Xans Magnus Entsensberger (1929)

Xans Magnus Entsensberger (Hans Magnus Enzensberger) jahonga mashhur nemis yozuvchilaridan biridir. U nasrnavis sifatida ham, shoir sifatida ham birdek tanilgan. Shuningdek, noan’anaviy usullar to‘g‘risidagi adabiy- tanqidiy maqolalari adabiyot ixlosmandlarida qiziqish uyg‘otgan.
U 1929 yilda Germaniyaning Kaufboyren shahrida tug‘ilgan. Hozirgi davrda Myunxenda istiqomat qiladi. “Bulutlar tarixi”, “Rebus”, “Vujud ostida” singari ko‘plab she’riy to‘plamlari bosilgan. Uning she’rlari o‘zbek tiliga ilk bora 1997 yillarda o‘girilgan. Robiya Abdullayeva va Bahrom Ro‘zimuhammad tarjimasida “Yoshlik” jurnalida bosilgan o‘sha she’rlar “Tanishuv” kitobiga (Toshkent, “O‘qituvchi” nashriyoti, 2000 yil) kiritilgan.

VUJUD OSTIDA

Bu zim-ziyo koinot
vujud ostidagi koinotdir.
U xayol surmaydi.
sen pinakka ketar ekansan oromingga orom qo‘shar u.
Er osti ma’budi Plutonga xos notinchlik,
erda, ko‘kda sodir bo‘lajak zilzilalar
ulkan kimyoviy ofatlar chizgilari
zohir bo‘lgan idishga u ham aloqador.

Tush ko‘rayotganing – chakalakzorlar
eng olis o‘tmishlarga xos.
ko‘zni aldaydigan ranglar.
hovuri chiqayotgan havo.
obi yovg‘on.
urchitilayotgan tekintomoqlar.
antiqa to‘da
yilt etib o‘tib ketaveradi,
qirilib bitar yilt etganida.
Saytrsfer asbobida shundoq tasvir,
sen esa ne bo‘layotganini bilmaysan.
Tinchgina, sokingina nafas olib yotibsan,
hech neni ko‘rmaysan, hech neni eshitmaysan.
nelar sodir bo‘layotir – ishing yo‘q.
Operator esa
ichingga
rezina ichak yuborib
kuzatib turibdi
ulkan ekran osha
tan a’zolarining
qiy-chuv shovqinlarini.

LEVIAFAN*

Bu tarvaqaylab ketgan maxluq
bo‘rni paqqos tushirdi ko‘z oldimizda.
oq tishlarini ko‘rsatib tirjaymokda u.
Agarda gapirmoqchi bo‘lsa
tepadan pastga qarab gapiradi
o‘zining tushuniksiz olmon tilida.
Biz aniq bilamizki,
u qatliomda ustasi farang,
har joyda hoziru nozir.
Ochofat. Ovqat bersang yeb to‘ymas sira,
odamovi,
yokimsiz.
Goho gandiraklab yiqilib qolar,
so‘ng o‘rnidan turadi arang.
U bizsiz, xesh-aqrabolarisiz
hech kas emas.
U yelimtaloqdek bizga yopishar,
bu abadiy mijg‘ov jonimizga tekkan,
bu befoyda maxluqqa
ishi tushmas hech kimning.
_____________
* Leviafan – Tavrotda nomi keltirilgan dengiz hayvoni.

Nemis tilidan Mirzaali Akbarov va Bahrom Ro‘zimuhammad tarjimalari