Ulviy Yusuf o‘g‘li Bunyodzoda (Ülvi Yusif oğlu Bünyadzadə) 1969 yil 23 sentyabrda tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatgach, 1987 yilda Ozarbayjon Xorijiy tillar institutining ingliz tili fakultetiga o‘qishga kirgan. U 1990 yil 20 yanvar tunida — Ozarbayjondagi milliy ozodlik harakatini bostarish uchun kirgan sobiq Sovet armiyasiga norozilik bildirib ko‘chaga chiqqan insonlar safida halok bo‘lgan.
Ulviy Bunyodzodadan 200 dan oshiq she’r, bir poema, bir qissa, bir necha hikoya, uch pesa, ko‘plab maqolalar, ingliz tilidan qilingan tarjimalar meros bo‘lib qoldi.
* * *
Men yonganim o‘tda bir kun
Sen ham tushasan, yonasan.
Aylanib bir oq kaptarga,
Kelib yelkamga qo‘nasan.
Yoshlik edi boshda tojim,
Endi oppoq bo‘ldi sochim.
Sen, ey, ko‘zlari qiyg‘ochim,
Qo‘limga qo‘ygan xinosan.
Dedim: “Gulim, ketma zinhor,
Baxtim, yotma, bo‘lgin bador,
Budunyodan ketishim bor”,
Nega sen yig‘lab yonasan?
Bu savdoda jo‘shdi qonim,
Yurakda qaynar armonim.
Sen o‘zgaga emas, jonim,
Bir Ulviyga jononasan.
XOTIRALAR
Shabi hijron yetgan sari
Qochib bo‘zlar xotiralar.
Visol umri bitgan sari
Yaxlab-muzlar xotiralar.
Umrning go‘zal onidan,
Hayotning qiylu qolidan,
Yorning hajru visolidan
Nel ar so‘zlar xotiralar.
Qaytar xayol ilk yillarga,
Ilhom berar ko‘ngillarga.
Uzun-uzun bu yo‘llarga
Solur izlar xotiralar.
ChEKAR
Titragan dudog‘ing she’rlar istaydi,
Tamannongga boqib oy hasad chekar.
Ko‘zlaringdan hasad chekadi yulduz,
Qoshlaringga boqib yoy hasad chekar.
Ginali ko‘zlaring shundoq boqurkim…
Seni o‘ksitganni andoq yoqurkim…
Sochlaring yelkangda tel-tel oqurkim…
Shalolalar qurib, soy hasad chekar.
Qalbimda bir go‘zal she’rlar paydokim —
Aytay, yuraklaring gul ochsin tokim.
Sen o‘zing shundoq bir she’ri tanhokim,
Shoirlar holiga voy, hasad chekar.
Usmon Qo‘chqor tarjimasi
ALAMLI QO‘ShIQ
“Visolning naqadar oz edi umri,
Ketaman, alvido,
go‘zal, alvido. ”
Qaytishim, bu so‘nggi so‘z aytmoq uchun,
Bizdan qolgan juft iz, xush qol, alvido!
Bu joyni gulbahor chog‘lar kechardik,
Ranggin chechaklardan yo‘lga sochardik,
Chashmadan hovuchlab hayot ichardik,
Biz ketgach muzlagan zilol, alvido!
Ulviy yashar, faqat sizga oshiqar,
Sof yurakka, billur so‘zga oshiqar,
Ko‘zlaringdek go‘zal ko‘zga oshiqar,
Sevaman, ey go‘zal xayol, alvido!
* * *
Uzoqdan boqaman senga so‘zsiz, jim,
Go‘zallik – sirlidir, sen ham sirlisan.
Ko‘zlaring dilimdan she’rlar tilaydi,
Sen o‘zing hayotim eng sof she’risan.
Bunchalar go‘zallik qaydan yaralgan,
Buning javobini bilsaydim, koshki.
Sog‘ingan boshimni tizzangga qo‘yib,
Ko‘zlaringa boqib o‘lsaydim, koshki…
U mahzun, u mayus, u shaxlo ko‘zlar,
Unga hayf shuhratim, sharafim, shonim.
Kel, ishon, azizim bu so‘zlarimga,
Senga she’r yaralgay sevgimdan, jonim.
* * *
Yuragim sevmaydi, istamas seni,
Gunohing ko‘zimda ko‘rma deb yolg‘iz.
Har onda qarshimga chiqqanda, meni,
Izmimni olarsan o‘zingga, oyqiz!
Yuragim xohlamas, ko‘zim ko‘rganin,
Boqma, buncha ishqni ko‘zimdan olib.
Balki, men sevardim, ey go‘zal seni,
Sayyod ko‘zlaringga dilim ovlanib.
KERAKLIK
Oshiq umri tez o‘tar,
O‘lib, kechganni tani.
Do‘stini dushmanidan,
Ayro quchganni tani.
Yo‘qlikning orasidan,
Ko‘ngilning nolasidan,
Muhabbat bodasidan,
Sharob ichganni tani.
Boqib o‘ngu so‘llarga,
Qo‘lin tutmay qo‘llarga,
Ulviy, yarim yo‘llarda,
Sendan kechganni tani.
1984
* * *
Yondim, qay mahallar bir kun,
Sen ham hali yonasan…
Intilib baxt kabi g‘aming doriga,
Hasrating ko‘zimni yoshga to‘ldirib,
Oqadi birma-bir yanoqlarimga.
Ketib bo‘lgandirsan, yo‘qdir gumonim,
Bir oz kuldim, biroz ko‘zyosh… qara man.
Qanchalik qochmagin,
Yaqinlashamiz,
Kelolmasang, aytgin, o‘zim boraman.
XOTIRALAR
Alam-hijron yetisholmas,
Undan qochar xotiralar.
Visol umri uzaysa, bil,
Oshib, toshar xotiralar.
Umring go‘zal bir onidan,
Hayotning g‘am-xayolidan,
Hijron dami visolidan,
Ne istashar xotiralar.
Qaytar xayol ul yillarga,
Ilhom berar ko‘ngillarga,
O‘tmishlardan bu kunlarga,
Yo‘llar ochar xotiralar.
Dilafro‘z Akram qizi tarjimasi