Amerikalik shoir Stiven Kreyn (Stephen Crane) ko‘proq yozuvchi – nasrnavis sifatida mashhur. Uning urush mavzusidagi “Zafarning qizil ramzi” qissasi, xarobazor va tashlandiq mintaqalarning qashshoq odamlari hayotidan olib yozgan novellalari diqqatga sazovor. Adibning she’rlari ham teran fikr va mazmun bilan ajralib turadi.
* * *
Bir odam bor edi – tili og‘ochdan.
Havaslanib qoldi qo‘shiq kuylashga.
Havaslari kulgi uyg‘otadi-ya…
Uni tinglab turgan boshqa bir odam
Og‘och tillar qandoq sas chiqarishin
Hamda kuylayotgan qo‘shiqchi gapin
Anglashga urindi,
Anglab yetdi ham.
Yayrab-jo‘shib ketdi shunda qo‘shiqchi
Odamlar o‘ziga e’tibor qilib,
Qo‘shiqning mag‘zini chaqqanligidan.
YO‘LOVChI
Yo‘lchi yo‘l tanladi Haqiqat tomon
Va hayratga tushdi shu zamon:
Haqiqat yo‘lini o‘tlar bosgandi,
Bosgani ne, yo‘lni o‘tlar to‘sgandi!
– E-ha, – dedi yo‘lchi, – ko‘z bilan ko‘rdim,
Ko‘p yillardan beri bu yo‘ldan hech kim
Yurmagan, bormagan Haqiqat tomon,
Yomon bu, yomon!
Shunda payqab qoldi – har maysa-giyoh
Xanjarday chaqchayib turardi nogoh!
O‘t bosib yotgani yo shundanmikan?
Atroflar qip-qizil… to‘kilganmi qon?
– E-ha, – dedi yo‘lchi, bo‘ynini burdi,
Oyog‘iga boqib, o‘ylanib turdi.
Boshini qildi u sarak va sarak –
Boshqa yoqda ham yo‘l bor bo‘lsa kerak…
ODAM ChOPAR EDI UFQLAR TOMON
Unga tutqich bermay qochar edi ufq,
Men uni ko‘rdim-u, achidi jonim,
Irod qildim unga shunday so‘zlarni:
– Qilayotgan ishing aqlga sig‘mas,
Sen uni hech qachon…
– Yolg‘on! – deb baqirdi odam entikib,
Yana chopa ketdi ufqlar tomon.
HIKMAT KITOBI
Nabiyga duch keldim.
Qo‘llarida ushlab turar
Hikmat kitobin.
– Janob, – deya o‘tindim men, –
O‘qib berayin.
– Farzand, – deya gap boshlagan edi u,
Ammo
– Janob, – dedim shosha-pisha so‘zini bo‘lib, –
Meni buncha nodon bilmang
Farzand deb atab.
Qo‘lingizda tutib turgan kitobdan ko‘proq
Narsalarni bilaman men, ha, ha, bilaman.
Tabassum qildi-da, ochdi kitobin.
Ko‘zlarim oldiga ko‘zguday tutdi.
Ajab, o‘sha saodatli daqiqalarda
Qamashib ketdi-yo ko‘zlarim nurdan!!!
* * *
Sahroda uloqib, adashib qoldim.
Xitob qildim so‘ng:
“Meni bu cho‘llardan qutqar, xudoyim!”
Shunday ovoz keldi: “Cho‘l emas bu yer”.
Men qichqirdim: “Balki aytganing to‘g‘ri.
Biroq manov olov, qumni, sarobni, ufqni
Nima deb atay men?”
Ovoz vazmin edi: “Cho‘l emas bu yer”.
INSON KO‘RDI KO‘KDA… PUFAKChA
Inson ko‘rdi ko‘kda oltin aylana;
Unga intildi.
Qo‘l cho‘zdi, sakradi. Yoniga bordi –
Aylana oltinmas, tuproqdan edi.
Nima bo‘pti shunda, deysizmi?
