Naapet Kuchak (XVI asr)

Naapet Kuchak – arman xalqining ilk oshiq, ya’ni baxshi-shoirlaridan biri. Uning tarjimai holi haqida ma’lumot ko‘p emas. Ba’zi manbalarda XV–XVI asrlar oralig‘ida Vana yaqinidagi Xarakonis qishlog‘ida (hozirgi Turkiya hududi) tug‘ilgan, deyiladi. Shoir hayotlik chog‘idayoq xalq o‘rtasida shuhrat qozongan. U asosan arman she’riyatining qadimiy janri – ayrenda ijod qilgan. 

1

Borib ayting o‘sha suluvga,
Bugun zangor qabosin kiysin.
Zangor qabo – uqubatimdir,
Qaraganlar men kabi kuysin.

Men ketarman, ko‘rmayin deya,
O, xudoyim, madad ber menga –
Sen zangorni oq rangga bo‘ya,
Borliqni ko‘m zangori rangga.

2

Sen – olov, sen – yoqut-marjonsan,
Enangga ayt, bermasin erga.
O‘zim kelib seni yoqarman,
Enang zarni sitmasin ko‘rga.

Koshki yorim bo‘lsang…O, hatto
Bir-biriga ko‘zimiz o‘xshar.
Ammo, netay, netayki, xudo
Juda yuksak-yuksakda yashar.

3

Gilam uzra to‘shak yozarman,
Seni esa o‘rayman zarga
Va dasturxon senga tuzarman –
Bazmi jamshid qilgaymiz birga.

Keltirurman may to‘la ko‘za,
Kaklik go‘shti o‘rtada taom.
Yostig‘imiz dasturxon bo‘lsa,
Qo‘llarimiz bo‘lat kumush jom.

4

Men yovvoyi qushchaman, begim,
Keldim faqat men bir nafasga.
Karvon chorlar, kutar osmonim,
Meni qama tilla qafasga.

Zarbof qabo, uzuk sotib ol,
Sovchi jo‘nat – tillari boldan.
Sen ayyor bo‘l, sen meni alda,
Chiqargin sen meni qo‘ldan.

Xurshid Davron tarjimalari

* * *

Sevaman deganlaring quruq so‘zmidi, ey yor,
Shoyi deb tutqazganing oddiy bo‘zmidi, ey yor?
Va’dalaring unutib, nahot tashlab ketarsan,
Topganing mendan a’lo qora ko‘zmidi, ey yor?!

* * *

“Bir bo‘sang narxin ayt menga, nigoro?”
Ishva bilan dedi: “Boymisan ortiq?
Barcha molu mulking menga chikora,
Sevsang, bas, bor mehrim qilarman tortiq”.

* * *

O‘g‘lini beshafqat qarg‘adi ona:
“Tentirab yashagin misli devona.
Sahrolarda sarson kezib begona,
Jannatday yurtingni sog‘in yagona”.

Rus tilidan Abduhamid Pardayev tarjimasi