Yoxann Volfgang Gyote (1749-1832)

Gyote Yoxann Volfgang (Johann Wolfgang von Goethe; 1749.28.8, Frankfurt-mayn — 1832.22.3, Veymar) — nemis yozuvchisi va mutafakkiri. Yangi davr nemis adabiyotining asoschisi. Ijodi 18-asrning 70—80-yillari Germaniyada mavjud bo‘lgan «Bo‘ron va hujum» adabiy harakatida ishtirok etishdan boshlangan. Shu davrda Gyote «Gets fon Berlixingen» (1773), «Prometey» (1773) kabi dramalar va lirik she’rlar yaratdi.
Gyote adabiy faoliyatining ilk davriga mansub «Yosh Verterning iztiroblari» (1774) romani o‘sha davr nemis adabiyotida katta voqea bo‘ldi. Asarda ilg‘or nemis yoshlar avlodining ijtimoiy fojiasi o‘z aksini topgan. 1786—88 yillarda Gyote Italiyaga safar qiladi. Shu davrda u «Ifigeniya Tavridda» (1779— 81), «Egmont» (1788), «Torkvato Tasso» (1780—89) kabi dramalar yozadi. «She’riyat va haqiqat» avtobiografik kitobi (1811—33), «Vilxelm Maysterning o‘qish yillari» (1793—96), «Vilxelm Maysterning darbadarlik yillari» (1821—29) romanlarida inson bilan jamiyat o‘rtasidagi munosabat masalasi aks etgan.
Gyote Sharq mamlakatlari tarixi, madaniyati, adabiyotini chuqur o‘rganadi, Firdavsiy, Farididdin Attor, Rumiy, Nizomiy, Sa’diy, Hofiz, Jomiy kabi shoirlar ijodi bilan tanishadi. Bu paytda Ibn Sino, Ulug‘bek, Alisher Navoiy ijodlaridan namunalar nemis tiliga tarjima qilingan edi. Gyote «Mag‘ribu mashriq devoni»ni (1814—19) Sharq she’riyatidan ilhomlanib yozgan. Devon «Mug‘anniynoma», «Hofiznoma», «Ishqnoma», «Tafriqnoma», «Ranjnoma», «Hikmatnoma», «Zulayxonoma», «Temurnoma», «Soqiynoma», «Matalnoma», «Forsiynoma», «Xuldnoma» kabi 12 bo‘limdan iborat. Devonda «bulbul», «hur», «fatvo», «mug‘anniy», «mufti», «tilsim», «mirzo», «darvesh» kabi so‘zlarni asliyatda qo‘llaydi.
Gyotening «Faust» fojiasi (1768—1832) jahon adabiyotidagi shoh asarlardan hisoblanadi. Bu asar Gyotening butun ijodiy faoliyati davomidagi izlanishlarining samarasi bo‘ldi.
Gyote falsafa, huquqshunoslik, botanika, geologiya, geodeziya sohalariga oid asarlar ham yaratgan.
Gyote she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish 20-asrning yigirmanchi yillaridan boshlangan (Cho‘lpon, Oybek, Shayxzoda va b.). Keyinchalik Gyotening «Faust» (Erkin Voxidov tarjimasi, 1972—75), «Mag‘ribu mashriq devoni» (S. Salim Buxoriy tarjimasi, 1985—90), «Yosh Verterning iztiroblari» (Ya. Egamova tarjimasi, 1975) kabi asarlari o‘zbek tilida nashr etilgan.
Gyote ijodi haqida o‘zbek adabiyotshunos va tanqidchilari (V. Zohidov, I. G‘afurov, O. Olloberganov, Ya. Egamova, Poshali Usmon ugli va b.) adabiy-tanqidiy makrlalar yozishgan. Germaniyaning ma’rifiy-madaniy tadqiqotlar olib boruvchi nufuzli markazi Gyote nomi bilan ataladi. Gyote institutining filiallari jahonning 78 mamlakatida, shu jumladan Toshkentda ham faoliyat ko‘rsatmoqda (1998 yildan).

HAYoT

Hayot, meni sanama ojiz,
Takror-takror tegma jonimga!
Xotirjamlik tilayman yolg‘iz,
Sola ko‘rma chang imonimga!
Ne yo‘l tanlay? Ketaymi badar,
Azoblaysan bevaqt, bemahal.
Baxtga noil bo‘lmasam agar,
Aql bergil menga loaqal!

JASORAT

Olislarga dadil boq, o‘g‘lon,
Hali hech kim bosmagan qadam –
Maydonlarni zabt ayla shodmon,
O‘z-o‘zingga yo‘l och muazzam!

Sal og‘irroq bo‘lgin, yuragim!
Darz ketsa – hech aylama parvo!
Yorilsa – muz, sen emas aslo!
(1775-1776)

SAYYoHNING TUNGI QO‘ShIG‘I

Tun qo‘ynida qoyalar
Mudraydi asta.
Ko‘z ilg‘amas soyalar
Kezmaydi pastda.
Chang bosilmish yo‘llarda,
Borliq uxlar jam.
Sabr etgil, payt kelar-da,
Tin olgung sen ham…
(1780)

ALVASTI*

Kim bemahal, tunda o‘rmon ichra ot solgan?
O‘g‘ilchasin mingashtirgan otliq, kech qolgan.
Quti uchib otasiga yopishsa ham, voh,
Isimaydi, bolakayni bosadi titroq.

“Namuncha sen qisinasan pinjimga, bolam?”
“Alvastini ko‘rdim, ota… ko‘zlari ola…
Boshida bor qora toji, soqoli o‘sgan…”
“Yo‘q, oqargan tumandir u, daryoni to‘sgan”.

