Zaxarias Topelius (1818-1898)

Zaxarias Topelius (Zacharias Topelius) – Finlyandiya adabiyotining atoqli namoyandasi, shoir, adib, dramaturg. Millati – shved. Uning romantik ruhdagi lirikasi tabiat bilan uyg‘unlashib ketgan, tabiat ranglari shoir qalamida tiniq, ramziy tarzda aks etadi.
Topeliusning betakror, musiqiy, jarangdor she’riyati: “Rangin archagul” (1844–1854), “Yangi barg” (1870), “Archagul” (1889) to‘plamlarida jamlangan.

KANSALA YoZI

Tebranaman baland butoqda
Ko‘zim qiri yetguni qadar.
Yashil tog‘dan boqgum, uzoqda –
Shu’lalanar moviy ko‘l dilbar.

Lengelmenvesi ko‘rfazi sof
Po‘latdayin tovlanar yo‘l-yo‘l.
To‘lqinlari o‘ynoq va shaffof,
Go‘dak kabi tiniq, oqko‘ngil.

Bolalikda bo‘lgani yanglig‘
Osmon ko‘m-ko‘k, Vesiyarvi – nur
Sochqilaydi kunduzlar yorug‘,
Uning ochiq, keng bag‘ri – hur-hur.

Gullayotir orollar shodon,
Tabiatning o‘ylari zangor.
To‘lqinlanar yangi begumon
Qarag‘aylar qirg‘oqda qator.

Tinglayotir mo‘ysafidlar jim
Bolalikning sho‘x ertaklarin.
Bolalar – gul, gulgundir, sim-sim
Ko‘l yuzida belanchaklari.

Yoz shamoli sarin va betin,
Chayqaladi o‘tloq gullari.
Finlyandiya, naqadar g‘amgin
Kengliklaring, so‘qmoq, yo‘llaring!

Jilolanar oltin, kumushday
Ko‘llarining nuqra suvlari!
Fin torlari o‘ngimda, tushda –
Qayg‘u, quvonch, ishq g‘uluvlari.

Bir maromda taralar qo‘shiq,
Raqs tushar to‘lqin mavjlari.
Men bir oshiq qushchaman, oshiq,
Qanotimda – qalbim avjlari.

Agar kuchli burgut bo‘lsaydim
Uchar edim samoga xushhol.
Parvozimdan ko‘nglim to‘lsaydi
Etar edim arshga, ehtimol…

Tiz cho‘kkancha Tangri qoshida
O‘tirardim uzoq va qizg‘in.
“Ko‘k egasi, azal boshidan,
Qudratingdan yaralmish zamin!

Qudratingdan namoyon xilqat!
Qush ko‘nglimning tuyg‘ulari pok.
Yarqirasin mehru muhabbat –
Beg‘ubordir ko‘zlarimga boq.

Bizni shunga o‘rgat erta-kech,
Yurt sevgisi tark etmasin hech!”

ARG‘IMChOQLAR

Arg‘imchoqda men-la uch bir bor,
Oppoq durra o‘ragan go‘zal!
Shom chog‘ida kelinday ifor
Taratadi tabiat azal.

Arg‘imchoqlar, uching balandroq,
Hilpirasin qizlar durrasi
Havolarda mayindan-mayin!

Qara, qara, poyimiz uzra
Yarqiraydi zumrad maysalar.
Osmon tiniq nurlanar – nuqra
Vodiy bo‘ylab – shamol, naysonlar.

Jarangdordir qushlar ovozi,
Qanotida sabolar salqin.
Kuzataman olis parvozin,
Kuylar, kuylar bor olam – oqin.

Arg‘imchoqlar, uching balandroq,
Hilpirasin qizlar durrasi
Havolarda mayindan-mayin!

Baxtning kumush saltanatida
Qir-adirlar yassi, maftunkor.
Uchar edim ishq qanotida
Kun shafag‘i bu kech betakror!

Arg‘imchoqlar, uching balandroq,
Hilpirasin qizlar durrasi
Havolarda mayindan-mayin!

Bir tomonda mudroq qayinlar
Elkasida yashil ko‘ylagi.
Dalalar keng, qiyaliklar zar,
Yonbag‘irda yelday o‘ynagin.

Arg‘imchoqlar, uching balandroq,
Hilpirasin qizlar durrasi
Havolarda mayindan-mayin!

Vodiylarni quchgan dalalar,
Ko‘klam, yashil o‘tloqlar ko‘rkam.
Oqshom shirin-shirin allalar,
Sariq gullar tebranar erka.

Arg‘imchoqlar, uching balandroq,
Hilpirasin qizlar durrasi
Havolarda mayindan-mayin!

Tonglar chiqar tonglarga peshvoz,
Vaqt abadiy kechadi unda.
Shiddatkordir, yugurik ovoz
Otiladir – unutish bunda.

Uching, uching, arg‘imchoqlarim,
Yiroqlarda zulmat oralab
Oqaradi qizning yuzlari…

Rus tilidan Oygul Suyundiqova tarjimasi