Galaktion Tabidze (1892-1959)

Galaktion Tabidze (გალაკტიონ ტაბიძე) – XX asr gruzin adabiyotida yorqin iz qoldirgan shoirlardan biri. Gruziya xalq shoiri (1933). Uning “San’atkorona she’rlar”, “Vatan. Hayotim”, “Yuzta she’r” kabi to‘plamlari, “Jon Rid”, “Davr”, “Inqilobiy Gruziya”, “Akakiy Sereteli” kabi dostonlari, ayniqsa, mashhur.

NUR

Zulmatni parchalab yog‘du socha ol,
Jafodiyda ko‘hna tuproqdan
Tun ketsin, bulutni yorib forig‘bol,
Shu’la yetib kelsin yiroqdan.

Boshqalar qatori nur ber, bitsin nur
Mening yurtim manglayiga ham.
Zulmatni parchinla, Vatan bo‘lsin hur –
Baxt-tolega arzir chinakam!

***

Kim xayol qilibdi,
Bizlarni shundoq
Buyuk ishlar
Kutib turganligini.
Inqilobiy yurtning
Ravishiga boq,
Ko‘rgung
Shiddatli
Ot surganligini!
Tun kutar,
Oq yuzli tonglarga intiq,
Noyob go‘zallikni
Kutgan kabi zor.
Do‘stlar,
Kutmoqlikda
Bormikin mantiq,
Sizga aytadigan
Ko‘p gaplarim bor!
Mana,
Issiq joydan
Negadir kechib
Uchuvchi
To‘fonga
Burar yuzini.
Tuman, bulut esa
Chetda qolmay deb
Shamollar bag‘riga
Urar o‘zini.
Shukuhli izidan
Borsang agar sen,
Beomon muzlarni,
Sovuq havoni,
Barcha-barchasini
Unutarsan sen,
Bo‘lsa hamki shamol,
Qorning bo‘roni!
Ammo bu sovuqdan
Tetiklashar ong,
Ana,
Er yaqindir,
Oy yaqin, ana!
Uchuvchi
Shiddatli vaqtga hamohang
Yangi jahonlarni
Kashf etar yana.
Xuddi keng suv uzra
Shuvillagan, tez
Au-u-u –
Aks-sadoday
Elib o‘tar u.
Pastda ko‘p narsalar
Qoladi beiz,
Lahzada
Ufqqa borib yetar u.
G‘uv-g‘uv-g‘uv qiladi
Aeroplan,
O‘lkani zabt etar,
O‘lkalarni ham.
Filu bars makonin
Suronlar bilan
Bezovta etadi
Beparvo, beg‘am.
Tog‘dan oshib o‘tar,
Kesar shamolni,
Ummonlar matosin
Parchalab tashlar.
Erkin qo‘yganida
Fikru xayolni
Og‘ushiga tortar
Ro‘yolar, tushlar.
Yangi oqimlarga
Tashnadir qalbi,
Zafarlarning
Oltin sarhadin tilar.
Gurjiston!
Titratib urushning zarbi,
Sha’ningga
Qismatning g‘ami yog‘ilar!..
Yo‘q, endi!
Havoga jilov solgan er
Ishonch bo‘lib kirar
Intiq qalbingga!
O‘zi osmonlarda
Parvoz etay, der,
Piyoda keladi
Biroq, oldingga…

Muhammad Ali tarjimasi