Xuana de Ibarburu (1892-1979)

Xuana de Ibarburu (Juana de Ibarbourou), Xuana de Amerika nomi bilan ham mashhur (8 mart 1892 — 15 iyul 1979) — urugvaylik shoira. Ispantilli Amerikaning eng mashhur shoiralaridan biri.

NAFIS MO‘’JIZALAR

Qo‘llarim… o, mo‘jiza! Gullay boshladi butkul!
O‘nta barmog‘imdan ham o‘sib chiqdi atirgul!
Gullay boshladi qo‘lim tegib otashin dudoq,
Sen o‘pgan qo‘l aylandi chaman gulzorga shu choq.

Mo‘jiza xabarini yetkazay deb daf’atan,
Chopa ketdim goh yig‘lab, goho kulib bu baxtdan.
Quvonaman, kulaman, ko‘z yoshim – oqar daryo,
Qaranglar, o, mo‘jiza! Atirga to‘ldi havo!

Atrofdagi odamlar shivirlay boshlar shu kez:
– Oboraylik uyiga, aqldan ozmish sho‘rlik qiz.
Barmoqlari g‘unchalab, gulga aylanmish qo‘li,
Tavba, bechora qizni qaylarga boshlar yo‘li?!

Eh, bu sodda odamlar, mo‘jizaga ishonmas,
Ko‘z bilan ko‘rsagina ishondik deb aytar, bas.
Ular o‘ylarki, gullar o‘sar faqat dalada,
Donlar, boshoqlar faqat silkillanar g‘allada.

Har giyohning o‘rni bor, shakli, rangi, jilosi,
Qo‘lim gullasa, derlar: “Gullagani nimasi?!”
“Seviklim!” degan so‘zni tushunmaydi odamlar,
Ularga baxt bag‘ishlar faqat araq, taomlar.

Ular meni tutmoqchi, zindonga tashlamoqchi,
Eshigimni tambalab, qo‘ymoqchi yetti soqchi.
Ana, yetaklab keldi bir bahaybat itni ham,
Zora men gul, atirni, mo‘jizani unutsam…

Men baribir kuylayman: qo‘llarim gullamoqda!
Barmoqlarim – atirgul! Ifor sochar qamoqda!
Ana burnin ko‘tarib, mast bo‘la boshladi it,
Atirgullar o‘smoqda, to‘rt devordan oshdi hid!…

Nazokat Jumamurodova tarjimasi