Ndre Meda (Ndre Mjeda) – albaniyalik faylasuf, tilshunos olim va shoir. U 1886 yil 19 noyabrda Shkoder muzofotida kambag‘al dehqon oilasida tug‘ilgan. Falsafa va tilshunoslik doktori unvoniga ega bo‘lib, to‘qqizta tilni bilgan. Ilk she’rlari 1887 yildan nashr qilina boshlagan. 1917 yilda “Yuvenaliya” deb nomlangan she’r va poemalar to‘plami nashr qilingan. 1921–1924 yillarda alban parlamentining a’zosi bo‘lgan. 1934 yilda alban tilshunosligiga oid kitobi chop qilingan. Shoir 1937 yil 1 avgustda Shkoderda vafot etgan.
VATAN SOG‘INChI
Goho sog‘inch ichra sekin men,
O‘z yurtimni o‘ylab yonaman.
Xorij go‘zal.
Go‘zal, lekin, men,
Men begonaman.
Bahor.
Bog‘lar borar yasharib,
Men ichimni tilganim tilgan.
O‘zga chaman sahroday g‘arib,
Bilganim bilgan.
Topa olmay o‘zimga mosin,
Dilimni gul dog‘ina berdim.
Men olisdan
Vatan siymosin
Sog‘inaverdim.
Inin qo‘msar
Har qandayin qush,
Otarini duldulginam-ey.
Hamdardim bo‘l,
Kel, yonimga tush,
Bulbulginam-ey.
Saratonda axtarib soya,
Soy bo‘yida kezaman nochor.
Nima qilay?
Ber biror g‘oya,
Purviqor chinor.
Goh irmoqqa,
Goho shamolga
Shikoyatlar qilib qolaman.
Javob topmay biror savolga,
O‘yga tolaman.
Cho‘qqilardan olis-olisga,
Janub tomon
Termulaman jim.
Tobeman bir arzanda hisga,
Anglamas hech kim.
Aziz dalam,
Azim tog‘larim,
So‘lim kentim Buyenam mening.
Maranayim, gulgun bog‘larim,
Bu enam mening
O‘z chodirim – aziz olachiq,
O‘zim sulton,
Ko‘lankam maydon.
O‘zga yurtning tutuni achchiq,
Ziyosi ziyon.
E xudoyim,
O‘zing rahm ayla,
Darbadarlik ko‘yiga solma.
Bola-baqra, xotin, oila –
Bir butun olma.
Mard tark etmas ota makonin,
Garchi, zulm tog‘ qadar bo‘lg‘ay.
Qochib,
Saqlab qolganlar jonin
Oqpadar bo‘lg‘ay.
Ehtimol, o‘z uyida erni
G‘am kutar yo dardi bedavo?!
Mozordanmi,
Bir qarich yerni
Ko‘rarlar ravo?!
Har holda, u
O‘z yurting erur,
Shu soz, o‘zga gulshandan ko‘ra.
So‘ngso‘z olur birorta tengqur:
– Omon bo‘l, jo‘ra!
O‘z tilingda aytilgay vido,
O‘z tilingda tilangay iymon.
O‘z tilingda aylagay duo,
Biror musulmon.
OZODLIK
Burgut, g‘amimni yuv, shubhamni quv-chi,
Menga sodiqmikan hanuz sevgilim?
Tog‘idan irmoqlar shovullaguvchi,
Chamanzor diyorda ozodmi elim?
O, mag‘rur qush, bir dam ko‘zlaringni yum,
Bir dam cho‘qqidan sal quyi ingin-da;
Quloq solib ko‘rgil, birorta mardum
Qo‘shiqlar aytarmi alban tilinda?
Bir savol charx urar mudom miyamda,
– Hamma ozodmikan Albaniyamda?
Rus tilidan Yahyo Tog‘a tarjimasi