Akbar Risqulov (1953)

Akbar Risqulov (Rыskulov Akbar) 1953 yil 4 aprelda Qirg‘izistonning Kemin tumanida tug‘ilgan. Qirg‘iziston milliy universitetini tamomlagan (1975).

“Yosh leninchi” gazetasida, “Ala-Too” jurnalida, Qirg‘iziston Yozuvchilari uyushmasida, “Kыrgыzkabar” axborot agentligida ishlagan. Qirg‘iziston Rempublikasining Qozog‘iston va Malayziya davlatlaridagi elchisi bo‘lib mehnat qilgan.

“Kabutarlar baland uchadi” nomli ilk she’riy kitobi 1975 yili chop etilgan. 10 dan ortiq kitoblari nashr etilgan. I.Maznin, L.Levchev, Xo Shi Min, I.Gyote asarlaridan qirg‘izchaga tarjimalar qilgan.

BURGUT O‘RGATUVChI

Farzandi qadrlab yotsa ham,
Otasin shaharda boqsa ham
Ovchi chol temsalar balkonda,
Qamalib qolganday osqada
Egarga bosh qo‘yib yotishning,
Gashti bor, ovulda boshqacha.
Zamona torayib turganda,
Tong otmay sayr qilar bulvarda.
Burguti yelkaga qo‘nardi,
Qamchiga tumog‘a* ilganda.
«Attang» deb tog‘larga yukunib,
Topinar adirga, qirlarga
Soqolin silaydi chayqalib,
Sog‘inchi aftidan payqalib.
Ovchi chol balkonda andarmon
Har kuni sog‘ingan paytlari
Kampiri tirilib tushida:
Chaqirar «Qaytaylik»! «Qaytaylik»!
Shaharda bir yil ham yashamay,
Bulvarning davrini surmadi.
Qarg‘alar qag‘illab qolishdi,
Oqsoqol ortiga yurmadi.
Burguti chorladi shekilli,
Attang, u shaharda turmadi.
Rost bo‘lsin ilohim ovchining,
Burgutin topgani-topgani.
Yo ketgan abadiy safarga,
Kampirin yonida yotgani.
_________
* Tumog‘a – charm niqob.

OVULDOShLARIM

Shoshma, qalam shoshmagin,
Men yangi she’r boshladim.
Omonmi ona qishloq,
Tinchmi ovuldoshlarim?!

Qancha yurtni maqtadim,
Qancha taom totmadim,
Rosti gap qishlog‘imdan
Go‘zal joyni topmadim.

Qishloqda tong otganin,
Onam to‘qoch yopganin,
Shularni she’rga solmay,
Bekor ekan chopganim.

Yaratganga arzim bor,
Shoir degan tarzim bor.
O‘ylab ko‘rsam, azizlar,
Qishloqdan ko‘p qarzim bor.

TANGRITOG‘

Qandayin soz Tangritog‘da,
Tong oqarib otgan chog‘i.
Ko‘lankaning chodirini,
Kun nurlari ochgan chog‘i.
Ko‘m-ko‘k buloq ko‘zin ishqab,
Jildirashib oqqan chog‘i.
Chayir bola qir oralab,
Qashqa toyda chopgan chog‘i.
Kiyik, arxar orom olib,
Qarchig‘ayda yotgan chog‘i.
Tarovatli sarin yellar
Dovonlardan oshgan chog‘i.
Tiriklikning bayrog‘iday,
Bo‘z o‘tovlar mo‘risidan,
Tutun burqsib yotgan chog‘i.
Qizg‘aldoqning durrasidan,
Shudringlarni qoqqan chog‘i.
Yilqichini erka qizi,
Baytalini soqqan chog‘i.
Yolg‘iz qayin suyangani,
Yakka tolni topgan chog‘i.
Qanday ko‘rkam, qanday suluv,
Tangritog‘da tong otishi
Jilg‘alarni alvon rangga,
Cho‘miltirib kun botishi.

