Yan Vagner (1971)

Yan Vagner 1971 yilda Germaniyaning Hamburg shahrida tug‘ilgan. Dastlab Hamburg Universiteti, keyinchalik Irlandiyada Dublin Universitetlarida tahsil olgan. Ayni paytda oilasi bilan Berlin shahrida istiqomat qiladi. Vagner ko‘plab adabiy mukofotlar sovrindori. Nemis adabiyotiga qo‘shgan hissasi uchun 2017 yilda Georg Byuxner mukofoti bilan taqdirlangan.

Oyboldirg‘on

Zohiran hokizor bu oyboldirg‘on
Yaralmish botinda kabir nafs ila
Tebranib turguvchi oppoq gullari
Zolimning tushidek pok-pokiza

Ko‘hna gunoh misol qaytaverar u
Maysalar poyida, zulmat qa’rida
Yaydoq dalalarning bag‘rida tuyqus
Oppoq muxolifat ini misoli
Maxfiy varaqalar bitaver u

Erto‘la ortida, shig‘irlar shag‘al
Gilos taglarida ul oyboldirg‘on
To‘lqinlar singari ko‘pirar, toshar
Shovqinsiz ohista devordan oshar
Bir-birin turtkilab, och changallari
bog‘ning bo‘g‘iziga chirmashar

Chivinlar ustida tajriba

gazeta uzra
havoda muallaq gala
baayni qog‘ozdan ajralgan harflar

yomon xabarlarning birortasini
bizga keltirmagan
ilhom parilari
ozg‘in pegaslar

shivirlashar go‘yo
sham o‘chganida
o‘rlagan tutunning
so‘nggi tolasi

shu qadar yengilki,
misli sharpalar
buni aytmoq uchun kalomlar og‘ir
o‘zga bir olamdan
bizning olamga
otilgandek raqs tusharlar
qalam izidanda nafis chiziqlar
mitti sfinkslar
rozetta bitiklari,
toshsiz

Tarix: Onesil

(Gerodot V, 114)

Shahar darvozasi uzra bosh chanoq
G‘o‘ng‘illab boshlaydi tonggi shu’lada
Hali hanuz xayrat aks etib turar
Bir paytlar yuz bo‘lgan silliq yuzada

Ichkarida qizg‘in ulkan jarayon
Bosh chanoq ichida mexanik gala
ulanib ketgandir bir-birlariga
Tillarang bolari kataklarila

To‘ldirar bu so‘qir kosachalarni
Geranlar, lolalar va qizg‘aldoqlar
Gladiouluslarning zarrachalari
Bolarili ko‘zlar aylana boshlar

U shoh edimi yo shunchaki gado
Oftobda qizigan g‘ishtga chirmashib
Tepaga o‘rlagan bolalarga hech
Buning farqi yo‘q

Uning chanog‘idan misli fikrdek
Oqib turgan boldan qo‘llari shira
Bolarilar raqsi, hazin yodgorlik
Erchun kurashgandi hayotligida
Endi boshi ichra
Ulkan qirollik

Choyshablar

bobomni choyshabiga o‘rab
olib ketishgani yodimda
bir yil o‘tib oradan
choyshablarni almashtirganda
ariga aylanib qolgan
qurigan tanasin ko‘rdim
o‘tmishga aylangan yoz fir’avni

choyshablar taxlashchun
quloch yoyilar
aks eta boshlaysan oppoq yuzada
fokstrot raqsiga o‘xshar
kir taxlash
har gal navbatdagi to‘g‘ri to‘rtburchak
singib ketaverar keyingisiga
burunlar to‘qnashib ketgunga qadar
choyshabning qorday oq bag‘irlarida
nimalar topilmas xudo biladi
iforning izlari qolgan atirdon
lavanda yo boshqa dala gullari
tanga, kuyadori donachalari

