Elisaveta Bagryana (1893-1991)

Elisaveta Bagryana (haqiqiy ismi-sharifi — Yelisaveta Lyubomirova Belcheva) (29 aprel 1893, Sofiya — 23 mart 1991, Sofiya) — bolgar shoirasi, tarjimon. Bolgariya Xalq Respublikasi Qahramoni (1983). Dimitrov mukofoti laureati (1950).

EVARA

Olis ajdodlarim portretlari,
Unvonlar kitobi avlodimda yo‘q.
Ular qo‘shig‘ini bilmayman barin,
O‘tgan yo‘llaridan yurmayman aniq.

Lekin tortib qo‘yar chakka sochimdan
Tomir-tomirlarda o‘ynoq, qaynoq qon.
Meni yo‘qotadi butkul tinchimdan,
Muhabbat qa’riga sudrar beomon.

Buvimning buvisi yoshgina ekan,
Ipak shohi yuzda, chiqarmay sasin
Yo‘lga tushmaganmi ajnabiy bilan
Ishqning tulporida yarim kechasi?!

Chaqmoq ot yollari, qop-qora xayol,
Yodlar Dunaybo‘yi bog‘lari hamon!
Oshiqlar izini ko‘chirgan shamol
Egri qilichlardan saqlagan omon.

Ehtimol, shu bois sevaman dala
Uzra yangrab ketsa oqqush xitobi.
Keng moviy qirg‘oqlar tovlanar palla
Qamchi havolansa, otlar shitobi…

Beiz ketamanmi yo aksi – ne tong!
So‘nggi nafasimga qadar gulbog‘im,
Seni madh etaman, aziz onajon,
Qadimlardan qadim bulg‘or tuprog‘im.

Zuhra Asqarova tarjimasi

QUDUQ

Kichik qo‘rg‘onimning yuragi –
maydon burchagidagi quduq,
uch tup qayin o‘rtasidagi,
ayri tanali qarag‘ay
ostidagi aylana quduq.
Qishning qahratonida iliq suvli,
yozning saratonida sovuq suvli
qutli quduq.
Tongda oppoq,
shomda qoramtir
shu’la sochib so‘nmaydigan,
misli chambarak oyna,
tosh gardishli yaltiroq ko‘zgu,
quduq ko‘zi
yumilmas mangu.

Og‘ir qopqoq bilan yopilgan ko‘zgu.
Uning qopqog‘ini ochsam choshgohda,
quyosh nuri o‘ynar shishadek suvda,
tiniq osmonda uchadi qushlar,
nastarin rangin separ janub shamoli.
Uning qopqog‘ini ochsam oqshomda,
bulutlar suzadi kumushdek suvda,
tillo lagan tashlaydi
quduqning tubiga oy,
ko‘kdagi yulduzlardan
tomchilar billur ko‘z yosh,
nur tarala boshlaydi
quduqdagi osmondan.

O, mening qudug‘im,
tiniq,
teran,
bedor,
hamisha uyg‘oq.

Quduq xotirasida
odamlarning qadam tovushi,
yig‘i-sig‘i, o‘yin-kulgi,
bolalarning shod qiyqirig‘i,
shivir-shivir sevgi izhori,
to‘y-ma’raka g‘ala-g‘ovuri.
Shu quduqdan tortib olingan suvdan –
shu quduqdan toshib chiqqan ziyodan
jon kiradi behol tanamga,
vujudimga kiradi mador,
yuragimga quvvat kiradi.
Ruhimga kuch,
tomirimga qon
qishning qahratonida iliq suvli,
yozning saratonida sovuq suvli
qutli quduq.

Biroq sen bilarmiding,
quduq qazmoq –
naqadar og‘ir yumush?
Erning zarang qatlamin o‘ymoq,
qumli, toshli yerlarni qazmoq,
tig‘ o‘tmas, berch loyni kavlamoq?
Kimga zaril bu?!
Quduqning ko‘zini ochgunimcha to,
er ostidan buloq topgunimcha to,
men qazigan tuproq tog‘ bo‘lib ketdi,
men kavlagan toshlar tog‘ bo‘lib ketdi.

Tanish va notanish kishilar bir to‘p,
juda qiziquvchan,
tomoshabin xalq
bir zumda boshimda to‘planib olib,
menga tanbeh berishdi:
– Vodoprovod bor-ku uyingda, axir,
senga nega zaril o‘zi bu quduq?!

Beixtiyor qimtinib,
nogahon o‘zimni his etib aybdor,
odamlarga ochdim sekin ko‘nglimni:
Slivenni eslatadi menga bu quduq,
baxtiyor damlarimni,
ilk jo‘shqinlik sevinchini,
ilk to‘lqinlar ohangini
his etarman yodimda takror.

Xalq dedi: “Bu xayol. She’riyat!”
Mazax qilib kuldi odamlar.
Biroq qurg‘oqchilik kelgach to‘satdan
qurib qoldi ko‘llar, ariqlar,
kranlardan suv oqmay qo‘ydi,
jo‘mraklardan jildiramas suv.
Meni mazax qilgan o‘sha odamlar
chopib keldi darhol quduq boshiga,
quduqdan muzdek suv tortib olishib,
suv ichib, chanqog‘in qondirdi ular.

So‘ng to‘satdan juda qattiq keldi qish,
suv oqqan ariqlar muzladi-qoldi –
qo‘rg‘oshin quvurlar,
cho‘yan quvurlar
darz ketdi,
yorilib ketdi sovuqdan.
Hamma narsa jonsiz to‘ngdi, muzladi.
Biroq tirik edi birgina quduq,
tirik edi uning tubidagi suv.
Faqatgina quduq olardi nafas,
og‘zidan chiqarib qaynoqqina bug‘.
Iliqqina suv ichdim
yoshlik chog‘imda
Slivendagi eski quduqdan
ilk bora ichganimdek
ishonch,
E’tiqod.

Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi