Shoir Husayn Habash 1970 yilda Suriyaning Afrin viloyatidagi kurdlar yashaydigan Shayxul Hadid qishlog‘ida tavallud topgan. Ayni paytda u Germaniyaning Bonn shahrida istiqomat qiladi. Ilk she’riy kitobi “Gullar qatida” deb nomlangan. Kurd va arab tillarida ijod qiluvchi shoirning to‘rtta she’riy kitobi nashr etilgan. She’rlari ko‘pgina xorijiy tillarga, jumladan ingliz va ispan tillariga tarjima qilinib, chet mamlakatlarda ham bosilgan. Husayn Habash bir necha xalqaro ijodiy dastur va adabiy anjumanlarning faol ishtirokchisidir.
IKKI OShIQ
Ikki kishi edik
Yolg‘iz ikki nafar
Hatladik darvoza
Ortda eski shahar…
Birin ismi Jamshid,
Ikkinchisi Ona.
Biri uy g‘amida
Axtarur boshpana,
Ikkinchisi esa
Ayollar dardida
Izlar qaynoq bo‘sa…
Ammo lekin shahar
Shafqat qilmayin sal
Keng ochib qulochin
Qolmadi orqadan
Qo‘lida xipchinlar
Soplari qo‘rg‘oshin…
FAVVORA
Ona emizmoqda bolasin,
Ko‘kraklari uning favvora.
Mehru muhabbati beminnat,
Aslo javob kutmas ovvora,
Yuraklari uning favvora.
Bir qush uchib borar ufqda,
Mayin qanotlari favvora.
Qog‘ozda raqs tushadi qalam,
Siyoh-dovotlari favvora.
Bul maydonning qoq o‘rtasida
Gir aylangan shoirning boshi –
Mungli bayotlari favvora.
BETHOVEN va KURDLAR
Bethoven haykaliga boqarkan
o‘ta g‘amgin ko‘raman uni.
Barcha kurdlar birga
Shahar markaziga tikar ko‘z
qadamlari ila
Hech ne yupatolmas ularni
Sog‘inchdan bo‘lak,
Bethovenni yig‘latish uchun
Shaharni qoq ikkiga bo‘lgan
Shu Reyn daryosiga qarayman
o‘ta, o‘ta g‘amgin ko‘rinar u ham,
Ifrot emasmi ul mabodo,
Bebaxt, mahzun va sho‘rlik Ifrot?
REYNDA BIR KEChA
Sovuq yalang‘och daraxtlarning
Hayosini qiladi qurbon
Qaltiramay deya bir ayol
Qora choponiga burkanmish
Biz ilgari siljiymiz asta
Yolg‘iz ikki kishi
U va men
Tushar qadam ortidan qadam
Yomg‘ir cherta boshlar
Bo‘zargan barglarni
Daryoni kechadi
Yukli kemalar
Uzoqlashib ketadi birdan
Oramizda qolgan masofa
Va miltirab turgan chiroqlar
Shu orada
Quchoqlashar ular bir-birin
Suvli ekran ortida turib
Undan shirin bo‘sa olaman
Ehtirosli og‘ushni deya
Qaltiraydi maysa
Reyn daryosi chaladi qarsak
Ming xil ranglar ila
Qo‘shiq kuylay boshlar
“Baxtli bo‘ling” deb
Daraxtlarning shovullashi
Afsona bitadi yam-yashil.
Turfa sirlar ichra ko‘milib
Daryo ila quramiz suhbat
Shunday latif va fayzli kecha!
Ingliz tilidan A’zam Obidov tarjima qildi