“…Yaxshi bola, men tomonga tashla bir nazar;
Ko‘p g‘aroyib narsalarni ko‘rgung muqarrar:
Feruza gul, turfa gullar, dur-gavhar bisyor,
Naq oltindan quyilgandir qasrim ulug‘vor”.

“U alvasti, yur, qasrimni ko‘rasan, deydi,
Dur beraman, o‘ynab-kulib yurasan, deydi!..”
“Yo‘q, yo‘q, o‘g‘lim, senga shunday tuyilgani rost,
Alvastimas, shamol o‘ynar barglarni xolos…”

“…Kel, bolajon! Bilsang agar, emanzorim zo‘r,
Gulday-gulday qizlarim bor, sen ularni ko‘r.
Birgalashib, yelib-chopib o‘ynagaysizlar,
Horib-tolsang, uxlatishib qo‘yishar qizlar”.

“Ota, qarang! Qizlarini chorlar alvasti;
Ana, shoxlar orasidan imlashar asta…”
“Yo‘q, hammayoq tinch; ko‘rganing qizlar emas, yo‘q:
U hurpaygan daraxtlardir, ko‘ngling bo‘lsin to‘q”.

“…Shirin bola ekansan-da, yalinmam ortiq:
Yo‘q desang gar, zo‘rlik bilan olurman tortib!”
“Ota! Ota!.. Quvib bizga yetay deb qoldi!
Nafas qisar… ana… meni ushlab ham oldi!..”

Vahimaga tushgan otliq o‘qday yeladi;
Ingranadi bola, goh-goh oh-voh qiladi…
Uyga yetdi ota boqmay o‘ngu so‘liga…
Bola o‘lib yotar edi ota qo‘lida.
(1782)
____________
* She’rning asl nomi “Olxa qiroli”. Rus tarjimoni “Lesnoy tsar” deya tarjima qiladi. Mazmunidan kelib chiqib “Alvasti” deb o‘girdik (izohlar tarjimonniki).

FILINA

Bas, yetarli, ko‘z yoshlar yutib,
Tun uzun, deb yozg‘irmoq nechun?
Yo‘q, Filina, tun yaratilgan
Sayli safo, xush damlar uchun.

Erkaklar der: “Qo‘sh mag‘izmiz biz!”
“Yarim”larin tutib nazarda.
Kun yarmi – tun, shu bizga aziz,
Tun go‘zaldir azal-azaldan!

Kunduz tashvishlarga hamrozdir,
Kunduz doim g‘urbat-la bog‘liq.
Kunduzning tez o‘tgani sozdir,
Unda bo‘lmas hech vaqtichog‘liq.

Lekin kechda sokin tun bag‘rin
Ravshan aylab yonganida sham,
Nozlar shirin, so‘zlar ham mayin,
Bol tomadi dudoqlardan ham.

Qo‘shilishib ketar nigohlar,
Amur – oshiqlarning muhibi,
Bizni ishqiy o‘yinga chorlar,
Tun tuyilar bir rohat kibi.

Sevishganlar uzra nogahon
Baxt qo‘shig‘in kuylasa bulbul,
Ko‘ngillarga joylaydi fig‘on,
Ruhlarni ham aylaydi malul.

Ont ichurmiz shunda bayakbor,
Kuzaturmiz soat bongini,
O‘n ikkinchi zang bilan takror
Qarshilarmiz visol tongini!

Kim kunduzi zeriksa behad,
Diqqat qilsin shunday ma’noga:
G‘amga botsa gar kunduz qat-qat,
Tun to‘liqdir sayli safoga!
(1795)

YIG‘IDAN TOPIB YuPANCh…

Aytgil, nechun cho‘mding xayolga?
Atrofda barcha shodmon.
Ko‘zlaringda anduh izi bor,
Yig‘ladingmi, do‘sti jon?

“G‘am chekkanim – g‘aroyib narsa,
Yurakka chuqur botar.
Ko‘z yoshlarmi?.. Yig‘lasam xushdur,
Ko‘ngil ham yengil tortar”.

Suykalishib kelishsa do‘stlar,
Tortma chetga o‘zingni;
Agarda g‘am tushsa boshingga,
Och ularga ko‘nglingni.

“Siz, baxtlilar, anglarmikansiz,
Men anglagan qayg‘uni?
Ne haqda… Yo‘q! U menikiydi…
Yo‘qotib qo‘ydim uni”.

Cho‘ktirma hech ko‘nglingni, zinhor!
Yoshsan, mard bo‘lur erlar.
Izlasang, bas, topasan beshak,
Noumid shayton, derlar.

“Afsus! Bari behuda so‘zlar!
Topish osonmas biroq.
Topay desam qo‘l yetmas, ora –
Yulduzlar qadar yiroq”.

Nechun izlay yulduzlarni men?
Ular husni ko‘kka zeb.
Tunda osmon tiniq chog‘, boqqin,
Osmon ko‘rki shuldir, deb.

“Osmon tiniq bo‘lganda qarab,
Ko‘zlarimni olmayman.
Tunda… ko‘zda qancha yosh bo‘lsa,
To‘ka-to‘ka tolmayman…”
(1803)

DO‘STI UChUN DO‘ST

Qo‘ng‘iroqgul o‘sadi,
Havorang gul, havorang.
Boshin baland ko‘tarmish
Maysalar uzra, qarang.

