Nikoloz Baratashvili (1817-1845)

Nikoloz Melitonovich Baratashvili (ნიკოლოზ მელიტონის ძე ბართაშვილი; 15 [27] dekabr 1817, Tiflis — 9 [21] oktyabr 1845, Ganja) — mumtoz gruzin shoiri.

MERANI*

Chopar yo‘lsiz asov tulpor, uchar gumbir-gum,
Ko‘zi kuyuk qora qarg‘a qarg‘ab qolar shum.
Uch, Merani , senga chek yo‘q, olg‘a! Olib qoch!
Qora qayg‘um po‘rtanasin soch, shamolga soch!

Elni yorgin, suvni qorgin,
Qoyalardan o‘t, inmagin,
Olg‘a! Besabr bir yo‘lchiman,
Yo‘l tanobin tort, tinmagin!
Yolqinda ham, yong‘inda ham,
Uchag‘onim, bekinmagin,
Gar jonbozing, chavandozing
Tolsa – ayab, chekinmagin.

Tark etayin vatanni men,
Mayli, qolsa teng-to‘sh, do‘st-yor,
Tug‘ishganni ko‘rmam ortiq,
Tul qolgusi hatto dildor.
Tun yetganda – tongim otsin,
Shu joy bo‘lsin tug‘ma diyor,
Dil sirlarim yulduzlarga,
Yo‘ldoshlarga aytgum oshkor.

Dil nolasi, qoldiq sevgi, fido dengizga,
Sendek esar chopag‘onga, ko‘rki tengsizga,
Qora qayg‘um po‘rtanasin soch, shamolga soch,
Uch Merani, senga chek yo‘q, olg‘a! Olib qoch!

Ko‘milmay o‘z vatanimda, bobo qabri – soz tuproqda,
Mayli, aza ochmasin yor, yosh to‘kmasin zil firoqda;
Qora qarg‘a qabrim qazur chet yayloqda, bo‘sh o‘tloqda,
Suyagimni ko‘mgay quyun o‘kirib zor tim yiroqda.

O‘ksiz o‘lik yig‘i kutmas, shudring tomsa bas-da goh-goh,
Qavm-qarindosh uchun yo‘qlar gala quzg‘un-chinqiroq oh:
Uch, Merani, olib o‘tgin, qolsin taqdir atalmish choh,
Bosh egmovdi, bosh egmagay sening egang, bo‘lgin ogoh!

Taqdir zayli, mayli, o‘lsam yakka va yolg‘iz,
Qaysar yovman, tig‘ tortsa ham taqdir, bukmam tiz.
Uch, Merani, senga chek yo‘q, olg‘a! Olib qoch!
Qora qayg‘um po‘rtanasin soch, shamolga soch!

O‘limga duch jon niyati hech behuda ketmas yolg‘on,
Sen toptagan mashaqqat yo‘l qoladi-ku, axir inon;
Mendan keyin kasbdoshimga yo‘l, shubhasiz, bo‘lur oson.
Arg‘umog‘i shum taqdirdan olib o‘tar dadil, omon.

Chopar yo‘lsiz asov tulpor, uchar gumbir-gum,
Ko‘zi kuyuk qora qarg‘a qarg‘ab qolar shum.
Uch, Merani, senga chek yo‘q, olg‘a! Olib qoch!
Qora qayg‘um po‘rtanasin soch, shamolga soch!

_________
* Merani – Gruziya afsonasi va she’riyatida ko‘p uchraydigan chopqir ot.

Mirtemir tarjimasi

MERANI

Yo‘llari yo‘q, so‘qmog‘i yo‘q uchar Meranim,
Yovuz ko‘zli qora qarg‘a qolar qag‘illab.
Uch, beto‘xtov, yellarga soch dardu armonim,
Shijoatu kuch-g‘ayratda senga yo‘q taraf!

