Robert Greyvz (Robert Ranke Graves) – ingliz shoiri, tarjimon va romannavis. 140 dan ortiq asari mavjud. U Anglo-Irlandiyalik shoir Alfred Perseval Greyvzning o‘g‘lidir.
IShQ BELGILARI
Jahoniy bosh og‘rig‘i sevgi,
Yorqin bir dog‘ orzu ko‘ksida
Aqlni ham bulg‘aguvchi u.
Ozg‘inlik, rashk
Ham otmas tonglar
Haqiqiy ishq belgilaridir
Yana nishon va bosinqirash –
Eshitmoqlik taqir-tuqurni,
Jim kutmoqlik sharpa izini:
Uning qo‘li tegar deb qachon
Qop-qorong‘i xona ichida
Sarson bo‘lish izlab bir nigoh.
Bardam bo‘lgil, oshiq!
Chiday bilarmiding bu g‘amga
Unikidan bo‘lak har holda?
Inglizchadan A’zam Obidov tarjimasi
HECh NARSA
Hech narsa – bu hech narsa,
Halqa tutun teshigi.
Yalang, rangsiz devorda
Hatto yo‘qdir eshigi.
Hech narsa – tushunarsiz,
Uni bo‘lmaydi tutib.
Hech narsa bo‘lmaganda,
O‘tirma yana kutib.
Olimlar ovutadi:
– Hech narsa – bu yo‘q narsa!
Yo‘q narsadan umid yo‘q,
Och narsa-yu, to‘q narsa.
To‘g‘ri, olimlar oqil,
So‘zlamaydi tumtaroq.
Lekin mening ta’rifim
Hammasidan puxtaroq!
YO‘L KO‘RSATKICh
Yo‘l ko‘rsatkich yiqildi,
Bu holni hamma bildi.
Uni juftlab ravonga,
O‘ngla ketar tomonga.
Endi og‘ayni chalish,
To‘g‘ri bo‘ldi yo‘nalish.
O‘tirma o‘ylab-netib,
Manzilga borgil yetib.
Ba’zilar shu fursatda,
Bera boshlar ko‘rsatma.
Maslahatgo‘y ko‘payar,
Yon-veringda sho‘ppayar.
Hech ish kelmaydi qo‘ldan,
Lekin uradi yo‘ldan:
– Qaydan kelding?
Qayerga?
Qayga borasan?
Nega?
Har ishda go‘yo g‘olib,
Bahslashadi yotvolib.
O‘zi hech ish qilmaydi,
O‘rnidan ham jilmaydi!
Rus tilidan Nurulloh Oston tarjimasi