Qirg‘iz tilidan Tursunboy Adashboyev tarjimalari

ISSIQKO‘L BOLALARI

Qumda qolar ko‘ylaklari, shapkalari,
Qumda qolar daftarlari, papkalari…
Issiqko‘llik bolakaylar suv bag‘riga
Sho‘ng‘ishadi o‘ynab Bola, Oq kemani.

Qurch tanlari to‘lqinlarni borar yorib,
Nima, ular olishganmi qanot taqib?
Zavqingdan-ey, bu bolalar bola emas,
Oltin baliq, Oq bir baliq, Cho‘rtan baliq!

Oltin baliq, Oq bir baliq, Cho‘rtan baliq,
Bug‘u bunda to‘lqinlarni borar yorib.
Bo‘ylirog‘i — Ona-bug‘u shoxlaridan
Cho‘chiganday qarab qolar chetga borib.

Yolg‘on emas, hammasi chin, rostdir bu, ha,
Issiq qumga yastandilar borib, ana.
Faqat bola bolalarday yashay olar,
Biz-chi, katta odamlarmiz… bu begona…

Turfa ermak topar ular bo‘lib to‘p-to‘p,
Qum emas, bu — ko‘m-ko‘k adir… gullari ko‘p.
Ertak so‘ylar Mo‘min cholga o‘xshab biri,
«Juda qadim, qadimlarda, qadimda…» deb.

Ona-bug‘u birovini Buzoq qildi,
Tag‘in birin It qildi va Xo‘roz qildi.
Qurmag‘urlar o‘xshatardi barini zab,
Lek, hech biri o‘ynamasdi O‘rozqulni.

Qumda qolar ko‘ylaklari, shapkalari,
Qumda qolar daftarlari, papkalari.
Issiqko‘llik bolakaylar boqib ufqqa,
Ko‘z toldirib kutadilar Oq kemani.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi.

OTA YuRT O‘G‘LONLARIGA

Nozim Hikmatona

Men suymasam,
sen suymasang,
u suymasa,
Ota Yurtni kim suyar?!

Men kuymasam,
sen kuymasang,
u kuymasa,
Ota Yurtga kim kuyar?!

Men gunohkor,
sen gunohkor,
u gunohkor bo‘lmasin…
Yuragingda Ota Yurt deb yashnagan
mehr guli so‘lmasin!

Bir-birovga tish qayrashgan zamonda
Xizr bo‘lib yo‘ldoshing,
Olloh o‘zi qo‘llasin!

POLAPON BILAN ODAM

Mushtdekkina qoroludan so‘rdim bir kun:
– Qish qahridan qochib yurar qushlar nechun?

“Chirq-chirq” etdi butog‘ida qushcha shu dam:
– Sen bandasan, chida, – dedi, – bo‘ronga ham!

– Javob bergin savolimga, – dedim yana, –
Og‘riqlarga yo‘liqadi nega tana?

U shunday der, qanot qoqib kenglik sari:
– Odam uchun sinov erur buning bari!..

O‘xshash chiqib o‘ylarimiz qish kunida,
Bizlar keldik bir fikrga qush tilida:

Taqdirga tan bermoq polaponga mosdir,
Kurashib yashamoqlik odamga xosdir!

UMID VA HADIK

Taqdir menga topishmoqday ko‘rindi.
O‘ylab-o‘ylab xayollarim bo‘lindi:
kim tarqatgan
yo‘qlov bilan bayotni,
kim yaratgan
o‘lim bilan hayotni?!

Topishmoqday bir berilgan umrni
anglay deya, qirq qoburg‘am egilar:
shodlik nadir,
alam nima –
kim bilar,
to‘r va go‘r ne,
yurak sho‘rlik
siqilar?!

Taqdir chigal!..
Totimasdan talx mayni,
netar chalsam karnay ila surnayni?!
Yashar shodlik bilan qayg‘u
yonma-yon,
egizakdir umid-hadik
begumon!

TOMChILAR

Rafiqam Pakdenayga

Tomchilar mo‘ltirar uzumday,
tomiri uzilib-uzilmay…
Hovuchimni to‘ldiray deyman,
sababi sezilib-sezilmay.

