Ilya Kaminskiy (1977)

Ilya Kaminskiy (Ilya Kaminsky) 1977 yilda sobiq Ittifoq tarkibidagi (hozirgi Ukraina) Odessa shahrida dunyoga kelgan. 1993 yili uning oilasi AQSh hukumati tomonidan boshpana bilan ta’minlanadi va Amerikaga ko‘chib keladi. Ilya Jorjtaun Universitetida bakalavrlik diplomini oladi. Keyinroq u Jorj Bennet yozuvchilar uyushmasining eng yosh a’zosi sifatida Ekzetterdagi Fillips Akademiyasida xizmat qiladi. U “She’riyat” jurnali ta’sis etgan Ruf Lilli mukofotiga va boshqa ko‘plab mukofot va sovrinlarga sazovor bo‘lgan. “Odessada raqs kechalari” uning ilk she’riy to‘plamidir. 2004 yilda Ilya Kaminskiy huquqshunoslik maktabini tamomladi.


ONAMNING TANGOSI

Qarayman: yomg‘irda derazasi ochiq onamning
Choyshablar osig‘liq unda
tug‘ilgan kunimga deya oq toyni
ettinchi qavatga minib chiqar u.

«Qaerda saqlaymiz uni, onajon?» «Ayvonda, bolam!»
to‘qqiz hafta kishnab chiqar toy.
Hayotimning qoq o‘rtasida: raqs tushadi onajonginam,

Ha, shu joyda, bolalikdagi kabi u
qanchalik baxtiyorligimni ta’riflab ber, deya so‘raydi –
sho‘rvalar haqida eslatar menga:

likopcha va sochiqlar aro
tinim nimaligin bilmaydi – harakatsiz u,
eshiklarni ochib-yopadi.

Biroq, baxtning o‘zi nimadir? Ayvondagi oppoqqina toy!
Onamning o‘tmishi, yelkasiga ilgan yomg‘irpo‘sh.
Kun orqali o‘tkazaman o‘q

ko‘rmoq uchun oltmish yoshda chet tilini o‘rganishini –
yosh, yo‘q, yosh emas, yettinchi qavatda
toychoqni sakratib o‘ynaydi onam.

U begona bo‘lar, bemalol eplaydi o‘zini,
Ochar neki yopig‘liq bo‘lsa va yopadi ochiq narsani.

MARINA SVETAEVA

Har satrida notanish bo‘g‘in:
uyg‘onadi baliqchi qushday, juldur kiyinib
jannat va zaminning oralig‘ida.

Uni qabul qilaman, va yuzma-yuz turaman birga.
– ushbu tushda: yelkan misol ko‘ylagini kiyaru
yuguradi ortimdan qolmay

to‘xtab qolar men to‘xtaganda. So‘ng kuladi
yosh boladay so‘zlar o‘ziga:
«qalb = azob + qolgan narsalar.»

tiz cho‘kaman qo‘poldan-qo‘pol
endi urushmayman ortiqcha,
tomi – umrim bo‘lgan bir uyda

insoniy oynani ko‘rmoq – istagim.

JO‘NATMA

«Sen Yaltadan Odessaga ketayotgan kemada vafot etasan»
folbinning so‘zi – 1992 yil

Meni yerga bog‘lagan nima? Massachusetsda,
Qushlar men tomonga talpinar nuqul –
Daryo takrorlaydi o‘zini, takrorlar qayta.

Yaltadan Odessaga ketayotgan kemani
undagi har yo‘lovchi va bor matohin,
uning ichidagi osmonni sharaflayman,
samo menga dori, samo – Vatanim.

Baliqchi qushlarning mamlakatiga, ular tartibining bahsiga sharaf.
Ustozim – shamol
terak va qaldirg‘ochlarni aylaydi xushbaxt, –

bir ayolning qoshu labini,
undagi sho‘rlikni, yelkasining yumaloqligin
sharaflayman men. Uning yuzi – fonus
soyasida kechadi umrim.

Xudo, bizni topishing mumkin,
u – ko‘zini yumib o‘ynayotgan ayol
men – u bilan talashgan erkak
javon, xon va o‘rindiq aro.

Xudo, bizga beraqolgin, allaqachon bergan narsangni.

Ingliz tilidan A’zam Obidov tarjimasi