Shirintomoq bolari
Sharbatin totar nuqul:
Axir do‘sti uchun do‘st
Asalari bilan gul.
(1814)

PAJ* VA TEGIRMONChI QIZI

P a j
Qayoqqa? To‘xta birpas!
Gaplashaylik bir nafas!
Isming nimadir?

T ye g i r m o n ch i q i z i
Liza.

P a j
Qayoqqa borasan? Shoshilma, pari!
Qo‘lda xaskash bilan chopmaydilar, bil.

T ye g i r m o n ch i q i z i
Yaqin o‘tlog‘imiz, bizlarning manzil
Hov anovi qo‘rg‘ondan nari.

P a j
Qo‘rqmaysanmi yolg‘iz yurmoqqa?

T ye g i r m o n ch i q i z i
Uzoq emas o‘tloqqa!
Ammo ishim juda shoshilinch:
Hil-hil pishdi bog‘da noklar ham,
O‘rimdan so‘ng teraman kam-kam,
Qushlar cho‘qib qo‘ymayotir tinch.

P a j
Yo‘qmi bunda shiypon bironta?

T ye g i r m o n ch i q i z i
Ikkita bor ikki tomonda,
Ho‘-o‘, panjara oldida biri.

P a j
Soz bo‘lardi, Liza farishtam,
Unda ikkov tanho olsak dam,
Salqin havo gashtini surib!
Nokingni ham qoqib berardim…

T ye g i r m o n ch i q i z i
Sal qiynalib qolmasmikansiz?

P a j
So‘ng quchoqlab, ko‘krak kerardim…

T ye g i r m o n ch i q i z i
Xiylagina shum, quv ekansiz…

O‘z haddini bilsin har kishi,
Deydilar-ku, teng-tengi bilan.
Oqartirmoq – doim un ishi…
Kiyimingiz qop-qora ekan,
Kir qiladi unga tegib un,
Cho‘tka ham yo‘q, tozalash uchun…

Yigitim bor, batrak, mard o‘g‘lon,
Udir ko‘nglim yoritgan ziyo.
Un bilan un chiqishar oson,
Un unni hech kir qilmas, aslo!
(1797)
______________
* Paj – mahram, zodagonlar yoki podsho saroyida xizmat qiluvchi o‘g‘il bola, o‘smir.

TOG‘DAGI QASR

Cho‘ng qoyalar aro qo‘r to‘kib,
Qasr turar yuksakda, ana.
Minoralar bir paytlar mag‘rur
Ritsarlarga edi boshpana.

Go‘rda yotar ritsarlar biroq,
Minoralar kuyib bo‘lgan kul.
Nurab yotgan devorlar bo‘ylab,
Ichkariga men olaman yo‘l.

Bir zamonlar yerto‘la ichra
Saqlanardi qimmatbaho may.
Oqsoch qiz ham endi bu tomon
Ko‘za tutib qo‘ygandi kirmay.

Avvalgidek shoshilmas zalga,
Mehmonlarni olmaydi kutib,
Maydan quyib qutlug‘ bayramda
Popga lutfan yurmaydi tutib.

Elib-chopar ekan, paj tomon –
Cho‘zilmaydi qadah tutgan qo‘l:
Pinhon qilgan siylov uchun qiz –
Pinhon hadya etmaydi qabul.

Devorlar ham, shiftu peshtoq ham
Zinapoya – hammasi vayron.
Qulab tushgan ibodatxona,
Xonalardan ko‘rinmas nishon.

Ammo xushnud bir kunda, yonda –
Yosh qaylig‘im, suyuklim, jonim,
Qo‘lda shisha, o‘zga qo‘lda ud,
Tik qoyada turgan zamonim,

Vayronaga fayz kirdi go‘yo,
Hayotbaxsh ruh kezdi har yoqda.
Avvalgidek bayram ayyomi,
Shovqin-suron eshitilmoqda.

Xayolimda, nozik mehmonlar
Masrur kelishmoqda izma-iz.
Xayolimda, o‘tgan zamondan
Bir juft bo‘lib kirmoqdamiz biz,

Kashish kutar minbar oldida,
Huzuriga chiqgaymiz asta,
U so‘raydi: “Rozimisizlar?..” –
Erga boqib deymiz sekin: “Ha…”

Jaranglaydi farahli qo‘shiq,
Yosh qalblarday pokiza va sof,
Hayot ishqi, yorug‘ tuyg‘ular
Yuraklardan o‘tadi shaffof.

Shom kiradi hash-pash deguncha,
Tinar, tugar ishqning ertagi.
Botayotgan kun qoyalardan
Yig‘ishtirib olar etagin.

Xonimlarday yurar oqsoch qiz,
Paj ritsarday kezadi shaxdam.
Pajni mehmon qilar, siylar qiz…
Hadya berar saxiy yigit ham…
(1802)

EHTIROS SEGOHI*

1. Verterga

O, ko‘zlarni achchiq yosh-la siylagan siymo,
Go‘yo o‘tmish soyasiday bo‘lding namoyon,
Mehmon kabi kutib oldi bu yorug‘ dunyo,
Hayiqmasdan ro‘baro‘mda turasan shu on.
Sen yodimga solding, o‘sha oltin damlarni,
Yashnardi biz uchun gullar dalalar aro.
Haydab nari bor kunduzgi tashvish-g‘amlarni,
Aylar eding kun botishin zavq-la tomosho.
Sen-ku – ketding, qismat ekan yashab qoldim men,
Ketding, ammo ko‘p narsani yo‘qotmading sen.

