Sulton Merzili (1948)

Sulton Merzili (Sultan Mərzili) – ozarbayjon shoiri, Ozarbayjon yozuvchilar uyushmasi a’zosi (1994).

YaShATAR MENI

Bu kuz yomg‘iridan bo‘salar oldim,
Xotirlatdi sening ko‘z yoshlaringni.
Har daf’a yangidan dunyoga keldim,
Yuzimda tuyganda boqishlaringni.

O‘p meni, o‘p meni yomg‘ir tomchisi,
Umr deganlari bu bir tomchi suv!
Mening muhabbatim yurakdan kelur,
Qurit yoshlarimni, ko‘zda qolmasun.

Ol yuragimni, bir yaproqqa o‘ra,
Isming muhrlangan dudoqqa o‘ra.
Men seni ishqimga vatan bilganman,
O‘shal bir hovuch tuproqqa o‘ra.

Yuvar yuz-ko‘zimni bu kuz yog‘ishi,
Malak navozishli bir qiz boqishi,
Kuzdan meni olgil, yetkaz bahorga,
Unutay hasratni, unutay qishni.

Yaproqlar to‘kilib, to‘zg‘itar meni,
Tomchilar sepilib, muzlatar meni,
Bu begona yurtda o‘lib ketardim,
Sening muhabbating yashatar meni!

BIR HOVUCh TUPROQ

Sayyohlar derlarki,
Tushsang g‘urbatga,
Unda g‘ariblar bor – hasratda ado.
Tengdir ziyoratga,
Tengdir turbatga,
Keltirsang vatandan bir hovuch tuproq.

Olib bor,
Ming karra badal olasan,
Birov oltin berar,
Birov la’l-gavhar.
“Bir hovuch”… aytishga naqadar oson,
Ona tuproq behad og‘ir, birodar…

Hovuchim to‘ldirdim,
qo‘llarda titroq,
Vaqt misoli oqib, to‘kildi tuproq…
Kaftimda Kura, Araz shiddati,
Ko‘zimda Savalan rostladi qaddin.

Ko‘rdim bir dunyodir, sig‘maydi kaftga,
Uningdir umidim, orzum, rizq-ro‘zim.
Men undan bir hovuch qandoq olayin,
Axir, bir hovuch xok qarzdorman o‘zim?!

Ozarbayjon tilidan Shahlo Qosimova tarjimasi