Muxran Machavariani (1929-2010)

Muxran Machavariani (მუხრან ივანეს ძე მაჭავარიანი) – gruzin shoiri. 1929 yil 2 aprelda Argvetida tug‘ilgan. Tbilisi davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan (1952). Shota Rustaveli nomidagi Gruziya davlat mukofoti laureati.

ShOIR

U dunyoga keldi-yu, ammo
Elga ayon bo‘lmadi bu xol.
Buyuk daho bo‘lganin paydo
Zamin hatto qilmadi hayol.

Bahor edi. Dalada dehqon
Kuylar edi ko‘klamga doir.
Jahonga sir qoldi, ne jahon —
Qishloqqa ham bo‘lmadi ayon
Yaralgani olamga shoir.

Nom qo‘ydilar o‘zlariga bop,
O‘stirdilar. Sal qotgach tani —
Elkasiga yukladilar qop,
Yubordilar bug‘doy tortgani.

Ammo unga so‘yladi barglar,
Ariq bo‘ldi oydinda so‘qmoq,
Hilol unga ko‘kdan sochdi zar,
Ertak bo‘lib tuyuldi o‘tloq.

Yillar o‘tdi, vaqt yetib bir kun
Uning o‘zi bo‘lmayin ogoh —
Bamisoli girdobu quyun
Shoir yurak uyg‘ondi nogoh.

Paydo bo‘ldi ishq dilda ilk dam —
Surdi darcha oldida xayol.
So‘ng yurakda shu’la sochgan sham
Asta bo‘ldi yuksalib hilol.

So‘ngra u oy bo‘lib yetildi,
Quyosh bo‘lib sochdi yana nur.
Shoir olam sari otildi.
Tor kulbaga sig‘may tafakkur.

O‘lmas ruhi uning istardi —
Mangu bo‘lsa u bilan vujud.
Ammo — tirik olamning dardi —
Vujud umri emas behudud.

U ko‘zini yumdi, nihoyat,
Hamma kabi yo‘l oldi yerga.
O‘zgalardek uni ham qismat
Olib keldi oxir qabrga.

Shoir ilk bor paydo bo‘lgan chog‘
Uni hatto bilmagan olam,
(Go‘yo yo‘lda o‘sgan otquloq
Ne deb parvo qilmagan olam) —

Endi shoir yumgach ko‘zini,
Undan jonsiz tana qolganda,
Tiriklarga tashlab so‘zini
Yo‘qlik sari u yo‘l olganda —

Olam uni angladi, bildi.
Qalbi bilan his kildi dunyo.
Shunday, shoir olamga keldi,
Shuhrat topdi bo‘lganda ado.

Erkin Vohidov tarjimasi