Og‘ir tin oladi, sukutga tolib
javonlarda turgan oppoq taxlamlar
Iforga botirib qo‘yilgan, ohor
berilgan, dazmollab, bejirimgina
aql bovar qilmas yuksakliklardan
sakrashga taxlangan parashyut kabi

Quduqda

Olti, yetti metr chuqurda
Dunyodan naqadar olisda edim
Dala toshlaridan yasalgan
Fazo kemasidan turib
Olisdagi qadrdon,
yumaloq, moviy parchaga
tikilardim

Quduqqa tushib ketgan bola edim
Devorlarda mox
O‘zidan chilvir yasab
Yuqoriga o‘rmalar edi
Pechaklar tutardi
Pechakka yelka
Ozodlikka erishmoq
uchun

Bir-bir chaqmoq kabi
Uchar edi qush
Oppoq chaqmoq qush,
yotardim
Sekin o‘tganlarin
Paqqos tushirib
mikroskop uzra qilt etmagan
tadqiqotchi ko‘zi singari

quduq uzra mo‘ralardi oy
eshak qurti, tosh so‘zlarining
mag‘zin chaqib yotardim
shu on
g‘ala-g‘ovur, shovqin, qiyqiriq
ko‘zoldimda boshlandi arqon

Men qaytdim,
Qo‘ng‘iroqlar sasi, non hidi
Avtobus jadvali
Daraxt soyasi
Ob-havo haqidagi gurunglar
Marosimlar, fojealar
Sarlavhalarga
Ularning biriga aylangan edim

Mix

devorga qoqilgan onidan boshlab
borliqning markazi bolib qolgandi
bog‘lar, dalalar, sholg‘om jo‘yaklar
tovuq kataklari, rediskalarni
dunyonida tegrasiga olgandi.

qalpoqlarimizni, qo‘lda to‘qilgan
sviterlarimiz, rasmlarimiz
paltolarmiz va yomg‘irpo‘shlarni
unut bo‘lgunicha unga osardik

kun kelib gar ko‘chib ketsak, qolmagay
bu shahar, bu ko‘cha, bu uydan nishon
uning cho‘ng nigohi birdek bardavom
yillar xurujudan qolajak omon
g‘arbu sharq uzra u miltillab turar
yo‘lchi yulduz kabi sochib nur
keksa dengizchilar uchun u
taskindir

Halinchak

og‘irroq bo‘l deydilar menga
ko‘zlarimni yumgancha
qop-qora beton, temir
ustaxonalar, fillar, loyga
botgan langar uzra sirg‘alayotgan
nahanglar, sandonning o‘qsimon
boshini qilgum tasavvur

bir on tin olaman, to‘xtar nafasim
qilt etmas qirg‘ovul qiyqirgan,
hazonlar to‘kilgan mahal
izmimga bo‘ysinmas kalta oyoqlar
bulutlarga tegay deganda boshim

Sovun ustida tajriba

Har on shay turardi bitta bo‘lagi
Turli bosqichlardan o‘tib birma-bir
Hamma narsa kabi sekin kichrayib
Bir kun yana oydek to‘lib qolardi

vazni bir toshchalik kelib kaftlarda
momiq ko‘pigida poklanib obdon
qobildan xobilga aylanar edik
unutganimizda qovjirab qoldi

dag‘al asteroid parchalaridek
mana yana dengiz tubidan bir zum
yuzaga qalqigan hilqat singari
tin oldi yuzasi namdan nurlanib

dasturxon, hamma jam.
oysizdir oqshom
qo‘llardan taralar yoqimli ifor

Behilar

kuzning tomirlari bo‘rtgan qo‘llari
lo‘ppi chiroqlarni osib shoxlarga
ajib fasl edi: behi terardik

bo‘yab oshxonani
oftob rangiga
behilar ustidan jildirardi suv
olma, nok pishardi nomiga monand
qandaydir bokira shiraga to‘lib

misramda, bog‘imning sirli tilida
misli ko‘rilmagan qat’iyat ila
unganin ta’mi ham o‘zgacha edi

ikkita katta va ikki jajji qo‘l
behining etini maydalar edi

Siqilgan sharbati bug‘lanib asta
Shakar, issiq, mehnat bo‘lib payvasta
Xomlay xush tatimay sira og‘izda
Behi mohiyatin anglash istagan
Kimsaga borlig‘i namoyon edi

