Naum Yakovlevich Galperovich (Navum Yakao‘levіch Galpyarovіch; 14 yanvar 1948) — belorus shoiri, publitsist, jurnalist. SSSR yozuvchilar uyushmasi a’zosi (1990). Belarusda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (2021).
* * *
Yig‘la, ey skripka, men uchun yig‘la,
Bag‘rim yonsin, dardchil nola, tilakdan.
To o‘zni qadrdon o‘lkamda ko‘ray,
Bahor gullari-la qalbimni o‘ray,
Yig‘lagil, his etay seni yurakdan.
Kamonchang qor bosgan xotiram titsin,
Borlig‘im uyg‘otsin kuylaring butun.
Yodimda qadrdon oshyon jonlansin,
O‘rmonlar sehriga bu bag‘r qonsin,
Kuzgi xazonlarni eslayin mahzun.
Mayliga, sozandang anduhim bilsin,
Dardman ko‘ngil yo‘qdir bunda manimdek.
Onam yelkasiga bosh qo‘yib behol,
Bir vaqtlar men to‘yib yig‘laganimdek,
Sen ham hasratingni to‘kib yig‘lab ol…
* * *
Balki, hamma narsa bir kun yo‘q bo‘lar,
Lekin Vatan, qo‘shiq abadiy qolar.
Ajralmasdir ular, yo‘qolmas aslo,
Toki bahor dilga oshiqlik solar.
Faqat u qaytadan tug‘ilaverar,
Har bir kunda qismat, unga yashamoq.
Qadrdon tildagi oy kabi so‘zlar,
Maysa uzra nurdan to‘shalgan so‘qmoq.
Gar hayot ayblasa ko‘p bor, ne bo‘pti,
Vatan deb dard chekmak – dilga oliy sha’n.
To Vatan bor ekan, qo‘shiq bor mangu,
To qo‘shiq bor ekan, barhayot Vatan!
* * *
Zulmatni yoritgan nur so‘nmas aslo,
Xazonrezgi qurshar, bir kun so‘laman.
Za’faron barglarim sochib birma-bir,
Qadimgi bog‘ kabi g‘oyib bo‘laman.
Suhbatlarda bot-bot eslashar meni,
“Bor edi” – yangraydi shafqatsiz so‘zlar.
Meni sevganlarning endi barchasi,
Unutib o‘ziga yangi do‘st izlar.
Garchi mo‘jizaga ishonmasam ham,
Dilim ozurdadur, umid dardida.
Unutilib ketmam, doim yashayman,
O‘zim sevganlarning yorug‘ qalbida.
* * *
Shudgorlardan ko‘tarilar bug‘,
Ko‘m-ko‘k rangda yarqirar osmon.
Sut va nonning hidi anqiydi,
Shahar tomon ketgan yo‘l – ayon.
Yo‘q, afzalmas boshqa yo‘llardan,
Beminnat yer, tuproq, o‘ng-so‘lim.
Unga singib boryapman har kun,
Tutashmoqda hayot-la yo‘lim.
Taqdirim shu xalq bilan birga,
Faqat u-la ketgum birlashib.
Ko‘hna tilin alqab yashayman,
Er va Osmon bilan so‘zlashib.
Rus tilidan Minhojiddin Mirzo tarjimasi