaq) Janubiy Qozog‘istonning O‘rdaboshi tumanida tug‘ilgan. Muxtor Avezov nomidagi viloyat Pedagogika institutining filologiya fakultetida tahsil olgan. Matbuotda 80-yillarning boshidan she’rlari bilan ko‘rina boshladi.
Ayni paytda Respublika Yozuvchilar uyushmasining Janubiy Qozog‘iston viloyati bo‘limida mas’ul kotib vazifasida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Uning “Laylo” (1993), “Do‘maloq ona” (1997), “Yuragimda” (1998), “Oltin beshik” (1999) kabi she’riy to‘plamlari chop etilgan.

OTINGNI YoZDIM OQ QORGA

Otingni yozdim oq qorga,
Uyingdan chiqqach ko‘rsin deb.
Shoshilib borayotganda,
Menda ham ko‘ngling bo‘lsin deb.

Oq qorga seni mengzadim —
Samodan kelib qo‘nuvchi.
Sen esa sevgim sezmading —
Qalbimda shamdek yonuvchi.

Bilmadim, ko‘rding-ko‘rmading,
Ruhlandim ajib kuydan men.
Qoshimga biroq kelmading,
Borishga men ham iymandim.

U paytlar parvo etmabman,
Bu damlar tezda o‘tarin.
Ismingni ham men sezmabman —
Oq qor-la erib ketarin.

* * *

Har yurakdan chiqadi armon sasi,
Ketar unga har bitta dil havasi:
Hovli uzra kir yoyar bir kelinchak,
Chiroyda naq Vinchining madonnasi.

Titradi dil — hech kuyi chalinmagan,
Ishq bobida hech kimga yalinmagan.
Erka yellar ko‘ylagin yulqilardi,
Eng oxirgi tugmasi solinmagan.

Kun ovora bulutlar girdin yoqib,
Ahyon-ahyon borarkan ko‘kda oqib.
El ovora kelinchak etagi-la,
Ovoraman men esa unga boqib.

IZLA MENI

Ayriliq azobidan bo‘lib sarang,
O‘zimni yig‘idan men tutdim arang.
Qaradim qora-qo‘ng‘ir bulutlarga
So‘rab ko‘r ulardan, gar ishonmasang.

So‘ragin kaptarlardan — ular anglar,
Yurakka o‘tganini ne alamlar.
Ortimga ko‘p bor boqtsim — nadir chora,
Qoshingdan vido aytib ketar damlar.

Shudringdan sirg‘a taqqan changalzor, o,
Sen kelgan mahallarda edi zebo.
Termildim ularga-da sirim aytib,
Bilmadim: uqdimi yo, uqmadi yo.

* * *

Sevgimizning eng murg‘ak — ilk mahali
Qo‘limizdan kelmasdi jur’at hali.
Kapalakday qiz eding, qanotingda
Kuch yo‘q edi hatto so‘z ko‘targali.

O‘taverdik goh g‘amgin, gohi kulib,
Bir-birimiz goh yaqin, goh yot bilib.
Osmongina bizlarga panoh bo‘ldi,
Kechalari bo‘yniga marjon ilib.

Goh anglamay ishqni, goh anglab yetdik,
Goh umiddan yurakni mamnun etdik.
Qo‘l ushlashib ochunni kezdik-da bir,
Keyin moviy ufqqa singib ketdik.

Ko‘rgim kelar men seni ko‘rgan sayin,
Hisga to‘lar yuragim biram mayin,
Bukildim-ku men so‘roq belgisiday,
Quvvat bergin, qaddimni ko‘tarayin.

Senga qarab, ertamni chamalayman,
Yashamoqqa seni deb doim shayman.
Seni ko‘rsam chiroyli bo‘lgim kelar,
O‘z-o‘zimni tuzayman, tarangayman.

Har lahzada takrorlar noming tilim,
Yurakdagi sevgimni angla, gulim.
O‘zing bo‘lsang qoshimda yashnagayman,
Bo‘lmasang-chi, yomg‘irday yig‘lar dilim.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

BIR ERKAKNING ShIKOYaTI

Urdim boshni devorga ham, eshikka,
Qora boshim dardini kim eshitgay?
Ba’zan-ba’zan nomus cho‘qib o‘tadi,
Shunday paytlar topilmaydi teshik ham.

Bizning uyning har kimi o‘z-o‘zicha
Go‘yo ulkan ummonlarning to‘lqini.
Xotin yurar vaysab-vaysab ko‘zimcha,
Qovog‘idan yog‘ar qorning salqini.