Qarang:
Inson qaytib tushib zaminga arang,
Yana ko‘kka boqdi –
Osmonda yana
Osilib turardi oltin aylana.
Qizig‘i shu edi, qizig‘i – mana,
Osmonda turardi oltin aylana.
Xudo haqqi,
Ana – oltin aylana!
YuRAK
Sahroda yalang‘och-shir maxluqsifat,
Qo‘qqayib o‘tirgan bir odamizod,
Qo‘llarida tutib o‘z yuragini
Tamshanib-tamshanib g‘ajirdi, hayhot!
Men dedim:
– Osh bo‘lsin, xushxo‘rmi, oshna?
Javob berdi:
– Achchiq, achchiq zaharday.
– Ammo menga yoqar achchiqligikim,
– Sababi, bu – mening, mening yuragim.
* * *
Yangradi urushning taxir ovozi!
Qop-qorayib ketdi, chatnadi zamin;
Ayollar oh urib, faryod chekdilar;
Bolalar chopdilar yo‘qotib o‘zin.
Bir odam bilmoqchi bo‘ldi: nima gap?
Dodlaydi, chopadi hamma, nimaga?
“Ma’nosini tushuntiring”, – dedi u odam.
Ma’nosini tushuntirmoq bo‘ldi ming odam.
Shunday g‘ala-g‘ovur qo‘ptiki, unda
Ma’no-mazmun qolmagandi mahsharday kunda…
MAYSA
Falakda,
Barra o‘t, maysa-giyohlar
Holiq huzurida ehtirom saqlar.
Titrashib, turarlar ta’zimda bari,
Barining yer chizib turar ko‘zlari.
– Hayotda nima ish
Bajardinglar, xo‘sh? –
So‘zga tushib ketdi barcha maysalar,
Keltirgan naflarin tilga olsalar –
Har birida mavjud tog‘-tog‘ ezgulik,
Eshitsang, bariga havas etgulik!
Bir maysa uyalib chetda turardi.
Xoliq uni ko‘rib, so‘radi:
– Xo‘sh, qani, sen ayt-chi, nima ish qilding,
Qay ishni hayotga foyda deb bilding?
– Parvardigor, – dedi shunda maysacha, –
Mening qilgan ishim – kichik paysa-cha!
Qilgan ezgu ishim balki ko‘pdir, ko‘p, –
Barin unutibman diydoring ko‘rib!..
Qad rostladi shunda Xalloqi olam,
Tikka bo‘ldi Janant, Arshi A’lo ham.
Yangradi Xoliqning mehrli so‘zi:
– Eng go‘zal, eng Nofi’ o‘zingsan, o‘zing!
USTALAR
Tog‘ning tepasida sonsiz ustalar
G‘ishtdan yasadilar mahobatli shar.
Sharmisan, shar! Buni kim ham ko‘ribdi,
Ana, tog‘ning tepasida turibdi.
O‘z ishidan mamnun bo‘lib ustalar
Pastga – vodiy tomon asta tushdilar.
– Turishini qarang! – dedilar sekin. –
Alomat bir ishni qilibmiz lekin!
Shunda, tasodifan, kutilmagan chog‘
Pastga qulay ketdi ulkan shar nogoh.
Quladi, hammani bosib tushdi shar,
Ulgurmadi qichqirmoqqa ham ko‘plar…
* * *
Odamlar ichidan do‘st izlasang, gar,
Bil: ular mollarin maqtayotirlar.
Xudodan so‘rasang ular yozig‘in,
Bil: ular mollarin maqtayotirlar.
Odamlarga baxtu iqbol tilasang,
Bil: ular mollarin maqtayotirlar.
Odamlarga ilsang tavqi la’nat, gar,
Bil: ular mollarin maqtayotirlar.
Ular mollarini maqtayotirlar,
Ular mollarini maqtayotirlar.
Jalb qilmoq istasang ular diqqatin,
Bil:
Ularning molini maqtamoq kerak,
Yo molni maqtashdan to‘xtamoq kerak.
Ruschadan Muzaffar Ahmad tarjimasi