Aslida-ku, baxt-tole deb berilgan hayot:
Kunduz ko‘rki, tun chiroyi, samo, koinot.
Ammo jannat bog‘larin bir kezgan odamzod,
Oftob nurin simirarkan, dam o‘tmay, hayhot, –
Qismatda bu – jim turmaydi, darhol shu payti
O‘z-o‘zi-la, o‘zga ila kurash boshlaydi.
Ammo biri ikkinchisin bosolmas o‘rnin!
Tashqarida – tun, ko‘ngilda – ko‘rgaymiz nurni,
Yo chulg‘asa qalbni zulmat charog‘on kunda,
Qanday baxtni boy berdik biz – anglaymiz shunda.

Mana o‘sha! Sen qanchalar hayajonda lol,
Ayol ko‘rkin kuchin ko‘rding nechog‘ bemisol!
Maftun yigit yorqin, porloq ro‘yolarga g‘arq,
Bahor sari odim otar, bahorday yarq-yarq.
U hayratda: bag‘rin ochmish unga keng olam,
Unikidir jumla borliq, yeru osmon jam.
Hozir unga uy ham tordir, qasrlar ham tor,
Yiroqlarga intiladi purkuch ulug‘vor.
Qush misoli ufqlarga etadi parvoz,
Osmonlarga uchar, yayrar, charx uraru boz –
Erga tomon qanot qoqar osmon-falakdan,
Yor nigohi chorlar uni yurak-yurakdan.

U baribir bilar, bir kun – ertami yo kech,
Asir tushar, parvozga ham iloj qolmas hech.
Visol oni – farog‘atdir, hijrondir – do‘zax,
Yana visol! Shaksiz tutgay har yonni farah!
Bir lahzada yillar shavqi bo‘lgay jobajo!
Ammo ortda poylab turgay hijron, alvido.

Ko‘zlaringda yosh yaltirab, mahzun kulding sen,
O‘lim bilan dong taratding, mashhur bo‘lding sen,
Hamma ko‘z yosh to‘kdi achchiq so‘nggi fursatda,
Tashlab ketding bizni shodlik, g‘amu g‘urbatda.
Uch-quyruqsiz taqdir bizni tinch qo‘ymas aslo,
Ehtirosning chalkash-chulkash yo‘llari aro
Boshlaydi biz bebaxtlarni: “To‘xtama, yur!” deb,
Zamirida o‘lim pinhon hijronni ko‘r, deb.
Ishq kuychisi kuylar, ko‘ngil yig‘laydi zor-zor,
Vido – o‘lim, suyganingdan ayrilma zinhor!
Alam tortgan ruhsizlarga yupanch et ato,
Dardlaridan so‘z ochishga imkon ber, xudo!
(1824)

2. Elegiya

Azobdan lol qolib qiynalganda jon,
Dardimni aytishga yo‘l berdi rahmon.
Torkvato Tassodan

Ne keltirgay intiq qilgan visol oqibat,
Hali-hanuz ochilmagan, ul bokira gul?
Do‘zaxmi ul, jannatmi ul – shodlikmi, hasrat?
Oh, ko‘nglingga shubha-gumon izlayotir yo‘l.
Ul gul jannat sari borar, yaqin kirmog‘i,
Sevgisida – yashnar sening samoviy bog‘ing.
Asta jannat bog‘lariga bosarsan qadam,
Mangu umr sohibiday, mangu ruh kabi.
Bunda yo‘qdir umidlar ham, xohish, azob ham,
Bunda – sening Eram bog‘ing, orzu-matlabing.
Dunyodagi o‘shal tanho nigohga tik boq:
Ko‘z yoshlaring qurir tamom, boqqil yaxshiroq.

Kun sudralar amal-taqal ma’yus va mungli,
Zerikarli lahzalarni sanaysan bir-bir.
Ammo kunduz, qoq tushdagi oftob ham tungi –
Bo‘sa izin yo‘qotishga emasdir qodir.
Lahzalar ham bir-biriga o‘xshashar, qarang:
Aka-uka yanglig‘ bir xil, ammo turfa rang.

So‘nggi bo‘sa shirin… hayhot, mastsan lazzatdan,
Lab bosasan dudoqlarga tashna va chanqoq.
Shoshilasan ortga qarab, qochib jannatdan,
Go‘yo seni quvib solar farishta shu choq.
Oldga boqsang qorong‘u yo‘l, – dilga cho‘kar g‘am,
Ortga boqsang – yopiq jannat darvozasi ham.

Yurak nogoh uzlat sari chekinar go‘yo,
Go‘yo qizga mutloq sirin ochmagan misol,
Toleni ham his etmagan, bilmagan hatto,
Yog‘dusi-la yulduzlarni qoldirmagan lol…
Shubha-gumon, qayg‘u-alam, gina, malomat
Qamrab kelar edi uni misli falokat.

Yoki olam yo‘q bo‘ldimi? Nahotki tog‘lar
Tong nurida oltinlanmas, ko‘rsatmas chiroy?
Dalalarda yo‘q ziroat, shabnamsiz bog‘lar,
O‘rmon aro o‘tmas endi dala tomon soy?
Yaraqlamas boshlar uzra gumbazi davvor,
So‘ng bulutlar tarqar, ko‘k-chi – anvor ul-anvor…

Ana, ko‘rgil, yuksaklarda, osmon toqida,
Nur, havodan bino bo‘lgan oyjamol misol,
Farishtani tang qoldirish ishtiyoqida,
Yaraqlaydi o‘shal gulga o‘xshagan timsol.
Bal, ziyofat, bazmlarda barq urgan jonon
Bo‘lar edi ko‘z oldingda shundoq namoyon,

Faqat bir on hayrat ila boqib qolasan,
U jonsizdir, soya xolos, ruh, bir havoyi.
O‘sha, o‘sha, xayolingda yashagan suman,
Har lahzada o‘zgaradi ammo chiroyi.
O‘zi yolg‘iz, biroq yuz xil tajassumi bor,
Har tajassum shu’lavordir, porloq, ulug‘vor.

