Edvard Lir (1812-1888)

Edvard Lir (Edward Lear; 1812 yil 12 may, Katta London — 1888 yil 29 yanvar, San-Remo) — ingliz rassomi va shoiri. Bolalar uchun yozgan she’rlari ham mashhur.

ChIKI-RIKI ChUMChUQVOY

Chiki-Riki Chumchuqvoy
Soyadan olgandi joy.
Ona chumchuq-chi, shu on
Tayyorlar edi taom.
Sariq tumshuqchalarga,
Jajji chumchuqchalarga
Pashsha, chivindan faqat
Mazali xo‘rak-ovqat.
Butun mehrini qo‘shib
Kuylardi asta qo‘shiq.
Tiki-viki-viki-vi,
Chiki-riki-tiki-ti,
Spiki-biki-bi!
So‘ngra Rikiga aytar:
“Azizim, sovuq paytlar
Yo‘talingiz tunu kun
Buzmoqda shirin uyqum.
Aksirishingiz dahshat,
Sizga shu yaqin fursat
Juda zarur keltirmoq
Uxlash uchun bir qalpoq.
Chiki-viki-miki-ti,
Biki-viki-tiki-mi.
Spiki-chiki-vi!
Yosh emassiz, qari ham,
Xavfli sizga sovuq, nam.
Mumkin emas unutmoq,
Erta topaylik qalpoq”.
Chumchuqvoy dedi: “Ha, rost,
Sening mehring beqiyos.
O‘rdakcham, o‘zingga ham
Baxt doim bo‘lsin hamdam.
Vitchi-bitchi-mitchi-bi,
Seni o‘yladim ancha,
Yomon xurrak otasan,
Aksa urib yotasan.
Bizga sovuq cho‘t emas
Shapka olib kelsak bas.
Kapor uchun ikkovlon
Uchaylik shahar tomon.
Vitchi-kitchi-kitchi-vi
Spiki-viki-miki-bi
Chiki-viki-chi!
Tezroq Londonga ketdik.
Olamiz senga etik.
Xarid qilamiz ko‘ylak
Yana zangor sharf kerak.
Zodagon xonimga xos
Kapor olsak bo‘lar soz.
Jiki-viki-biki-ti
Chiki-viki-biki-bi
Tviki-vitchi-vi”.
Erta bilan ikkovlon
Uchdilar London tomon.
Monumentga oz fursat
Qo‘nib o‘tdilar faqat.
Pikadelidan keyin
Xarid qildilar kiyim.
Shlyapa olishdi shu chog‘
Va so‘nggi rusum qalpoq.
Ota-ona kelgan on
Bolalar quvnar shodon.
– Oh, go‘zal ular qandoq,
Juda yarashgan qalpoq.
Chumchuqvoy dedi: “Ha-da,
Yasan-tusan zo‘r juda.
Bu kiyimda qoyil ish
Devor ustida turish,
Va chirqillash
chiki-chi!
Chivi-chivi-biki-bi!
Chivi-riki-mi!”

Rus tilidan Kavsar Turdiyeva tarjimasi