Evaristo Karriyego (1883-1912)

Evaristo Karriyego (Evaristo Carriego) – Argentinadagi o‘z davrining yetakchi shoirlaridan biri. Buenos-Ayres hayoti tarannum etilgan ko‘plab she’rlar muallifi. “Bid’atchilar ibodati”(1908), “Guzarimning qo‘shig‘i”(1911), “Dala hovlilar qalbi”(1913) kabi kitoblar muallifi.

UYIMIZ YO‘LI

Uyimizdagi
Bir aziz narsamiz kabi,
Yo‘lakka soya solgan
Baland daraxtlarning
Kungurador gumbazlari misol,
Bolalarning sho‘xu shodon fitnalari,
Eski qadrdonlarning
Qadrdon chehralari,
Tun bag‘ridagi pinhoniy uchrashuvlar,
Sirli shivirlar singari,
Eski sharmankadan taralib –
Charos ko‘zlari g‘amgin
Qo‘shni ayolni titroqqa solguvchi
Siyqasi chiqqan arzanda kuyday
Biz uchun qadrli bo‘lding, yo‘l.
Biz seni azalu abad
Boshga ko‘targaymiz,
Biz seni sevamiz,
Uyimiz yo‘li.
Bunda hamma narsa
Qo‘zg‘ar xotirimizni.
Bundagi har bir tosh,
Har bir g‘isht
Biz endi,
Ehtimol,
Hech qachon
Qayta eshitmaydigan
Qadrdon qadam tovushlarin
Saqlar bag‘rida.
Biz ko‘p bora,
Ha, juda ko‘p bora
O‘pganim yuz kabi aziz bo‘lib ketgansan,
Uyimiz yo‘li.
Bilib qo‘y,
Shunchalar qadrdonmiz!
Ko‘zimiz o‘rgangan,
Qariyb o‘zgarishsiz,
Har oqshomgi
Odatiy holatlar bu aslida.
Mana,
Anavi qiz,
Kamtar va so‘zsiz,
Qaylig‘ini kuta-kuta
So‘lib borayotgan,
Tobora qarib borayotgan
O‘sha sarvinoz.
Kutilmagan uchrashuvlar,
Kutilmagan nimarsalar ham
Ro‘y berar ba’zan.
Sohibi xonadonlar
Notanish chehralar,
Begona kimsalarni
Bo‘sag‘adan kuzatishar jim.
Kutilmagan ayriliqlarga ham
O‘zing guvoh bo‘lasan ba’zan,
Uyimiz yo‘li.
Kimdir
Noma’lum tomonlarga yo‘l olar
Sen bilan ham xo‘shlashmay, hatto.
Odamlar ketadi…
Hamsoyalar ketar.
Hamdardlar,
Hamnafaslar…
Qaytmas bo‘lib ketarlar bari.
Tasavvur qilish qiyin.
Lekin,
Qanchalar dahshatli bo‘lmasin,
Kun kelib
Qaygadir ketamiz biz ham jim.
Barcha
Ilgari ketganlar singari,
Biz ham seni abadiyan
Tark etarmiz,
Uyimiz yo‘li.

SIR

Bor dunyoni unutibsan-ku…
Allaqachon senga begona
Fortepyano qanotlarida –
Qalbingning bir parchasin go‘yo –
Qoldirib ketibsan kundaligingni.
Tortinchoq, ma’suma bir qizning
Ichki dunyosi –
Har begona ko‘zdan asragan –
Yashirin sirlariga
Ko‘zim tushib qoldi daf’atan.
Ehtimol,
Eng yaqinlaring ham
Qiziqish bildirmas
Bu daftarchaga.
Lekin, men baribir
Bir sirni ochmasman,
Ya’ni,
Kundalikning har betida
Mening ismim
Qayd etilganin
Hech kimga aytmasman,
Hech kimga.
Osmonlarda uchib yuribsanmi,
Xayoli
Sochlari kabi parishon sanam?
Tezroq qaytgin.
Kundalikni qoldirdim men
Fortepyano qanotlarida.
Tayinli joy – shu!
Hah, go‘zal qiz!
Vah, sodda suluv!
Bor dunyongni unutibsan-ku…

Rus tilidan Yahyo Tog‘a tarjimasi