Murabbo solingan shisha idishlar
Qora kunlar uchun qo‘yilgan terib
Turarlar yerto‘la javonlarida
Charaqlab, daraxtda osilib turgan
Kunlardan xotira kabi nurlanib

Choyxalta

ehromga o‘ranib, go‘yo g‘orida
zikrga chog‘langan
jikkak bir zohid

arshga bog‘lab turar
birgina rishta
lahzalik umriga
bo‘lamiz shohid

Bolarilar bilan avtoportret

yuzim, lablarimda qora chiziqlar
yo‘g‘onlab, soqolga aylana boshlar
o‘xshab bormoqdaman magdalenaga
o‘sib, g‘ujg‘on o‘ynar tanimda sochlar

bolarilar har yon, mo‘r-malaxdek
borliq og‘irlashar misqolma misqol
kattayib, kengayib borar vujudim
qo‘shiqning jonsarak yuragi misol…

qo‘llarim yoyilgan, jangchi singari
aslahalarimni bir-bir uzatar
avval bosh, qo‘l, oyoq, so‘ng yelkalarim
zirh ila to‘sadi qurolbardorlar

Jilolmay qolaman oxir joyimdan
Yaltirab, bu savlat ortida asli
Shunchaki shamollar, eski havolar
Chindan ko‘rinajak, o‘tganda fasli

Koalalar

Birgina daraxtda shuncha ko‘p uyqu
Yum-yumaloq, paxmoq jundor koptoklar
Mudroqlik sahnasi barcha shoxlarda
Tebranar chirmashib olgan butoqlar

Tirnoqlari bir juft temirdek botar
Birinchi bo‘lsada, dong‘i chiqmaslar
Tropik o‘rmonlar qirg‘oqlarida
Tepaga intilar, hech yengilmaslar

Bitliqi buddalar, barglarda ungan
Zahardan quyuqroq hamda o‘tkirroq
Fisqu fasodlarga quloqlari berk
Dunyo g‘amlaridan naqadar yiroq

Vaterlo jangiyu, Kanoss yurishi
Yot ko‘zlariga boq, vaqtni boy berma
g‘alaba kutyotgan velosipedchi
singari muloyim, burishgan chehra

dunyodek eskirgan zahil ranglari
erdan uzilgan, lek qo‘l cho‘zsa yaqin
esnab, kerishadi yana bittasi
yalpizli tushiga sho‘ng‘ishdan oldin

Kutubxonalar

Aleksandriya xotiramda jonlanadi
Xira parvonalar galasi, tutun
Alanga tilining yorug‘ligidan
Olis-olislarda o‘qisa bo‘lur

Minglab yonayotgan o‘ramlar tafti
Tun yarmidan oqsada kuydirar tanim
Parij, Nyu York, bitta javonda
Shivirlayotganlar, daholar, g‘arlar

Britaniyadagi yumaloq zalda
Butun tarix mujassam, marhum
Admiral va ledi Hamilton
So‘nggi nafasida bitgan maktublar

Hamon titrab turar. Vatikan qatlarida
Soyalar, chiqqilab turgan chang zarralari
Emirgan, sira o‘qilmagan,
ilviragan sirli bitiklar

Xayolimdan ketmas kechagi kundek
Shahardagi o‘sha kutubxonada
Kitoblarni bir-bir sipqorayotgan,
qandaydir sharpalar ila kurashib,

Imo-ishoralar, bir-ikki g‘alat
Tovushla so‘zlashgan qari mateo
Gapirmas, ehtimol buni istamas
Balki allaqachon alanga ichra

Nemischadan Gulnoz Nabiyeva tarjimasi