Ilya Chavchavadze (1837-1907)

Chavchavadze Ilya Grigorevich [ილია გრიგოლის ძე ჭავჭავაძე; 1837.27.10(8.11), Kvareli 1907.30.8(12.9), Tbilisi] — gruzin yozuvchisi va jamoat arbobi. Peterburg universitetida (1857—61) tahsil ko‘rgan. 1861 yil vataniga qaytib, gruzin adabiyotidagi inqilobiy-demokratik yo‘nalishga boshchilik qilgan.
1864 yildan e’tiboran adabiy faoliyatdan tashqari, davlat va jamoatchilik muassasalarida ham xizmat qilib, 1861 yil islohoti tufayli dvoryanlar va dehqonlar o‘rtasidagi munosabatni muvofikdashtirish ishlari bilan shug‘ullangan. Uzoq yillar gruzinlar o‘rtasida savodxonlikni tarqatish jamiyatiga rais, «Iveriya» gazetasiga muxarrir (1877— 1902) va gruzin dramaturglari jamiyati hay’atiga rahbar (1879 yildan) bo‘lib ishlagan. 1906 yilda esa Davlat kengashiga a’zo etib saylangan. Chavchavadze Tbilisidan Saguramoga ketayotganida chor oxrankasi josuslari tomonidan uldirilgan.
Chavchavadze ijodi 19-asrning 50-yillarida boshlangan. «Ro‘yo» (1859), «Bir necha manzara yoki Qaroqchi hayotidan bir lavha» (1860) dostonlari va «Faqir kishining hikoyasi» (1859—62), «U ham odammi?» (1859— 63), «Otarning bevasi» (1880) qissalarida Chavchavadze gruzin jamiyatidagi sinfiy-tabaqaviy ziddiyatlarni, mehnatkash xalq haq-huquqlarining poymol qilinganini aks ettirgan.
Tabiat tasviriga bag‘ishlangan «Kvareli tog‘lariga» (1857) singari ayrim she’rlarni istisno qilganda Chavchavadzening poetik asarlarida ham vatanparvarlik g‘oyalari ustuvorlik kilgan. Shoirning xalq ijodi asarlari syujeti asosida yozilgan «Darvesh» (1883) dostonida inson jamiyatda yashashi va shu jamiyatni takomillashtirish yo‘lida mehnat qilishi lozim, degan fikr olg‘a surilgan.
Gruzin adabiy tilini xalqqa yaqinlashtirish va gruzin adabiyotida realistik tasvir teranlashuvida Chavchavadzening xizmatlari katta. Asarlari ko‘plab tillarga tarjima qilingan. Shoir Mattsminda tog‘i (Tbilisi)dagi gruzin adabiyoti va madaniyati arboblari panteoniga dafn etilgan.

* * *

Singan zanjir jarangin eshitmoqdaman,
Bu — qadimiy erksizlik — zanjir sadosi,
Haqiqat — mana shundoq g‘azab-la guldirashin
Eshitmovdi hech qachon qullik dunyosi.

Eshitaman — quvnayman, qoyil bo‘laman,
Ko‘ksim zavqu shavq-la nafas oladi:
Ozodlik bahorining qaldiroqlarin
Tug‘ilgan yurtimda ham eshitajakman…
Jarang — shu umidlarni dilga soladi.

SEN MEHNAT O‘G‘LISAN

(«Xayolot» dostonidan parcha, XIII bob)

Sen mehnat o‘g‘lisan, sening bo‘yningda
Haqsizlik bo‘g‘ovi — omonsiz bo‘g‘ov…

Mehnat, ko‘p zamonki, iskanjadadir,
Bir zamon kelyapti — og‘ir kishanlar —
Qars-qars uzilmoqda, hamma tomonda
Qullar uyg‘onmoqda,
Qullar — o‘ch olishga tayyor turganlar.

Halol mehnatning chin ozod bo‘lishi —
Mana yangi zamon vazifasi shu.

Ellar ko‘tarmoqda ketma-ket bo‘ron,
Bu bejiz emas hech,
Ellar qardoshligi bo‘lsin der mangu
Yoshini yashagan bu keksa dunyo
Qudratli dovulga tob berolmaydi.
Boshlanar haqiqat uchun katta jang,
Bu jang maydonida —
Talonchi, qonxo‘rlar hech yengolmaydi.

Zanjirlar ushalur, jahonda zo‘rlik —
Zo‘ravonlik tog‘i bo‘ladi yakson.
Kurtak yozayotgan yangi zamonda —
Men tug‘ilgan yurt ham —
Yangidan tug‘ilib, gullar begumon.

Mirtemir tarjimalari

BAZALET KO‘LI

Deydilarkim, oltin beshik bor,
Bazalet ko‘lining ostida,
Sehrli bog‘, xazonsiz gullar,
Zangori suvlarning pastida.

Deydilarkim, shu bog‘ hech so‘lmas,
Yaprog‘ini to‘kmas hech qachon,
Uzoq yillar yashar, chirimas,
Qish kunlar o‘ramas tuman.

