Peteris Zirnitis (Pēteris Zirnītis) – latviyalik shoir. Sankt-Peterburg universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. Uning “Ming qo‘ng‘iroq uyqusi”, “Sentyabr lirikasi”, “Do‘stim haqida kitob”, “Bo‘sag‘adagi guvoh”, “Ob-havo ma’lumotlari”, “Ko‘rganlarim” kabi to‘plamlariga jo bo‘lgan she’rlari Yevropaning ko‘plab tillariga tarjima qilingan.
TOKI IShQ BOR EKAN
(Sharqqa tatabbular)
* * *
Sen parqu bulutsan, jannatning huri,
Go‘yo chayqalursan, uchib halinchak,
Halinchak rishtasi pok Hilol nuri…
Shul qadar noziksan, o, inja malak…
* * *
Poylarimiz chirmashadi misoli ildiz,
Qarag‘ayning mumlaridek terlagan badan.
Endi bizni ajratolmas ajal ham hargiz,
Jismimizda oqayotir olov – ishq degan…
* * *
Elkam uzra qanot qoqqan ikki qush kabi,
mayin-mayin sirpanadi qo‘llaring takror.
Mehrmidi, sehrmidi ular matlabi,
ko‘ksim yorib chiqar Yurak – asov bir tulpor.
* * *
Oqilona hikmatlarni tinglayman gohi,
Biroq ular xotiramda qolmog‘i qiyin.
Yanog‘imga nafaslaring urilgan chog‘i,
Borliq ahli donishlarning fikri bir tiyin…
* * *
Bo‘sa degan bir otashda yonyapman butun,
Sen ham endi bir gurlasang, haqqing ketmaydi.
Axir tushun, olamshumul ishqimiz uchun,
Bitta Oyning nuri zinhor, zinhor yetmaydi…
* * *
Qorong‘u xonada qo‘ling axtarar,
Men atay qotgayman misli tosh.
Meni topmagandan ranjigan qo‘llar,
Beqiyos ishqingni aylaydilar fosh.
* * *
Sen uxlagach,men o‘zimni sezgayman yolg‘iz.
Yanog‘imni ko‘ksing uzra qo‘yarman asta.
G‘arib holim anglagandek, qaro tun ma’yus,
g‘oyib bo‘lar, bosh ko‘tarar Quyosh bir pasda…
* * *
Shamni yoqqil, parvonalar kuysin, tokim –
sodiqligin isbot etar ular yonib.
Gul tanangga nogoh tushsa mening xokim,
hayron bo‘lma, va yig‘lama Sen uyg‘onib…
* * *
Tun juda qisqadir, qarog‘im
aytishga ulgurmas sevgimni.
Va tongda bu tashna dudog‘im
to‘ymaydi takrorlab ismingni.
* * *
Qo‘llarim gung va lol, ulgurmas,
Senga ishq izhorin aytmoqqa,
Tun juda qisqadir, mumkinmas
bir doston sen uchun bitmoqqa…
* * *
Bizlarni chorlabdi mevazor dala,
Nafis chechaklardan tuzib gulchambar,
Ehtimol, bizlar ham endi bir yo‘la,
Manguga qolarmiz bunda ey, dilbar…
* * *
Agar bizlar ketsak, shabnamday zilol
Binafshaga meros – bo‘salarimiz.
Ularni tergaydir mehribon Hilol,
Bizni yod etsalar, qayta kelarmiz…
Rus tilidan Muhiddin Omon tarjimaci