U darvoza qarshisida turardi doim,
Jannat sari yurib ketdik zinalar bosa.
Ketar chog‘i o‘par edi meni muloyim,
So‘ng ortimdan borib takror berardi bo‘sa…
Mangu tinmas harakatda beorom timsol,
O‘t-la qalbda naqshlanmish yorqin, barkamol.

O‘shal qizga borlig‘ini baxsh aylagan qalb
Undan topdi izlaganin – muqaddas hisni.
O‘zin to‘la kashf etoldi o‘sha gul sabab,
Zero, ul gul siymosida ko‘roldi o‘zni.
Va har lahza jo‘shar ekan tomirdagi qon,
Asirlikni erkdan ortiq ko‘rdi begumon.

Allaqachon sovuq holat chulg‘amish meni,
Soviganday qonim ham; yo‘q mayl ila havas.
Birdan bosib keldi, ajab, hayot to‘lqini:
Orzu, umid, maqsad, niyat – bari basma-bas.
Shunda bildim, tug‘ilganda yangi tilaklar,
Ishq o‘tidan tirilarkan sevgan yuraklar.

Hammasiga o‘sha sabab! G‘am-qayg‘u ezar,
Horib-toldim, ko‘nglim o‘ksik, jonim halakda.
Ko‘z oldimda g‘ira-shira arvohlar kezar,
Yorug‘lik yo‘q tungi ko‘kday bo‘m-bo‘sh yurakda.
Birdan ko‘nglim yorishdi-ku – jamol ochdi gul:
Quyosh yanglig‘ ro‘baro‘mdan yonib chiqdi ul.

Haq yaratgan sirli xilqat – qalbning davosi,
Kitoblarda bitilmishdir bu bori hikmat.
Shu hilqatdek hayotbaxshdir sevgi ma’vosi,
Dildor bilan qovushmoqlik – oshiqda maqsad.
Yor yonimda – har ne bo‘lsa borim baxshida,
Baxtim, taxtim, ahdim, kasbu korim baxshida.

Talpinamiz biz nurafshon timsolga tomon,
Unga yetmoq, ta’zim qilmoq orzu muqaddas.
U mangudir, uni anglab bo‘lmas hech qachon,
Unga o‘zni topshirmoqlik eng oliy havas.
Bu taqvodir! Yor oldida turibman, yohu:
Yuragimdan sizib o‘tar bu ulug‘ tuyg‘u.

Ko‘klam tafti, ohori bor yor nafasida,
Nigohida – oftob nuri, shu’la, yog‘dusi.
Yuragining qat-qatida, dil qafasida
To‘ngib yotgan xudbinlikning eriydi muzi.
Qadamlarin ko‘rib, qochar g‘arazlar nari,
Ulug‘vorlik da’vosiyu kibrlar – bari.

Yodimdadir, dildorimning aytgan so‘zlari:
“Har on hayot tuhfa aylar, farog‘at, huzur.
Qalbimizda yo‘qdir aslo o‘tmish izlari,
Kelajakni biroq hech kim qilmas tasavvur.
Sen kutding-ki oqshom olib kelar g‘am-alam,
Yo‘q, kun botdi, o‘zni sezdik bir baxti bekam,

Tut o‘zingni quvnoq, dadil, bo‘lma faromush,
Sen lahzaning ko‘ziga boq! Shunda hamma sir!
Ishq deysanmi, yo jasorat, yo oddiy yumush,
Hayot senga in’om etar barin birma-bir.
Bolalarcha soddalik-la aylagil qabul:
Bari hukmi farmoningda jam bo‘lg‘usi, bil”.

O‘ylar edim: “To‘g‘ri, shundoq siylaydi taqdir,
Lahzalarning muruvvati senga armug‘on.
Senga boqib ko‘rdim, shak yo‘q, bu rost, aniqdir:
Yaratganning suygan quli ekansan ayon.
Ammo tursa oldda mash’um ayriliq qarab,
Unda sening o‘gitingdan bizlarga ne naf?..”

Va… sen ketding!.. Shu lahzadan boshlab men nochor,
Ne qilmoqni bilolmasman, g‘am-dard qa’rida.
Turmushimda halovat yo‘q, ruhim beqaror,
Hech nimarsa emas darkor, to‘ydim baridan.
Misli dashtda tanho yanglig‘ o‘rtanib, yonib,
Faqatgina ko‘z yoshlarga qoldim ishonib…

O‘chmas aslo, burqsib yonar ichimdagi o‘t,
Oqing, daryo bo‘lib oqing, ko‘z yoshlar, al’on!
Qalbim qonar, parkand-parkand bo‘lsam der vujud,
Hayot-mamot jangi ketar, jangki – beomon!
Dardim zil-zil, davosiga darmon kerak-da…
Lekin rag‘bat, jur’at yo‘qdir, hol yo‘q yurakda.

Aqlim yetmas, mangulikka bo‘ldim men judo,
Suyganimdan kuppa-kunduz ayrildim nogoh.
Oftobjamol meni chorlar yoniga, ammo
Goh ko‘rinar, yiroqlarda g‘oyib bo‘lar goh.
Yupantira olmas meni dunyo – biri kam,
Orzular ham, parvozlar ham, inqirozlar ham.