Toza ko‘l uzra yo‘q g‘ubor,
Navdalarin urmas harorat,
Emib yog‘du, soyada faqat
Bahor bilan almashar bahor.

Elday mayin, ko‘lning qa’rida
Sal tebranar suvning beshigi.
Tushish uchun ko‘lning tagiga
Jur’at qilolmagan hech kishi.

Faqat yengil, mayin ohanglar
U beshikni oilab o‘ynashar.
Sevib nozik beshik naqshini,
Jozibali alla so‘ylashar.

Deydilar uni mislsiz boqqa
Malika — Tamara keltirgan.
Xalq jaladay ko‘z yoshi bilan
Bog‘ni ham bola’ni botirgan.

Ammo bilmas hech kim kimniki,
Nega u beshikka solingan,
Nega sho‘r yoshini daryo qilib xalq,
Oltin beshik ustiga to‘kkan?

Deydilar; u beshikda mudrar bola,
Ulkadagi barcha el kutgan,
Ko‘pdan beri Gruziyaning
Xayolini o‘zga band etgan.

Ko‘l ostiga tushib beshikni,
Olib chiqsa kim birinchi bor,
U bahodir, u botir bo‘lar,
Barcha xalqning rahmatiga yor.

Butun yerning umidi bo‘lgan,
U aziz bolani emizgan,
Katta qilgan ona shaksiz bo‘lar,
Jahon olqishiga sazovor.

Uyg‘un tarjimasi

BAHOR

Chakalakzor ohista:
«Yasha!» deya shovqinlar
Hamda ma’yus tol navda
Armon bilan qon yig‘lar.

Gul-lolalar ochilgan,
Tog‘ sirti-yu qir chaman.
Sen ham qachon, ey vatan,
Chaman bo‘lib gullaysan?

Shuhrat tarjimasi

ShOIR

Yovvoyi qush bo‘lib, olamni kezib
Sayragan parranda: u — men emasman;
Jarangli torlarga qo‘lin tegizib —
Kekkaygan sozanda: u — men emasman.

Dunyo yo‘llarida men ham yo‘lovchi,
Xalqqa o‘g‘il qildi meni osmon.
Tangriga do‘st bo‘lsam, buning bor vaji:
Boshlay insonlarni erkinlik tomon.

Menga bag‘ishlabdi taqdir azaldan
Ilohiy bir olov — ilhomning kuchin,
Toki, mashg‘ul bo‘lib bu dunyo bilan
Yashay odamzodning kurashi uchun,

Toinki, bu xalqning tashvishi, g‘ami —
Menga o‘z qayg‘umdai og‘ir tuyilsin;
Toki, gruzinlar dardi, alami —
Erigan ma’danday ruhga quyilsin.

O‘sha osmoniy nurlar yorug‘i
Fikrimni lovillab yoqolsa agar,
Unga javob berar dilim qo‘shig‘i:
Yo‘q, ketmas bu qo‘shiq, kuylashim bekor.
1860

Maqsud Shayxzoda tarjimasi

QO‘ShChI

Oldinga yur, ortga yur, ey mening yaqin do‘stim,
Birlashib yer haydab, ekaylik ekin, do‘stim.
Xalq qo‘shig‘idan.

Ho‘kizim, qalbimiz o‘t-firoqdadir,
Ammo nasibamiz shu tuproqdadir.
Og‘ir bo‘yinturuq ezar bo‘yindan,
Qutulmaymiz chog‘i bunday «o‘yin»dan.

Shu tuproqqa oqar manglay terimiz.
Ammo yelga uchib borar umrimiz.
Ey sho‘rlik ho‘kizim, chekaverma g‘am,
Bilaman darding mo‘l mendan ham, oshnam.

Tongdan maftun etar bizni tabiat,
Bir parcha non uchun chekamiz zahmat.
Bilki, biznikidir bu yer, bu tuproq,
Dardimizni anglar yaqinu, yiroq.

Tiling yo‘g‘u seni, ammo diling bor,
Tili borga hasad qilmagin zinhor.
Ba’zilarda esa bo‘lsa hamki til,
Erkin so‘zlasholmas, boshda yuki zil.

Haq, adolat uchun kurashmasa gar,
Nega kerak axir oltinsop xanjar?
Parcha yer sathini o‘ymagan omoch
Nega ham darkor u, kim unga muhtoj?

Yurakda alamu — hasratim to‘la,
Aytib tugatolmam barin bir yo‘la,
Har qancha azobni tortmoqqa shayman,
Lekin haqiqatdan yuz o‘girmayman.

To‘lsa-da bu vujud har qancha g‘amga,
Sening g‘amingni ham oldim yelkamga.
Ne chora, ho‘kizim, axir, na chora,
Bo‘lsa-da yuraklar pora va pora,
Shu bir kaft yerimni ekib olaylik,
Manguga do‘st bo‘lib birga qolaylik.

H. Saloh tarjimasi