Naqorat:
Derazam yonidan uzilmay,
tomchilar mo‘ltirar uzumday,
uzsam-da qo‘limni tekkizmay
so‘ng bersam birgina o‘zingga-ay!

Taqdiri kengmikin yoki tor,
tomiri yo‘qmikin yoki bor?..
Derazam yonida mo‘ltirar
tomchilar… tomchilar… tomchilar…

Naqorat:
Derazam yonidan uzilmay,
tomchilar mo‘ltirar uzumday,
uzsam-da qo‘limni tekkizmay
so‘ng bersam birgina o‘zingga-ay!

Tomchining ko‘zyoshi xumormi,
“chak” etib to‘kilmay turarmi?
Bo‘yningga taqolsam tip-tiniq
tomchidan yasalgan tumorni.

Naqorat:
Derazam yonidan uzilmay,
tomchilar mo‘ltirar uzumday,
uzsam-da qo‘limni tekkizmay
so‘ng bersam birgina o‘zingga-ay!

SEVIMLI QO‘ShIQ

Dilga yaqin, sevimli qo‘shiq –
El oldida aytilgan o‘lan.
Agar uni tinglasam jo‘shib,
Sehrlaydi ohangi bilan.

Yurakda hislarim toshmasa,
Olmasa buloqdan andoza,
Yaralmabdi sevimli qo‘shiq
Ma’sum go‘dak qalbiday toza.

Sehrli, yoqimli tuyg‘ular
Baxsh etmasa ko‘nglimga safo,
Yaralmabdi hali u qo‘shiq –
Ilk muhabbat kabi musaffo.

El oldida aytilgan o‘lan,
Sel qiladi meni oshiqib.
Qani ko‘kka yuksal, havolan,
Dilga yaqin, sevimli qo‘shiq!

Qirg‘iz tilidan Sirojiddin Rauf tarjimasi

XOTIRA

Otamni qo‘ydim o‘rniga,
Onamni qo‘ydim joyiga,
O‘limning haqligin keksalar
Eslatib turishar doimo.

Otang qartayganin bilmaysan,
Onang bukchayganin bilmaysan,
Keyin bu xatoni qaytarar –
Beg‘am bo‘y cho‘zishgan bolalar.

Yo‘q, bunday demaylik koyinib,
Ularning umr yo‘li xo‘b uzoq,
O‘lim haq, demakki, birodar
Umringni bezagin, yaxshiroq.

Otamning qabriga tosh qo‘ydim,
Onamning qabriga tosh qo‘ydim,
Vaqt o‘tib yemrilar temir, tosh,
Xotira qolajak, u – bardosh.

BIShKEK BAHORI

Bahor kelsa chiroy ochar Bishkegim,
Xayolingiz o‘g‘irlaydi nozlanib.
Qarag‘aylar emin-erkin bog‘larda
Qayinlarga intiladi suqlanib.

Kelib ko‘r-chi, Bishkegimni ko‘klamda,
Ko‘chalarin yomg‘ir yuvib o‘tganda.
Bir-biriga suyunchilar qiz-juvon
Gul yaproqlar yaproqlarni o‘pganda.

Jonga rohat, dilga davo bu onlar,
Ko‘chalardan o‘tib borar mehmonlar.
Yoshlaring-chi, bir-biriga qoqar im,
Bular bari – oshig‘ingdir, Bishkegim.

Dunyo kezib, ko‘p suluv shahar ko‘rdim,
Ammo sog‘inch hissi chulg‘ar tanimni.
O‘z yerini sevmagan kas hech qachon
Sog‘inmagay o‘rdasi – Vatanini.

London, Parij, Moskva – o‘z yo‘liga,
Bishkegimga hurmatimni bildirsam.
Barq uraver yashil shahrim, yosh qal’am,
O‘rda qal’am, qirg‘izimga bosh qal’am.