Bular mening nomusimni uqmaydi,
Aytgan so‘zim simob kabi, yuqmaydi.
Ba’zan og‘rib yiqilaman to‘shakka,
Biri kelib boshin uyga suqmaydi.

Men yuraman yetkazolmay tiyinni,
Ajratolmay hazil yo chin, o‘yinni.
Qizlarimning parvolari – falakda,
Quvib yurar tutqich bermas quyunni.

O‘z-o‘zimga quvvat berib, sho‘ppayib,
Uydan chiqdim qizil gulday qaqqayib.
Nari bordim, beri keldim, o‘zimcha,
So‘ng men yana uyga qaytdim ho‘ppayib.

Shunday qilmoq – bandalarga hojatma?
Xudo, bunday ko‘rgulikni yo‘latma!
… Uyga kirib, har kimga bir termulib,
Darrov tushib qoldim qadim holatga.

QOZOQI TO‘Y

Chaqirmadi to‘yiga bular meni,
Chaqirsa, elga kulgu bo‘larmidi?
“Manovi ham kelibdi” deb, jirkanishib,
Allakimlar gap qilib turarmidi?

Chaqirmasa to‘yiga, chaqirmasin,
Yuragi shunga yayrab lopirlasin!
Men kabi foydasi yo‘q bir bechora
Eb ketsa, jin chalmasin buning oshin.

Yig‘ilibdi biz yoqning to‘ralari, –
Tadbirkoru amaldor, boyning bari.
Men ham bir payt bularga qo‘shilardim,
Bugun surib qo‘yishdi meni nari.

Huv biri belga qo‘lin tirabdilar,
Kelgan emish to‘yiga atoqlilar.
Men borsam, birortasi qimir etmas,
Minnatim yo‘q-ku axir chatoq qilar.

Shu kunlarda birovga bergan – olar,
Ketini ham qo‘yar o‘rni to‘rda bo‘lar.
Meni ham atoqli deb o‘yladimi,
Bir-ikki bor chaqirib ko‘rgan ular.

Bola kezda to‘ylardan qolmas edik,
Chopar edik terlab-pishib, tolmas edik.
Shu bolalar ko‘plari turar, ana,
Ulg‘ayishgan, qorindor, gavdalar tik.

Kim bor edi ola qaraguday bizga,
Desaki: “Sen kel, sen qayt izga”.
Qaytanga hammamizni chorlab olib,
Teng tovoq osh qo‘yardi hammamizga.

O‘n bola palovga kep bosh solardik,
To‘ymasak, yana borib osh olardik.
Qaytanga hamma xursand edi. Endi
Ulg‘ayib bo‘ldikmi biz olaog‘izlik?!

Bizning xalq to‘ylar ko‘rib o‘sgan har choq,
To‘y bilan qayta yongan o‘chgan chiroq.
Karvondan qolib qo‘ygan gadoyi ham
Bo‘sag‘a hatlayvergan yalangoyoq.

Qozoqi to‘y… “Sen kel, sen ket…”? Sho‘rli boshim!
Mard yigitlar tarqatsin elga oshin!
Biroq to‘yda hech kimni olalamang,
Qaytanga “Hamma kelsin” deb talashing!

Manov turgan qorinboy to‘ralar ham,
Unutmagandir axir: hayot – hakam.
Bir to‘yim bor mening ham tarqalmasday,
Ko‘rasiz, hamma kelar, hamma odam!!!

* * *

Meni aslo koyimanglar, kechinglar,
Erkalanib, karvon tortib ketsam gar.
Qaram tutib bol sharobning bug‘iga,
Qum yetolmas ummonlardan o‘tsam gar,
Sizlar meni afu etinglar, kechiringlar.

Yorti qurutni olti oy oziq etuvchi,
Qashshoq edim changi chiqmay ketuvchi.
Sizlar meni urushmanglar, iltimos,
Mening qalbim bola hali, o‘quvchim.

Sizlar meni koyimanglar, iloyim,
Urushsanglar, buziladi chiroyim.
Koyisanglar yig‘layman yosh boladay,
Tuman ko‘mib tashlaganday kun, oyim.

She’r yozishga qolmay amal-qurog‘im,
Yiqolmasam tuhmatchining bayrog‘in,
Yolg‘iz-ku deb o‘landa ham umrda,
Sabab qiling, mung bosmasin qarog‘im…

Sizlar meni koyimanglar, iltimos.

Muzaffar Ahmad tarjimasi