Xayrlashmoq kerak, do‘stlar! Dilda ko‘p armon,
Tik qoyalar orasida qolgum men yolg‘iz.
Yorug‘ jahon, keng jahonga yuz buring shodmon,
Hashamatu dabdabadan zavq olingiz siz!
Barin biling – osmonu yer, dara, daryoni,
Tabiatning tub-tubini, borliq dunyoni!

Bolalikdan manglayimni silamish Xudo,
O‘z-o‘zimni boy berdim men, bor umrim xarob.
Pandoraning sandiqchasin ko‘rdilar ravo,
Unda jamdir boylik, jami uqubat, azob…
Baxtli edim, gulro‘ birlan o‘tdim nikohdan,
Rad etildim, o‘ladurman endi oh-vohdan…
(1823)

3. Yarashuv

Ehtiroslar iztirobga yo‘l topar oson,
Azobli dil ayriliqqa bera olmas dosh.
Qaydadir ul mas’ud onlar, ketdilar qayon
Ul go‘zallik, ul nafosat, ul suluv sirdosh?
Ruhim singan, ne ish qilsam samarsiz bari,
Olam ko‘rkin his etmaydi qalbim mehvari.

Nogahonda boshing uzra jaranglar navo,
Farishtalar qanotida kuy kelib yetar,
Borlig‘ingga qutqu solib shovqinu g‘avg‘o,
Ohanglarning g‘alayoni qalbing zabt etar.
Ko‘z yoshlaring oqmoqdami? Yig‘la, rohat qil,
Ko‘z yoshlar ham musiqadek ilohiydir, bil!

Yurak sezar: qo‘r, o‘t olar, shavqqa minar boz,
Tepa boshlar, yangi hayot kuyini chalar.
Hadyalarga hadya berar, roz deganga roz,
O‘zligini baxsh etmoqqa tayyor shunchalar.
Tirilursan, ikki baxtdan chiqmasin boshing,
Musiqa-yu, ehtiros, bas, bo‘lsin yo‘ldoshing!
(1823)

Rus tilidan Muhammad Ali tarjimalari
________________
* Ya’ni, “Trilogiya strasti”. Bu mashhur turkum, Gyotening o‘zi e’tirof etishicha, hech bir boshqa asarlariga o‘xshamaydi. Shoir 74 yoshida o‘n yetti yashar Ulrika fon Levetsov degan qizga qattiq ko‘ngil qo‘yadi va unga uylanmoqchi bo‘ladi. Ammo qizning ota-onasi qarshiligi bilan bu niyat amalga oshmaydi. Ayriliq yuz beradi. Turkumda o‘sha ayriliq azoblari o‘z aksini topgan.

GYoTENING “G‘ARBU ShARQ”IDAN

Isoning yuragi sof edi,
Bir derdi olamning ilohi.
O‘zini iloh deb bilsalar
Kuyinib ketardi u gohi.

Bu zamon – Muhammad singari
Ziyoga chulg‘anish zamoni.
Alloh bir, tanho! – deb, oxiri
Imon-la fath etdi dunyoni.

***

Nodon har hodisani o‘zicha sharhlashga shay,
Har hodisa sababin bilgum, degan avom-da!
Allohga itoatdur islom degan so‘z asli,
Islomda yashab hamma, o‘lajakmiz islomda.

JAMIYaT

Katta bir majlisdan katta bir olim
Turdi-da, uyiga jo‘nab ketdi jim.
«Yoqdimi?» — dedilar, u berdi javob:
«Ular kitob bo‘lsa o‘qimas edim».

***

Sabrsizlik qilgan xarob bo‘ladi,
Pushaymonlig‘ undan ham battar.
Biridan gunohing yanada ortar,
Biri yangisiga sabab bo‘ladi.

***

«Ne qilding, ishlaring bu qadar ulkan?
Derlarki, sen yaxshi inson ekansan!»
Avlodlar! Men oqil harakat qildim,
O‘ylamay bosmadim bironta odim.

***

Parchala, hukm sur! Qanday beorlik!
Birlashtir, yetakla! Eng go‘zal boylik!

***

O‘zi aytganiga kim qilsa amal,
Etakchilik — unda ko‘rinar go‘zal.

***

Har kim eshik oldin supursa o‘zi,
Toza bo‘lar butun tumanning yuzi.
Har kim o‘z burchini ado etsa soz,
Hammaning ishi ham bitadi a’lo.

***

Bekorga sen izlama shifo!
Dardimizning eng og‘ir siri
Hovliqmalik, befarqlik aro
Turibdi-ku qachondan beri.

***

Eng yaxshi bir sirni berayin sizga:
Dastavval qaranglar o‘z oynangizga!

***

Yomonlarni ayblamangiz, etmang halak,
Yaxshilardan olib yursin yaxshi o‘rnak.
Ammo kimdan asranishni yaxshilar ham
Bilishi shart, chuqur o‘ylab bossin qadam.

***

Tinch, shovqinsiz qilaver mehnat,
Mayli, ergashmagin kimgadir.
Lekin ko‘rmoq istasang hurmat,
O‘zgani ham qilgin-da qadr.

***

Xohi sevu, xohi hazar qil,
Birovlarga yetkazma ozor.
Boshqalarga tekkizmasang til,
Bilki, elda sening o‘rning bor.

***

Mening merosim komil, naqadar keng, omondir,
Mening mol-mulkim zamon, mening dalam zamondir.

***

O‘zgani tanigan, o‘ziga qarab,
Bu yerda ham bir yakunga kelmasa bo‘lmas.
Sharq ila G‘arb
Endi bir-biridan ayrilmas.

