Tohir Tois o‘g‘li (Tahir Taisoğlu) 1950 yilda Shamaxi shahrida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tamomlagach, Shamaxi qand zavodida ishlay boshlagan. 1969 yilda birinchi she’ri “Adabiyot va injasan’at” gazetasida bosilgan. 1983 yilda Moskvadagi Adabiyot institutini tamomlagan.
Ozarbayjon teleradiosining muxbiri, “Qishloq hayoti” jurnali muharriri bo‘lib ishlagan. Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasining a’zosi.
UYa
Vaqt gulda ochadir tuproq ko‘zini,
Bahordan muhabbat yog‘ar dunyoga.
Yomg‘irlar zirvada sinab o‘zini,
Xushbo‘y mushk taratar bahor dunyoga.
…Men seni sevardim, yo‘q, to‘g‘rirog‘i,
Men seni sevaman demog‘im kerak.
Bo‘lajak uyalar yuragimdadir,
Og‘rimasdan axir ne qilsin yurak!
Parishon kechadi fasllar, yillar,
Tag‘in sen oldimga keparsan manim.
Ufqda yorishar yangi bir sahar,
Sahardek yuzimga kularsan manim.
Qushlar uchib ketar, uyalar qolar,
Qolgan uyalarda ko‘hna bolu par.
Olis uyalarda neki bor—qolar,
Faqat
qolgan parlar bir kun ko‘karar.
Yaralur oqibat o‘sha parlardan
Qo‘l yetmas bir uya, bexatar uya,
Dunyoda sevgi-la yashaganlarga
Basdir samo, quyosh, yetar bir uya.
POEZD OVOZI
Kungaboqarlar quyoshga bo‘ylanur kunduzi,
kechalar poyezd ovoziga.
Makkayilar og‘ushida so‘tasi —
yo‘rgakdagi go‘dagi kabi.
Poyezd shu’lalari yuziga
tushmasin deya
go‘dagi ustiga yoymish sochini.
Bo‘g‘zi chilvir bilan bog‘langan
oshqovoqlar yotar bemalol-behol —
poyezd ovozini bir pulga olmas.
Chetan devorlarga chiqqan qovoqlar
Ba’zan ochib-yummas ko‘zlarini
Poyezd ovoziga,
shu’lalariga.
Usmon Qo‘chqor tarjimasi