Gvido Gezelle (1830-1899)

Gvido Gezelle (Guido Gezelle; 1 may 1830, Bryugge, Belgiya — 27 noyabr 1899, Bryugge) – flamand shoiri, filolog, folklorshunos, Flamand Qirollik til va adabiyot akademiyasi a’zosi. Shahar bog‘boni va dehqon ayol oilasida tug‘ilgan. O‘n beshta tilni bilgan va qadimgi german matnlarining eng yaxshi bilimdonlaridan biri sanalgan. U o‘z she’rlarida erkinlikni kuylagan. An’anaviy she’riy shaklni buzgani uchun keskin tanqid qilingan. Asarlarini niderland tilida yozgan.

ShITIRLAYoTGAN QAMISh

Shitirlayotgan qamish,
Kuying hasratga to‘lmish.
Daladan shamol essa,
poyalaringga tegsa,
egilursan parishon,
qadding rostlarsan shu on,
sekin aylarsan xonish,
tovushing qayg‘uli, o‘, qamish!

Shitirlayotgan qamish!
Goh kitobdan uzilmish,
daryo bo‘yida yolg‘iz –
o‘tirardim tashvishsiz,
boqar edim oqimga,
kuchsiz poyalaringga,
mavjga – dilim o‘rganmish
mahzun nolangga, qamish!

Shitirlayotgan qamish!
Tovushing yetar yo‘lchiga,
eshitmaydi u biroq,
zulmatda ketar yiroq,
taqdir chorlagan joyga,
oltinga to‘la soyga –
to‘xtamas u bir zumga,
menga aziz, ey qamish!

Lekin so‘zlaring, qamish,
hamma rad etmaganmish:
poyang yaratib Xudo,
demish: “Es!” – misli sabo,
shabada senga yetdi,
egilding… U eshitdi…
zo‘r yo zaif bu tovush
unga ma’quldir, qamish!

Shitirlayotgan qamish!
Menga ham tiling ayon,
itoatkor, parishon –
ta’zim qilganing u on,
etganda burching ado,
qalbim sen-la doimo,
shitirlayotgan qamish!
Tiling menga ko‘p tanish.

Shitirlayotgan qamish,
so‘zlaringni sen bir zum
kuyimga joyla, ta’zim
etgin uning o‘ziga,
bizga umr berganga,
ichimizni ko‘rganga,
tingla! – aylarman xonish
men – g‘arib, sarson qamish!

Rus tilidan Komila Nosirova tarjimasi