Ikki dunyo oralig‘ida
Kerak deyman o‘ylab qadam bosishimiz.
Ya’ni Sharqu G‘arb orasida
Yaxshi bo‘lmog‘i shart har bir ishimiz.

***

She’r yozishni istasang
She’r yurtida yashab qol.
Shoirni bilmoq bo‘lsang
Shoirning yurtiga bor.

Miraziz A’zam tarjimalari

LAYChALAR

Chopamiz u yoqdan buyon sarbasar,
Hasadga loyiqdir xonanishin jon,
Va butun yo‘l bo‘ylab yovuz hurishlar
Bizning izimizdan uchar begumon –
Ki qanday bo‘lmasin ayamay shartta
Kimki it tilida so‘ksa chidaymiz –
Ular isbotlaydi yana bir marta:
Biz – jim-tek turmaymiz, biz – irg‘ishlaymiz!
(1815)

TAVOZE

Ongni band aylashni zo‘r ijod bildi,
Men ko‘rdim, aslida, u nima qildi;
Yuzaki asarga berar e’tibor,
Ko‘rdim – bisyor sahvu xatolari bor…
(1815)

YILLAR

Ajoyib taomil yoshlik yillardan:
Nimani so‘rasang – olinar tez tan,
Va ahil do‘stlikda hadik yo‘q birday,
Yashash mumkin sehrli ertakdagiday.

Lek nogoh almashar sabot yillarni.
Qarasang – ko‘rasan ko‘p dardisarni:
Qarzga berishmaydi, ta’na bilishar,
Berganlarin barin talab qilishar.
(1814)

IQRORLIK

A
Ha, do‘stim, chog‘landing sho‘rlik jafoga?
Sen qo‘lga tushgansan mudhish xatoda!
B
Ularni tuzatdim oldingi kabi.
A
Qay tarzda?
B
Har kimday oramizdagi.
A
O‘tganga achinib, qildingmi tavba?
B
Yo‘q, battarroq xato qildim qaytanga.
Odamlar darg‘azab bo‘lishib bundan,
Tez unutishdi sobiq aybimni chindan.

HIKMAT

Men o‘z taqdirimga
La’nat aytardim,
Qarasam, bir o‘zim
Jannatda edim!
_________
U o‘ldi. Hamma tutatar hamda chekar fimiam…
Eh, sal ilgari shuni qilsalar chekinardi g‘am!
_________
Ha, bizlar bilamiz, yodda saqlaysiz va shonga yo‘yasiz:
O‘z-o‘zidan ravshan, ki, sizlar bizlarga haykal qo‘yasiz!
_________
Bu yerga kirishga
Shoshib kelasan,
Eshikning yonidan
Chopib o‘tasan!
_________
Sullohliklar
Orttirmasmi jilvagar g‘am-tashvishni?
“Bolajonlar!
Butun dunyo bu ularga tegishli!”
_________
Vahima kasal
Hech tuzalmas,
Epmi,
Vaqtida hayotdan
Emay zo‘r tepki!
_________
Men shunday sevardim! O‘ngimda tush ko‘rardim!..
Asl hayot mazmunin u dam yaxshi bilardim…
_________
Rab haqida
Biz hammamiz
Juda yaxshi fikrdamiz:
U hech kimsaning yo‘liga to‘siq bo‘lmaydi hargiz!
_________
“O‘zligingni anglagil”. – “Izoh so‘rasa ekan!”
“Lutf aylang: bo‘lish kerak va bir vaqtda – bo‘lmaslik”.
“Ha, mazkur iborani, shubhasiz, daho aytgan:
Shunday ixchamki, balki bo‘lar yagona maslak!”
_________
O‘zligingni anglagil…
Undan ne naf topaman?
Anglayman,
Keyin qayga qochaman?
_________
Xuddi karnavalga kelgandek yetib,
Birdan niqobimni irg‘itdim yechib…
_________
Boshqalarni bilish uchun –
Ikki usul bor abad:
Biri – boplab mazax qilish,
Boshqa biri – xushomad.
(1812–1814)

TUG‘MA TALANT

U der:
“Hech narsada qarzi yo‘q kasman
Zamondoshlar, qari ustalardan ham,
Hech bir maktab bilan bog‘liq emasman –
Kimdandir o‘rganish – uyat va alam!”

Barini joyladim bitta satrimga:
“Hech kim aybdor emas ahmoqligimga…”
(1812)

YaNGI TUXUM – YaXShI TUXUM

Do‘stlar,
zavq-shavq o‘xshar ustritsaga:
Chunki bu mahsulot
Yangi emas –
Uni yemaganing afzal erur, bas!

Shodiyonalar –
Bu tuzlamamidi,
Saqlab qolsa yillar osha ta’mini!
(1815)

HAMMAGA VA HAR KIMGA

Axir, sen ham – odamsan!
Nazar solgin yaqinroq –
Daroz emas hammadan,
Kalta ham emas biroq!