Jon-tanimiz birligi taqdirimdir,
Bahorda u muhabbatday erkali.
Bishkegimning oyog‘iga to‘shalgan
Olatog‘ning alvonrang lolalari.

QIRG‘IZISTON

(Vano Muradeli kuyiga)

Azaliy qirg‘iz elimiz,
Erkinlik izlab kelganmiz.
Do‘zaxni ham ko‘rganmiz,
Azobni ham ko‘rganmiz.

Yo‘limizni ko‘p to‘sdi
Tarixning ne-ne bo‘roni,
Zulmat og‘ushida qolsak-da
Tug‘imizni tutdik yuqori.

Osmonda gar bulut ko‘rinsa,
Men seni o‘ylayman, Ota yurt.
Sen borsan, yuraman sherlanib,
Sen borsan, elim tinch, bag‘rim but.

G‘animlar xurujin qaytargan
G‘ayratli elmiz biz hur, omon,
Erk tug‘i hilpirab, qirg‘izim
Ko‘ksiga yel tegsin bu zamon.

INILARIM

O‘ng qanotim misoli biri mening,
Chap qanotim misoli biri mening.
Qo‘sh qaptolday qo‘shlashib kirib kelar,
Bo‘y-basti ko‘rimli inilarim.

Bo‘ylariga tikilib, niyat qildim –
Beklar chiqsin, inilarim, orangizdan.
Og‘am yo‘q deb o‘kinmayman bu dunyoda,
Chunki o‘zim sizlarning og‘angizman.

Yaxshilikda sizlardan qolishmayman,
Yaxshi so‘z, niyatimni bag‘ishlayman.
Asqar tog‘day ko‘raman Asqarimni,
Omon bo‘lsin Janishtoyim, Bayishtoyim.

NATYuRMORT

Qora kofe.
Bir chaqmoq qand.
Bir burda non.
Chovgum qaynar. Piyola. Labi uchgan.
Turayin, yegulik mo‘l dasturxonda,
Quruq qolmay ertalabki nasibamdan.

Bir oy muddat. Bir nima yozmoqchiman.
Ammo… yil o‘tib ketar. Bitmaydi u.
Og‘ir mehnat peshonamda bor ekan-da.
Demakki, Xudoyimning buyrug‘i bu.

Quruq qolmay tongdagi nasibamdan,
Chovgum qaynar. Piyola. Labi uchgan.
Qaranglar, bu o‘zgarmas natyurmortga:
Qora kofe.
Bir chaqmoq qand.
Bir burda non.

YuZ O‘NINChI MARShRUT

Keng shaharni aylanib,
Xizmatga xo‘b shaylanib,
Yurardi bizning Bishkekda
Yuz o‘ninchi marshrut.

Qo‘shnilar kutar edi,
Kuttirmay o‘tar edi.
Tongda boshlangan bozor
Kech mahal bitar edi.

Ulug‘lar bilan birga,
Suluvlar bilan birga,
Besh-olti yil yo‘l bosdim,
O‘zim ham bu marshrutda.

Boy bo‘lib qopmiz, chog‘i,
Hamma yoqda o‘zgarish.
Marshrutning raqami
Naqd bir yuzga ko‘paymish.

Ma’murlar sal shoshdimi?
Yo raqam ham oshdimi?
Bu o‘zgarish sababli
Xazinamiz toshdimi?

MAOSh TEGSA

Maosh tegsa, ayg‘ir sotib olsammi?
Uni minib, Oyga uchib ketsammi?
Boylik nima? Bilmam, qanday yaralar,
Maosh bilan murodimga yetsammi?

Qulmat bu yil dabdabali uy soldi,
Oyjamollar arzon-garov mol oldi.
Yaqin do‘stim, dollar topib olganmi,
Dardanelle bo‘g‘ozida dam oldi.

Yangi yilni kutish sizga osonmi?
Yangi zamon qimmatmi yo arzonmi?
Maosh tegsa, nima bo‘lsa bo‘lar deb,
Ayg‘irimda oyga ketib qolsammi?

Qirg‘iz tilidan Ahmadjon Meliboyev tarjimasi