Suvlarni kech, bo‘ronni yor, tog‘u toshdan osh,
Uch, besabr men yo‘lchining yo‘lini qisqart!
Uch, g‘irotim, jazirami, yog‘adimi tosh,
Men chavandoz sohibingga qilmagil shafqat!

Mayli, qolsin butun vatan, yoru do‘st, tengdosh,
Mayli, ko‘rmay qon-qardoshim, sevgan yorim ham,
Tunni tongga ulab yugur, mayli, qo‘ymay bosh,
Yulduzlarga sirim aytib, bo‘layin hamdam!

Qolgan sevgim, yurak ohim dengizga berib,
Sening uchqur qanotingga bog‘layin umid!
Uch, qora o‘y, alamlarim yelga sovirib,
Uch oldinga, ey Meranim, senga yo‘q hudud!

Mayli hatto o‘z yurtimda bo‘lmasin qabrim,
Mayli yorim boshim uzra urmasin faryod!
Mayli cho‘lda qora qarg‘a qazisin go‘rim,
Mayli hokim chor atrofga sochsin girdibod!

Sevgan yorim ko‘z yoshini almashar shabnam,
Qon-qardoshim evaziga yig‘laydi qushlar.
Uch oldinga, ey Meranim, hatto taqdir ham
Taqdiriga tan bermagan mardni olqishlar!

Taqdir meni tan olmadi! Yolg‘iz qolsam ham
Raqibimning o‘tkir tig‘i sololmas dahshat!
Uch oldinga, ey Meranim, lol qolsin olam,
Mening mudhish o‘ylarimni yellarga tarqat!

Beoqibat qolmas mening dardu armonim,
Uch, g‘irotim, bu yo‘llarda izing qoladi.
Sendan keyin qardoshlaring qiynalmay joni
Manziliga aslo qo‘rqmay otin soladi!

Yo‘llari yo‘q, so‘qmog‘i yo‘q, uchar Meranim,
Yovuz ko‘zli qora qarg‘a qolar qag‘illab.
Uch beto‘xtov, yellarga soch dardu armonim,
Shijoatu kuch-g‘ayratda senga yo‘q taraf!
(1842)

GO‘DAK

Go‘dak chug‘urlashi jonimga rohat,
Oh, shirin tiliga maftunman hamon.
Shu shirin tillari onaga jannat,
Ko‘nglini ko‘tarar misoli osmon!

Oh, uning dunyosi begunoh, beg‘am,
Onasi mehriga muhtojdir faqat.
Shu mehr-erkalash unga bir olam,
Shu olam qo‘ynida ko‘tarar qomat.

O‘z umri haqida o‘ylamas aslo,
O‘tkinchi kun g‘ami unga begona.
Ko‘z ochib dunyoga kelgani asno
G‘amxo‘ri bo‘lgandir ota va ona.

Ma’suma go‘daksan, yayrab qol, ey, jon,
Shodlikdan boshqani bilmaysan hali.
Hali sen erkinsan, bu soxta jahon
Or qilar boshingga savdo solgali!
(1839)

ETIM YuRAK

Etimlar g‘amini yemasin hech kim,
Mayliga o‘rtanib, yonmasin bir jon.
Va lekin kim bo‘lsa yuragi yetim
O‘shaning tashvishi yomondan yomon!

Do‘stidan nogahon ayrilgan odam,
Bir kuni boshqasin topib oladi.
Va lekin qalbiga topmagan hamdam,
Umrbod o‘kinib, nolon qoladi.

Dunyoda ishonchin yo‘qotgan odam,
Hech kimga yuragin ochmaydi keyin.
Barchaga boqadi shubhada mudom,
Bundayga yashamoq yanada qiyin!

Yuragi yetimlik hammadan yomon,
Shodlikdan hamisha mahrum bo‘ladi.
Yolg‘izlik umrbod dilida armon,
Faqat bir oh urmoq unga qoladi!
(1839)

Shuhrat tarjimasi