Ko‘p balo ko‘rding noxos,
Bilarding omad bisyor…
Hoy, aka, o‘pkangni bos,
Bizning ham rizqimiz bor!
(1815)

“BEOZOR KSENIYa”DAN

“Sen judayam charchading!
O‘zingni tiy biz uchun!”
“Sira sanab chiqmadim,
To‘lasam ham bisyor xun”.
_________
Yo‘q, hech bir uydirma menga yoqmaydi!
Istayman, tuzalar muallif, mayli.
_________
Har narsa bor va yaratilar,
Modomiki biz anglamasak,
Biz nimaga zimdan qiziqsak, –
Go‘yo bari tekin berilar…
_________
O‘z quloqlarimga ishongim kelmas!
Kindigim pichirlab chiqarardi sas:
“Mo‘ysafid,
Boshingda turishga chog‘lan!”
Bu kabi hazillar – bolalarga tan!
Biz esa,
Yoshga xos raso odamlar,
Boshni balandroq tutishni istar!
_________
Baayni, ajoyib? Yana to‘ntarish?
Rahmat! Bu qarmoqqa ilinmaymiz hech,
Paypoqni teskari kiymasdan tez yech –
Oyoq artishga ham arzimas sho‘rish…
_________
To‘q qofiya ila ortar bahosi:
Bag‘oyat tabiiy;
Hamma narsani
Nimasi bilandir bilar bama’ni
O‘z o‘rnida har bir fikrat dahosi!
_________
“Sen xafasan yoki kasalsan –
Negadir hech chiqarmaysan sas?..”
“Yo‘q, kamina g‘oyat mamnunman,
Axir, bu hol – mash’um she’r emas”.
_________
Bizni antiqalikka behad undadi daho!
Koshkiydi zamonaviy bo‘la olsak mutlaqo!
_________
Mana, ofat qandayin:
Hamma bo‘ldi xo‘jayin,
Va qo‘shimcha – hech bir kas
O‘ziga to‘ra emas!..
_________
Qiyin emas u qadar
Bu kaslar ko‘nglin topish:
Burnidan shartdir tortish –
Ular seni tushunar!..
_________
Bu yerga shoirlarning eng yomoni ko‘milgan,
Unga qarasang, yana tirilib kelar chindan!
_________
“Ishon, shaytonga shon xizmatdan nochor –
U oz va ayanchli!..”
“Bunda yo‘q xatar!
Kimni hamma odam yomon ko‘rsa gar –
Unda nimadir bor!”
_________
“O‘ylash kerak! Qirollar dadil edilar
Supurgi bilan, xuddi bir uyum changday!..”
“Ana-ana! Holbuki, o‘sha – qirollar,
Axir, ular bus-butun bo‘lishgan har dam”.
(1815–1832)

BOZORDA

Biron zotni topish mumkinmi
Shu bugungi, manov arteldan,
Kim ko‘rsatar mahoratini,
O‘rnak olib bizdagi terdan?

Shosha-pisha – mijoz tayyor.
Yurishida bari ayon –
Modaga mos etik husndor,
Faqat payqash qiyin hamon!

Deydilarki, ayni lahza
Har qandayin etikdo‘z ham,
Nima tiksa, baxyalasa –
Unda rassom mehnati jam!

Qani, qayda chirik mol bor!
O‘z-o‘zingni xo‘b aldaysan:
Qo‘ldan o‘tgach – bu-ku bozor! –
Usta ko‘rmay – xor bo‘lasan.

Ehtiyot bo‘l, norasida!
Arzonidan asran, tingla!
Yangi kiyim bozoriga
Oyoq yalang kirganingda!
(1814)

LAYLAK NIMA BILADI

Uya uchun mo‘jaz joy topar
Bizning laylak!.. Zotan, mazkur qush –
Qurbaqaga havzada xatar –
Cherkov tomin makon bilar xush.

Qo‘ng‘iroqqa har kun shart bardosh,
Xalq doimo guvillar bunda –
Mana hech kim – na qari, na yosh –
Teginmas u qurgan oshyonga!

Sen so‘raysan, bu izzat bejiz
Qushcha uchun orttirmas ixlos? –
Butxonada u emas yolg‘iz!..
Maqtovga mos malaka, xolos!
(1818–1819)

MUQOYaSA

Bir gulchambar terdim daladan,
Uyda soqol olgandim o‘ychan.
Taftli edi harchand barmoqlar,
Voh, so‘libdi nozik gulbarglar…

Men ularni tez suvga soldim –
Ko‘zlarimga ishonmay qoldim:
Taranglashdi egik poyalar,
Boshlar ko‘kka qarab talpinar,
Sohib bo‘ldi sobiq ko‘rkiga
Go‘yo ona-zamin ko‘ksida!

Eslab yurib bu hodisaning
Ardoqladim men nimasini,
Qay bir onda o‘z she’rlarimning
Tinglaganda tarjimasini.
(1828)

VAQT – SAN’AT MUNAQQIDI

Deydilarki, o‘z bolalarin
Qari Saturn yutadi barin
Xomligicha, tuzsiz, paqqos yo…
To vijdoni etar taqozo!..

“Eyishi shart men va Shekspirni! –
Umumajdod nidosi mahzun.
Ammo bular – ikkala pirni:
Asrab qo‘ydim so‘nggi dam uchun!”
(1820)

* * *

Ash’orlar butxona derazasidagi
Turfa rang shishaga o‘xshar. Sirtdan g‘orat,
Hech narsa ko‘rmaymiz – mavhum ichidagi.
“Yaxlit xiralikdir, balki battar holat!” –
Deydi mahalliy shaxs. U bezovtalanar,
Qay on u bu yerga tashlamas bir nazar!

Unga xo‘p.
Siz esa – dadil qadam tashlang
Muqaddas she’riyat chegarasi sari!
Qanday yaxshi! Qanday yop-yorug‘ va ravshan
So‘niqdir turfa xil shishalar ranglari!
Ha, yangi yorug‘lik ochilar biz uchun.
Hamma ruhlanadi, ko‘zlar bo‘lar maftun,
Gar sizda qalb bo‘lsa – Sizni lol etgani
Ko‘ngil ila kelar bu ko‘ngil maskani!
(1827)

Rus tilidan Safar Olloyor tarjimasi